Dumg‘aza limfa tugunlari – lnn. sacrales – qoramollarda 0,4 – 4,5 sm, otlarda 0,2 – 0,5 sm uzunlikda bo‘lib, itlarda ko‘pincha mavjud emas. Bular lateral va medial guruhlarga bo‘linadi. Lateral limfa tugunlari dumg‘aza-o‘tirg‘ich payida katta quymich arig‘i yonida, medial limfa tugunlari esa dumg‘aza-quymich payining yuqorigi uchi ostida joylashadi. Lateral guruhi tos bo‘shlig‘i devoridan, medial guruhi siydik-jinsiy organlaridan limfa yig‘ishtiradi. Limfa hamma hayvonlarda tos tuguniga oqadi.
Quymich limfa tugunlari – lnn.ischiadicus – faqat qoramollarda uchraydi va uzunligi 2,5 – 3,5 sm ni tashkil etadi. Tashqi tomondan dumg‘aza-quymich payida kichik quymich arig‘ida joylashadi. Tos, tos-son bo‘g‘imi, to‘g‘ri ichak, siydik-jinsiy organlaridan limfa yig‘ishtiradi. Limfa oqimi tos tugunlariga ro‘y beradi.
Qorin va tos bo‘shlig‘i organlari limfa tugunlari
Qorin limfa tugunlari – lnn.coeliaci – qoramollarda 1 – 2 sm, cho‘chqalarda 0,3 – 0,8 sm, otlarda 0,2 – 2,5 sm, itlarda 0,4 – 0,9 sm uzunlikda bo‘lib, qorin arteriyasi ildizida joylashadi. Diafragma, qorin, buyrak usti bezi, jigar, taloq, oshqozon va charvi tugunlaridan limfa yig‘ishtiradi. Limfa oqimi qorin yo‘li orqali bel sisternasiga boradi.
Oshqozon limfa tugunlari – lnn.gastrici – qoramollarda 0,5 – 4 sm uzunlikda bo‘lib, katta qorinda o‘ng va chap tugunlarga bo‘linadi, to‘r qorin va qatqorinda 3 – 4 tadan, shirdonda dorsal va ventral limfa tugunlari mavjud. Bu limfa tugunlari cho‘chqalarda yakka yoki guruh holida uchraydi, otlarda 15 – 35 tagacha bo‘lib, itlarda ular mavjud emas. Qoramollarda katta qorin, to‘r qorin, qatqorin, shirdon, taloq, o‘n ikki barmoq ichaklardan limfa yig‘ishtiradi. Limfa oqimi bel sisternasiga boradi.
Jigar limfa tugunlari – lnn.hepatici – qoramollarda 1 – 7 sm, otlarda 0,4 – 9 sm, itlarda 0,2 – 3 sm uzunlikda bo‘lib, jigar darvozasida joylashadi. Jigar, oshqozon osti bezi, o‘n ikki barmoq ichak va shirdon limfa tugunlaridan limfa yig‘ishtiradi. Limfa barcha hayvonlarda ichak yo‘liga oqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |