Ilmiy-uslubiy muvofiqlashtiruvchi markaz - kasb-hunar kollejlari uslubiy ishlar tizimida ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yishga, olingan natijalarni ekspertizadan o‘tkazishga, tajriba-sinov ishi natijalarini umumlashtirish va rasmiylashtirishga imkon beradi. Ilmiy-uslubiy muvofiqlashtiruvchi markaz ham ilmiy-pedagogik kengashga bo‘ysunadi. Unga o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, kasbiy ta’lim bo‘yicha direktor o‘rinbosari, uslubchi, bo‘lim boshliqlari, kafedra mudirlari, uslubiy komissiya raislari, yuqori malakali o‘qituvchilar va kasb ta’lim o‘qituvchilari kabilar jalb etiladi. Ilmiy–uslubiy muvofiqlashtiruvchi markaz shuningdek, ekspert kengash vazifasini ham o‘taydi va unda mualliflik o‘quv dasturlari, o‘quv-ishlab chiqarish jarayoniga yangiliklarni tatbiq etish bo‘yicha tajriba-sinov ish natijalari muhokama etilib, maxsus qarorlar qabul qilinadi.
Ilmiy-uslubiy muvofiqlashtiruvchi markazning boshqaruv vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin:
- kasb-hunar kollejlarida tashkil etiladigan ilmiy-tadqiqot ishlari rejasini ishlab chiqish;
- o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish va ishni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
- pedagogik jamoaning ehtiyojlarini e’tiborga olgan holda ular faoliyatini muvofiqlashtirish;
- o‘qituvchilarning ta’lim samaradorligini oshirishga bo‘lgan moyilligi, qiziqishlari, maqsadlariga ko‘ra ijodiy guruhlar tuzish;
- o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlari holatini nazorat qilish, tadqiqot natijalarini tahlil etish va baholash uchun ekspertlar guruhini tashkil etish.
Ilmiy-uslubiy muvofiqlashtiruvchi markazga uslubiy ishlarning ijodiy tajriba-sinov laboratoriyalari, o‘qituvchilarning ijodiy guruhi va pedagogik tajribalar markazi kabi tuzilmalari bo‘ysunadi.
Ijodiy tajriba-sinov laboratoriyalari - kafedralar qoshida hamda kollejlar miqyosida tashkil etiladi. Ularning asosiy vazifasi dolzarb va istiqbolli muammolarni ijodiy hal etishdan iborat. Ijodiy tajriba-sinov laboratoriyalarida har bir o‘qituvchi o‘z ijodiy ishlarini amalda ko‘rsatib berish imkoniga ega bo‘ladi va pedagogik jamoaning ijodiy faolligini oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, kasb-hunar kollejlarida an’anaviy va noan’anaviy uslubiy ishlardan uyg‘un holda foydalanish, o‘quv-meyoriy ho‘jjatlarni takomillashtirish, ta’limni jadallashtirish, samarali ta’lim texnologiyalarini amaliyotga keng ko‘lamda tatbiq qilish kabilarga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |