Kasbga tomon eltadigan yo‘l-o‘qish
Siz o‘z kasbingizni to‘g‘ri tanladingizmi? Birinchi ma’ruzalar sizda pushaymonlik, afsus kayfiyatini uyg‘otmadimi?
Kasbingizni tanlashda turli baho mezonlarini qo‘llagan bo‘lishingiz kerak.
-Bo‘lajak kasbim qanday ijtimoiy ahamiyatga ega?
-Siz tanlagan o‘quv yurti talabalariga qaerda ehtiyoj bor?
-Ishingiz shaxsiymi yoki odamlar bilan ishlashni talab qiladimi?
-Kasbingiz sizdan qanday shaxsiy sifatlarni talab qiladi? Siz bu sifatlarga egamisiz?
Esingizda tuting: zerikarli kasbning o‘zi yo‘q. Faqat birdaniga uning eng qiziq tarafini ko‘rish qiyin- axir u darrov namoyon bo‘lmaydi. Kasbga tomon yagona yo‘l esa- o‘qish, o‘rganishdir.
Nazariy ma’lumot:
SO‘Z TURKUMLARI
So‘zlar anglatadigan grammatik ma’nolariga ko‘ra so‘z turkumlariga ajratiladi. O‘zbek tilida so‘zlar mustaqil, yordamchi, undov, taqlid va modal so‘zlarga bo‘linadi. Mustaqil so‘zlar oltita: ot, sifat, son, olmosh, fe’l va ravish. Yordamchi so‘zlar uchta: ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama. Mustaqil va yordamchi so‘zlar quyidagi xususiyatlariga ko‘ra o‘zaro farqlanadi.
OT – SO‘Z TURKUMI
Narsa-buyum va shaxslarning nomini bildirib kim?, nima? so‘rog‘iga javob bo‘lgan so‘zlar ot deyiladi. Otlar egalik va kelishik qo‘shimchalari bilan qo‘llanadi, birlik va ko‘plikda ishlatilishi mumkin. Otlardagi grammatik son va kelishik shakllari doimiydir. YA’ni har qanday ot biror kelishik shaklida va biror sonda bo‘ladi. Hech qanday qo‘shimcha olmagan otlar bosh kelishikda, birlik sonda hisoblanadi. Otlarning kelishik shakllarini olib o‘zgarishi turlanish deyiladi.
Otlar gapda ko‘pincha ega va to‘ldiruvchi, shuningdek, kesim, aniqlovchi, hol va undalma bo‘lib keladi.
Otlar ma’nosiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
1.Atoqli va turdosh ot. Atoqli otlar kishi nomlari, planeta nomlari va atab qo‘yilgan nomlardir: Karim, Toshkent, YUpiter va boshqalar. Turdosh otlar bir turdagi narsaning umumiy nomidir: kitob, bola, ruchka, odam va boshq.
Do'stlaringiz bilan baham: |