Mavzu: an’anaviy ijrochilik rivojlanishi: ijtimoiy-pedagogik tahlil kirish


Download 95.68 Kb.
bet4/10
Sana31.03.2023
Hajmi95.68 Kb.
#1311090
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
AN’ANAVIY IJROCHILIK RIVOJLANISHI

Safiuddin Urmaviy. Ozarbayjon xalqining ulug‘ olimi (Mahmud Sheroziyning aytishicha: “O‘z zamonasida musiqa nazariyasi bo‘yicha unga teng keladigan olim bo‘lmagan...” [8; 20]) Safiuddin Abdulmo‘min Urmaviy (vafoti 1294y.) Sharq musiqa nazariyasi va amaliyotida yuksak darajali muvaffaqiyatlarga erishdi. U o‘z salaflari boshlab bergan “musiqiy ilmi”ni yanada yuksak bosqichga olib chiqdi. Uning “Risalatush-Sharafiyya” (“Sharafli risola”) va “Kitabul-advar” (“Musiqa va ritm doiralari kitobi”) asarlari Sharq musiqa nazariyasi taraqqiyoti tarixida alohida o‘rin tutadi.
Shuni alohida aytish kerakki, Urmaviy o‘z asarlarida “O‘n ikki maqom” (“Duvozdahmaqom”), “Ovoza” va “Sho‘ba”lar masalasini birinchi bo‘lib tizimlashtirib berdi. Binobarin, Sharq nota yozuv namunalarini ixtiro etdi va ularda maqom va boshqa tarzda yaratilgan kuylarni yozib qoldirdi.
Urmaviyning “Sharafiyya”si musiqa nazariyasi va qisman maqom (lad)lar masalasini yoritib bergan bo‘lsa, “Kitabul-advar” asari maqom va ritm doiralari ustida bahs etadi.
O‘rta Osiyo xalqlarida ham XVIII asrlargacha yashab kelgan maqomlar tizimi, taxminan, shu davrlarda o‘zining aniq ifodasini topgan edi (bu erda gap maqomlarning lad asosi haqida boradi).
Safiuddin Urmaviyning musiqa asarlari bilan tanishib chiqilganida uning nazariy mulohazalari musiqa amaliyoti bilan chambarchas bog‘liq ekanini ajratib olish qiyin emas.
Muallif o‘z asarlarini ko‘pincha eron ozarbayjoni va arab musiqasini ko‘zda tutib yozgan bo‘lsa-da, ular O‘rta Osiyo xalqlari musiqasiga ham taalluqlidir. Chunki uning asarlarida o‘tmishdoshlari – Forobiy va Ibn Sino kabi olimlarning musiqaviy nazariy qarashlari aks etadi.
Mahmud Sheroziy. Mahmud bin Mas’ud Sheroziy yashagan davr tarixiy voqealar bilan to‘la bo‘lgan edi. Bu vaqtda O‘rta Osiyo xalqlari Chingizxon galalarining hukmronligi ostida qoldilar. Bosqinchilar shaharlarni vayron qilib, mehnatkash aholini qirdilar. O‘rta Osiyo xalqlari xo‘jalikda va madaniyat sohalarida tanazzulga yuz tutdi, mahalliy fan, adabiyot va san’at taraqqiyoti qattiq zarbaga duch keldi. XIII-XIV asrlarda fan, adabiyot va san’at iste’lochilar bosib olmagan erlardagina rivojlanishda davom etadi. Mahmud Sheroziyning musiqiy asari ham xuddi shu davrning mahsuli edi.
Mahmud bin Mas’ud Qutbiddin Sheroziy zamonasining “allomasi” [9] edi. U 1236 yilda hozirgi eronning Sheroz shahrida tug‘ilib, 1310 yilda Tabrizda vafot etgan. Sheroziy zamonasining ma’lumotli va ilg‘or kishilaridan bo‘lgan. Uning otasi tabib va ma’lumotli kishi bo‘lib, o‘z o‘g‘liga ma’lumot berishga tirishadi. U dastlabki ma’lumotni o‘z otasida, keyin amakisida oladi, so‘ngra mashhur olim Nasruddin Tusiy (vafoti 1274 yil)ga shogird tushadi. Uzoq yillar davomida Rum, Suriya va boshqa mamlakatlarga sayohat qilib, Tabrizga qaytib keladi. Bu erda mudarrislik qiladi va o‘z o‘tmishdoshlariniing astronomiya, tibbiyot, falsafa va shunga o‘xshash asarlariga sharhlar yozadi [10; 21]. Ular orasida ayniqsa Ibn Sinoning “Qonunu fit-tibb” asariga yozgan sharhi alohida diqqatga sazovoor bo‘lgan.
Mahmud Sheroziy o‘zining uzoq yillar davomida olib borgan ilmiy izlanishlari natijasida “Durratut-toj...” (“Toj durlari...”) qomusiy asarini yozdi. Bu asar fors tilida yozilgan dastlabki ishlardan bo‘lib, shu sababli tili ham juda murakkabdir.
O‘rta Osiyo xalqlarining musiqa madaniyati tarixida XIV-XV asrlar barakali samaralar berdi. Bu davrda O‘rta Osiyoda feodal munosabatlar gullab yashnadi, xunarmandchilik ishlab chiqarishi va savdo-sotiq yanada rivojlandi, madaniyatning turli sohalarida ham sezilarli darajada siljish ro‘y berdi. O‘rta Osiyo va Xurosonda o‘rta asr fani, adabiyoti va san’ati yana jonlana boshladi.
XIV asrlarda O‘rta Osiyoda markazlashgan Temuriylar davlati barpo etildi. Bu davrda adabiyot va san’atning ravnaqi uchun sharoitlar yaratilgan edi. Amir Temur (1336-1405) hukmdorlik qilgan zamon musiqasi to‘g‘risida ham ba’zi ma’lumotlar bizgacha etib kelgan. Sohibqiron Temur saroyida ko‘p olimlar, shoirlar, musiqachilar xizmat qilgan edilar. Tarixchi olimlarning Temurning yurishlarini aks ettirgan kitoblarida yo‘l-yo‘lakay o‘sha zamonning musiqa hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan qimmatli ma’lumotlar keltiriladi.
Bu o‘rinda ozarbayjon xalqining ulug‘ musiqachisi Xo‘ja Abdulqodir Marog‘iy haqida aytib o‘tishgina kifoyadir. Xo‘ja Abdulqodir haqida turli ma’lumotlar saqlanib qolgan. Professor E. Brounning yozishicha [11; 191], u Marog‘ shahridan chiqqan bo‘lib, Bag‘dod hukmdori tomonidan Samarqandga Amir Temur saroyiga tortiq qilib yuborilgan. Xo‘ja Abdulqodir dastlab Temur saroyida, uning vafotidan so‘ng Shohruh qo‘lida sozanda (naychi) bo‘lib ishlagan. Professor A. A. Semyonovning aytishicha, Temur Iroqni bosib olganidan keyin, boshqa mutaxassislar qatori Xo‘ja Abdulqodirni ham Bag‘doddan Samarqandga ko‘chirib kelgan edi [12; 23-25].
Xo‘ja Abdulqodirning Samarqandda uzoq vaqt yashaganligini o‘zi uning faoliyati O‘rta Osiyo xalqlari musiqa madaniyati bilan bog‘liq bo‘lganini ko‘rsatuvchi dalildir. U o‘zining nay chalishdagi yuksak mahorati va musiqaviy-nazariy asarlari bilan bu xalqlar musiqa madaniyati taraqqiyotiga bebaho hissa qo‘shgan ulkan san’atkor edi. Xo‘ja Abdulqodir ikkita katta risola yozgan. Ular – “Maqasidul alhan” (“Kuylarning o‘rni”) va “Jami’ul-alhan” (“Kuylar to‘plami”), deb nomlanib, musiqaning nazariy ham amaliy masalalaridan bahs etgan. Fitratning aytishicha, Xo‘ja Abdulqodirning yana “Zubdatul-advar” (“Doiralarning mohiyati”) nomli boshqa asari ham bo‘lgan. Lekin bu asar haqida aniq ma’lumotga ega emasmiz. Uning asarlari so‘nggi davrlarda yashab ijod etgan mualliflarning risolalari yozilishida bosh manbalardan biri bo‘lib xizmat etgan edi. XV asr musiqa olimi Zaynulobidin Husayniy o‘zining musiqa risolasida Xo‘ja Abdulqodirning risolalari haqida gapirib, uning ba’zi nazariy mulohazalarini keltiradi. Bu narsa olimning so‘nggi davrlarda ham mashhur bo‘lganidan darak beradi.
XVII asr olimi Darvish Ali ham o‘z risolasida Xo‘ja Abdulqodir haqida ma’lumotlar keltiradi, uni olim va zo‘r bastakor sifatida ta’riflaydi.
Bu o‘rinda professor V. M. Belyaevning Xo‘ja Abdulqodirning nazariy risolalarini o‘rganishga bag‘ishlangan asari ham diqqatga sazovordir. Ma’lum bo‘lishicha, Xo‘ja Abdulqodirning nazariy risolalarida ham maqomlar va ritmlar masalasi markaziy o‘rinlarni egallaydi. Qisqasi, uning risolalarida O‘rta Osiyo xalqlarining musiqaviy-nazariy fikrlari va musiqa amaliyoti ham o‘z ifodasini topgan edi.
Ma’lumki, Sohibqiron Amir Temurning vafotidan keyin (1405 yil) u barpo etgan markazlashgan davlat bir necha feodal hokimiyatlarga bo‘linib ketadi. Temur avlodlari-Temuriylar uzoq vaqtlar davomida o‘zaro urushlar olib bordilar. Bu davr feodal tarqoqlikning kuchayishi, davlat tuzumining kuchsizlanishi bilan tavsiflanadi. Natijada mamlakat bir necha qismlarga bo‘linib ketdi. Bu vaqtda Samarqand va Hirot asosiy madaniy markazlardan biri edi.
Ulug‘bek Samarqandni idora qilgan davrda (1409-1449) fan va madaniyatning ravnaqiga katta ahamiyat berib, o‘z atrofiga olim, shoir, musiqachi va boshqa san’at ahllarini to‘plagan edi. Bu davrda qimmatli madaniy boyliklar yaratildi, asosan matematika, astronomiya, tarix va boshqa fanlar rivoj topdi.
XIV-XV asrlarda O‘rta Osiyo madaniyati, o‘rta asr adabiyoti va musiqasining eng yuksalgan davri ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy (1441 ‑ 1501) va tojik mumtoz shoiri va atoqli olimi Abdurahmon Jomiy (1414 ‑ 1492) yashagan davr edi. Bu vaqtda temuriylarning ikkinchi yirik madaniyat markazi Hirotda fan, adabiyot va san’at rivojlandi. Sulton Husayn Mirzo (1458 ‑ 1506) hukmronligi vaqtida shoir va musiqachilarning katta qismi saroyga, xususan, ulug‘ Navoiyning atrofiga to‘plangan edilar.
Hirotda she’riyat va musiqa ayniqsa gullab-yashnadi. Bu davrda yaratilgan ko‘psonli she’riyat va musiqa haqidagi asarlar, nazariy risolalar, adabiyot va musiqa madaniyatining yuksak bo‘lganligini tasdiqlaydi.
Navoiy va Jomiy zamonasidagi musiqa madaniyati tarixini o‘rganish borasida, musiqa bilan bilvosita bog‘liq bo‘lgan tarixiy, adabiy xarakterdagi asarlar ham asosiy manbalar sifatida juda katta ahamiyatga ega. Bu asarlarda sozanda, xonanda va bastakorlar nomi, o‘sha vaqtlarda iste’molda bo‘lgan sozlar, xon saroylaridagi bazmlar, ommaviy sayil va bayramlarda ijro etilgan ashula va raqslar to‘g‘risida gapiriladi. Sulton Husayn davrida bayramlarda jamiyatning boshqa tabaqalari qatori xunarmandlar ham qatnashib, ko‘chalarda va jamoa to‘planadigan erlarda ashula hamda o‘yinlar uyushtirardilar.
XV asr adabiyoti va musiqasining yodgorliklari qatorida she’r devoni va bayozlarini ham ko‘rsatib o‘tish lozim. Navoiy va Jomiy, ularning zamondoshlari bunday she’r to‘plamlarini ko‘plab tuzgan edilar. Bu she’r to‘plamlaridan musiqachi-bastakorlar maqomlarning ashula yo‘llariga she’rlar tanlab olishardi. Shuning uchun ham bu to‘plamlar musiqa madaniyati tarixini o‘rganishda muhimki, ular musiqachi va bastakorlar uchun zarur qo‘llanma bo‘lib xizmat etgan, binobarin hozirda XV asrlarda ijro etilgan ashulalarning she’r matni mazmuni qanday bo‘lganini aniqlashga imkon beradi.
Navoiy va Jomiy zamonida juda ko‘p musiqa nazariyachilari, mohir sozanda va xonandalar hamda bastakorlar, maqomdonlar etishib chiqdi.

Download 95.68 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling