Murojaatni ko`rib chiqish muddatlarining buzilishi qonunchilikda o`rnatilgan tartibda murojaatlarni ko`rib chiqish, ularni tegishli organlarga ko`rib chiqish uchun yuborish muddatlariga rioya qilmaslikda namoyon bo`ladi.
Asoslanmagan, qonunga zid qaror qabul qilish – bu murojaatda qo`yilgan masalaning amaldagi qonunchilik me'yorlariga xilof ravishda hal etilishidir.
Fuqarolarning xususiy hayoti to`g`risidagi axborotni tarqatish murojaatni ko`rib chiqish natijasida olingan, u murojaat qilgan-qilmaganligidan qat'i nazar, fuqaroning shaxsiy hayotiga taalluqli turli xabarlarni tarqatishdir.
Fuqarolarning murojaatlari to`g`risidagi qonunlarning buzilishi bilan bog`liq har bir alohida ish ko`rib chiqish davomida aybdor shaxs tomonidan ushbu sohadagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatlarning qaysi qoidalari buzilganligini aniqlash zarur.
Fuqarolarning murojaatlari to`g`risidagi qonunlarning buzilishi bilan bog`liq ishlar ko`rib chiqilayotganda aybdorning qilmishi va JK 144-moddasi 1-qismi dispozitsiyasida ko`rsatib o`tilgan oqibatlar o`rtasida sababiy bog`lanishning mavjudligi har bir aloxida holda alohida aniqlanishi zarur.
Albatta, sanab o`tilgan oqibatlar fuqarolarning murojaatlari to`g`risidagi qonunlarning buzilishi natijasida emas, boshqa xatti-harakatlar natijasida kelib chiqqan hollarda shaxs JKning 144-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Fuqarolarning huquqlariga, qonun bilan muhofaza qilinadigan, jamiyat yoki davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar jiddiy yoki jiddiy emasligi haqidagi masalani hal etish vaqtida kelib chiqqan oqibatlarning, jumladan, ma'naviy zararning ahamiyati, moddiy ziyonning hajmi, fuqarolarning mehnat, xususiy, mulkiy huquqlari va manfaatlari qay darajada kamsitilganligi inobatga olinishi lozim.
Fuqarolarning huquqlari yoki fuqarolar, jamiyat yoki davlatning qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgan (JK 144-modda 1-qismi) yoxud ta'qib etish boshlangan paytdan boshlab (JK 144-moddasi 2-qismi) jinoyat tugallangan hisoblanadi.
Fuqarolarning murojaatlari to`g`risidagi qonunchilik mansabdor shaxs tomonidan buzilgan holatlarda fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlariga yoki ularning qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilganda, uning harakatlarini JK 205 yoki 206-moddalari bo`yicha kvalifikatsiya qilish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |