Karl imperiyasi Mundarija


Download 200 Kb.
bet13/15
Sana02.05.2023
Hajmi200 Kb.
#1422613
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   15
Bog'liq
2-02 Xayriniso Mirzokirova

Meros huquqi
erosning qonun bo‘yicha va vasiyat bo‘yicha turlari ma’lum. Qonun bo‘yicha meros ko‘chadigan va ko‘chmas mulklarga nisbatan turlicha amalga oshirilgan. Ko‘chadi-gan mulklar: birinchi navbatda bolalar, so‘ngra ona, aka-ukalar va opa-sin-gillar, onaning opa-singillari, otaning opa-singillari, yaqin qarindoshlariga tartibida meros qilib qoldirilardi. Merosni taqsimlashda ona urug‘iga nis-batan bunday imtiyozlarning o‘rnatilganligi matriarxat qoldiqlarining saq-lanib qolganligidan guvohlik beradi. Shunisi xarakterliki, ayollar ko‘chmas mulkka nisbatan meros huquqiga ega bo‘lmaganlar. Yer faqat ota shajarasi bo‘yicha meros bo‘lib o‘tgan.
Franklar huquqi vasiyat bo‘yicha meros haqida aniq me’yorlar o‘rnatmagan edi. Franklarda o‘lgan kishining mol-mulki oilaga, urug‘ga, yashab turgan qarindoshlariga tegishli deb hisoblanardi. Vasiyat bo‘yicha meros hadya (affotamiya) yo‘li bilan qoldirilishi mumkin edi. Affotamiya oshkora suratda yuzlik majlisida, tungin raisligida, qat’iy o‘rnatilgan shaklda amalga oshirilardi. Bunda mulk vaqtincha uchinchi shaxsga o‘tka-zilgan, u esa hadya qiluvchi o‘lgandan so‘ng bir yil o‘tgach va bundan kechiktirmay mulkni ko‘rsatilgan shaxsga o‘tkazishi lozim edi.
Umumiy qoidaga xilof ravishda, rim huquqi ta’siri ostida vasiyat bo‘yicha meros instituti Teodorix ediktida mustahkamlandi. Bunda ham, hadyaga o‘xshash, qat’iy rasmiyatchiliklarga amal qilish talab qilingan. Ya’ni vasiyatni qonuniy deb tan olish uchun bu haqda guvohlar ishtirokida rasmiy hujjat tuzilishi va u chinovnik tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi shart edi (53-modda). Vasiyat xohlagan joyda, lekin ”o‘layotgan kishining irodasini so‘zsiz hurmat qilish” ostida tuzilishi belgilangan edi (30-modda).
Xristianlik joriy qilinishi bilan o‘lgan kishining mol-mulki cherkovga hadya tariqasida o‘tkazila boshlangan. Bu o‘lgandan keyingi hadya frank-larda va ingliz-saklarda keng tarqalgan bo‘lib, to‘la ma’nodagi vasiyat emas edi.

Jinoyat va jazo
Varvarlar haqiqatlari”ning asosiy qismi jinoyat va jazo masalalariga bag‘ishlangan. Albatta, jinoyat va jazo tushunchalari hozirgi ma’noda ifodalanmasdi. ”Varvarlar haqiqatlari”da delikt - jinoyat deganda, avvalo, ozor yetkazish, birovning shaxsiga yoki mulkiga zarar yetkazish, ”qirollik tinchligini” buzish tushunilardi. Shunga monand, jazo, deganda ushbu ozor yoki zarar yetkazganlik uchun badal to‘lash, o‘rnini to‘ldirish tushunilgan.
Shu tariqa, ”varvarlar haqiqatlari” kechki jinoyat huquqi me’yorlarini qabul qilmagan edi. Ularda rim jinoyat huquqida bo‘lgani kabi o‘lim jazosi keng qo‘llanilmagandi. Franklarda jazoning maqsadi va vazifalari rim-liklarga qaraganda boshqacha bo‘lgan.
Franklarda jarima jazosining asosiy maqsadi ko‘p bo‘lib turadigan harbiy harakatlar, qonli qasos olish, o‘zaro urushlar, xonadonlar, urug‘lar, jamoa va boshqalar o‘rtasidagi dushmanliklarning oldini olishga qaratilgan edi.
“Sali haqiqati”da jinoyat tushunchasini anglatadigan qator huquqbu-zarliklar alohida ajratib ko‘rsatilgan. Umuman, “Sali haqiqati”ga ma’lum bo‘lgan barcha jinoyatlar to‘rt turga: 1) shaxsga qarshi jinoyatlar (odam o‘ldirish, tan jarohati yetkazish, tuhmat, haqorat, nomusga tegish va bosh-qalar); 2) mulkka qarshi jinoyatlar (o‘g‘rilik, o‘t qo‘yish, bosqinchilik); 3) sud qilish tartibiga qarshi jinoyatlar (sudga kelmaslik, yolg‘on guvohlik berish); 4) qirol farmoyishlarini bajarmaslikka (bunga ”Ko‘chib kelgan kishilar haqida”gi XLV titul misol bo‘la oladi) bo‘linadi. Biroq “Sali haqiqati”ning mazmunidan yuqoridagilar bilan birga mansabdorlik jinoyat-lari, harbiy jinoyatlar to‘g‘risida ham tasavvur qilish mumkin. Unga ko‘ra, agar graf qarz undirishda ”qonundan tashqari ortiqcha biror narsa olsa” yoki ”haqiqat va odil sud”ni tiklashni rad etsa, o‘z aybini sotib olishi lozim edi. Aks holda o‘limga mahkum etilardi (L-LI titullar). Shuningdek, birovni jang maydonida o‘z qalqonini tashlagan ”qochoq” deb haqorat qilganlik uchun (XXX titul, 6-modda) jarima (3 solid) to‘lash jazosi nazarda tutilgandi. Demak, jang maydonini tashlab ”qochish” harbiy jinoyat turkumiga kirgan deb hisoblash mumkin. “Alleman haqiqati”da xuddi shunday tarzda jang maydonini tashlab ”qochish” jinoyat ekanligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatib qo‘yilgan.
”Varvarlar haqiqatlari”da ”cherkovni tahqirlash” turkumiga kiruvchi jinoyatlar ham ajratib ko‘rsatiladi. Xristian cherkovi jinoyat va jazo tushunchalarining o‘zgarishiga katta ta’sir o‘tkazgan. ”Cherkovni tahqir-lash yoki unga nisbatan hurmatsizlik qilish” kabi tushunchalar “varvarlar haqiqatlari”ga bevosita xristianlik cherkovi ta’siri ostida kirganligi shubhasiz, albatta. Masalan, Alleman va Bavar haqiqatlarida bir qator jinoyatlarning, jumladan, odam o‘ldirish jinoyatining cherkovda yoki cher-kov hovlisida sodir etilganligiga qarab kvalifikatsiya qilinishi fikrimizning dalilidir. Bunday jinoyatlar yuqorida aytib o‘tilgan ”cherkovni tahqirlash” jinoyatlari turkumiga kirib, bular uchun jabrlanuvchi va uning qarindosh-lari foydasiga emas, balki, avvalo, cherkovning foydasiga katta jarima olinar edi. “Bavar haqiqati” aynan cherkovning ta’siri ostida ”davomiy kompensatsiya” jazosini joriy qilgan edi. Bunga ko‘ra, masalan, biror kishi homilador ayolni urib, homilasini tushurib qo‘ysa, ya’ni hali tug‘ilmagan bolaning o‘limiga sababchi bo‘lsa, u dastlab 12 solid, so‘ngra boyagi ayolning yettinchi tug‘ishiga qadar har safar 1 soliddan jarima to‘lashi lozim edi. (VIII titul, 21-modda).
“Sali haqiqati”da jazolar haqida so‘z ketar ekan, shu narsa ko‘zga yaqqol tashlanadiki, franklarda eski urug‘doshlik tuzumi davridagi barcha jazolarni to‘liq ravishda jarimalarga almashtirishga moyillik kuchli bo‘l-gan. Jarima sudsiz jazolarning, uzoqqa cho‘ziladigan qiynoqlarning oldini olishi kerak edi. “Sali haqiqati”ning ba’zi moddalari sudsiz jazolashni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘qqa chiqargan. Masalan, ekin maydonini payhon qil-ganligi uchun birovning chorvasini o‘z holicha olib ketish taqiqlangan (IX titul, 5-modda), shuningdek, ”o‘g‘rining izidan tushib” o‘z chorvasini un-dan sudsiz tortib olish ham mumkin emas edi (XXVII titul, 1-modda) va hokazo. “Sali haqiqati” jinoyatchini jamoadan haydash yoki qonundan tashqari deb e’lon qilish deb nomlanadigan jazo turini ham o‘z ichiga ol-gan (V titul, 2-modda). Bunday odamga ovqat va boshpana berish taqiq-langan edi, hatto unga xotini va bolalari yordam bersalar, ularga jarima solinardi.
Shuni ta’kidlash joizki, franklarda sudsiz jazolash birdaniga yo‘qolib ketmagan. ”Varvarlar haqiqatlari”da sudsiz jazolashga ham uzoq vaqt rux-sat etib kelingan. Masalan, “Bavar haqiqati”da ”kechasi jinoyat ustida ush-lab olingan” o‘g‘rini o‘ldirishga ruxsat etilgandi (IX titul, 4-modda). Bu, aftidan, XII javdal qonunlaridan so‘zma-so‘z ko‘chirib olingan bo‘lsa ke-rak. “Sali haqiqati”da belgilangan o‘lim jazosining osib o‘ldirish, charxpa-lakka tortib o‘ldirish kabi turlari asosan qullarga nisbatan qo‘llanilgan. O‘lim jazosi erkin kishilarga nisbatan juda kam hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilgan. “Sali haqiqati”da ko‘rsatilishicha, erkin kishilar o‘t qo‘yishda ayblanib, sudga uzrli sababsiz kelmasalar, o‘limga mahkum etilishlari mumkin (XVI titul, 1-modda).
”Varvarlar haqiqatlari”da eski urug‘doshlik tuzumining qoldig‘i sifa-tida jamoa javobgarligi tamoyili saqlanib qolgan. Buni avvalo I Kapitulya-riyda nazarda tutilgan ”Qadimiy odatga” havola qilish hollaridan ko‘rish mumkin. Shuningdek, “Sakson haqiqati”ning XVIII titulida odam o‘ldir-gan litning o‘z yetti qarindoshi bilan birgalikda javobgarlikka tortilishi ham franklarda saqlanib qolgan jamoa javobgarligidan darak beradi.
Franklarda sodir etilgan barcha mulkiy jinoyatlar uchun jarima jazosi bilan birga o‘g‘rilangan mulkning va boshqa yetkazilgan zararning qiyma-tini undirish talab qilingan. “Sali haqiqati”da o‘rnatilganidek, ”Agar kim-dir birovning yaylovidan o‘tlarini o‘rib olsa, mehnati zoe ketgan”. ”Va, agar ushbu xashakni o‘z uyiga olib borib qo‘ysa, o‘g‘rilangan xashakning narxidan qat’i nazar, undan 45 solid jarima hamda yetkazilgan zarar undi-rilgan” (XXVII titul, 10-11-moddalar). Xuddi shuningdek, ”Agar qul bilan erkin kishi til biriktirib o‘g‘rilik sodir etishsa, ulardan yetkazilgan zarar-ning qiymatini undirish bilan birga, quldan o‘g‘rilangan mulk qiymatining ikki baravar, erkin kishidan to‘rt baravar narxi miqdorida jarima olingan (XL titul, 1-qo‘shimcha).
Franklarda jarima ozor yetkazilganlik uchun to‘lov tariqasidagi aso-siy jazo sifatida uzoq vaqt qo‘llanib kelgan. Lekin bu jazo oqibatda asta-sekin yetkazilgan zararni oddiygina undirishga aylanib bordi, shuningdek, ko‘proq o‘lim jazosi, kaltaklash, mol-mulkni musodara qilish, surgun qilish kabi jazolar bilan almashtirila boshlandi. Masalan, agar turli xildagi o‘g‘irliklar uchun “Sali haqiqati”da asosan jarima va yetkazilgan zararni undirish jazolari nazarda tutilgan (II, III, IX, XI, XII, XIII, XIV va boshqa titullar) bo‘lsa, “Sakson haqiqati”da ko‘proq o‘lim jazosi belgilangan edi (XXIX, XXX, XXXII-XXXV titullar va hokazo).
”Varvarlar haqiqatlari” ancha murakkab va chalkash tuzilganligi sababli ularning barcha jinoiy xatti-harakatlarga taalluqli umumiy qoida-larini aniq ajratib olish qiyin. Lekin alohida jinoyatlar tarkiblarini tahlil qi-lish shundan darak beradiki, ”Varvarlar haqiqatlari”da ayb shakllari: qasd va ehtiyotsizlik, jinoyatga suiqasd qilish, ishtirokchilik, jinoyatni yengil-lashtiruvchi yoki og‘irlashtiruvchi holatlar tushunchalari nazarda tutilgan. Masalan, “Sali haqiqati” bo‘yicha, erkin kishi birovning chorvasiga “ehti-yotsizlik” orqasida zarar yetkazsa, undan faqat keltirilgan zarar undirilgan (IX titul, 3-modda). Agar kimdir o‘z dalasida birovning chorvasini ko‘rib qolsa, uni urib mayib qilishi mumkin emas edi. Agar u shunday qilib, aybiga iqror bo‘lsa, mayib qilgan chorvani o‘zi olib, qiymatini chorva ega-siga to‘lashi lozim, agar aybiga iqror bo‘lmay, u fosh qilinsa, keltirilgan zararni undan undirish bilan birga 15 solid jarima ham olingan (IX titul, 1-modda).
Bu yerda yetkazilgan zararni tan olish - qilmishiga iqror bo‘lish ayb-ni yengillashtiruvchi holat hisoblangan. Yomon niyat uchun, ”dush-manlik yoki makr-hiyla yo‘li bilan” zarar yetkazganlik uchun bir muncha yuqori jarima ko‘zda tutilgan. “Sali haqiqati”ning ”g‘alamislik haqida”gi XXVIII titulida jinoyat qilishga undash, jinoyatda ishtirokchilik to‘g‘risida ancha aniq me’yorlar o‘rnatilgan. Bunda ”kimdir birovni o‘g‘rilik sodir etish uchun sotib olsa va fosh qilinsa, 62,5 solid jarima to‘lashi (1-modda) ham-da o‘g‘rilikka undovchi, unda ishtirok etuvchi va uni bajaruvchi shaxslar alohida-alohida ravishda 60 soliddan jarima to‘lashga tortilishlari (3-modda) belgilangan.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda franklar huquqi, jumladan, “Sali ha-qiqati” aybsiz javobgarlikni ham biladi. Agar bir to‘da kishilar erkin ayol-ga hujum qilib, zo‘rlik bilan nomusiga tegsa, ularning har biri 200 soliddan jarima to‘lagan. Biroq shu to‘dada bo‘lib, zo‘rlik ishlatilganligini bilmay, unda ishtirok etgan kishilar ham 45 soliddan jarima to‘lashlari lozim edi (XIII titul, 10-modda, 5-qo‘shimcha). Jinoyat qilishga suiqasd qilgan ishti-rokchi qoida bo‘yicha jinoyatni bajaruvchisiga qaraganda yengilroq jazo-langan. Shu bilan birga o‘g‘rilik yoki odam o‘ldirishga pul berib odam yollagan shaxs jinoyatni bajaruvchi shaxsga nisbatan og‘irroq jazolangan (XXVIII titul, 1-3-moddalar).
Umumiy tan olingan bir qator qadriyatlarni buzish, jumladan, uxlab yotgan odamga, ayol kishiga, yosh bolaga hujum qilish, o‘likni haqoratlash kabilar aybni og‘irlashtiradigan holatlar sanaladi. Masalan, agar qabrni ochib, undan biror narsa o‘g‘irlaganlik uchun 200 solid jarima o‘rnatilgan bo‘lsa, ayni vaqtda erkin frankni talash maqsadida unga hujum qilishlik uchun - 62,5 solid jarima belgilangan edi.
”Varvarlar haqiqatlari”ning hammasi jazo tayinlashda jinoyatchi va jabrlanuvchining ijtimoiy ahvolini hisobga olgan. Jinoyatchi va jabrlanuv-chining erkin kishimi yoki qulmi, taniqli odammi yoki uncha taniqli odam emasmi, boymi yoki kambag‘almi - ana shularga qarab jazolar yengilroq yoki og‘irroq berilgan. “Sali haqiqati”ga binoan, agar rimlik frankning mulkini o‘g‘irlasa, 62,5 solid, va aksincha, agar frank rimlikning mulkini o‘g‘irlasa, 35 solid jarima to‘lashi lozim edi (XIV titul, 1-3-moddalar). Xuddi shuningdek, Teodorix ediktining 59-moddasida o‘rnatilganidek, taniqli urug‘ga mansub bo‘lgan badavlat kishi erkin qizni ”yo‘ldan ursa”, uni xotinlikka olishi lozim edi. Agar qizni ”yo‘ldan urgan” odam badavlat ham, taniqli ham bo‘lmasa, u ”erkin qizning sha’nini poymol qilgan odam sifatida o‘limga mahkum etilgan”.
Franklar jamiyatida davlatga qarshi jinoyatlar haqida hali uncha aniq tasavvurlar bo‘lmasa ham, ”Varvarlar haqiqatlari”da shunday mazmunga ega bo‘lgan xatti-harakatlar jinoyat sifatida e’tirof etilganligi ko‘zga tashlanadi. To‘g‘ri, “Sali haqiqati”da bunday jinoyatlar haqida hech narsa deyilmaydi. Biroq, uning ba’zi moddalarida qirolga, uning mol-mulkiga, irodasiga qarshi qaratilgan xatti-harakatlar alohida e’tiborga olinadi. Teodorix edikti esa bu sohada rim huquqidan o‘zlashtirib olgan me’yorlari bilan ajralib turadi. Masalan, unda ”janobi oliylarini haqorat qilganlik” uchun (49-moddada), shuningdek, ”xalqni va qo‘shinlarni isyonga undash-lik” uchun (107-modda) o‘lim jazosi nazarda tutilgan. Umumiy qoidaga qaramay, bunday jinoyatlar bo‘yicha qul, kolon yoki xizmatchilarning o‘z xo‘jayiniga xabar berishiga yo‘l qo‘yilgan.
Alleman va Bavar haqiqatlarida nafaqat qirol, gersog, ularning elchi-lari va boshqalar, balki xalq, davlat ham jinoiy xatti-harakat sub’yekti sifa-tida ko‘rila boshlagan. ”Bavar haqiqati”da talonchilik uchun o‘zga xalqni taklif qilish yoki ”davlatning dushman tomonidan bosib olinishiga ko‘-maklashish” og‘ir jinoyat hisoblanib, buning uchun mol-mulkni musodara qilish va o‘lim jazosi nazarda tutilgan (II titul, 1-modda). Bundan tashqari, “Bavar haqiqati”da gersogga qarshi fitna uyushtirish, qo‘shinda isyon ko‘-tarish (II titul, 3-modda), ”provinsiyaga dushmanni chaqirish” va boshqa jinoyatlar to‘g‘risida ham so‘z yuritiladi. “Alleman haqiqati” bo‘yicha esa, hatto faqat ”shovqin-suronli to‘da”da ishtirok etishning o‘ziyoq davlat xazinasi foydasiga 60 solid jarima jazosi berilishiga asos bo‘lgan.
”Varvarlar haqiqatlari”da jinoyatlarning ma’lum qismi shaxsga tajo-vuz qilishga taalluqlidir. Bunda avvalo odam o‘ldirish jinoyati ”haqiqat-lar”ning diqqat markazida turadi. Odam o‘ldirganlik uchun undiriladigan vergeldning miqdori faqat o‘lgan shaxsning ijtimoiy ahvoliga emas, balki uning yoshi, jinsiga ham qarab belgilangan. “Sali haqiqati” bo‘yicha, erkin frankni o‘ldirganlik uchun ancha yuqori vergeld - 200 solid (XLI titul, 1-modda), rimlikni o‘ldirganlik uchun esa 62,5 solid vergeld (XLI titul, 7-modda) ko‘zda tutilgan. Qirollik xizmatida turgan frankni o‘ldirganlik uchun uch baravar ko‘p vergeld undirilgan. Masalan, grafni, qirollik man-sabdorini o‘ldirganlik uchun 600 solid miqdorida vergeld o‘rnatilgan edi. Agar o‘ldirilgan graf yarim erkin lit yoki qirolning quli bo‘lsa, u holda vergeldning miqdori 300 solidni tashkil qilgan (XLI titul, 5-modda). Har-biy yurishlar vaqtida qirollik drujinachisini o‘ldirganlik uchun, shuning-dek, ruhoniylar vakillarining hayoti uchun ancha yuqori vergeld nazarda tutilgan. Ruhoniyni o‘ldirganlik uchun - 600 solid, yepiskop uchun - 900 solid vergeld to‘langan.
Ma’lumki, V-VI asrlarda franklarda xristian cherkovining ta’siri va nufuzi nihoyatda kuchayishi va buni ”varvarlar haqiqatlari”da o‘z aksini topishi ko‘zga yaqqol tashlanadi. Bu vaqtda qirollar o‘z hokimiyatlarini mustahkamlash va yanada kuchaytirish maqsadida cherkovning, rim papa-sining asosiy himoyachilari sifatida maydonga chiqardilar. Buyuk Karl doimo ”mening vazifam - cherkovni himoya qilish, cherkovning vazifasi esa - men uchun ibodat qilish” deb ta’kidlar edi.
Ana shundan kelib chiqib cherkovga qarshi qaratilgan jinoyatlar uchun ancha og‘ir jazolar o‘rnatilgan edi. Ruhoniyga, cherkov mulkiga nisbatan tajovuzlar va boshqa shu kabi xatti-harakatlar uchun beriladigan jazolar kuchaytirilgandi. Masalan, “Bavar haqiqati”ga ko‘ra, yepiskopni o‘ldirganlik uchun ”o‘lgan yepiskop bo‘yiga moslab qo‘rg‘oshindan tayyorlanadigan kiyimning og‘irligi” miqdorida oltin to‘lashdan iborat bo‘lgan ramziy xarakterdagi jazo belgilangan edi. Agar bunday qilishning iloji bo‘lmasa, u holda jinoyatchiga uning yerlarini, qullarini, uylarini cherkov foydasiga musodara qilib, o‘zini, xotini va bolalarini qulga aylantirish jazosi qo‘llangan (I titul, 10-modda).
“Alleman haqiqati”da mavhumiy shaklda shunday qoida yozib qo‘yilgan edi: ”cherkovga qarshi har qanday g‘ayriqonuniy xatti-harakat uchun uch baravar to‘lash lozim” (XXI titul). Unga binoan faqat xristian cherkovining yuqori mansabdorlariga qarshi qaratilgan jinoyatlar uchun-gina emas, balki oddiy dyakonlar, monaxlar, ularning qarindoshlariga va hatto cherkov qullariga qarshi jinoyatlar uchun ham jazolar qattiq belgilangan edi (“Alleman haqiqati”, XI-XV titullar). Jinoyat va jazo masalalarida “Sali haqiqati” bo‘yicha qul yoki litning huquqiy holatida jiddiy farqlar bo‘lmagan. Agar qul yoki lit erkin kishini o‘ldirsa, o‘lgan kishining qarindoshlariga vergeldning yarmini bergan, vergeldning ikkinchi yarmini uning xo‘jayini to‘lagan (“Sali haqiqati”, XXXV titul, 5-modda).
“Varvarlar haqiqatlari”ning barchasida erkin ayolning hayoti, sog‘li-g‘i va qadr-qimmati alohida himoya qilinishi ko‘rsatilgan. “Sali haqiqati”-ga ko‘ra, bola tug‘ishi mumkin bo‘lgan ayolni o‘ldirganlik uch baravar ko‘p miqdorda, ya’ni 600 solid vergeld nazarda tutilgan (XXIV titul, 6-modda). Agar o‘ldirilgan erkin ayol o‘limidan ilgari bola tug‘ish qobiliya-tiga ega bo‘lmagan bo‘lsa, u holda uni o‘ldirgan kishidan 200 solid jarima undirilgan (XXIV titul, 7-modda). Agar kimdir homilador erkin ayolni urib o‘ldirsa, bunda vergeldning miqdori 700 solidni tashkil etgan (XXIV titul, 3-modda). “Alleman haqiqati”da ayol kishini o‘ldirish umuman aybni og‘irlashtiruvchi holat hisoblangan. Unda ko‘rsatilishicha, ayol kishini o‘ldirganlik uchun ”erkin kishini o‘ldirganga nisbatan ikki baravar ko‘p vergeld” to‘langan (XLIX titul, 2-modda). “Bavar haqiqati”da hali ”ayol qo‘lida qurol bilan o‘zini himoya qila olmasligi” ko‘rsatilib (IV titul, 29-modda), unga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar uchun og‘irroq jazolar o‘rnatilgan edi.
“Sali haqiqati”ga binoan, qirol xizmatida turgan shaxsni uning uyiga bir to‘da bo‘lib bostirib kirib o‘ldirganlik uchun aybdor shaxsga nisbatan to‘qqiz baravar ko‘p miqdorda vergeld - 1800 solid jarima solingan (XLII titul, 1-modda). Agar bunday holda o‘ldirilgan odam qirollik xizmatida turmagan shaxs bo‘lsa, vergeldning miqdori 600 solidni tashkil etardi (XLII titul, 2-modda). “Sali haqiqati”da to‘da va uning odam o‘ldirishdagi javobgarligi tushunchasiga ham izoh berib o‘tilgan. Unga ko‘ra, 5-7 kishi to‘planib turgan vaqtda ularning ichidan bittasi o‘ldirilgan bo‘lsa, qolganlari aybdorni ushlab topshirishlari lozim bo‘lgan, aks holda, bu jinoyat uchun ularning hammasi javob bergan (XLIII titul, 1-modda). Agar bunda to‘planib turgan kishilar 7 tadan ortiq bo‘lsa, u holda odam o‘ldirish jinoyati uchun ularning hammasi emas, balki faqat aybi isbotlangan shaxslar javob bergan va vergeld to‘lagan (XLIII titul, 2-modda).
”Varvarlar haqiqatlari”da nafaqat shaxsning hayotiga qarshi qaratil-gan jinoyatlar uchun, balki uning sog‘lig‘i, qadr-qimmati va sha’niga qar-shi qaratilgan jinoyatlar uchun ham qattiq javobgarliklar o‘rnatilgan. Jum-ladan, “Sali haqiqati”da tan jarohatlari yetkazish, urish-do‘pposlash, so‘z yoki harakat bilan haqorat qilish kabi jinoyatlarning turli ko‘rinishlari batafsil sanab o‘tilgan. Tan jarohatlari yetkazganlik uchun jarimalarning miqdori 9 soliddan 200 solidgacha belgilangan. ”Agar kimdir erkin kishini axtalasa, 200 solid jarima to‘lagan” (XXIX titul, 9-modda). ”Agar kimdir birovning qo‘li yoki oyog‘ini mayib qilsa, ko‘zi yoki burnidan mahrum etsa, undan 100 solid jarima undirilgan” (XXIX titul, 1-modda). ”Agar mayib qilingan qul joyida osilib turgan bo‘lsa, aybdordan olinadigan jari-maning miqdori 62,5 solidni tashkil etgan” (XXIX titul, 2-modda). Qo‘l yoki oyoqning katta barmog‘ini uzib olganlik uchun -50 solid, ”ikkinchi piyoz yuladigan barmoqni” uzib olganlik uchun - 35 solid, tishini urib sin-dirganlik uchun - 15 solid jarima belgilangan (XXIX titul, 3-5-moddalar). ”Agar kimdir birovning tiliga zarar yetkazganligi natijasida, u gapira olmaydigan bo‘lib qolsa, aybdorga nisbatan 100 solid jarima solingan. Birovning to‘rtinchi barmog‘ini uzib olgan shaxs 9 solid jarima to‘lashi lozim edi.
“Alleman haqiqati”da yuqoridagi jinoyatlar yanada ko‘proq aniqlash-tirilgan. Ularning ro‘yxatiga haqoratomuz ravishda ”soch yoki soqolini olib tashlash” jinoyati (buning uchun 12 solid jarima nazarda tutilgan) va boshqalar ham kiritilgan edi.
“Bavar haqiqati” ham jinoyatlar ro‘yxatini berishda o‘ziga xosligi bilan ajralib turmaydi.
”Varvarlar haqiqatlari”da so‘z yoki harakat bilan haqorat qilganlik uchun jarima tayinlashda tomonlarning ijtimoiy ahvoliga, haqoratning og‘irligiga e’tibor berilgan. “Sali haqiqati” bo‘yicha erkin frankni oddiy haqorat qilish - ”badbashara, quyon, bo‘ri, yolg‘onchi” kabi xafa qiladigan iboralar bilan kamsitish uchun 3 solid, harakat bilan haqorat qilish uchun esa - 15 solid jarima belgilangan. Unda, ayniqsa, ayol kishini haqorat qi-lish, asossiz ravishda ”fohisha” deb atash qattiq jazolangan. Bunday holda jarimaning miqdori 45 solidni tashkil etgan (XXX titul, 1-6-moddalar). Xuddi shuningdek, erkak va ayollarni ”jodugarning sherigi” deb haqorat qilganlik uchun alohida jazoga tortilgan.
Franklarda mulk huquqi juda keskin choralar bilan himoya qilingan. Shu sababli ”varvarlar haqiqatlari”da ham, avvalo, mulkka qarshi qaratil-gan jinoyatlar to‘g‘risida ko‘pgina me’yorlar o‘rnatilgan edi. “Sali haqi-qati” ning dastlabki titullariyoq aynan shunday jinoyatlar uchun javobgar-liklar belgilaydi. Uning II tituli ”cho‘chqalarni o‘g‘irlash haqida”gi, III tituli ”shoxli hayvonlarni o‘g‘irlash haqida”gi, X tituli ”qullarni o‘g‘irlash haqida”gi va boshqa qator titullari turli o‘g‘riliklar va talonchiliklar haqi-dagi jinoyatlarga bag‘ishlanganligi ham bejiz emas. O‘g‘rilik jinoyati uchun jazo tayinlashda, avvalo, uni sodir etgan shaxsning ijtimoiy ahvoli, so‘ngra o‘g‘rilikning qanday usulda qilinganligi, qancha miqdorda bo‘l-ganligi kabilar hisobga olingan. Albatta, o‘g‘rilangan mulk kimga tegishli ekanligi jazo tayinlashda muhim edi. “Sali haqiqati”ning o‘g‘rilik jinoyat-lari haqida quyida belgilangan qator me’yorlari fikrimizga dalil bo‘lishi mumkin. Birovning cho‘chqasini o‘g‘irlaganlik uchun - 3 solid (II titul, 1- 4-moddalar), emadigan buzoqchani o‘g‘irlaganlik uchun ham - 3 solid, bir yoki ikki yoshli qoramolni o‘g‘irlaganga - 15 solid (III titul, 1-2-modda-lar), qulini o‘g‘irlasa - 30 solid jarima nazarda tutilgan. (X titul, 1-modda). ”Agar kimdir erkin kishiga to‘satdan hujum qilib, uning mol-mulkini talonchilik yo‘li bilan tortib olsa va bu fosh qilinsa, unga 62,5 solid jarima solingan” (XIV titul, 1-modda). Birovning uyiga, omboriga, qo‘rasiga o‘t qo‘yganlik uchun ham 62,5 solid jarima ko‘zda tutilgan.
Umuman o‘g‘irlangan mulkning qiymatiga va o‘g‘rilikning oddiy yoki malakali sodir etilishiga qarab, uni uch turga: 1) summasi 2 dinardan11 40 dinargacha bo‘lgan o‘g‘rilik; 2) summasi 40 dinardan yuqori bo‘lgan o‘g‘rilik; 3) binoni buzib yoki kalit yasash yo‘li bilan qilingan o‘g‘rilikka ajratish mumkin. Erkin kishilar tomonidan sodir etilgan barcha hollardagi o‘g‘rilik uchun tegishli 15, 35 va 45 solid jarima o‘rnatilgan edi. Agar shunday o‘g‘rilikni qul sodir etsa, birinchi holda yetkazilgan zarar undirilgan, ya’ni o‘g‘irlangan narsa egasiga qaytarilgan va qulga 120 qamchi urilgan, ikkinchi holda axtalash yoki jarima jazosi qo‘llangan, uchinchi holda esa - o‘g‘ri qul o‘limga mahkum etilgan.
“Bavar haqiqati”da umuman barcha turdagi o‘g‘riliklar uchun o‘g‘irlangan mulk qiymatining 9 baravari miqdorida jarima o‘rnatilgan edi (IX titul, 1-modda). “Sali haqiqati”da erkin kishilarni o‘g‘irlash (XX titul, 10-modda) kabi jinoyatlar bilan birovning otini yoki o‘rgatilgan hayvonini o‘g‘irlash, uyiga, omboriga, bostirmasiga o‘t qo‘yish, uyini buzish, panja-rasini sindirish, begona ashyodan o‘zboshimchalik bilan foydalanish kabi jinoyatlar uchun ham javobgarliklar o‘rnatiladi.
”Varvarlar haqiqatlari”da nazarda tutilgan jinoyatlarning alohida guruhini axloqqa qarshi qaratilgan jinoyatlar tashkil etgan. Xususan, “Sali haqiqati” bo‘yicha bunday jinoyatlar turkumiga ”erkin qizni zo‘rlash”, tomonlarning o‘zaro roziligi asosida g‘ayriqonuniy jinsiy aloqa qilishi kabi jinoyatlar kiritilgan. ”Agar kimdir erkin qizni zo‘rlab nomusiga tegsa, un-ga 62,5 solid jarima solingan” (XXV titul, 1-modda). ”Agar kimdir erkin qiz bilan uning roziligi va o‘zaro kelishuv asosida jinsiy aloqa qilsa, unga 45 solid jarima jazosi” berilgan (XXV titul, 2-modda). ”Agar qandaydir erkin kishi birovning cho‘risi bilan jinsiy aloqada bo‘lsa va bu fosh etilsa, u holda cho‘rining xo‘jayiniga 15 solid jarima” to‘langan (XXV titul, 3-modda). ”Agar erkin kishi begona cho‘ri bilan ochiqdan-ochiq nikohga kirsa, u ham cho‘ri bilan birga qul bo‘lib qolgan” (XXV titul, 5-modda). Xuddi shuningdek, erkin ayol qul bilan nikohga kirsa, cho‘riga aylangan (XXV titul, 6-modda). Shunisi xarakterliki, “Alleman haqiqati” bo‘yicha, erkin kishining begona qiz bilan jinsiy aloqa qilganligi uchun 40 solid jarima belgilangan bo‘lsa, uning erga tekkan ayol bilan jinsiy aloqa qilganligi uchun ikki baravar ko‘p - 80 solid jarima nazarda tutilgan edi.
F

Download 200 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   15




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling