Madaniy-axborot hokimiyati - bu ilmiy bilimlar, axborotlar va ularni tarqatuvchi vositalar orqali kishilar ma’naviy dunyosi ustidan nazoratdir. Bundan tashqari, bu obro‘ asosida bo‘ysunishlik bilan bog‘liq bo‘lgan hokimiyatni axloqiy, diniy va boshqa ko‘rinishlaridir. Hozirgi kunda ilg‘or mamlakatlarda ma’naviy ta’sir etishning barcha ko‘rinishlari orasida ilmiy-axborot hokimiyati birinchi o‘ringa chiqmoqda. Bilim hukumat qarorlarini tayyorlashda, kishilarning ongiga bevosita ta’sir etishda keng foydalanilmoqda. Bunday ta’sir ko‘rsatish ijtimoiylashuv muassasalari (ta’lim, OAV) orqali amalga oshirilmoqda. Axborot hokimiyati turli-tuman maqsadlarga xizmat qilishga qodir. U hukumat faoliyati haqida nafaqat ob’ektiv xabarlarni tarqatishga, noholisona, noaniq xabarlarni tashviqot-targ‘ibot qilib, kishilar ongi va xulq-atvorini to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishga ham xizmat qilishi mumkin.
Majburlovchi hokimiyat - majburlovchi resurslarga tayanadigan va majburiy kuch ishlatishni qo‘llash yoki kuch ishlatish bilan tahdid qilish yordamida kishilar ustidan nazorat qilishdir. U iqtisodiy, madaniy-axborot hokimiyati etarli bo‘lmaganda amal qiladigan, ularni to‘ldiradigan hokimiyatdir. Kuch ishlatishga tayanish- majburlovchi hokimiyatning muhim xususiyatidir. Bundan majburlovchi va siyosiy hokimiyat aynan bir narsa ekan, degan xulosani chiqarmaslik kerak.
Siyosiy hokimiyat va uning hususiyatlari
Hokimiyatning eng asosiy va o‘ziga xos ko‘rinishlaridan biri - siyosiy hokimiyatdir. U jamiyat hayotida alohida o‘rinni egallaydi. Bu shu bilan belgilanadiki, siyosiy hokimiyat jamiyat va davlat hayotini bir butunligicha va yaxlitligicha qamrab oladi, uni yo‘naltiradi va tartibga soladi, hokimiyatning boshqa barcha ko‘rinishlarini birlashtiradi, ularni xalq manfaatlariga bo‘ysundiradi. Siyosiy hokimiyatsiz hayotni tasavvur etib bo‘lmaydi. Usiz jamiyatda tartibsizlik, boshboshdoqlik va o‘zboshimchalik boshlanadi. Shuning uchun ham siyosiy hokimiyatning asosiy maqsadi- ijtimoiy va davlat hayotini tartibga solish va boshqarishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |