4610 – «Nizom kapitaliga badallar bo‘yicha muassislar qarzi» hisobvarag‘i Nizom kapitaliga qo‘yilmalarga oid xo‘jalik sub’ekti muassislari bilan barcha turdagi hisob-kitoblar haqida ma’lumotlarni jamlaydi. Hisobvaraq aktiv va Dtli saldogagina ega bo‘lishi mumkin. Hisobvaraq Dt bo‘yicha muassisning xo‘jalik sub’ekti oldidagi Nizom kapitaliga badallari bo‘yicha qarzi, Ktida esa – haqiqatda kelib tushgan qo‘yilmalar aks ettiriladi. Qo‘yilmalar kiritilgan taqdirda 4610-hisobvaraq saldoga ega bo‘lmaydi.
Xususiy xo‘jalik yurituvchi sub’ektning Nizom kapitalini shakllantirish. Muassis tomonidan mebel kiritilgan. Mazkur holatda quyidagi buxgalteriya yozuvlari qayd etiladi:
0140 – «Mebel va ofis jihozlari» hisobvarag‘i Dti.
4610 – «Nizom kapitaliga badallar bo‘yicha mulkdor qarzlari» hisobvarag‘i Kti.
Muassis tomonidan ma’lum mahsulot ishlab chiqarish (sotish) uchun patent kiritilgan:
0410 – «Patent, litsenziya, nou-xaular» hisobvarag‘i Dti.
4610 – «Nizom kapitaliga badallar bo‘yicha mulkdor qarzlari» hisobvarag‘i Kti.
Muassislar tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektning ishlab chiqarish faoliyati uchun xom ashyo va TMZlar kiritilgan:
1010 – «Xom ashyo va TMZlar» hisobvarag‘i Dti.
4610–«Nizom kapitaliga badallar bo‘yicha mulkdor qarzlari» hisobvarag‘i Kti.
Muassis sotish uchun tovarlar kiritgan:
2910 – «Tovarlar» hisobvarag‘i Dti.
4610 – «Nizom kapitaliga badallar bo‘yicha mulkdor qarzlari» hisobvarag‘i Kti.
Bunda pul ko‘rinishida bo‘lmagan barcha aktivlar (moddiy va nomoddiy) haqiqiy bozor narxlariga yo‘naltirilgan qiymat bo‘yicha Nizom kapitaliga kiritilishi lozim.
Muassislardan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar olinganda xo‘jalik yurituvchi sub’ekt keyingi oydan boshlab amortizatsiyani hisoblashi kerak, agar xo‘jalik yurituvchi sub’ekt mol-mulk solig‘i to‘lovchisi hisoblansa, u holda ikki yillik imtiyozli muddat tugashi bilan ushbu vositalar qiymati mol-mulk solig‘i to‘lanadigan bazani oshiradi.
Davlat korxonasi Nizom kapitalining shakllanishi. Davlat korxonalarida Nizom kapitalining hajmi uning xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish uchun davlat tomonidan belgilangan mol-mulk summasiga mos keladi. Mazkur miqdor ta’sis hujjatlarida – xo‘jalik sub’ektini tashkil qilish va uning balansiga mol-mulk o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqda qayd etilgan miqdorga muvofiq bo‘lishi lozim.
Davlat korxonasi Nizom kapitalini shakllantirish bo‘yicha provodka:
0130 – «Mashina va uskunalar» hisobvarag‘i Dti.
1010 – «Xom ashyo va materiallar» hisobvarag‘i Dti.
1080 – «Inventar va xo‘jalik jihozlari» hisobvarag‘i Dti.
5010, 5110 – «Pul mablag‘lari» hisobvarag‘i Dti.
8300 – «Nizom kapitali» hisobvarag‘i Kti.
Do'stlaringiz bilan baham: |