Bo‘yinda yuza va chuqur, qovurg‘a-bo‘yin limfa tugunlari uchraydi.
Bo‘yinning yuza limfa tuguni – ln.cervicalis superficialis – qoramollarda 7 – 9 sm, cho‘chqalarda 4 – 5 sm, otlarda 1,5 – 3,0 sm, itlarda 2,7 – 3,5 sm bo‘lib, elka bo‘g‘imidan yuqorida o‘q oldi muskulning oldingi tomonida elka-bosh va trapetsiyasimon muskullarning ostida joylashadi. Teri, bo‘yinning muskul va suyaklari, oldingi oyoq, to‘sh osti va ko‘krak qafasidan limfa yig‘ishtiradi. Limfa oqimi qoramollarda o‘ngdan kekirdak yo‘liga, chapdan ko‘krak yo‘liga, cho‘chqalarda kekirdak yo‘li yoki bo‘yinturuq venaga, otlarda chapdan bo‘yinning orqa chuqur tuguniga, o‘ngdan o‘ng limfa yo‘liga, itlarda kekirdak yo‘liga boradi.
Bo‘yinning chuqur limfa tugunlari – lnn.cervicales profundae – qoramollarda 0,5 – 3,0 sm uzunlikda bo‘lib, oldingi, o‘rta va keyingi bo‘limlarga bo‘linadi. Qoramol, cho‘chqa va otlarda kekirdakning dorsal yuzasida joylashadi, itlarda esa ko‘pincha bo‘lmaydi. Halqum, hiqildoq, kekirdak, bo‘yinning ventral muskullari, qovurg‘a-bo‘yin va qo‘ltiq osti tugunlaridan limfa yig‘ishtiradi. Limfa qoramollarda kekirdak va ko‘krak yo‘liga, cho‘chqalarda ko‘krak yo‘liga, ot va itlarda o‘ngdan o‘ng limfa yo‘liga, chapdan ko‘krak limfa yo‘liga oqadi.
Qovurg‘a-bo‘yin limfa tuguni – ln.costocervicalis– faqat qoramollarda uchraydi va 1,5 – 3,0 sm uzunlikda bo‘lib, qizilo‘ngach va kekirdakdan yon tomonda, birinchi qovurg‘adan oldingi medial tomonda joylashadi. Bo‘yin, elka kamari va ko‘krak devori muskullaridan, plevradan limfa yig‘ishtiradi. Limfa oqimi o‘ngdan kekirdak yo‘liga, chapdan ko‘krak yo‘liga boradi.
Oldingi oyoqda qo‘ltiq osti va tirsak limfa tugunlari joylashadi.
Qo‘ltiq osti limfa tuguni – ln.axillaris – qoramollarda 2,0 – 3,5 sm, otlarda 4,0 – 7,0 sm, itlarda 3,0 – 5,0 sm uzunlikda bo‘ladi va elka bo‘g‘imining orqa va medial tomonida joylashadi. Cho‘chqalarda bu limfa tuguni bo‘lmaydi. Oldingi oyoqning muskullari, bo‘g‘imlari va terisidan limfa yig‘ishtiradi. Limfa qoramollarda birinchi qovurg‘aning qo‘ltiq osti tuguniga, otlarda bo‘yinning orqa chuqur tugunlariga, itlarda ko‘krak yo‘liga oqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |