ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
Respublikamizning "Maktabgacha ta’lim to‘g‘risida"gi Qonuni va "Davlat ta’lim standartlari" talablarining asosiy maqsadi - yosh avlodni istiqlol mafkurasi asosida sog‘lom, har tomonlama rivojlangan shaxs sifatida tarbiyalashdan iboratdir.Shu maqsadda yaratilgan “Bolajon” davlat tayanch dasturining mazmuniga to’xtalib o’tamiz.
“Bolajon” tayanch dasturining mazmuni va tamoyillari «Bolajon» tayanch dasturi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2010-yilda tasdiqlangan. Ushbu dastur “Maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari” asosida ishlab chiqilgan.
Tayanch dasturning maqsadi “Maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari”ning bajarilishiga erishishdan, ya’ni, maktabga jismonan sog‘lom, aqlan va ma’nan yetuk, jamiyatning turli a’zolari bilan muloqotda bo‘la oladigan, borliqni aniq idrok etadigan, mustaqil va ongli yashaydigan bolani tayyorlashdan iborat.
Dasturning vazifasi bolalarni jismoniy, aqliy hamda ijtimoiy - hissiy jihatdan kamol toptirish va ularning sog‘lig‘ini muhofaza qilish; bolalarning erkin fikrlash, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, axloqiy va ma’naviy jihatdan barkamol, shuningdek, kelajakda mustaqil va ongli yashaydigan komil insonlar etib voyaga yetkazish uchun shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
Dasturning mazmuni quyidagi tamoyillarga tayanadi:
maktabgacha ta’limning davlat va jamiyat talablariga mosligi;
bola shaxsiga yo‘naltirilganligi;
bolalarni sog‘lomlashtirishga qaratilganligi;
bolalarning qobilyati, ehtiyoji, imkoniyatiga mosligi;
maktabgacha ta’limda o‘yin faoliyatining yetakchiligi;
maktabgacha ta’limning insonparvarligi;
maktabgacha ta’limning ijtimoiy turmush bilan mosligi;
maktabgacha ta’limning oila va boshlang‘ich ta’lim bilan uzviyligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |