Birinchidan, davlat hokimiyatining ta’sis etuvchi (ya’ni, Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi saylov komissiyalari tizimi) va sud hokimiyati tarmoqlari faoliyatida tiyib turish va o‘zaro muvozanatni ta’minlash maqsadida ular o‘rtasidagi vakolatlarni taqsimlash ishlarini davom ettirish.
Avvalambor, joriy etilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, bir tomondan, uchastka saylov komissiyalarining qarorlar qabul qilish borasidagi mustaqilligi va mas’uliyatini kuchaytirishni nazarda tutadi. Ikkinchi tomondan, saylov komissiyalarining harakatlari va qabul qilgan qarorlari yuzasidan fuqarolar hamda saylov jarayonlari boshqa ishtirokchilarining murojaatlari va shikoyatlarini ko‘rib chiqish borasida sudlarning rolini oshirishga xizmat qiladi.
YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tavsiyalarini hisobga olgan holda, Saylov kodeksida shunday muhim bir norma mustahkamlandiki, unga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalarining harakatlari va qabul qilgan qarorlari yuzasidan saylovchilar hamda saylov jarayonlari boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqmaydi.
Shu yo‘l bilan ariza va murojaatlar taqdim etishning “qo‘shaloq” tizimiga, demakki Markaziy saylov komissiyasi bilan sudning bir-biriga zid qarorlar qabul qilishi ehtimoliga ham barham berildi. Bu masalalar faqat sudlarning vakolatiga kiritiladigan bo‘ldi.
Ayni chog‘da, fuqarolarning saylovga taalluqli huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatlari sezilarli darajada kuchaymoqda. Bugungi kunda Saylov kodeksiga muvofiq:
har qanday fuqaro saylovchilar ro‘yxatidagi xato yoki noaniqliklar yuzasidan uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi murojaatni 24 soat ichida o‘rganib, xato yoki noaniqliklarni bartaraf etishi yoxud murojaatchiga murojaatining ko‘rib chiqilmasligini asoslangan javob orqali bildirishi zarur. Bunda uchastka saylov komissiyasining harakatlari va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin;
saylov komissiyalarining qarorlari ustidan siyosiy partiyalar organlari, ularning nomzodlari, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar tomonidan sudga shikoyat qilinishi mumkin;
Markaziy saylov komissiyasi qarorlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
Saylov kodeksida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlarida qabul qilingan qarorlar ustidan saylov huquqi sub’ektlari tomonidan shikoyat qilinishining aniq tartib-qoidalari ko‘zda tutilgan. Kodeksda saylov komissiyalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning saylovga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish va saylov yakunlariga doir masalalar bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi belgilab qo‘yilgan.
Bularning barchasi fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ajralmas huquqlari amalga oshirilishiga xizmat qiladi. Ya’ni nizoli holatlarni faqatgina sud ko‘rib chiqishi va adolatli qarorlar chiqarishi lozim.
Ta’sis etuvchi hokimiyat faqat saylovlarni tashkil etishga doir vazifalar bilan shug‘ullanishi zarur. Ular fuqarolarga saylovda o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun sharoit yaratib berishi darkor. Saylov komissiyalarining bu jarayondagi harakati yoki harakatsizligini baholash esa sudlarning vazifasiga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |