Mavzu: an’anaviy ijrochilik rivojlanishi: ijtimoiy-pedagogik tahlil kirish


Download 95.68 Kb.
bet10/10
Sana31.03.2023
Hajmi95.68 Kb.
#1311090
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
AN’ANAVIY IJROCHILIK RIVOJLANISHI

Ovozalar haqida. Ular oltita bo‘lib, Navro‘z, Salmak, Gardoniyya, Gavasht, Moya va Shahnoz kabi nomlangan [22; 100].
Maqomlarning sho‘balari haqida. Sho‘ba deyilganda maqomlarning shoxobchalari tushuniladi. Sho‘balar masalasida ham XV-XVII asr musiqa risolalariga murojaat etishga to‘g‘ri keladi. Chunki bu risolalarda yoritilgan sho‘balar masalasi bizning kungacha etib kelgan musiqa asarlariga ham aloqadordir va Shashmaqom tarkibidagi sho‘balar funksiyasini anglashga ham yordam berishi mumkin.
Sho‘balar XV-XVII asr risolalarida yigirma to‘rttadir. Ular Dugoh, Segoh, Chorgoh, Panjgoh, Ashiran, Navro‘zi Arab, Mohur, Navro‘zi Xoro, Navro‘zi Bayotiy, Hisor, Nuhuft, Uzzol, Avj, Nayriz, Mubarqa’, Rakb, Sabo, Humoyun, Zovuliy, Isfahonak yoki Ro‘yi Iroq, Bastayi Nigor, Nihovand, Javziy, Muxayyar nomlari bilan mashhur bo‘lgan.
Maqom aniq parda, aniq musiqiy tovushni anglatibgina qolmay balki muayyan musiqiy tovushlar tizimini ham anglatadi. Musiqa tilida muayyan tovushlarning munosabat tizimi esa “lad” deb ataladi. Ladlar sharq musiqasida “jam’” deb yuritilgan. O‘n ikki maqom tizimidagi maqomlarning ba’zilari jam’ lar nuqtai nazaridan bir-biriga o‘xshash bo‘lganligi sababli ikki nomdagi ayrim maqomlar bir nom ostida yahlitlangan. Bu hodisa tahminan XVIII asrning birinchi yarmida yuz berdi. Buning natijasida o‘zaro bir-biriga birikkan o‘n ikkita maqomdan olti maqom ya’ni “Shashmaqom” shakllandi.

2.2. Shashmaqom – an’anaviy ijrochilik san’atining asosi


O‘rta Osiyo xalqlarining XVI-XIX asrlarga doir madaniyat tarixi manbalarda yaxshi yoritilmagan. Madaniyat tarixiga oid manbalardan ma’lum bo‘lishicha, fan va san’at bu davrlarda tushkin bir xolda bo‘lsa-da, ijtimoiy qarama-qarshiliklar, o‘zaro feodal urushlar hukm surgan sharoitda yashagan. Yuqorida aytilganidek, XVI asrdan boshlab o‘rta asr Sharq fani va madaniyatida islomning ta’siri kuchaya boradi. Shu davrlar ichida yaratilgan fan va san’atga oid risolalarda mistika ta’siri shuning uchun ham kuchlidir.
Musiqaning nazariy ham amaliy masalalarini sharhlab beruvchi XVI-XIX asrlarda yaratilgan risolalar yuqoridagi fikrning dalili bo‘la oladi. Bu risolalarda bir tomondan diniy rivoyatlar va afsonalar vositasi bilan musiqaning yashashga qobil mashg‘ulot ekanligi isbotlanib, uning fazilatlari maqtab yozilsa, ikkinchidan, musiqaning nazariy va amaliy masalalari noaniq shaklda ta’riflangan va ko‘pgina qarama-qarshi mulohazalar aytilgan. Shuning uchun musiqa risolalaridagi faktlarga chuqur tanqidiy ko‘z bilan qarash lozim. Chunki ularda sharh etilgan asosiy masala – O‘n ikki maqom va ritm masalasi ham aniq qilib yoritilmagan va chalkashtirib yuborilgan. O‘tmishda Shashmaqomning nazariy masalalarga bog‘liq birorta ham manbalar yo‘qligi achinarli bir holdir. Shuning uchun Shashmaqomning qaysi davrda shakllanganligi haqida aniq bir gap aytish qiyin.
Maqomlar ham jamiyatning boshqa hodisalari kabi davrning ijtimoiy, badiiy-yestetik talaablariga va ehtiyojlariga bog‘liq bo‘lgani holda yashab keldi va o‘z taraqqiyoti jarayonida katta o‘zgarishlarga uchradi. O‘n ikki maqom Shashmaqom shakllanguniga qadar yashab keldi, deb aytishga ba’zi faktik materiallar imkon beradi. Uning musiqa materiali – kuy va ashula yo‘llari Shashmaqom turkumlarining asosini tashkil etgan, deb o‘ylash mumkin.
O‘n ikki maqom va Shashmaqom yo‘llari nomlanishidagi umumiylik va bastakorlik san’ati masalalari buning dalili bo‘la oladi. Chunki Shashmaqom kabi katta shakldagi janrni asrlar davomida yaratilgan xalq musiqa boyliklari asosida, maqomlarni yuzaga keltirishda boy nazariy ham amaliy tajribaga ega bo‘lgan etuk kasbiy (professional) musiqachilar bo‘lgan taqdirdagina yaratish mumkin. Har qanday professional kollektiv maqom turkumlariga o‘xshash dastlabki melodik material bo‘lmagan taqdirda, qadimdan davom etib kelayotgan an’ana va boy tajribaga suyanmagani holda, Shashmaqom turkumini yaratish kabi katta ishni uddalay olmaydi. Shuning uchun ham Shashmaqom – uning o‘zidan oldin yaratilgan maqom turkumlarining melodik materiali poydevoridagina yuzaga kelgan, deb aytish mumkin.
O‘zbek-tojik xalqlari musiqasining mumtoz namunasi bo‘lgan Shashmaqom, taxminan, XVIII asrning birinchi yarimlarida mustaqil musiqa janri sifatida uzil-kesil yuzaga keldi. Bunday taxmin etilishiga sabab shuki, O‘rta Osiyoda XVIII asrgacha yozilgan musiqa risolalarida O‘n ikki maqom ustidagina gap boradi. XIX asrgacha yozilgan musiqa manbalarida Shashmaqom haqida biror og‘iz eslatib ham o‘tilmagan. Shuning uchun O‘n ikki maqom turkumi XVIII asrgacha yashab kelgan, degan ishonch hosil bo‘ladi.
Musiqashunosligimizda shu vaqtgacha Shashmaqom turkumlari XVI asrlarda shakllangan, degan fikr mavjud edi. Bunda mutaxassislar O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan 1466 raqamli qo‘lyozmaga suyanib, shunday xatolikka yo‘l qo‘ygan edilar. Atoqli sharqshunos olim, professor A. A. Semyonov bu asar qo‘lyozmasini XVI asr musiqa olimi Mavlono Kavkabiy tuzganligini va uni “Kulliyoti Kavkabiy” (“Kavkabiyning asarlar to‘plami”) ekanini ko‘rsatib o‘tgan edi. Keyingi tekshirishlar shuni ko‘rsatdiki, aslida qo‘lyozmadagi bu asarda dastlab O‘n ikki maqom va Kavkabiy haqida ba’zi ma’lumotlar keltiriladi. Keyin esa XVI asrda emas, balki Buxoro amiri Nasrullaxon hukmron bo‘lgan davrda tuzilgan Shashmaqomga aytilgan she’r matnlarini o‘z ichiga olgan to‘plam beriladi.
XIX asrning birinchi yarmidan boshlab, O‘rta Osiyoda Shashmaqom ashula bo‘limida aytilgan she’r matnlarini o‘z ichiga olgan to‘plamlar yuzaga kela boshladi. Bulardan bittasi yuqorida zikr etilgan asar bo‘lib, Buxoro amiri mang‘it Nasrullaxonga (1826-1860) bag‘ishlangan.
Bundan tashqari, mazkur to‘plamda Shashmaqomga aytiladigan she’r matnlari orasida XVII-XVIII asrlarda ijod etgan o‘zbek-tojik klassik shoirlari – Bedil, Mashrab, Sayido, Zebuniso, Nozim kabilarning g‘azallari ham foydalanilganligi yuqoridagi to‘plam XVI asrga aloqasi yo‘qligini isbotlaydi.
Demak, XIX asrda Shashmaqom o‘zbek va tojik xalqlari orasida tarqalgan, XVIII asrda esa uzil-kesil shakllangan edi, degan xulosaga kelish mumkin. Shashmaqomning tarkibiy tuzilishi quyidagi chizmada aks etgan.

Maqomlar to‘la va yaxlit ijro etiladigan bo‘lsa, dastlab ularning cholg‘u yo‘llari birin-ketin ijro etilib, so‘ngra ashula bo‘limi sho‘balariga o‘tiladi. Yuqorida keltirilgan jadvallardan ma’lumki, maqomlarning cholg‘u bo‘limida bir xil nom bilan ataluvchi kuy yo‘llari – Tasnif, Tarje’, Gardun, Muxammas, Saqillardan tashqari, har bir maqomning o‘ziga mansub bo‘lgan qismlari ham uchraydi.
Cholg‘u bo‘limlaridagi kuy yo‘llarining har biri mustaqil cholg‘u qismlar hisoblanadi va o‘zlari mansub bo‘lgan maqomlar nomi bilan qo‘shib aytiladi. Masalan, Tasnifi Buzruk, Tarjei Buzruk, Saqili Navo, Samoyi Dugoh, Muxammasi Iroq, Garduni Segoh va hokazo. Shashmaqomning bu cholg‘u yo‘llari kuy tuzilishi jihatidan juda murakkab va puxta yaratilganligi bilan ajralib turadi. Har bir maqomning kuy va ashula yo‘llari faqatgina o‘sha maqomlar lad asosi, badiiy estetik ta’siri bilangina cheklanmaydi, balki turli qismlarda ular o‘z xususiyati bilan o‘zgarib boyib boradi.
Har bir maqomdagi cholg‘u yo‘llari kishida xushchaqchaqlik, g‘amginlik yoki jasoratbaxsh kayfiyatlar qo‘zg‘ata oladi. O‘n ikki maqom haqida musiqa risolalarida aytilgan fikrlar Shashmaqom yo‘llariga ham mos keladi. Shashmaqom – O‘n ikki maqom tizimidagi sho‘balar birikmasi ekan, olti maqom yo‘llarining ruhiy ta’sir kuchi turli-tuman bo‘lishi tabiiydir. Chunki har bir maqomda kuy mavzui, lad qiyofasi, doyra usuli turlicha bo‘lgan kuy va ashulalar mujassamlangan. Masalan, O‘n ikki maqomdagi Ushshoq maqomi Shashmaqomdagi Rost maqomining sho‘basi sifatida foydalanilganligi ehtimoldan holi emas. Ushshoq – shijoatbaxsh, Rost esa yoqimli va xushchaqchaq kayfiyat baxsh etuvchi maqomlardir. Shunday ekan, ikki xil kayfiyat baxsh etuvchi maqomlar Shashmaqomning tarkib topishida ko‘plab uchraganki, buni O‘n ikki maqom tizimi bilan taqqoslab ko‘rilsa ham ma’lum bo‘ladi. Maqomlarning badiiy-yestetik tomonlarini o‘rganish ham maxsus mavzu bo‘lib, chuqur ilmiy tekshirishlarni talab etadi.
Yuqorida aytib o‘tilgan maqomlarda bir xil ism bilan atalgan kuy yo‘llarining lad asosi va kuy mavzulari boshqa-boshqa bo‘lsa-da, doyra usuli bir xil bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Demak, ularning Tasnif, Tarje’, Gardun, Muxammas kabi nomlar bilan atalishiga sabab, dastlab ulardagi bo‘lgan usul birligidir. Shashmaqom cholg‘u yo‘llarining hammasi uchun yana bir xos narsa shuki, ular asosan “xona” va “bozgo‘y” deb atalgan kuy bo‘laklaridan tuzilgan. Ular bir yoki bir necha kuy jumlasidan tashkil topishi mumkin.
Xona – uy, xona ma’nosida, ya’ni “kuyni tashkil etgan tovushlar va uning boshqa unsurlari joylashtirilgan xona” ma’nosini bildiradi.
Shashmaqomning cholg‘u yo‘llarida xona kuylarning o‘zgaruvchan bo‘lagi bo‘lib, uning jumlalari vositasi bilan kuy o‘z harakati doirasida yuqoriga, avjga tomon rivojlana boradi va asta-sekin o‘zining boshlang‘ich nuqtasiga qaytadi hamda kuyning mazmunini boyitishda va tugal fikr ifoda etishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Bu o‘rinda she’riyatdagi “bayt” so‘zini ham eslatib o‘tishga to‘g‘ri keladi. G‘azal shaklida ikki misra she’r bir bayt deb sanaladi. “Baytush-she’r” deyilganda esa “she’rning “uyi, xonasi”, ya’ning uning tushirilgan shakli tushuniladi. Forscha xona esa arabcha” “bayt”ning ekvivalenti bo‘lib, kuy bo‘laklarini ifodalaydi.
Xona iborasi o‘tmishda umuman kuy va ashula bo‘laklarini ifodalovchi musiqa iborasi sifatida qo‘llanilar edi. Chunki o‘zbek-tojik xalqlarining bizgacha etib kelgan ashula yo‘llarida ham “xona” va “bozgo‘y”lardan tuzilgan ashula yo‘llarining yuzlab namunalari uchraydi. Shunday qilib, xonalar umuman kuylar va ashulalarning qismlari, deb qaralishi mumkin. Yuqorida risolalar asosida musiqa asarlarining shakli haqida gapirilganda sarxona (bosh, asosiy xona), miyonxona (o‘rta xona) va bozgo‘y iboralari uchratilgan edi. Bu iboralar kuy va ashulalarni tashkil etgan bo‘laklari – xona va bozgo‘yning o‘zi ekani shubhasizdir. Hozirgi kunda ham maqomchi ustozlar sarxat, miyonxat (bosh jumla, o‘rta jumla) kabi iboralarni musiqa istilohida qo‘llaydilar.
Shashmaqomning Dugoh maqomida esa “Muhammasi chor Sarxona” (to‘rt sarxonali muhammas)da bunday nom bizgacha saqlanib kelgan. Demak, bu iboralar, bizning kungacha musiqa istilohida saqlanib keldi va turli shakllar va ma’nolarda hozirda ham ishlatiladi.
Bozgo‘y (kuyning qaytarma bo‘lagi) esa, kuyning takrorlanadigan qismi (refren) bo‘lib, xonaning har bir aylanishidan so‘ng qaytariladi. Ko‘pincha, kuyda qancha xona bo‘lsa, shuncha bozgo‘y bo‘ladi. Ba’zan bozgo‘ylar har bir xonadan keyingina emas, balki ularning bir nechasidan so‘ng yoki birinchi xonadan oldin ham kelishi mumkin (masalan, Tasnifi Navo, Tasnifi Dugoh va boshqalar). Bu haqda o‘z o‘rnida aytib o‘tamiz. Shunday qilib, xona va bozgo‘ylar maqom cholg‘u yo‘llarini tashkil etadigan kuy bo‘laklaridir. Masalan, mashhur kuy yo‘llaridan Tasnifi Dugohni olaylik. Tasnifi Dugoh bozgo‘ydan boshlanadi va buni sozandalar turlicha ijro etib kelganlar.
Shashmaqom tizimiga kirgan har bir maqomning cholg‘u bo‘limi ijro etilganidan keyin uning ashula bo‘limiga o‘tiladi. Maqomlarning ashula bo‘limida, yuqorida aytilganidek, bir nechadan sho‘balar mavjud. Bu sho‘balarni ikki qismga (guruh)ga ajratib qarab chiqamiz. Maqomlar ashula bo‘limidagi birinchi qismga kirgan sho‘balar guruhi – Saraxbor, Talqin, Nasrlar va ularning Ufarlaridir. Saraxbor, Nasr va Talqinlar o‘zidan keyin ijro etiladigan taronalarga ega. Ashula bo‘limining ikkinchi qismiga kirgan sho‘balar guruhiga – Savt‑Mo‘g‘ulchalar va turli maqomlarning o‘ziga xos bo‘lgan ba’zi ashula yo‘llari kiradi. Ikkinchi qismga kirgan sho‘balarning Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar deb ataladigan shoxobchalari bo‘lib, Savt va Mo‘g‘ulcha kabilar o‘zining shu shoxobchalari bilan birin-ketin yaxlit ijro etiladi.
Birinchi va ikkinchi qismni tashkil etgan sho‘balar, dastlab, o‘zining tarkibiga kirgan shoxobchalari (tarona yoki talqincha, qashqarcha va boshqalari) bilan farqlanadi. Ularning yana bir xususiyati shuki, birinchi qismga kirgan sho‘balar guruhi birin-ketin yaxlit ijro etilib kelingan bo‘lsa, ikkinchi qismga kirgan Savt, Mo‘g‘ulchalar o‘z shoxobchalari bilan birga alohida-alohida aytilib kelingan, ya’ni Savtning ketidan Mo‘g‘ulchalar ijro etilmaydi.
Birinchi qismni tashkil etgan Saraxbor, Nasr, Talqin kabi sho‘balar va bu qismning Ufarlari Shashmaqom ashula bo‘limining asosiy ashula yo‘llaridan hisoblanadi. Savt, Mo‘g‘ulcha kabi sho‘balar esa Shashmaqom shakllangandan keyin yaratilgan. Amir Nasrulloxon davri (XIX asr o‘rtalari)da ko‘chirilgan va Shashmaqomga aytilgan she’rlarni o‘z ichiga olgan to‘plamda Savt nomi uchrasa ham Mo‘g‘ulcha nomi keltirilmagan. Shu bilan birga, Savtning shoxobchalari (Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma kabilar) nomi va ularga aytilgan she’r matnlari ham berilmaydi. Bundan o‘sha davrlarda Mo‘g‘ulcha va ikkinchi qismga kirgan boshqa nomlar bilan ataluvchi sho‘balarning shoxobchalari bo‘lmagan edi, degan fikrga kelish mumkin.
Shashmaqom ashula bo‘limidagi sho‘balarning yuzaga kelishida XV asrda kuchaygan va hozirgi kungacha ham davom etib kelayotgan bastakorlik san’ati an’analari hal etuvchi rol o‘ynagani haqida aytib o‘tilgan edi. Maqomlar ashula bo‘limining tarkibiy qismini tashkil etgan va bastakorlik an’anasining taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan namudlar masalasiga bu o‘rinda alohida to‘xtab o‘tish lozim. Hozirgi kungacha umuman o‘rganilmagan bu masala ustida mufassalroq tushunchaga ega bo‘lmay turib, maqomlar sho‘balarning tuzilishini tasavvur etish mumkin emas. Namudlar XV-XVII asr musiqa risolalarida sharh etilgan kuy shakllari va o‘sha davrdagi bastakorlik an’anasining bizgacha etib kelgan birdan-bir jonli namunasidir. Qadimiy musiqa risolalarida keltirilgan xona (sarxona, miyonxona), bozgo‘y, savt, amal tushunchalarining bizning kunda aniq tasavvur etish mumkin bo‘lgan ma’lum variantlaridan biri ‑ namudlar masalasidir. Shuning uchun ham maqomlarning ashula bo‘limini tashkil etgan asosiy sho‘balari bilan tanishib chiqishdan avval, namudlar masalasiga to‘xtab o‘tish lozimdir.
Shashmaqom cholg‘u, ashula bo‘limidagi kuy va ashula yo‘llarining eshituvchilarga to‘g‘ri etib borishi, ularga zavq va lazzat bag‘ishlay olishi ularni boshqa musiqa asarlari kabi yaxshi ijro etilishiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.
Shashmaqom va boshqa yirik shakldagi xalq musiqa asarlarini ijro etishda cholg‘uchi va hofizmaxsus malaka hosil qilganbo‘lishi, maqomlarni ijro etish mahoratini yuksak darajada egallagan bo‘lishi lozim. Sifatsiz ijro etish maqom yo‘llari haqida noto‘g‘ri tasavvur qoldirishi mumkin.
Maqom ijrochiligida bir hofizning aytish uslubi va uning aytgan ashula yo‘li ikkinchisiga hech bir o‘xshamaydi. Ma’lum maqom yo‘lini turli hofizlar hatto variantlar darajasida ijro etishi mumkin. Chunki ularning har biri ashula yo‘lini puxta va chiroyli ijro etishi uchun o‘z ovozining imkoniyatlari doirasida unga ma’lum o‘zgarishlar kiritadi. Bunda hofiz ovozining kuchi va baland-pastligiga qarab, ashulada mavjud bo‘lgan kuy bo‘laklarini qisqartirib yoki ularga namudlar kabi qismlar kiritishi mumkin. Masalan, buxorolik hofizlar Qo‘qon Ushshog‘iga Segoh, Ushshoq, Uzzol va Muxayyari Chorgoh namudlarini qo‘shib aytgan bo‘lsalar, Farg‘ona vodiysida esa faqat Namudi Segoh bilan cheklanganlar. Tojikistonda unga hatto Zebo pari avjini ham qo‘shib ijro etganlar. Navro‘zi Sabo aslida Segoh, Navo va Oraz namudlari bilan ijro etilgan. Marhum Domulla Halim Navro‘zi Saboga Namudi Segohni to‘liq shaklda kiritib aytgan.
Lekin buxorolik hofizlarning maqomlarni ijro etish uslubida o‘ziga xos yuksak mahorat, qochirimlar borligini alohida qayd etib o‘tish lozim. Bunday ijrochilik uslubini juda qadim zamonlardan O‘rta Osiyoning markaz shahri Buxoroda shakllangan ijrochilik an’anasining mahsuloti, deb qarash lozim. Shuning uchun ham maqomlar ijrochiligida «sheva» masalasi ham hisobga olinishi kerak. Til sohasida bo‘lganidek, o‘zbek-tojik musiqasi ijrochiligida ham «sheva» nuqtai nazaridan turli viloyat va shaharlar o‘rtasida ba’zi farqlar mavjuddir. Masalan, Buxoro aytish uslubida kuylanib kelingan ma’lum bir kuy yoki ashula Toshkent, Farg‘ona shevalarida ijro etilsa, boshqacharoq tusga kiradi yoki aksincha, Toshkent, Farg‘ona shevasida aytilib kelingan musiqa asarlari Buxoro, Samarqand ashulachi-sozandalari ijrosida boshqacharoq chiqadi. Shuning uchun ham kuylarning shinavandalarga uzoq-yaqinligi masalasida ijrochilikda ba’zi o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan sheva nuqtai nazaridan ham qaralishi to‘g‘riroq bo‘ladi.
O‘zbekiston va Tojikistonning turli shahar, viloyat va vodiylaridagi hofizlar ijro etish uslubida ham ba’zi farqlar mavjud. Masalan, ma’lum maqom yo‘li Buxoro va Samarqandda bir turli ijro etilsa, Farg‘ona va Toshkentda boshqacha, Xo‘jand (Leninobod) va Tojikistonning boshqa viloyatlarida bir xil, Xorazmda esa yana bo‘lakcha uslubda ijro etiladi. Bunday tartibda shevaga ajratib muhokama yuritish juda ham to‘g‘ri bo‘lmasa-da, maqom kuy va ashula yo‘llarini ijro etish uslubida ular orasida ba’zi farqlar bor.
Maqom ijrochiligi uslublari alohida mavzu bo‘lib, bu haqda mutaxassislar maxsus ishlar olib borganlar. Aytish uslubi masalasi yuqorida aytilganidek, maqom ijrosidagi sheva maslasiga ham bog‘liq. Lekin maqom ijrochiligida sheva masalasi, hali musiqashunosligimizda o‘rganilmagan. Buxoro va Samarqandda muayyan bir maqom yo‘li ma’lum bir shevada ijro etilsa, boshqa shevada aytib yoki eshitib o‘rgangan kishiga dastlab unchalik manzur bo‘lmasligi ham mumkin. Masalan, mashhur hofiz marhum Domulla Halim Ibodov 1937 yilda Toshkentga kelganidan keyin shunday hodisa ro‘y bergan edi. Dastlab, shinavandalar uning maqom ijrochiligidagi yuksak mahorat, kishini hayratda qoldirarli darajadagi aytish uslubini unchalik qabul qilmadilar. Keyinchalik esa Toshkent va Farg‘ona vodiysida eshituvchilar orasida talantli hofizning minglab shinavandalari va muxlislari paydo bo‘ldi va o‘zining keng diapozonli yoqimli ovozi bilan eshituvchilar ommasiga maqom yo‘llarini manzur qildi.
Bunday hol shuni tasdiqlaydiki, ijrochilikning qanday uslubda bo‘lishidan qat’i nazar, shinavandalarning ham maqom yo‘llari yoki boshqa yirik shakldagi musiqa asarlarini eshitishda ma’lum musiqaviy-yestetik tayyorgarligi bo‘lishi, malaka hosil etishi lozim. Shu tufayli o‘zbek-tojik xalqlari musiqashunosligining eng yaqin vazifalaridan biri ijro uslublaridagi sheva masalasini chuqurroq o‘rganishdan iborat bo‘lmog‘i kerak. Chunki sheva masalasini ochiq va ob’ektiv hal etish musiqa merosi qatori maqomlarni ham turli-tuman chalkashliklardan holi qiladi va ayrim kishilar tomonidan yuritiladigan noto‘g‘ri mulohazalarni to‘g‘ri hal etishda muhim o‘rin tutadi.

2 bob bo‘yicha xulosa


Shashmaqom o‘zbek-tojik xalqlari muzika boyliklari asosida yaratilgan va xalq muzika ijodiyotining so‘nggi davrlardagi taraqqiyotiga kuchli ta’sir ko‘rsatib, omma orasiga keng ildiz otdi. Maqomlar ta’sirida katta-kichik shakldagi asarlar yuzaga keldi.
O‘zbek-tojik xalq musiqasi boyliklariga sinchiklab nazar solinsa, o‘zining kuy ohangidagi ifoda vositalari, lad va ritmik asosi, umuman kuy asosi nuqtai nazardan maqomlardan holi bo‘lgan musiqa asari sanoqli darajadadir. Maqomlar xalq musiqasi bilan hamkorlikda yashadi, rivojlandi va boyib bordi. Har bir kuy yoki ashula ma’lum lad tovushqatoriga maqom (parda)ga mos kela beradi.
Bu hol xalq musiqa boyliklarini dastlab maqomlarga birlashtirish va turkumli asarlar yaratishga imkon bergan bo‘lsa kerak.
Shashmaqom bilan xalq musiqa ijodiyoti orasidagi munosabat masalasini aniqlash juda murakkab muammodir. Xalq kuylarida va maqomlarda mavjud bo‘lgan o‘xshash unsurlarning qachon yaratilgani haqida, biror fikr aytish qiyin. Ular xalq kuylaridan olinib, maqomlarda foydalanilganmi yoki aksincha bo‘lganmi, bu to‘g‘rida tarixiy yozma manbalarda hech qanday ma’lumot yo‘q. Shuning uchun xalq kuylari va bastakorlarning so‘nggi darvlarda yaratgan asarlari bilan maqomlar munosabati masalasiga umumiy tarzda bo‘lsa ham to‘xtab o‘tamiz.
Dastlab shuni aytish kerakki, maqom cholg‘u qismlarining unsurlari xalq kuylarida ham ko‘plab uchraydi. Ko‘pgina xalq kuylari, ayniqsa, yirik shakldagi cholg‘u yo‘llari maqomlar tartibida yaratilgan.
Maqomlar uslubidagi mashhur xalq kuylaridan Cho‘li Iroq, Nasrulloyi, Ilg‘or, Miskin, Ufari Iroq, Mushkiloti Dugoh uning Mo‘g‘ulchasi va Ufari, Rosti Panjgoh Qashqarchasi, Bek Sulton, eshvoy, Kurd, Cho‘li Kurd, Norim-norim va boshqa cholg‘u yo‘llari shular jumlasidandir. Bu cholg‘u yo‘llari maqomlar tarkibida mavjud bo‘lgan kuy bo‘laklari - xona va bozgo‘ylardan tuzilgan. Bu kuy bo‘laklarining maqomlarga kirmagan xalq kuylarida ham uchrashligi, ularni xalq musiqa ijodi bilan chatishib ketganligining dalilidir.
Bastakor-sozandalarning asrlar davomida maqom mavzularida kuy va ashulalar yaratib kelganliklari va hozirgi kungacha ham ular ta’sirida yoqimli va ajoyib asarlar yaratayotganliklari maqomlarning xalq musiqa ijodiyotiga chuqur singib ketganini ko‘rsatadi.
Download 95.68 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling