Mavzu: Immunitet va immunologik reaktivlik. Epizootik jarayon va uni harakatlantiruvchi kuchlar. Reja: I. Kirish II. Asosiy qism
Download 35.56 Kb.
|
Immunitet va immunologik reaktivlik. Epizootik jarayon va uni harakatlantiruvchi kuchlar.
Kasallik qo‘zg’atuvchisining o‘tish mexanizmi bu evolyusion taraqqiyot davrida biologik moslashgan kasallik qo‘zg’atuvchilardan har bir turining tegishli manbadan shu mikroorganizm yoki virusga moyil sog’lom hayvonlarga o‘tishining ma’lum yo‘llari hisoblanadi. Ushbu mexanizm qo‘zg’atuvchining hayvon organizmidan chiqishi, tashqi muhitda turishi va yangi organizmga kirib, kasallik paydo qilish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Kasallik qo‘zg’atuvchisi boshqa organizmga og’iz orqali, nafas olish, transmissiv va kontakt yo‘llari bilan yuqadi. Kontakt ham 2 xil: kongenital (jinsiy aloqa) va kasal hamda sog’ hayvonlarni bevosita bir-biriga tegishi orqali bo‘ladi. Kasal qo‘zg’atuvchisining organizmdan tashqi muhitga chiqib (gorizontal) yuqishidan tashqari, vertikal (ota-onasidan bolasiga, tuxum, urug’, yo‘ldosh, uviz suti, sut orqali) yuqishi ham mumkin. M.: Aueski, infeksion rinotraxeit, cho‘chqalar o‘lati viruslari yo‘ldosh orqali, infeksion rinotraxeit virusi urug’ orqali ham yuqadi.
Shunday qilib, infeksion kasallik qo‘zg’atuvchilarining o‘tish yo‘llari asosiy zvenolardan biri bo‘lib, u 3 bosqichdan iborat: 1) qo‘g’atuvchining tashqi muhitga chiqishi; 2) tashqi muhitda saqlanishi; 3) yangi moyil organizmga kirishi. Har bir kasallik qo‘zg’atuvchining o‘ziga xos maxsus boshqa organizmga o‘tish mexanizmi mavjud. Kasallik qo‘g’atuvchisining joylashgan joyi va boshqa organizmga o‘tish mexanizmini bilish unga qarshi kurashish tadbirlarini o‘tkazishda muhim ahamiyatga ega. Qo‘zg’atuvchini organizmdan chiqishi har xil. M: quturish, oqsilda - so‘lak bilan, silda balg’am, paratuberkulyozda fekaliya bilan, cho‘chqalar o‘latida siydik bilan ajraladi. Ular quyidagi mexanizmlar orqali: yaylovda boqilganda va mollar jinsiy aloqa qilganda kontakt yo‘li bilan; sut, xashak, ozuqa, suv va hayvon mahsulotlari alimentar yo‘l; kemiruvchi, hasharotlar transmissiv yo‘l; poyafzal, kurak, odam, qush, nomoyil hayvonlar, transport vositalari, chang, shamol orqali (kontakt, alimentar, respirator) yo‘llar bilan yangi organizmga o‘tadi. Patogenlarning organizmda parazitlik qilishi bo‘yicha monotrop – faqat bir to‘qima yoki a’zolarda m: quturish virusi nerv hujayralarida, paratuberkulyoz qo‘zg’atuvchisi – ichaklarda, qorason qo‘zg’atuvchisi - glikogenga boy muskullarda yoki politrop-pantrop – bir qancha to‘qima, a’zolar, qon va limfada parazitlik qiluvchi, masalan oqsil, o‘lat viruslari, tuberkulyoz mikobakteriyalari va boshqalar. Har bir qo‘zg’atuvchining joylashish joyi, ko‘payishi va organizmdan chiqishi hamda boshqa organizmga o‘tishi alohida va o‘ziga xos. Kasallik qo‘g’atuvchisining boshqa sog’ organizmga o‘tish mexanizmida qo‘zg’atuvchining ajralish va organizmga kirish bosqichlariga e’tibor berish talab etiladi. Qo‘zg’atuvchining organizmdan ajralishi fiziologik (nafas chiqarish, so‘lak, siydik, fekaliy orqali) yoki patologik jarayon davomida (yo‘tal, burun va ko‘zdan oqqan suyuqlik, ich ketish, qusish, abort va qon so‘ruvchi hasharotlarning qon so‘rishi) amalga oshadi. Mikroorganizm va viruslar juda ko‘p bo‘lgani bilan ular organizmning 4 ta anatomik-fiziologik tizimida joylashadi: ovqat hazm qilish, nafas olish, qon aylanish va organizmni tashqaridan qoplab turgan qoplamasi teri va shilliq pardalarda. Shuning uchun ham qo‘zg’atuvchilar boshqa organizmga 4 ta yo‘l bilan: og’iz, respirator, kontakt va transmissiv yo‘llar orqali o‘tadi. Qo‘zg’atuvchining tashqi muhitda juda uzoq vaqt turishi uning organizmga o‘tish mexanizmida ham muhim o‘rinni egallaydi. Qo‘zg’atuvchi tashqi muhitda faqatgina turmasdan, qo‘zg’atuvchi bilan zararlangan tirik (hasharot, kemiruvchi, hayvon, parranda) va tabiatdagi barcha o‘lik predmetlar va ob’ektlar (tuproq, havo, ozuqa, suv, bino, hayvon murdasi, hayvonlarni parvarish qilish davrida kerak bo‘lgan predmetlar va h-zolar) orqali tarqaladi. Shuning uchun, ayniqsa, tashqi muhitning barcha o‘lik ob’ekt va predmetlari qo‘zg’atuvchining o‘tish omillari bo‘lib hisoblanadi. Ular qo‘zg’atuvchini mexanik olib o‘tadi, xolos. Tirik mavjudotlarning ayrimlarida (hasharotlar, kemiruvchilar, yovvoyi hayvonlar) qo‘zg’atuvchi faqatgina turmasdan, balki ularning organizmida yashaydi va ko‘payadi, u holda ular qo‘zg’atuvchilar rezervuari bo‘lib xizmat qiladi. Yuqorida ta’kidlangan mavjudotlar qo‘zg’atuvchilarni bir hayvondan ikkinchisiga mexanik o‘tkazishi ham mumkin, bu holda qo‘zg’atuvchi bilan mavjudot o‘rtasida biologik aloqa bo‘lmaydi, ular rezervuar hisoblanmaydi. Rezervuar bo‘lib ko‘pincha, tabiatdagi qon so‘ruvchi hasharotlar, yirtqich yovvoyi hayvonlar, kemiruvchilar hisoblanadi. Kemiruvchilar – quturishda, kana ensefalitida, kana va kalamushlar rikketsiozlarda, Ku-isitma, brutsellyoz, leptospiroz, listerioz, pasterellyoz, salmonellyoz, tulyaremiya, o‘lat, saramas, Aueski va toksoplazmozda rezervuar bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, kemiruvchilarda iksod, gamaz kanalari, burgalar bo‘ladiki, ularda ko‘pgina infeksion kasallik qo‘zg’atuvchilari (tulyaremiya, tuya o‘lati, listerioz) yashaydi. Shuning uchun ushbu kasalliklarda kemiruvchilardan tashqari qon so‘ruvchi hasharotlar kasallik qo‘zg’atuvchisi rezervuari bo‘lib xizmat qiladi. Qon so‘ruvchi hasharotlar (kana va pashshalar) barcha transmissiv kasalliklarda rezervuar bo‘lib hisoblanadi. M: 200 ga yaqin arboviruslar hasharotlar orqali hayvonlar va odamlarga yuqadi. Ayrim kanalarda arboviruslar faqatgina saqlanmaydi, balki ularda ko‘payadi va o‘zini xo‘jayini sifatida o‘nlab yillar davomida turadi hamda tuxumi orqali bir generatsiyadan ikkinchi generatsiyasiga o‘tadi. Pashshalar ham 150 dan ziyod virusni odamlarga yuqtiradi. Ko‘pgina qo‘zg’atuvchilar tashqi muhitda uzoq turishga moslashmagan, ammo ayrimlari oylab, yillab faol saqlanadi. Bu xususiyat qo‘zg’atuvchining tabiatidan kelib chiqadi. Kasallik qo‘zg’atuvchisining o‘tish mexanizmida bitta yoki bir qancha omillar ishtirok etishi mumkin. Bu omillarning barchasi qo‘zg’atuvchining bir hayvondan sog’ hayvonga o‘tish yo‘llari bo‘lib xizmat qiladi. Epizootologiyada kasallik qo‘zg’atuvchilarning bir hayvondan ikkinchisiga o‘tishining 4 ta: kontakt, havo, alimentar (suv, ozuqa) va transmissiv yo‘llari ilmiy asoslangan. 1. Qo‘zg’atuvchining kontakt orqali o‘tish yo‘li – bevosita yoki bilvosita sog’ va kasal hayvonlar kontakti orqali qo‘zg’atuvchining o‘tishi sodir bo‘ladi. Bu yerda infeksiya darvozasi bo‘lib teri, ko‘z, nafas olish, ovqat hazm qilish va siydik chiqarish tizimlari shilliq pardalari xizmat qiladi. Quturgan hayvon tishlaganda, hayvonni urug’lantirish paytida (kampilobakterioz, infeksion rinotraxeit, brutsellyoz), chechak, oqsil va trixofitiyada bevosita kontakt orqali qo‘zg’atuvchining boshqa hayvonga o‘tishi amalga oshadi. Bu yerda shuni aytish joizki, yuqorida ta’kidlangan kasalliklar faqatgina kontakt yo‘li bilan emas, balki boshqa yo‘llar bilan ham o‘tishini e’tiborga olish zarur. 2. Qo‘zg’atuvchining havo orqali o‘tish yo‘li (respirator) – qo‘zg’atuvchi havo orqali suyuq yoki qattiq zarracha holida sog’ organizmga o‘tadi. Nafas olish a’zolarida kechadigan infeksion kasalliklarda (tuberkulyoz, pasterellyoz va respirator kasalliklar) yo‘talganda, aksa urganda, pishqirganda qo‘zg’atuvchi shilliq moddalar tarkibida 10 m gacha uzoqqa ketishi mumkin. Chang orqali oqsil, Nyukasl, tuberkulyoz, kuydirgi qo‘zg’atuvchilari o‘tadi. 3. Qo‘zg’atuvchining ozuqa va suv orqali o‘tish yo‘li (alimentar yo‘l). So‘yishdagi har xil chiqindilarni berishda - cho‘chqalar o‘lati, kuydirgi, Aueski; sut va yog’siz sut orqali - sil, brutsellyoz, oqsil, salmonellyoz; suv orqali - leptospiroz, esherixioz, salmonellyoz qo‘zg’atuvchilari bir hayvondan ikkinchisiga o‘tadi. Ayniqsa oqmaydigan suv qo‘zg’atuvchining o‘tishida muhim rol o‘ynaydi. Veterinariya nazorati bo‘lmagan joyda xom ashyo – teri, jun, shox, tuyoq, suyak va hayvon mahsulotlari kasallik qo‘zg’atuvchilarini boshqa hayvonga o‘tishida muhim ahamiyat kasb etadi. O‘lgan hayvon murdasi, ayniqsa kasallik qo‘zg’atuvchilari tashqi muhitda juda uzoq turuvchi kasalliklarda (kuydirgi, qorason, bradzot, saramas) kasallikni o‘tkazuvchi omil bo‘lib xizmat qiladi. Ayrim hollarda ozuqaga kemiruvchi o‘ligi tushganda (leptospiroz, Aueski, listerioz, tulyaremiya), tuproq infeksiyasi kasalliklarida (kuydirgi, qorason, qotma, bradzot, enterotoksemiya va h-zo) tuproq orqali qo‘zg’atuvchi tez tarqaladi. Infeksion kasallikka chalingan hayvon go‘ngi kasallikni faqat ferma ichida emas, balki go‘ng chiqarilgan boshqa aholi punktida ham tarqalishiga imkon yaratadi. Shuning uchun fermani o‘z vaqtida go‘ngdan tozalash va uni biotermik zararsizlantirish epizootiyaga qarshi kurashishning asosini tashkil etadi. 4. Qo‘zg’atuvchining transmissiv o‘tish yo‘li. Bunda qo‘zg’atuvchi tirik mavjudotlar orqali – o‘tkazuvchilar (bo‘g’inoyoqlilar, kemiruvchilar) orqali o‘tadi. Bu yo‘l ham 2 xil bo‘ladi. Obligat-transmissiv yo‘l – bunda qo‘zg’atuvchi faqat transmissiv yo‘l bilan o‘tadi, boshqa yo‘l bilan o‘ta olmaydi (otlarning infeksion ensefalomielit va o‘lat viruslari). Fakultativ - transmissiv yo‘l - bunda qo‘zg’atuvchi boshqa yo‘llar bilan ham yuqadi (kuydirgi, infeksion anemiya, cho‘chqa o‘lati va h-zo). Qo‘zg’atuvchining transmissiv o‘tish mexanizmi ham bo‘g’inoyoqli hasharotlar va qo‘zg’atuvchilarning turiga bog’liq holda har xil bo‘ladi. Bu yerda shuni ta’kidlash joizki, ayrim qo‘zg’atuvchilarni qon so‘ruvchi hasharotlar mexanik o‘tkazadi (kuydirgi, oqsil), ikkinchi holatda bo‘g’inoyoq-lilar epizootik jarayonga biologik qatnashadi, ya’ni qo‘zg’atuvchi hasharotlar organizmida yashaydi va ko‘payadi. Qo‘zg’atuvchining tashqi muhitga chiqib boshqa hayvonga o‘tishini gorizontal o‘tish yoki uni organizmdan chiqmasdan boshqa hayvonga o‘tishini (tuxum, yo‘ldosh va sut orqali - leykoz, sarkoma; yo‘ldosh va sut orqali- infeksion rinotraxeit, cho‘chqa o‘lati, Aueski); tuxum orqali barcha parranda kasalliklari qo‘zg’atuvchilari o‘tadi, bunga vertikal o‘tish deyiladi. Qo‘zg’atuvchining o‘tish mexanizmi faqatgina epizootik jarayonni paydo bo‘lishi uchun shart bo‘lgan sharoitgina emas, balki uni bevosita biologik harakatlantiruvchi kuchlari hisoblanadi. Epizootik jarayonning biologik mohiyatini aniqlash davomida uning barcha elementlari ta’sirining o‘zaro bog’liqligini aniq tasavvur qilish zarur. Agar epizootik jarayonning uchala zvenosi mavjud bo‘lsa, u uzluksiz davom etaveradi, chunki kasallik qo‘zg’atuvchi manba, o‘tish mexanizmi va moyil hayvon epizootik jarayonning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib xizmat qiladi. Epizootik jarayonning harakatlantiruvchi kuchlariga murakkab o‘zaro bog’liqlik munosabatlari xarakterli. Qo‘zg’atuvchi bilan zararlangan hayvon tashqi muhitni qo‘zg’atuvchi bilan ifloslantirib, qo‘zg’atuvchining o‘tish mexanizmiga sharoit yaratadi va yangi kasallik qo‘zg’atuvchi manbalarni paydo qiladi. Natijada barcha hayvonlar qo‘zg’atuvchi bilan zararlanadi va ularning bir qismi o‘ladi, qolganlarida populyasion immunitet hosil bo‘ladi va u qo‘zg’atuvchining o‘tish mexanizmiga salbiy ta’sir etish natijasida epizootik jarayonni ma’lum bir hududda to‘xtashiga olib keladi. Shunday qilib, epizootik jarayonni harakatlantiruvchi kuchlari orasidagi o‘zaro ta’sir munosabatlari juda jips bo‘ladi. Shu bilan birga har bir infeksion kasallikda epizootik zanjirdagi har bir zvenoning epizootik jarayondagi ahamiyati bir xil emas, buni epizootiyaga qarshi kurashishda hisobga olish zarur. Tasodifan paydo bo‘lgan epizootiyada epizootik jarayon ma’lum bir qonuniyat asosida ketma-ket keluvchi bir necha: paydo bo‘lish, tarqalish va so‘nish bosqichlaridan tashkil topadi. Epizootiyaning rivojlanishida quyidagi 6 ta: epizootiyalararo, epizootiyadan oldingi, rivojlanish, yuqori darajaga ko‘tarilish, so‘nish va epizootiyadan keyingi bosqichlar mavjud. Download 35.56 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling