JK 145-moddasining 3-qismida javobgarlik belgilangan jinoyat obyektiv tomondan:
1) fuqarolarning o`z fuqarolik huquqlarini amalga oshirishlari yoki fuqarolik burchlarini bajarishlariga to`sqinlik qiladigan tarzda faoliyat yuritishda;
2) majburlab pul yig`ish va dindorlarga soliq solish bilan birgalikda diniy faoliyat yuritishda;
3) shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini cheklovchi chora-tadbirlarni qo`llash bilan bog`liq holda diniy faoliyat yuritishda;
4) diniy bilim olishga majburlashda va fuqaro o`zining dinga nisbatan, e'tiqod qilish yoki e'tiqod qilmaslik, ibodat qilish, diniy urf-odatlarda va marosimlarda ishtirok etish yoki etmaslikka nisbatan munosabatini aniqlayotganida unga nisbatan tazyiq o`tkazilishida;
5) diniy marosimlar o`tkazilishini tashkil etish natijasida badanga yengil yoki o`rtacha og`ir shikast yetkazilishida ifodalanadi.
JK 145-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyat yuqorida qayd etilgan xatti-harakatlar sodir etilgan paytdan boshlab yuz bergan oqibatlardan qat'i nazar, tugallangan deb hisoblanadi. Shaxsning badaniga yengil yoki o`rtacha og`ir shikast yetkazilgan diniy marosimlar o`tkazilishini tashkil etish bundan mustasno. Bu hol ro`y berganida jinoyat aytib o`tilgan oqibatlar kelib chiqqan paytdan boshlab tugallangan deb hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |