11.2.Kredit shartnomasi, uning mazmuni va ahamiyati. Kredit shartnomasi bajarilishi ustidan nazorat va ko‘riladigan choralar.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida tijorat banki va mijoz o‘rtasidagi kredit munosabatlar kredit shartnomasiga asoslanadi. SHu bois bank tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarni kreditlashni tashkil etishning asosiy xususiyatlaridan biri – bu har bir kredit bitimining shartnomaviy xarakterga ega ekanligidadir.
“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 31-moddasida banklar va ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlari shartnomalar asosida amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, amaliyotda banklar va mijozlar o‘rtasidagi har bir kredit munosabati shartnomaviy xarakterga ega.
Bank va qarz oluvchi o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasi kredit bitimining huquqiy-iqtisodiy shartlarini aniqlaydi. Va bu shartlar kredit munosabatlari ishtirokchilarining mavqeidan qat’iy nazar o‘zaro manfaatlarga asoslangan bo‘ladi.
Kredit shartnomasi yuridik hujjat hisoblanib, uning barcha punktlari bajarilishi tomonlar uchun majburiydir. Bu O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksi bilan belgilab qo‘yilgan.
Kredit shartnomasining mohiyati shundan iboratki, unga ko‘ra bank (kreditor) shartnomada ko‘rsatilgan shartlar asosida va unda belgilangan miqdorda qarz oluvchiga pul mablag‘larini kreditga berish, qarz oluvchi esa kreditni va unga hisoblangan foizlarni o‘z vaqtida qaytarib berish majburiyatini oladi.
Kredit shartnomasida tomonlarning nomlanishi, shartnomaning amal qilish muddati, kredit bitimining predmeti va shartlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari, bu majburiyatlarni bajarilishining huquqiy kafolatlari ko‘rsatilgan bo‘ladi.
Kredit shartnomasi odatda yozma shaklda tuziladi va kerakli shaxslar tomonidan imzolanadi. g‘zma shaklda tuzilmagan kredit shartnomasi haqiqiy hisoblanmaydi.
Fuqarolik Kodeksining 744-moddasiga asosan kredit shartnomasiga ko‘ra, bir taraf – bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mabalg‘lari(kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar to‘lash majburiyatini oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |