Мавзу: Ўрта Осиё Эвропа сайёхлари наздида
G‘arb sayyohlarning ilk esdaliklari
Download 86.81 Kb.
|
KURS ISHI YEVROPALIK SAYYOHLAR
1.2. G‘arb sayyohlarning ilk esdaliklari.
Miloddan avvalgi, 329 yilda makedoniyalik Iskandarning Baqtriya va So‘g‘diyona yerlariga harbiy yurishlari boshlangan. Bu yurishlar Markaziy Osiyo tarixida eng yaxshi o‘rganilgan mavzulardan biri bo‘lib hisoblanadi. Iskandarning qo‘shinida askar-jangchilari bilan birga bo‘lajak tarixchilar Ptolemey, Aristovul, Onesikrit, Kallisfen va Xaresslar xizmat qilib, turli xil siyosiy va madaniy voqealarni yozib borganlar. Ularning ma’lumotlari bizgacha yetib kelmagan, lekin dastlabki manbalardan so‘nggi yunon tarixchilari va geograflari foydalanganlar. Diodor (miloddan avvalgi 90−21 yillar) “Tarixiy kutubxona”, Strabon (miloddan avvalgi 64−milodiy 24 yillar) “Geografiya”, Pompey Trog (miloddan avvalgi I−milodiy I asr) “Filipp tarixi” asarlarini, Plutarix (milodiy 46−127 yillar), Klavdiy Ptolemeylar (II asr) o‘z hikoyalarini, Pliniy (I asr) “Tabiiy tarix” nomli kitobini yaratdilar. Ammo Iskandarning yurishlari haqidagi keng va to‘liq ma’lumotlar rimlik Kvint Kursiy Ruf va yunon Arrian asarlarida saqlangan. Arrian (milodiy 90\95−175 yillar) “Iskandar anabasisi” degan asarning muallifidir. Anabasis − bu “davlat ichkarisiga dengizdan uzoqlashgan harbiy yurish” yoki “Iskandar yurishlari” deb tarjima qilinadi. Kursiy Ruf (miloddan avvalgi I asrning oxiri − milodiy I asrning o‘rtalari) “Makedoniyalik Iskandar tarixi” nomli kitobni yaratgan. Ammo Arrianga nisbatan uning hikoyalarida badiiy to‘qimalar ko‘p uchraydi.7 Quyida Arrian va Kursiy Ruf asarlaridan olingan ayrim qiziqarli ma’lumotlarning tarjimasini keltiramiz (ular rus tiliga M. YE. Sergeyenko va V. S. Sokolovlar tomonidan tarjima qilingan): Arrian, III kitob, 27-bob, 9. “Iskandar yaqinlashib kelishi haqida eshitib, bess Oks daryosidan kechib o‘tadi va kemalarini yondirib, Nautaka − so‘g‘diylar yeriga yo‘l oladi”. 10. “Spitamen va Oksiart bilan birga so‘g‘diylar chavandozlari hamda Tanais daylari unga ergashadilar. Baqtriya chavandozlari Bessning qochishidan xabar topib, har tomonlarga qarab o‘z uylariga yo‘l oladilar. Iskandar Drapsakga yetib keladi, qo‘shinlariga dam berib, ularni Baqtriyadagi eng yirik shaharlar − Aorn va Baqra tomonga yurgizadi. Bu shaharlarni hujum qilib zabt etadi va Aorn qal’asida Androkolning o‘g‘li Arxelay boshchiligidagi qo‘riqchi qo‘shin qoldiradi. Himoyasiz taslim bo‘lgan boshqa baqtriylarga hokim bo‘lib fors Artaboz tayinlanadi”. 2. “U o‘zi Oks daryosiga qarab yo‘l oladi. Oks Kavkaz tog‘laridan boshlab oqadi; hind daryolaridan tashqari Iskandar Osiyoda ko‘rgan daryolar ichida bu eng yirik daryodir: umuman eng yirik daryolar Hindistonda joylashgan. Oks Girkaniyadagi katta bir dengizga qo‘shiladi”. III, 30, 6. “Iskandar chavandoz qo‘shinlarini mahalliy otlar bilan ta’minlab So‘g‘diyona poytaxti Maroqandga yo‘l oladi”. 7. “Shu joydan Tanais daryosiga qarab yuradi. Tanais ham Kavkaz tog‘laridan boshlanadi, Aristovul so‘zlariga ko‘ra, varvarlar (mahalliy aholi − A. S.) uni Orksant daryosi deydilar; bu daryo ham Girkan dengiziga qo‘shiladi”. 10. “Shu yerda oziq-ovqatlar g‘amlashga chiqqan makedonlar mahalliy aholi tomonidan qirib tashlanadi, keyin ularning o‘zlari tik va chiqib bo‘lmaydigan qoyaga qochib bekinadilar. Ular 30 mingga yaqin bo‘lgan”. 11. Makedonlar qoyaga chiqish uchun bir necha marta harakat qiladilar; ko‘p askarlar yarador bo‘ladi; Iskandarning soniga o‘q tegib, suyagining bir qismini ushatib qo‘yadi. Shunga qaramasdan tog‘ hujum bilan olinadi. Makedonlar varvarlarning bir qismini joyida qirib tashlaydilar, ularning ko‘plari o‘zlarini qoyalardan tashlab halok bo‘ladilar, shuning uchun ham 30000 dan 8000 kishi tirik qoladi”. IV, 5, 2. “Spitamen o‘z jangchilari bilan Maroqanda qal’asini qo‘riqlayotgan makedonlarga hujum qiladi...” 3. “Iskandar Maroqandaga yordamchi qo‘shin yuborganidan xabar olib, Spitamen qal’a qamalini to‘xtatib, So‘g‘diyonadagi basileya − podsho shahriga otlanadi. Farnux va uning lashkarboshlari Spitamenni davlatdan butunlay chiqarib yuborishga harakat qiladilar va So‘g‘diyona chegaralariga yetib kelib, ko‘chmanchi skiflarga hujum qiladilar”. 4. “Spitamen yana 600 ta skif otliqlarini o‘z qo‘shiniga qo‘shib oladi va skif ittfoqdoshligidan ko‘ngli ko‘tarilib, hujum qilayotgan makedonlarga qarshi jang qilishga qaror qiladi. Skif dashtlarining tekisligida turib u dushmanning hujumini ham kutmadi, dushmanga hujum ham qilmadi; faqat uning chavandozlari piyoda makedonlarning atrofida ot qo‘yib chopib yurdilar va ularga o‘q otdilar”. 5. “Farnuxning askarlaridan ular osonlik bilan qutuldilar, chunki ularning otlari chaqqonroq bo‘lib, o‘sha paytda hali charchamagan edi, Andromax qo‘shinlaridagi otlar esa olis yo‘llarda charchab, yemish kamligidan zaiflashgandi. Skiflar jang maydonida turgan va chekinayotgan makedonlarga g‘ayrat bilan hujum qiladilar”. 6. Ko‘pdan-ko‘p makedonlar yaralanadi va halok bo‘ladi; xullas askarlar to‘rtburchak bir qator saflanib, Politimet daryosi tomonga chekinadilar; bu yerda o‘rmon bo‘lib, o‘rmondagi changalzorlar varvarlarning o‘qlariga to‘siq bo‘ladi va piyoda askarlarning harakatlariga ko‘proq foyda keltiradi”8 “Karan ginnarx (otliq qo‘shinning yo‘lboshchisi - A. S.) Andromaxga xabar qilmasdan otliqlarni bekintirish uchun daryodan kechib o‘ta boshlaydi; piyoda qo‘shin ham otliqlar ortidan buyruqsiz yo‘l oladi; umuman tartibsiz va qo‘rquv holatida bo‘lgan askarlar daryoga jarlik qirg‘oqlaridan tushadilar”. 8. “Makedonlarning xatolarini sezib qolgan otliq varvarlar har ikkala qirg‘oqdan otlari bilan daryoga tashlanadilar... Ular ba’zilari daryodan kechib o‘tganlar va uzoqlashganlarning ortidan quvadilar, boshqa birlari daryoni kechib o‘tayotganlariga ro‘para bo‘lib, ularni ortga, suvga uloqtiradilar yoki o‘q otadilar yoki daryoga kelayotganlar ortidan hujum qiladilar. Og‘ir ahvolga uchragan makedonlar daryo o‘rtasidagi kichik orolga tashlanadilar. Spitamen askarlari ularni o‘rab olib, hammasini qirib tashlaydilar; boshqa bir kichik qismini asirlikka olib, hammasini o‘ldiradilar”. IV. 6.1. “Aristovulning aytishicha, ko‘pdan-ko‘p askarlar changalzorda yashirinib turgan skiflarning pistirmasiga qamalib halok bo‘lgan, ular o‘z panagohlaridan jang qizigan paytida makedonlarga hujum qilganlar. Varvarlar hovliqish va tartibsizlik vaziyatidan foydalanib, ularning hammasini qirib tashlaganlar. 40 ta otliq va 300 ta piyodalardan tashqari hech kim qutulib qolmagan”. “Shu mag‘lubiyat haqida Iskandarga xabar yetib kelganda u askarlarning achchiq taqdirlaridan qayg‘uga tushadi va Spitamenga qarshi shiddatli hujum qilishga qaror qiladi. U o‘zi chavandozlar qo‘shinining yarimiga, qalqonchilarning hammasiga, o‘qchilarga, agrianlarga va tez yurar piyoda askarlarga yo‘lboshchi bo‘lib, Maroqandga yo‘l oladi, uning bilishicha, Spitamen shaharga qaytib qal’ani yana qamal qilgan”. 4. “Uch kun davomida Iskandar 1500 stadiy masofadan o‘tib, to‘rtinchi kunning tongida shaharga yetib keladi. Spitamen Iskandar shaharga yaqinlashib kelishi haqida eshitib, uni kutmasdan qochib ketdi. 5. Iskandar uning izidan quvadi. Jang maydoniga yetib, u halok bo‘lgan askarlarni dafn qiladi va chekinganlar ortidan sahrogacha quvib boradi. Shu yerdan ortga qaytish yo‘lida u davlatni xarob qiladi va unga xabar berishlaricha, makedonlarga hujum qilishda ishtirok etib, so‘ng qal’alariga yashiringan varvarlarni qirib tashladi. U Politimet daryosi suvlaridan foydalanuvchi butun mamlakat yerlaridan o‘tdi”9. 7. 1. “Bu yerdagi ishlarni tugatib, Iskandar Zariaspga yetib keladi. Bu joyda u qishni o‘tkazishga qoladi...” 15. 4. “Shu paytda Iskandarning oldiga bir yarim ming chavandozlarga yo‘lboshchi bo‘lib xorazmliklarning podshosi Farasmon yetib keladi. U kolxlar va amazonka qabilalariga qo‘shni bo‘lib yashaganligi haqida hikoya qilib, Iskandarning amazonkalar, kolxlar va Eviksin dengizidagi qabilalarni istilo qilish istagi bo‘lsa, yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lishga va qo‘shinlarining yurishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berishga xayrixoh ekanligini bildiradi”. 15. 5. “Iskandar Farasmonga minnatdorlik bildiradi va do‘stlik ittifoqchiligi haqida shartnoma tuzib, pont dengizi tomonga yurishga hozir vaqt yo‘q, deb javob beradi. U Farasmonni Baqtriya satrapi fors Artaboz huzuriga yuborib, vataniga jo‘natadi”. 15. 7. “U o‘zi Oks daryosiga yo‘l oladi. Juda ko‘p so‘g‘diylar istehkomlarida to‘planishib, ularga tayinlangan hokimga qarshi bo‘lib chiqadilar, bundan xabardor bo‘lgan Iskandar So‘g‘diyona tomonga yurishni maqsad qiladi”. 16. 1. “Iskandar askarlarining ma’lum bir qismi bilan So‘g‘diyonaga yetib keladi, Poliperxont, Attal, Gorgiy va Maleagrlar Baqtriyada qoladi, ularga shu davlatga nazorat qilish bilan birga varvarlarning g‘alayonlar ko‘tarishiga yo‘l qo‘ymaslik va boshlagan qo‘zg‘olonlarni bostirish haqida buyruq beriladi”. 2. “O‘z qo‘shinlarini u beshta ayrim qismga bo‘lib oladi. Brinchisi - Gefestion boshchiligida, ikkinchisi - Ptolemey Lag boshchiligida, uchinchisi - Perdikka boshchiligida, to‘rtinchisi - Ken va Artaboz boshchiligida, beshinchi qism bilan u o‘zi Maroqandaga otlanadi”10. 4. “Iskandar shu ishlar bilan band bo‘lgan paytda, Spitamen yo‘lboshchi bo‘lib, Baqtriyadagi bir qal’aga yetib keladi. Qal’a qo‘riqchilarining boshlig‘i Frurax va uning askarlari ham dushman tomonidan hujum xavfini kutmaganlar, asakarlar qiriladi. Frurax asirlikka olinadi. Shu qal’ani qo‘lga kiritishgandan ko‘ngillari ko‘tarilib, ular bir necha kundan so‘ng Zariasiga yetib keladilar, ammo shaharga hujum qilmadilar va katta o‘ljani qo‘lga olib ortga qaytishga qaror qildilar”. 6. “Zariasida kasal bo‘lib qolgan bir necha otliq - “do‘stlar” skiflarning hujumi haqida eshitib, ular Zariasini qo‘riqlash uchun yollangan 80 ta chavandozga va ba’zi bir “podsho yigitlari” ga boshliq bo‘lib massagetlar ortidan quvadilar. Hech narsani kutmagan skiflarga hujum qilib, birinchi jangda ulardan o‘ljasini tortib olib, juda ko‘p qaroqchilarni qirib tashlaydilar. Tartibsiz holda ortga qaytgan vaqtda ular Spitamen va skiflarning qo‘liga tushib, 7 ta “do‘stlar” va 60 ta yollangan chavandozlardan ajraladilar”. 17. 1. “Krater bu haqda xabar olib, massagetlarga qarshi shiddatli yurish boshladi. Ular bundan xabardor bo‘lib, cho‘lga qochadilar. Krater Spitamenning izidan quvib, unga sahro chegaralarida yetib oladi; uning boshchiligida yana mingta otliq massagetlar bor edi. 2. Makedonlar va skiflar o‘rtasidagi kuchli jangda makedonlar g‘alaba qozonadilar. Skiflarning bir yuz ellikta chavandozlari halok bo‘ladi. Boshqalari osonlik bilan cho‘lga bekinadilar; ularning ketidan quvish makedonlar uchun og‘ir bo‘ladi”. 4. “Spitamen va uning tarafdorlari makedonlarning qo‘riqchilari hamma joylarni to‘sib olganliklarini ko‘rib aniq bir joyga qochishga yo‘l topmadilar, Ken qo‘shinlariga hujum qilish va aynan shu jangda g‘alaba qozonishga qaror qiladilar. Ular Gaba nomli so‘g‘diylar va skif – massagetlar chegaralaridagi joyga yetib keladilar va 3000 ko‘chmanchi chavandozlarni So‘g‘diyona tomonga yurishga rozi qiladilar”. 5. Bu skiflar juda ham qashshoq ahvolda yashaganlar; ularning shaharlari va o‘troq makonlari yo‘q edi; boylik mulklaridan ajrab qolish uchun qo‘rqinch sezgilari ham yo‘q edi va shunga ko‘ra ularni har qanday urushlarga rozi qilish hech narsa emasdi. Ken Spitamen yaqinlashib kelishini sezib unga qarshi chiqadi”. 6. Shiddatli jang boshlanib, u makedonlar uchun g‘alabali yakunlanadi; bu jangda dushmanlarning 800 ta otliqlari, Ken qo‘shinidan esa 25 ta chavandoz va 12 ta piyoda askar halok bo‘ladi. Ko‘pchilik baqtriyaliklar Spitamendan qochib, uni yakka qoldiradilar va Ken oldiga yetib kelib, asirga tushadilar. 7. Mag‘lubiyatga uchragan skiflar va massagetlar yaqinda ular bilan birga jang qilgan baqtriylar va so‘g‘diylarning ot-aravalaridagi yuklarini talab, Spitamen bilan dasht ichiga qochadilar. Iskandar o‘zi sahroga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganini eshitib va shu maqsadda uni qaytarib olish uchun ular Spitamenning boshini kesib Iskandarga yuboradilar”11. Kursiy Ruf, VII kitob, IV bob, 26: “Baqtriyaning tabiati boy va turli-tumandir. Ba’zi joylarda ko‘pdan-ko‘p daraxtzorlar va tok novdasi shirin meva serob hosil qiladi ; unumdor yerlarni ko‘p sanoqli buloq-daryolar sug‘oradilar; hosildor tuprog‘ida bug‘doy ekiladi; boshqa yerlar o‘tloqlar uchun qoldiriladi”. 27. “Davlatning katta bir qismini hosilsiz dashtlar egallaydi; suvsizlik tufayli tashlab qo‘yilgan viloyatlarda na odamlar, na mevalar bor. Pontdan (dengizdan - A. S.) esayotgan shamollar tekisliklarga qumlarni surib keltiradi; olis masofadan qum uyumlari katta tepaliklarga o‘xshab ketadi; shu yerda burungi yo‘llarning izlari yo‘qolib qoladi”. 28. “Shuning uchun ham bu tekisliklardan o‘tib yurganlar, xuddi dengizchilarga o‘xshab, o‘z yo‘llarini tundagi yulduzlar orqali topadilar”. V. I. “Iskandar baqtriylar viloyatini Artaboz idorasiga topshirib, bu joydagi qo‘riqchilar qo‘shini bilan birga ot-arava yuklarini qoldiradi. O‘zi esa harakatdagi qo‘shinlarga yo‘lboshchi bo‘lib, So‘g‘diyona sahrosiga yo‘l oladi...” V. 13. “Xullas, kechki payt u Oks daryosiga yetib keladi. Ammo uning izidan kelayotgan ko‘pdan-ko‘p askarlar unga yetolmaydilar va orqada qoladilar, shuning uchun ham u baland tog‘ ustida o‘t yondirishga buyruq beradi, orqada qolganlar uchun alanga nuri lagerga yaqinlab qolganliklarini bildiradi”. V.16, 17, 18. “Ushbu tunni Iskandar katta ruhiy hayajon bilan uyqusiz tugatdi. Keyingi kun ham oson bo‘lmadi; kemalar yo‘q edi va daryoning ochiq qirg‘oqlarida ko‘prik qurish uchun daraxtzorlar ham yo‘q edi. Shu vaziyatdan u yagona xulosa chiqaradi. U askarlarga somon bilan to‘ldirilgan meshlarni tarqatishga qaror qiladi; ular meshlar ustida daryodan suzib o‘tishni boshlaydilar: daryodan birinchi bo‘lib kechib o‘tganlari qo‘riqchilar xizmatini bajarib, boshqalarni kutib oladilar. Shu tarzda qo‘shinlar oltinchi kuni daryoning narigi qirg‘og‘iga o‘tib olishga muvaffaq bo‘ladilar”. VII 6. 17. “Iskandar Maroqandaga yetib keladi. Uning mudofa devorlarining uzunligi 70 stadiy; shahar qo‘rg‘oni ikkinchi devor bilan o‘ralgan”. VII. 1. 2. “Tanais ortidagi skif davlatining podshosi mkedonlar tomonidan daryo bo‘yida asos solingan shaharni qullik bo‘yinturug‘i bo‘lishini sezib, uni vayron qilish va makedonlarni daryo qirg‘og‘idan uzoq masofaga quvib chiqarish uchun katta bir otliq qo‘shin bilan birga o‘z akasi Karatazis ismli yo‘lboshchini yuboradi”. 4. “Ular Istar daryosining narigi yog‘idagi boshqa bir viloyatni egallab, Osiyoning chegara yerlarida joylashgan Baqtriyaga ham qo‘shni bo‘ladilar. Ular joylashgan shimol yerlaridan nariroqda qalin o‘rmonzorlar va aholi yo‘q jim-jit sayhon yerlar boshlanadi; Tanais va Baqtriya bo‘ylab joylashgan yerlar umuman madaniy izlarga ega”. 5. “Iskandar tayyorgarlik ko‘rmasdan birinchi bo‘lib jang qilishga erishadi, uning ko‘z o‘ngida dushman chavandozlari otda chopadilar, u esa yaradorlikdan butunlay tuzalmagan...Xullas, u do‘stlarini maslahatga chaqiradi”. 6.”U dushmandan emas, noqulay vaziyatdan qo‘rqqan edi. Baqtriylar isyon ko‘taradilar, skiflar bezovta qiladilar; uning o‘zi zo‘rg‘a oyoqda turib, otga minishga ham, yo‘lboshchi bo‘lishga va askarlarni ruhlantirishga imkon topmadi...”12 30. “Yetib kelayotgan xabarlar uning to‘xtovsiz g‘alabalari sha’niga mos kelmas edi”. 31. “Yuqoridagi hikoyaga ko‘ra, u baqtriylar qo‘zg‘oloniga aybdor Spitamenga qarshi Menedemni yuboradi. U (Spitamen - A. S.) makedonlar yaqinlashib kelishi haqida eshitib va shahar atrofida qamalib qolish vaziyatidan saqlanish uchun panagohga bekinadi, shu yerdan o‘tish mumkin bo‘lgan dushmanga hujum qilishga qaror qildi”. 32. “Yo‘l pistirma uchun qulay joyni kesib o‘tadi, shu yerda u daxlarni yashintiradi. Har bir otlarida ikkita qurollangan chavandozlar bo‘ladi, kutilmaganda ular navbat bilan yerga tushib otliqlar jangidagi dushmanlarga to‘sqinlik qiladilar”. 33. “Askarlarning epchilligi otlarning chaqqonligiga o‘xshab ketadi Spitamen changalzorni o‘rab olishga buyruq berib, dushmanlarga qarshi birdaniga ortdan, ro‘para va yon tomonlardan hujum qiladi”. 34. “Menedem hamma tomondan o‘rab olinadi, u notanish joyda pistirmaga tushgan va boshqa hech iloji yo‘qligini ko‘rib, o‘z askarlariga son jihatdan ustun bo‘lgan dushmanlarni qirib tashlashga va mag‘rur halok bo‘lishga chaqiradi”. 35. “Uning ostida kuchli ot bo‘lgan; ko‘p hollarda varvarlar safiga tashlanib, ularga dahshatli zarar keltiradi. 36. “Dushmanlar unga ko‘pdan-ko‘p o‘q otadilar. Sanoqsiz yaralardan zaiflanib...u jonidan judo bo‘ldi va ot ustidan yerga tushib qoladi”. 39. “Bu jangda 2000 ta piyoda askarlar va 300 ta chavandozlar halok bo‘ladi. Jang maydonidan chiqib kelgan askarlarni o‘lim jazosi bilan qo‘rqitib, Iskandar bu mag‘lubiyat haqidagi xabarni ehtiyotlik bilan sir saqladi” IX. 20. “Krater bilan qo‘shinlarning katta bir qismiga ortidan yurishga buyruq berib, Iskandar Maroqandga yetib keladi, uning kelishidan Spitamen xabar topib, bu yerdan Baqtra tomonga qochishga majbur bo‘ladi”. X.1. “So‘g‘diyona - keng hududiy masofadagi dashtli davlatdan iborat, cho‘llarning kengligi 80 stadiyga yaqinlashadi. To‘g‘ri yo‘nalishda - bu yirik davlatdir, mahalliy aholi tomonidan Politimet degan daryo mamlakat bo‘ylab shiddatli oqadi. Qirg‘oqlar suv yo‘li o‘zanini toraytirgandan so‘ng daryo g‘or ichiga oqadi va yerga singib ketadi”. 4. “So‘g‘diylar asirlaridan podshoga 30 ta kuchli erlarni olib keladilar, ular podsho buyrug‘iga binoan o‘lim jazosiga berilishlarini eshitib, mag‘rur holatda g‘oyat xursand bo‘lib kuylaydilar...” 4. Podsho ularning mardligidan ajablanib, ortga qaytarishga buyruq beradi va o‘lim oldidan ularning shodlanish sabablarini surishtiradi. Ular aytadilarki, agar o‘zlariga boshqa birov o‘lim jazosini berganda, qayg‘ulanib o‘lardilar, ammo o‘z ajdodlarining yoniga ularni hamma qabilalar ustidan g‘olib chiqqan ulug‘ podsho yuborganligidan xursand bo‘lib, o‘z jonajon qo‘shiqlarini aytdilar va butun jasurlar orzusi bo‘lgan faxrli o‘limini bayram qildilar” . VIII. 10. “... Podsho Bazaira nomli viloyatga yo‘l oladi. 11. Bu viloyatning eng katta boyligi − keng daraxtzorlarda va qo‘riqxonalarda saqlanib yashayotgan hamda maxsus urchitilgan turli hayvon zotlari bo‘lganligidir. Bunga ko‘p buloqlarga ega o‘rmonzorlar ataylab ajratilgan: shu daraxtzorlar istehkomlar bilan o‘ralgan va ovchilar uchun burjlar va makonlar qurilgan”. 13. “Ma’lum bo‘lishicha qo‘riqxonalaridan birida to‘rt avlodlar hayoti davomida hech kim ov qilmagan. Iskandar askarlari bilan qo‘riqxonaning ichiga kirib hayvonlarni ov qilishga buyuradi”. 14. “Kamdan-kam uchraydigan kattalikdagi sher Iskandarning ro‘parasiga yugurib chiqadi, uning yonida tasodifan turgan va keyinchalik podsho bo‘ladigan Lisimax hayvonni shoxdor tayoq bilan kutib olishga tayyor bo‘ldi. Ammo podsho uni chetlashtirib va ovga xalaqit bermaslikka buyurib, yagona o‘zim ham Lisimaxga o‘xshab sherni o‘ldirishim mumkin deb gapiradi”. 15. “Axir bir paytlar Suriyada ov qilib Lisimax yagona o‘zi kamyob kattaligidagi hayvonni o‘ldirgan. Ammo hayvon Lisimaxning chap yelkasini suyagigacha talab uni o‘lim holatiga keltirgan. Shu haqida Lisimaxga malomat bilan eslatib, podsho o‘z jasoratini so‘zlarida emas, amalda isbotladi: u sherni yaqinlashtirib bir zarba bilan o‘ldiradi...” 19. “Shu joydan u Maroqandga qaytadi. U Artabozni faxrli yoshiga ko‘ra hokimligidan ozod qilib, viloyatni Klit idorasiga o‘tkazadi. Xuddi shu Klit Granik daryosi yonida Iskandarni o‘z qalqoni bilan bekitib, podsho boshi ustida Rezak tomonidan ko‘tarilgan qilichli qo‘lni kesib tashlaydi”. Strabon, “Geografiya”. XI kitob, XI bob, 3: “Oldingi zamonlarda baqtriylar, so‘g‘diylarning turmush tarzi va urf-odatlari ko‘chmanchilarning turmush tarzidan ko‘p farq qilmagan, ammo baqtriylarning an’analari ancha yuqori madaniyatga ega bo‘lgan; lekin ular haqidagi Onesikritning fikri maqtovga sazovor bo‘lmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qarilik va kasallikdan qattiq toliqqan odamlarni ular maxsus boqilgan va o‘zlarining mahalliy tillarida “go‘rkovlar” degan itlariga tirik holda tashlaganlar. Baqtriylar poytaxti devorlaridan tashqari joylar toza bo‘lgan, lekin, davlat ichkarisidagi hududning katta bir qismi odamlar suyaklari bilan to‘ldirilgan; Iskandar bu urf-odatni yo‘q qildi. Shunga o‘xshagan hikoyalarni kaspiylar haqida ham aytib beradilar: ular 70 yoshdan oshgan o‘z ota-onalarini qamab qo‘yadilar va och qoldiradilar”13. XI, 4. “Aytishlaricha, Iskandar Baqtriya va So‘g‘diyonada 8 ta shaharga asos solgan va ko‘plarini vayron qilgan. Vayron qilganlari jumlasidan Baqtriyadagi Kariata (bu yerda Kallisfen qo‘lga tushib qamoqqa olingan), So‘g‘diyonadagi Maroqanda va Kira − Yaksart daryosidagi Kir tomonidan qurilgan oxirgi shahar; bu fors davlatining chekkasi bo‘lgan. Iskandar Kirni hurmat-izzat qilgan bo‘lsa ham, bu shahar aholisining ko‘pdan-ko‘p qo‘zg‘olonlari sabablariga ko‘ra, uni vayron qilishga buyruq bergan...”14 XI, 5. “So‘g‘diyona ichidan oqayotgan daryoni, Aristovulning aytishicha, makedonlar Politiment deb atashgan (xuddi shunday ular boshqa ko‘p nomlarni almashtirganlar va qisman o‘zgartirganlar). Ariylar yeridan oqayotgan Ariy daryosiga o‘xshab bu daryo davlat yerlarini sug‘orib dasht va sahro viloyatiga intiladi va qumlar ichida yo‘qolib ketadi”. Miloddan avvalgi 329 yilda Iskandar 15 kun davomida muz qorli Hindikush tog‘idan o‘tib Baqtriyaning markazi Baqtra, Aorn va Darpsak shaharlarini jangsiz istilo qiladi. Baqtriya va So‘g‘diyonaning hokimi Bess oxirgi ahamoniy Doro III ni o‘ldirishda qatnashib, o‘zini Artakserks nomida “ulug‘ podsho” deb e’lon qiladi va So‘g‘diyonaning Nautaka viloyatiga qochishga majbur bo‘ladi. Baqtradan Maroqanda shahrigacha yetib borish vaqti to‘g‘ri yo‘nalishda 12 kunga teng bo‘lgan. Ahamoniylar davridan boshlab bir kunlik yo‘l o‘lchov, Gerodotning aytishicha 50 stadiy yoki 5 farsax (28 km). So‘g‘diyonaga yurishlar Baqtra shahridan boshlangan. Iskandar oziq-ovqat mahsulotlarini yetarli g‘amlab olib, Oks − Amudaryoga yo‘l oladi. Rim tarixshunosi Kursiy Rufning fikriga ko‘ra, Baqtradan Oks daryosigacha bo‘lgan masofa 400 stadiy (75 km) bo‘lgan. Bu masofani Iskandar askarlari ikki yarim kun davomida bosib o‘tib, Amudaryoni Termiz va Kalif shahri o‘rtasida kechib o‘tadilar. Olim fikriga ko‘ra, Amudaryodan kechib o‘tishning eng qadimgi joyi Termizdan g‘arbdagi Sho‘rob va Cho‘chqa Guzar bo‘lgan. Sho‘rob o‘rnida miloddan avvalgi VI−IV asrlarga oid qishloq xarobalari topilgan. Bu vaqtda Bess − Artakserks So‘g‘diyona ichkarisiga qarab ketadi, ammo yangi podshoni so‘g‘diylar Spitamen, Arimaz, Avstan va Datafernlar asirlikka olib, Iskandarga topshirishga tayyor bo‘ladilar. Iskandar bundan xabardor bo‘lib, shoshilinch ravishda lashkarboshi Potolomey Lagni, Nautakaga yuboradi. Arrianning aytishicha, Oksdan Nautakagacha o‘n kunlik yo‘l bo‘lgan, ammo bu masofani Ptolemey qo‘shinlari to‘rt kun ichida bosib o‘tganlar. Soqchilar o‘zlari qo‘riqlab turgan Bessni maxsus joyda qoldirib, Spitamen tarafdorlari bilan birga makedoniyaliklar uchun noma’lum bo‘lgan tomonga qarab ketadilar. Yo‘lboshchilar va jangchilarsiz qoldirilgan Nautaka hamda Maroqanda shaharlarini Iskandar osonlik bilan qo‘lga kiritadi. Faqat Maroqanda atrofida joylashgan bosqinchilarga qarshilik ko‘rsatgan so‘g‘diylar uy-qo‘rg‘onlari podsho buyrug‘iga binoan vayron qilinadi. Iskandar Maroqanda shahrida o‘z harbiylarining bir qismini qoldirib, Sirdaryo − Yaksart tomonga yo‘l oladi. Maroqanda va hozirgi Xo‘jand o‘rtasidagi Ustrushona tog‘larida makedoniyalik qo‘shinlarga mahalliy aholi − mamakenlar hujum qiladilar. Iskandar yaralanadi. Kuchli jang Iskandarning g‘alabasi bilan yakunlanib, undan 22 ming ustrushonaliklar halok bo‘ladi. Sirdaryo etagidan uzoq bo‘lmagan nohiyada Kripolis shahri qamal qilinadi. Shu davrda Yaksartning shimoliy qirg‘og‘ida saklar to‘planib, makedonlarga hujum qilmoqchi bo‘ladilar. Iskandar hozirgi Bekobod va Xo‘jand oralig‘ida Sirdaryodan kechib o‘tadi va qattiq jangdan so‘ng saklar qochishga majbur bo‘ladilar. Iskandar ortga qaytib, Yaksart bo‘yida Aleksandriya Esxata (uzoq, chekkadagi, chetdagi, oxirgi Iskandariya) shahriga asos soladi. Shu davrda kutilmaganda So‘g‘diyonadan xavotirli xabar keladi − Spitamen boshchiligida makedoniyaliklarga qarshi qo‘zg‘olon boshlanadi va Maroqandadagi Iskandarning harbiy qismlari qamal qilinadi. Qo‘zg‘olonchilarni tor-mor qilish uchun Iskandar Farnux va Karan boshchiligidagi piyoda hamda otliq askarlarni Maroqandaga shoshilinch jo‘natadi. Politimet − Zarafshon bo‘yidagi jangda Spitamen yunonlar ustidan g‘alaba qozonadi, ikki mingdan ortiq makedoniyaliklar halok bo‘ladilar. Iskandar uchun bu juda ham katta mag‘lubiyat bo‘lib, Spitamenga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘rishini talab qiladi.15 Iskandar asosiy kuchlari bilan Maroqandaga yetib keladi, ammo Spitamen Quyi Qashqadaryo va keyinchalik Buxoro tomonga chekinadi. G‘azablangan Iskandar (u hali biror marta yengilmagan edi) Maroqanda va hozirgi Buxoro shaharlari oralig‘idagi 120 ming tinch aholini qirib tashlaydi. Miloddan avvalgi 328 yilda Spitamen Baqtriyada va Quyi Zarafshonda makedoniyaliklarga qarshi hujum uyushtiradi, ammo bu janglar qo‘zg‘olonchilar uchun muvaffaqiyatsiz yakunlanadi va Spitamen saklar bilan cho‘lga qochishga majbur bo‘ladi. Saklar Iskandarning ularning yerlariga hujumga tayyorgarlik ko‘rayotganidan xabardor bo‘lib, Spitamenni o‘ldiradilar. So‘g‘diyona xarobaga aylanib qoladi, juda ko‘p so‘g‘diylar tog‘larga qochib yashirinadilar. Miloddan avvalgi 327 yilda Iskandar Hisor tizmasida joylashgan va Oksiart egallab turgan “So‘g‘d qal’asi” ni qo‘lga kiritib, uning go‘zal qizi Ruxshanakka (Roksana) uylanadi. Yana bir qudratli qal’a (Xoriyen yoki Sizimitr) So‘g‘diyona va Baqtriya chegaralaridagi tog‘larda joylashgan. Bu yerda Xoriyenning oila a’zolari hamda yaqin qarindoshlari, tarafdorlari va xizmatkorlari yashiringan edi. Xoriyen o‘z ixtiyori bilan Iskandarga bo‘ysunishga rozi bo‘lgan. Albatta, Oksiart va Xoriyenga o‘xshagan shaxslar o‘z hayotini, tinchligini va mol-mulklarini himoya qilganlar. Jasur Spitamen ham o‘zini saqlanish mumkin edi, ammo u chet el bosqinchilariga qarshi vatanning mustaqilligi uchun kurashdi. Spitamen uchun vatanparvarlik va ona yer mudofaasi muqaddas burch bo‘lgan. Rus olimi V. V. Grigorbev vatanparvar so‘g‘diylarga va ularning boshlig‘i Spitamenga hurmat-izzat bilan juda yuksak baho bergan: “Agar Doro Iskandardan o‘z podsholigini himoya qilolmagan bo‘lsa, Bess razil nomard chiqqan bo‘lsa ham, ammo bu yerda, Turonda, shunday yuraklar topildiki, ular chet elliklarga bo‘ysunish sezgisiga itoat etmadilar, shunday qo‘llar topildiki, ular chaqirilmagan begonalarga qarshi xalq qasosi namoyon etdilar”. Iskandar Baqtriya, So‘g‘diyona va Ustrushonaning bir qismini istilo qilib, miloddan avvalgi 327 yilda Hindistonga hujum boshlaydi. Markaziy Osiyoda Xorazm, Choch, Farg‘ona va saklar yurti mustaqil bo‘lib qoladi. So‘g‘diyona, Baqtriya, Marg‘iyona va Parfiya yangi davlatga qo‘shilib, keyinchalik ularning tuprog‘ida ayrim yunonmakedon davlatlari vujudga keladi. Iskandarning tarixi dunyo adabiyotlarida juda mashhurdir. Uning faoliyati, yurishlari haqida yunonlar, rumiylar, forslar va arablar qadimgi zamonlarda ko‘p asarlar yozganlar. Bu asarlarning mualliflari Iskandarni tarixiy shaxs sifatida turlicha baholaganlar (dunyo xalqlarini va davlatlarni birlashtiruvchi podsho, adolatli dunyo davlatiga asos solishni maqsad qilgan shaxs yoki bosqinchi, xalqlarni zabt etuvchi, o‘lim, zulm keltiruvchi podsho hamda boshqa fikr-xulosalar). Plutarxning aytishicha, Iskandar Osiyoga qaroqchi bo‘lib o‘tmadi, uning orzusi kutilmagan omad bergan o‘lja-boyliklarni qo‘lga kiritish maqsadidan tashqari bu dunyoda hammani bir qonunga tobe qilib va bir davlatga to‘plab, insonlarni bir xalqqa birlashtirish edi. Sharqdagi o‘rta asrlarga oid adabiyotlarda makedoniyalik Iskandar jasur podsho, bahodir jangchi sifatida ham yoritilib, uning bosqinchilik urushlari, mahalliy aholini qirib tashlashi, shaharlarni vayron qilishiga e’tibor berilmagan. Iskandar Sharq xalqlarini ahamoniylar zulmidan ozod qilib, ularning ustiga yunon zulmini o‘rnatdi. Podsholar va hokimlar almashib, siyosat o‘zgardi, ammo xalqlar mustaqil bo‘lmadi. Bu zulmdan qutulish uchun Markaziy Osiyo xalqlariga ko‘p vaqt kerak bo‘ladi. Makedoniyalik Iskandar o‘z davrining farzandi edi. Shu zamonning siyosiy jarayonlari shunday podsho shaxsni talab etdi va so‘nggi davrlarda ham bosqinchilik urushlarining o‘choqlari ikki mamlakatlarga, shaharlarga, xalqlarga azob va o‘lim keltirdi. Bu voqealarga vaqt hamda tarixning o‘zi to‘g‘ri baho bergan. Iskandarning harbiy yurishlari Sharq va G‘arb o‘rtasidagi keng savdo – sotiq hamda madaniy aloqalarning rivojlanishiga olib keldi. Iskandar va uning yaqin lashkarboshilarining o‘limidan so‘ng mahalliy hamda yunon madaniyatining qo‘shilish jarayoni boshlanadi. Bu jarayonning ta’sirini moddiy madaniyatning rivojlanishida, qurilish va me’morchilikda, kulolchilik va tasviriy san’atda, yangi alifbo va yozuvlarning tarqalishida, tangashunoslikda hamda diniy e’tiqodlarda ko‘rish mumkin. Yunonlar Qadim Sharqning juda ko‘p madaniy yutuqlarini qabul qiladilar va o‘zlarining madaniy ta’sirlarini ham mahalliy aholining madaniyatiga joriy etadilar.16 Makedoniyalik Iskandarning yurishlari yozma manbalarda Qadimgi Sharq va Markaziy Osiyodagi tarixiy geografik ma’lumotlarning ko‘payishiga asos solgan. Harbiy yurishlardan oldin Iskandar Qadimgi Sharq aholisining joylashuv va mamlakatning hududiy chegaralari bilan tanishib olishda Skilak, Gekatey, Gerodti va Ktesiylarning xabarlariga asoslanish mumkin edi. Markaziy Osiyo va Hindistonga yetib kelgandan so‘ng yunon-makedonlarning tarixiy-geografik ma’lumotlari ancha kengayadi. Dastavval, dunyo chegaralari (“oykumena”) Yaksart va Hind daryosidan o‘tmaganligi ma’lum bo‘ladi. Yaksartning narigi yog‘idagi bepoyon cho‘llar, Hind daryosining narigi yog‘ida yana bir sersuv daryo Gang, dahshatli o‘rmonzorlar va baland cho‘qqili tog‘lar Iskandarni ajablantirib, dunyo chegaralarining bu yerda boshlanmaganligi podshoni achchiq afsuslantiradi. Butun dunyo xalqlarini bo‘ysundirish va bir umumiy davlatda ularni birlashtirish, Iskandar uchun hech qachon yechilmaydigan muammo bo‘lib qoladi. Iskandar Hindistonda bo‘lgan paytda So‘g‘diyona, Eronda, Old Osiyodan to Afina shahrigacha bo‘lgan hududlarda uning halok bo‘lganligi haqidagi qayg‘uli xabar tarqaladi. Ko‘pchilik uchun, ayniqsa davlat taxtini qo‘lga olib podsho bo‘lish maqsadini qo‘ygan shuhratparast hokimlar uchun bu xushxabar edi. Ular Iskandarga bo‘lgan qo‘rquvni yo‘qotib juda xursand bo‘ladilar, boshqalar esa qayg‘ulanadilar. Afina shahrida motamga tayyorgarlik boshlanganda bir so‘zlovchi paydo bo‘lib, bunday deydi: “Afinaliklar, Iskandar halok bo‘lmadi, bo‘lmasa uning jasad hidini butun dunyo birdaniga his qilar edi”. Iskandarning ulug‘vorligi va shon-sharafligi e’tirof qilindi. Shu davrda uzoq Hindistonda yunon-makedoniyalik askarlar harbiy yurishlarni davom ettirishga rozi bo‘lmaydilar. To‘xtovsiz janglar va shaharlarni qamal qilish, notanish xafli yurtlar, yangi va yangi tog‘lar bilan bepayoon cho‘llar, keng chuqur daryolar ularning joniga tegib, endi boshqa qiziqtirmasdi. Begona o‘lkalarning yo‘llarida makedoniyaliklarni har bir qadamda o‘lim yoki yaradorlik kutib olardi. Nayza va xanjarlarni zang bosib, ularni yaroqsiz holga keltirib qo‘yadi. Bosqinchilarning chidamligida ham aniq bir chegara bor. Yunon-makedonlar Sharqdagi urushlardan va qon to‘kilishidan charchagan edilar. Hindistonda Iskandar maqsadiga erishmaydi, o‘z orzulari bilan yakka bo‘lib qoladi. Uzoq daryo chegaralarida Iskandar harbiylariga ulug‘ podsho, vatan sezgisi va urushlar xudosi bo‘lgan bo‘lsa ham, uning jangovor askarlari oldinga bir qadam ham bosishni xoxlamaydilar. Ular ortga qaytishni iltimos qiladilar. Agar podsho rozi bo‘lmasa, u sodda jangchilarni qirib tashlab, Gang daryosiga yangi otasi - xudo Amon bilan birgalikda yurish mumkin, deb o‘ylaydilar harbiy makedonlar. Iskandar sharqiy yurishlar to‘xtatilishini e’lon qilib, yana bir yuksak g‘alabani qo‘lga kiritadi - askarlar behad xursandchilikka sazovor bo‘ladilar. Miloddan avvalgi 325 yilda makedonlar kemalardan foydalanib, Hind daryosi orqali okeanga yetib boradilar. Shundan so‘ng Fors qo‘ltig‘iga qarab suzadilar. Iskandar va makedonlarning boshqa bir qismi Gedrosiyo sahrolar ichkarisiga kirib, Eronga yo‘l oladilar. Miloddan avvalgi 324 yilda ularning hammasi dengiz va sahro yo‘llarida juda qattiq azob tortib, Erondagi Suza shahrida uchrashadilar. Makedoniya, Kichik Osiyo, Misr, Sirdaryo va Hindistongacha cho‘zilgan sayhon yerlarda yirik davlatga asos solinadi. Bu davlatning poytaxti qilib Iskandar Bobil shahrini e’lon qiladi. Ammo uning asoschisi vafotidan so‘ng (miloddan avvalgi 323 yil) bu davlat ayrim qismlarga bo‘linib, parchalanadi. Dunyo tarixida yangi jarayon boshlanadi. Download 86.81 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling