Qurilish ishlarini turli mehnat qurollari hamda vositalarisiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Chunonchi, yer osti va ustidagi, turli chuqurlik va balandliklardagi ishlarni bajarish uchun qurilish tashkilotlariga harakatlanuvchi kranlar, buldozerlar, ekskavatorlar, beton qorish mashinalari, bo‘yoq va ohak purkagich apparatlar, elektr randa va arralar hamda boshqa shu kabi maxsus texnika, mashina va uskunalar kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, qurilishga kerakli bo‘lgan ko‘p miqdordagi materiallarni tayyorlash, saqlash va ularni qurilish maydonchalariga o‘z vaqtida yetkazib berish turli ta’minot, ishlab chiqarish va boshqa jarayonlarning bajarilishini ta’minlovchi binolar, inshoatlar, transport va boshqa mehnat vositalariga ega bo‘lishni taqozo etadi. Bularning barchasi qurilish tashkilotlarida asosiy vositalarni muhim ahamiyatga ega ekanligidan darak beradi. Bu, o‘z navbatida, qurilish tashkilotlarida asosiy vositalar holati va harakati, eskirishi va yangilanishi, samarali ishlatilishi ustidan uzliksiz nazoratni o‘rnatish, shuningdek ular hisobini o‘z vaqtida va to‘g‘ri yuritish talabini qo‘yadi.
Qurilish tashkilotlarida materiallar hisobi
Qurilish, qurilish-montaj va boshqa ishlarni belgilangan muddatlarda tugatilishi va buyurtmachilarga topshirilishida muhim omillardan biri bo‘lib qurilish tashkilotlarida turli xildagi hamda tegishli miqdordagi materiallarning mavjudligi hisoblanadi. Ularga qurilish materiallari, yoqilg‘i, moylash materiallari, xo‘jalik inventarlari va boshqalar kiradi. Qurilish tashkilotlarining moddiy ta’minot bo‘limlari materiallarni o‘z vaqtida va kerakli miqdorda kelib tushishini ta’minlashlari, moddiy javobgar shaxslar esa ularning butligini va sifatini buzmasdan saqlashlari hamda qurilish maydonchalariga talab qilingan muddatlarda va miqdorlarda yetkazib berishlari lozim. Qurilish tashkiloti buxgalteriyasiga materiallarning holati va harakati ustidan uzliksiz nazoratni olib borish, ularni to‘g‘ri va o‘z vaqtida tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtirilganligini ta’minlash, bu boyliklarning sintetik va analitik hisobini yuritish, ular to‘g‘risidagi axborotlarni foydalanuvchilarga o‘z vaqtida berish kabi muhim vazifalar yuklatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |