25-MASHG`ULOT
Fazoviy tasavvur
Mavzu: Qog`oz varag`ining o`ng, chap, yuqori, past tomonlari va o`rtasini aniqlashga o`rgatish
Maqsad:
Bolalarga qog`oz varag`ining o`ng, chap, yuqori, past tomonlari va o`rtasini aniqlashni o`rgatish.
Kutilayotgan natijalar:
Bolalar aniq topshiriq va mashqlarda qog`oz varag`ining o`ng, chap, yuqori, past tomonlari va o`rtasini aniqlashni o`rganadilar.
Bolalarda mustaqil fikrlash, ijodkorlik rivojlanadi.
Kerakli jihozlar:
Oq qog`oz (bo`yi 20 sm, eni 30 sm).
Geometrik shakllar.
Rangli qalamlar.
Mashg`ulotning borishi:
Tarbiyachi: Bolajonlar, sizlar bilan o`ng-chap, yuqori-past haqida oldin ham juda ko`p gaplashganmiz. Bugun bitta qog`oz varag`ining o`ng va chap tomonini, yuqorisi, pasti va o`rtasini aniqlashni o`rganamiz. (Tarbiyachi doskaga ilingan qog`oz varag`ida ko`rsatib beradi).
Buning uchun hammamiz oldimizdagi qog`oz varag`ining o`ng qo`limiz tomoniga, yuqorisiga sariq kvadratni qo`yamiz. Bu tomon qog`ozning yuqorigi o`ng burchagi bo`ladi.
Qog`oz varag`ining o`ng tomoni pastiga yashil uchburchakni joylashtiramiz. Bu tomon qog`oz varag`ining pastki o`ng burchagi bo`ladi.
Qog`oz varag`ining chap qo`limiz tomoniga, yuqorisiga ko`k doirani qo`yamiz. Bu tomon qog`oz varag`ining yuqori chap burchagi bo`ladi.
Qog`oz varag`ining chap tomoni pastiga to`q sariq to`rtburchak shaklini qo`yamiz. Bu tomon qog`oz varag`ining pastki chap burchagi bo`ladi.
Qog`oz varag`ining o`rtasiga qizil rangdagi katta doirani joylashtiramiz. Demak katta qizil doiramiz varaqning o`rtasiga qo`yildi.
Endi hamma yonidagi o`rtog`ining ishni qanday bajarganligini tekshirib chiqadi. Men bo`lsam sizdan keyin hammaning ishini tekshirib chiqaman. (Topshiriqni to`g`ri bajarmaganlarga yordam beriladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |