Markaziy osiyo xalqlari tarixi
Download 0.9 Mb.
|
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун
Turkmanistonda 1992-yilda yangi konstitutsiya qabul qilinishi bilan hokimiyat yanada mustahkamlandi. Umumxalq saylovlarida saylanadigan prezident nihoyatda keng vakolatga ega bo‘ldi va hokimiyatning har bir tarmog‘iga boshchilik qildi. Qonun chiqarish Majlis - saylanuvchi parlamentga topshirildi. Ammo qarorlarni qabul qiluvchi oliy vakillik organi Xalq maslahati bo‘ldi. U Prezident tomonidan boshqarilar hamda hukumat boshlig‘i va a'zolari huquqni himoya qilish organlari va viloyat rahbarlaridan iborat edi. Mamlakatda Niyozov boshqarayotgan yagona partiya - Demokratik partiya qoldi. Aholini birlashtirish uchun amnistiya (umumiy afv) e'lon qilindi, keyinchalik esa o‘lim jazosi bekor qilindi.
Konstitutsiya qabul qilingandan keyin saylovchilarning 99,5 foizi Niyozovni prezidentlikka qayta saylash, u ko‘rsatgan nomzodlarni majlisga saylash uchun ovoz berdilar. Keyinchalik, bundan ham muvaffaqiyatliroq o‘tgan referendumda Niyozovning vakolatini oshirish ma'qullandi va u Turkmanboshi hamda turkmanlar otasi, degan unvonga ega bo‘ldi, 2000-yilda esa majlis uning hokimiyatining muddatsizligi to‘g‘risidagi qonun qabul qildi. Turk-manboshining portret va so‘zlari hamma joyda paydo bo‘ldi, ko‘chalar, korxonalar va shaharlar uning nomiga qo‘yildi, poytaxtda uning ulkan, doim quyosh tomonga burilib turuvchi haykali o‘rnatildi. Farovonlik to‘g‘risidagi rejalari uchun uni hamma joyda - bolalar bog‘chasidan tortib Xalq maslahatigacha ulug‘lar edilar. Hatto, uning obro‘siga va xalqning unga bo‘lgan muhabbatiga shubha qilish Turkmaniston uchun zarar, deb baholanar edi. Nihoyat, uning tomondan odamlarning hayot normalarini mustahkamlash uchun ishlab chiqilgan, hamma uchun majburiy bo‘lgan «Turkmanlarning ma'naviyat kodeksi» qabul qilindi. Turkmanboshi tuzumi mustabid (totalitar) xarakterga ega bo‘ldi va siyosiy barqarorlikni kafolatladi. Va'da qilingan farovonlikka erishish ancha qiyin bo‘lib chiqdi. Mamlakat -dagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol og‘ir edi. Rossiyadan olingan kreditlar tezda qadrsizlandi. Gaz va paxtani Rossiya hamda MDH ning boshqa davlatlariga sotish na dollar, na yangi texnologiyalar keltirdi. Gaz qazib olish va paxta yetishtirish, ularni yetkazib berishni ko‘paytirish hamda ular evaziga dollar olish juda qiyin kechdi. Aholiga oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar yetishmas edi. Pensiya va oyliklarni to‘lash kechikardi. Ayanchli statistik ma'lumotlar e'lon qilinmas edi. 1992-yildan boshlab hukumat sanoatni rivojlantirish va bozor munosaba-larining iqtisodiy poydevorini yaratishga qaratilgan «Barqarorlikning 10 yili» dasturini qabul qildi. 1993-yilda milliy valyuta - manat joriy qilindi. Uning qiymati hamda narxlar hukumat tomonidan belgilanar edi. Xorijiy valyuta bilan muomala qilish taqiqlangan edi. Boy mamlakatlarning hukumatlari Turkmanboshi rejimini ma'qullama-salar-da, undagi barqarorlik, mamlakatning tabiiy boyliklari va arzon ishchi kuchi hamda hukumatning bozor iqtisodiyotiga intilishi turkman paxtasi va gazini sotib olishning kengayishiga, rejimga kreditlar berilishi va xo‘jalikka investitsiyalar qo‘yilishiga yordam berdi. Eksportdan kelgan mablag‘lar va kreditlarni hukumat undirma va to‘qimachilik sanoatiga sarflar edi. Bu sohalar uchun eng yangi texnologiya hamda jihozlar sotib olindi. 90-yillarning ikkinchi yarmida gaz va neft qazib olish o‘sa boshladi va paxtaning asosiy qismi yangi korxonalarda qayta ishlana boshladi, bozorga to‘qimachilik mahsulotlari chiqarila boshlandi. Ishlab chiqarishning o‘sishi to‘la bandlkini ta'minladi. Hukumat iqtisodiyotni davlat tasarrufidan chiqarishga shoshilmadi. Neft va gaz, paxtaning sotilishi hamda qayta ishlanishi, transport va uy-joy xo‘jaligi, ishlab turgan hamda qurilayotgan barcha katta va o‘rta korxonalar davlat ixtiyorida edi. 1996-yilga kelib nodavlat sektorga yalpi ichki mahsulotning atigi 7,7 foizi to‘g‘ri keldi. 2000-yilda yalpi ichki mahsulot 14 foizga oshdi, uning beshdan bir qismi gaz eksportiga to‘g‘ri keldi. 1993-yilda qabul qilingan yerga mulkchilik to‘g‘risidagi qonun asosida har bir fuqaro 50 gektargacha yer olishi va yana 500 gektar yoki undan ko‘proq yerni ijaraga olishi mumkin edi. 5 yil muddat o‘tgandan so‘ng yer egasi - neyhan tomonidan olingan yer uning mulkiga aylanar edi, ammo u yerni sotish yoki birovga berishga haqqi yo‘q edi. Bu islohot 10 yil muddatga mo‘ljallangandi. Hukumat «Yangi qishloq» va «G‘alla» dasturlarini amalga oshirdi. Ularga ko‘ra, qishloq aholisi yashash sharoitini yaxshilash va g‘alla yetishtirishni oshirishga mablag‘ ajratilardi. Hukumat qishloq aholisi turmush darajasi yaxshilandi, deb hisobladi. G‘alla yetishtirish sezilarli darajada o‘sdi. Butun qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 20 foizidan ko‘prog‘ini bermoqda. Turkmanistonning iqtisodiy va madaniy dasturi qabul qilindi. Prezident va'da qilgan umumiy farovonlikka nisbatan uyg‘ongan va oshib borayotgan shubhalarni tarqatish uchun hukumat 90-yillarning ikkinchi yarmida tuz, elektr energiya, gaz va suvni bepul deb e'lon qildi, non, o‘simlik yog‘i, jamoat transporti va maishiy xizmatlarga esa past, ramziy narxlarni belgiladi. Oziq-ovqatning boshqa turlari hamda boshqa mahsulotlar kartochkalar bilan tarqatila boshlandi. Ammo, odatdagidek, bepul, arzon va kartochkalar bilan tarqatiladigan mahsulot tanqis edi, ularni olish uchun navbatlar paydo bo‘lardi. Buning ustiga aholi o‘sish darajasi oshdi. Turkmanistonning tashqi siyosati uning mustaqilligini mustahkamlash va dunyo bozoriga tabiiy gazning yirik zaxiralarini chiqarish konlarini izlashga qaratilgan edi. Mustaqillikka erishilgandan so‘ng mamlakatning neytraliteti (betarafligi) e'lon qilindi va amalga oshirib kelinmoqda. MDH tarkibida bo‘lish Rossiya Federasiyasidan yordam olishga imkon berdi. Ayniqsa, milliy qurolli kuchlar yaratilgunga qadar, Rossiya Federasiyasi Turkmaniston chegarasini himoya qilishi va qurol bilan yordam berishini aytish mumkin. MDH doirasida Turkmaniston Hamdo‘stlik a'zolari, avvalo, Rossiya Federasiyasi, Ozarbayjon, Gruziya, Ukraina bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirmoqda. 2005-yilga kelib betaraflikka to‘la amal qilish uchun Turkmaniston MDH tarkibidan chiqdi. Turkmaniston Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, ayniqsa, Turkiya, Eron va Afg‘oniston bilan yaqin hamkorlik qiladi. Turkman gazining bir qismini Rossiya Federasiyasi orqali Ukrainaga yetkazib berish to‘g‘risida kelishib olindi. Bundan qoniqmagan respublika hukumati Kaspiy orqali Ozarbayjon, Gruziya, Turkiyaga va Afg‘oniston orqali Pokiston, XXR ga gazni eksport qilish uchun gaz quvurlari qurilishida qatnashmoqda. Aholining huquq va erkinliklari biroz cheklanishiga qaramasdan, o‘zining mustahkamligi tufayli Turkmanboshi rejimi boy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlarning moliyaviy yordamini olishga muvaffaq bo‘ldi. Tojikistonda siyosiy barqarorlikni ta'minlash biroz qiyin kechdi. I.Rahmonov muxolifatni tor-mor qilishga intilar va uning yetakchilari bilan muzokaralar olib borishga qarshilik qilardi. O‘z pozitsiyalarini kuchaytirib, u ijro etuvchi hokimiyatga egalik qildi, davlat apparatini shakllantirdi, xalq armiyasi va o‘z gvardiyasini tuzdi. Tarkibida jiddiy partiyalar bo‘lmagan, ammo kelishmovchiliklarga sabab bo‘lgan Xalq fronti tarqatib yuborildi. I.Rahmonov nafaqat davlat sektorini, balki xususiy ishlab chiqarish sektorini ham qo‘llab-quvvatlash, agrar islohotlar o‘tkazish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va boshqalarni ko‘zda tutgan iqtisodiyotni tiklash dasturini taqdim etdi. Buni amaliyotda qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalq-demokratik partiyasi tuzilgan edi. I.Rahmonov hukumati mamlakat oltin zaxirasining bir qismini garovga qo‘yib, Rossiya Federasiyasining mamlakatdagi eng yirik GESlar, eng zamonaviy qudratli alyuminiy zavodi va bir qator iqtisodiy ob'ektlarning bir qismiga egalik qilish huquqini e'tirof etdi. Dushanbedagi Rossiyaning 201-diviziyasi hokimiyat barqarorligini ta'minlab turdi. Rossiya chegarachilari mamlakatning janubiy chegaralarini qo‘riqlashmoqda edi. Rossiyalik mutaxassislar Tojikiston qurolli kuchlari va chegarachilarini o‘qitishdi. Korrupsiya, o‘ziga erk bergan harbiylarning bedodligi, eng asosiysi - xorijdagi harbiy bazalarga tayanib, to‘xtamasdan qarshilik ko‘rsatayotgan muxolifat siyosiy barqarorlikka ham, iqtisodiy barqarorlikka ham erishishga yo‘l qo‘ymadi. Bu hol I. Rahmonovni BMT, EXHT va Rossiya Federasiyasi ishtirokida 1994 yilda muzokaralarni boshlash va Birlashgan muxolifat rahbari S. A. Nuri bilan urushni to‘xtatish haqidagi bitimni imzolashga majbur etdi. Iqtisodiyotni tiklash dasturini amalga oshirishga imkoniyat paydo bo‘ldi. Bitim bir necha marta buzildi. Ammo muxolifatga Afg‘onistondan yetkazilib turgan yordam susaydi, u yerdagi ittifoqchilarga toliblar zarba berdi. Bu urush 1997-yilgacha davom etdi. Unda 300 ming kishi halok bo‘ldi va 100 ming kishi nom-nishonsiz yo‘qoldi. Millionga yaqin aholi qo‘shni mamlakatlarga ko‘chib o‘tdi. Ko‘pgina qishloqlar, aholi istiqomat qiladigan joylar va korxonalar harobaga aylandi. Moddiy zarar 7 mlrd. dollarni tashkil etdi. 1997-yilda Tojikistonda ishlab chiqarish hajmi urushdan oldingi ko‘rsatkichning 28 foizini tashkil etdi. Nihoyat, 1997 yilda muxolifat va uning qurolli kuchlarining qonuniyligi tan olinib, uning vakillari koalitsion hukumat tarkibiga kiritilgandan so‘ng siyosiy barqarorlikka erishildi. Siyosiy barqarorlik sari qo‘yilgan bu muhim qadam Tojikistonga xalqaro tashkilotlardan 100 mln. dollardan ortiq kredit olishga va boy mamlakatlardan investitsiyalarni jalb qilishga imkon berdi. Bu tufayli iqtisodiyotning tiklanishi va yangilanishi, ish bilan ta'minlanishning (bandlikning) kuchayishi va aholi ahvolining qisman yaxshilanishi boshlandi. 1998 yildan boshlab hukumat Xalqaro Valyuta Fondi va Jahon banki homiyligida qashshoqlikka qarshi kurash dasturini amalga oshirib kelmoqda. Mamlakat eng yaxshi jihozlarni olib kelish va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida paxta, alyuminiy va boshqa qimmatbaho materiallarni eksport qiladi. 2000 yil fevralida Tojikistonda barcha partiyalar ishtirokida parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. I. Rahmonov saylangan parlament - Majlisi Oliyni «Milliy totuvlik parlamenti» deb atagan bo‘lsa-da, EXHT kuzatuvchilari saylovga hukumat aralashganligi haqida guvohlik berishdi. Mutlaq ko‘pchilik o‘rin Xalq demokratik partiyasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘ringa SSSR ni qayta tiklashga urinayotgan kompartiya chiqdi. Murosaga kelmaydigan islom muxolifati qurolli otryadlari mag‘lubiyatga uchramoqda. Shunga qaramasdan, Tojikiston va Rossiya Federasiyasining ko‘p rahbarlari fikriga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlarining olib ketilishi kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Mamlakat hududida afg‘onlardan yordam olayotgan va O‘zbekiston hamda Qirg‘izistonga bostirib kirayotgan islom aqidaparastlarining, giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchilarning baza va aloqa kommunikasiyalari mavjud. Tojikiston hukumati Rossiya Federasiyasi bilan yaqin ittifoq tuzishga tayanadi, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan hamkorlik qiladi. Tojikiston - MDH a'zosi, fuqarolik urushidan keyin ko‘p mamlakatlar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. Shanxay Hamkorlik Tashkilotida ishtirok etadi. Xulosa qilib aytganda, MHD mamlakatlari tarixan qisqa muddatda bir tuzumdan ikkinchi tuzumga o‘tishda, bozor iqtisodiyoti munosabatlarini vujudga keltirishda xilma-xil qiyinchiliklarni boshdan kechirdilar. Ularning ba'zilarida bu muammo qisman hal bo‘lsa-da, ba'zilarida hamon davom etmoqda. Ushbu muammolar deyarli barchasida bir xil bo‘lib, quyidagilardir: ijtimoiy-siyosiy hayotni barqarorlashtirish, mamlakatda huquqiy demokratik davlat tuzish; bozor iqtisodiyotining uzluksiz ishlaydigan chinakam mexanizmini yaratish; aholini ish bilan ta'minlash, ularning normal yashashi uchun sharoit yaratish; dunyo hamjamiyatida mustahkam o‘rin egallash; mamlakat xavfsizligini ta'minlash, turli terroristik, diniy-ekstremistik guruhlardan xoli boiish, ular xavfini bartaraf qilish; ekologiya tangligi, yerni asrash, toza suv muammolari va boshqalar. Download 0.9 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling