Mavzusidagi magistrlik dissertatsiyasi
-§. O‘zbek tilshunosligida qisqartmalar
Download 92.76 Kb.
|
Лексикографик манбалар 1 ва 2 боблар
1.2-§. O‘zbek tilshunosligida qisqartmalar.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar asosida aytishimiz lozimki, qisqartmalar uzoq tarixga ega bo‘lib, butun bir so‘zni yozib bo‘lmaganligi uchun yaratilgan. Bu vaqt va makonni tejash, shuningdek maxfiylikni ta’minlash uchun amalga oshirilishi mumkinligini ham qo‘shimcha qilishimiz lozim. Demak, qisqartirish – qismlarni birgalikda yozish orqali o‘lchamlarning kichrayishi; so‘z yoki so‘zlarning qisqarishi ma’lum harflarni qoldirib amalga oshiriladi ya’ni birinchi va oxirgi harflarni yoki elementlarni birlashtirish hisoblanadi. Shu bois, biror lug‘at tuzishni maqsad qilgan har qanday olim yoki bu vazifani bajarishga kirishgan inson borki, o‘z ishida avvalo turli qisqartmalardan foydalanishni maqsad qiladi. Shu o‘rinda aytadigan bo‘lsak, o‘zbek tilida lug‘atlarning bir necha turi mavjud bo‘lib, ularning har birini tuzish jarayonida turlicha qisqartmalardan foydalanilgangini ko‘rishimiz mumkin va ushbu qisqartirishlarning quyidagi turlarini uchratganimizni e’tirof etamiz: – Talaffuz qilinuvchi qisqartmalar: bular ko‘pincha, qisqa so‘zlardan iborat bo‘ladi. – Initsializmlar, ya’ni faqat bosh harflardan foydalangan holda qisqartirlgan so‘zlar. – Grammatik kesilmalar esa ma’lum bir so‘zning kesilgan holati. – Inqiroz so‘zning ma’lum nuqtadagi inqirozi . Qisqartmalar, initsializmlar, kesilmalar va inqiroz bularning barchasi bosh so‘z bilan “qisqartirish” atamasi bilan bog‘liq19. Ko‘rinib turibdiki, globallashuv davri o‘zbek tili leksikasidagi jiddiy o‘zgarishlar, ya’ni qisqartma so‘zlar misolida ham namoyon bo‘ldi. Bu davr leksikasida qariyb, barcha qisqartmalar yangilandi va bu yangilanish jarayonida o‘zbek tilining ichki imkoniyatlaridan faol foydalanilmoqda. Yangi davr qisqartmalari globallashuv davrining matnlarida faol qo‘llanilayotgani tufayli o‘zbek tili leksikasida barqarorlashib, pirovardida tilimizning rivoji ham ta’minlamoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbek tilshunosligida qisqartma so‘zlar (abbreviatura) va birikmalar hodisasiga nisbatan abbreviatsiya, so‘zlarni qisqartirish, qisqartirish natijasida hosil bo‘lgan birliklarga nisbatan abbreviatura20 qisqartma so‘z terminlari qo‘llaniladi. Ushbu terminlar esa o‘zi ifodalaydigan lingvistik tushunchalarning mazmun-mohiyatini ko‘rsatish xususiyatiga ega hisoblanadi. Ammo ularning milliy tilimizga nisbatan munosabatini nazarda tutadigan bo‘lsak, so‘zlarni qisqartirish hamda qisqartma so‘z terminlari eng maqbul variantlardir. Mazkur lingvistik hodisa hamda uni atovchi terminlardagi har xillik qisqartma so‘zlarning lingvistik tabiati va turlarini belgilanishida ham kuzatilishini e’tirof etishimiz joizdir. Xususan, ba’zi tadqiqotchi olimlar so‘zlarni qisqartirish natijasida yangi yasalma hosil bo‘ladi21, degan fikrni ilgari surishadi. Lekin bunday fikrlarni yana boshqa bir qator tilshunoslar buni inkor22 etishmoqda. “O‘zbek tili grammatikasi”da ham so‘z yasash usullari tavsiflanar ekan, abbrevatsiya deb qisqartirish yo‘li bilan otlar yasalishiga (MTS – mashina-traktor stansiyasi) tipidagi qisqartmalarda yasalish borligi) aytiladi23. Umuman olganda, qisqarma so‘zlarning yasama yoki yasama emasligi haqida bayon etilayotgan fikrlarda aniq bir yakdillik namoyon bo‘lmayapti. Bizning nazarimizda esa birikma nomlarini qisqartirish tufayli ularning qisqartirilmagan holatidan farqli ma’noga ega bo‘lgan yangi birlikni yaratib bo‘lmaydi, balki nomni shaklan ixchamlashtirishga erishiladi. Muayyan birikuv natijasida yangi so‘z yasalishi uchun esa yasalish asosi va yasalmaning ma’nosida yangilanish yuz berishi darkor. Shu o‘rinda aytish lozimki, ayrim holatlarda so‘zlarni qisqartirish natijasida yangi yasalma so‘z yuzaga keladi. O‘zbek tilidagi muayyan bir matnlarni ko‘zdan kechirganimizda, yuqorida aytib o‘tilgan usullar orqali birikma nomlarni qisqartirish shakllangani ma’lum bo‘ldi. Ana shunga monand ravishda hosil bo‘lgan qisqartma so‘zlar o‘zbek tilshunosligining asosiy leksik taraqqiyotini ko‘rsatadi. Bugun har qanday matnda, ya’ni u xoh ilmiy bo‘lsin, xoh adabiy bo‘lsin, xoh badiiy bo‘lsin u yoki bu ko‘rinishdagi qisqartma uchraydi. Chunki bu tilga xos tejash tamoyilining faol amal qilinayotganini ko‘rsatadi. Lekin yana ahamiyatli jihat haqida aytadigan bo‘lsak, har qanday yangi qisqartmaning til egalari tomonidan anglanishi, uqilishi oson kechmagan, deyish mumkin. Xususan, BMT, MDH, AQSH, IIB kabi qisqartmalar ilk bor tilimizda qo‘llanganidan boshlab, iste’molda to‘liq kirib borib, tilimizda o‘rnashib bo‘lguniga qadar vaqt oralig‘ida, ya’ni ushbu terminlarning ma’nolari odamlar tomonidan o‘zlashtirilishiga qadar tez va oson tushunilavermagan. Ular turli nutq uslublarida doimiy qo‘llanilishi natijasida ma’lum ma’nosi bilan o‘zbek lingvomadaniyatidan munosib o‘rin egallagan, kishilarning til xotirasida boshqa so‘zlar singari tushuncha hosil qilishni boshlagan. Demak, abbreviaturalar tufayli tilimizda yangi so‘zlar paydo bo‘lgan, yasalsan, tilimiz o‘ziga xos tarzda yanada boyigan va nutqimizda bir muncha qulaylikka erishishimizga zamin yaratgan. Shuning uchun ham odamlar abbreviaturalariga shu qadar o‘rganib qolgani bois, ularni yozma nutqda ham, og‘zaki nutqda ham ko‘p qo‘llashga harakat qilishadi. Biroq tilshunosligimizga oid bir qancha darsliklarda abbreviatsiya usuli so‘z yasash usuli sifatida tan olinmaganligini ham aytish lozimdir. Lekin ba’zi adabiyotlarda abbreviaturalarga yasama so‘z sifatida qaralishi ham ayni haqiqatdir. Jumladan, A.Aliyev, K.Nazarovlarning “O‘zbek tili ma’lumotnomasi”da “So‘z yasalishi tilshunoslikning bo‘limi bo‘lib, yangi so‘z yasalishi, so‘z yasash usullari bilan aloqador hodisalarni o‘rganadi. Hozirgi o‘zbek tilida so‘z, asosan, ikki usul bilan yasaladi: 1) affiksatsiya usuli; 2) sintaktik usul24” – deya faqatgina 2 ta usul haqida to‘xtalib o‘tilgan. Sh.Shoabdurahmonov, M.Asqarova va b. muallifligida nashr etilgan“Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligi borasida fikr yutadigan bo‘lsak, bu kitobda o‘zbek tilida so‘z yasalishining 1) semantik usul; 2) fonetik usul; 3) sintaktik-leksik usul; 4) affiksatsiya usuli; 5) kompozitsiya usuli25 mavjud ekanligi bayon etiladi. Rus tili ta’sirida vujudga kelgan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” (I qism) darsligining sintaktik usulida ot yasalishi bo‘linmasida abbreviaturalarning tuzilishi turlariga ta’rif berilgan. Ammo ushbu darslikning so‘z yasalishi bo‘limida abbreviatsiya usuli haqida ma’lumotlar uchramaydi26. M.Hamroyev, D.Muhamedova va b. muallifligidagi “Ona tili” darsligida “Abbreviatsiya usuliga ko‘ra, turg‘un so‘z birikmalarini turli usullar bilan qisqartirish orqali qisqartma ot hosil qilinadi. Qisqartma otlar abbreviaturalar deb yuritiladi. Bu usul bilan so‘z yasash o‘zbek tiliga rus tilidan o‘zlashtirilgan bo‘lib, nutqda ixchamlikka erishish maqsadida qo‘llaniladi27”, – deb, qisqartma otlar tuzilish jihatidan 1) qisqartirilayotgan so‘zlarning birinchi tovushlaridan tuziluvchi: BMT, XXR; 2) qisqartirilayotgan so‘zning bosh qismi va keyingi so‘zlarning birinchi tovushlaridan iborat: ToshDIU; 3) birinchi so‘zning bosh qismi va keyingi so‘z to‘liq olinuvchi: pedkollej; 4) so‘zlarning bosh qismlaridan yasaladigan abbreviaturalarga bo‘lingan: Toshunivermag (Toshkent universal magazini). qayd etilgan. Shu o‘rinda endi, leksikografik manbalarda qisqartmalarning amaliy ahamiyatini filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev rahbarligida maktab o‘quvchilari uchun tuzilgan “Ona tili Qomus” idagi shartli qisqartmalar28 lug‘ati misolida tahlil qilishga harakat qilamiz. q. - qarang qiyos. - qiyoslang ayn. - aynan va b. - va boshqalar e. a. - eradan avvalgi va h. - va hokazo yunon- yunoncha lot. - lotincha mas. - masalan Ushbu qomusiy lug‘atdagi qisqartmalar o‘quvchiga ham, o‘qituvchiga ham qulay va aniq bayon etilgan. Lug‘atlarimizning aksariyatida millat, xalqqa taalluqlilikni bildiruvchi so‘zlarda bir xil qisqartmalar uchraydi: ar. – arabcha ft. – fors-tojikcha gr. – grekcha ital. – italyancha ingl. – inglizcha lat. – lotincha nem. – nemischa fr – fransuzcha rus – ruscha skand – skandinavcha Bundan tashqari, umumiy takrorlanuvchi jumlalar: va boshqalar – v.b tarzida, va hokazo – va h.k tarzida qisqartirilishi ham an’anaviydir. Leksikografik manbalarda qisqartmalarning amaliy ahamiyatini quyidagicha xulosalashimiz mumkin: – qisqartmalar matn bilan ishlashda takrorning oldini oladi; – vaqt, joy, makon tejamkorligiga xizmat qiladi; – harbiy sohalar uchun tuzilgan lug‘atla maxfiylikni ta’minlashga xizmat qiladi; – bir tildan ikkinchi tilga tarjima lug‘atlarda shartli qisqartmalar ko‘plab uchraydi; – qisqartmalar bosh harflardan, bosh harflar va so‘zlar aralashmasidan yoki boshqa tilda so‘zlarni ifodalovchi so‘zlardan yoki harflardan iborat bo‘lishi mumkin. Qolaversa,Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida (O‘ME) esa abbreviaturaga berilgan ta’rif xususida ham to‘xtalib o‘tishni joiz bildik. Xususan: 1) lingvistikada: so‘z birikmalarini qisqartirib hosil qilingan so‘zlar: a) birikma tarkibidagi so‘zlar birinchi harflari alifbo tarkibida o‘qiladi yoki oddiy so‘z – harflar anglatgan tovushlar kabi talaffuz etiladi. b) murakkab qisqartma so‘zlar: so‘z birikmalari tarkibidagi so‘zlar birinchi harflaridan tashqari, ular ma’lum qismlari (morfemalari) olinib yasaladi. 2) musiqada: nota yozuvida qisqartirish va soddalashtirish belgisi. Bunda, O‘MEdagi “b)” bandida keltirilgan ta’rifga qo‘shimcha qilgan holda “murakkab qisqartma so‘zlar” yoki ko‘pgina ilmiy yondashuvlarga asosan ilmiy muomaladagi nomi akronim qisqartma so‘zlar, deb qo‘llanilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi, nazarimizda. Shu bilan birga, 1995-yilda nashr etilgan “O‘zbek adabiy tili tarixi” darsligida eski o‘zbek tilida qisqartma otlar qo‘llanilmaganligi ta’kidlanganini aytishimiz lozimdir. Ahamiyatlisi, bugungi kunga kelib nutqimizda ommalashuvi natijasida o‘zbek tiliga ingliz tilidan kirgan: SMS, PIN (kod) va SIM (karta) so‘zlarini misol qilamiz: SMS (Short Message/Messaging Service) – qisqa xabar servisi, PIN (Personal Identification Number) – shaxsiy identifikasiya raqami, SIM (Subscriber Identification Module) – abonent identifikasiya moduli so‘zlari esa dizabbreviaturalari odamlarning yodidan chiqarilgan holda sodda so‘z ko‘rinishiga kelganligini ham har birimiz kuzatib turibmiz. Demak, xalqaro qisqartmalarni zudlik bilan o‘zbek tiliga tarjima qilish hamda shu bilan birga, uning sofligini saqlash hamda rivojlantirish hozirgi zamonning asosiy talablari hisoblanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki ayrim xalqaro qisqartma atamalarining o‘zbek tiliga tarjima qilinmagani hamda talaffuzining asl manba tilida qoʻllanishi tarjimadagi nomutanosiblikni koʻrsatadi. Shu nuqtai nazardan xalqaro qisqartmalar o‘ziga xos nom ekanligi va shuning uchun asl shaklida qolishi kerakligi haqida baholashlar bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, xalqaro qisqartma so‘zlarni tarjima qilishda uning ma’nosiga mos ravishda tarjima qilinishi zarur. Negaki, ma’lum bir davlat yoki tashkilotning bosh harflaridan yaratilgan qisqartma bir biri bilan o‘xshashligi ayrim muammolarni va tushinmovchilik kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi institutining – FMI qisqartmasi orqali ifodalanadi. Ammo fransuz tilida Xalqaro moliya jamg‘armasi (Fond Monetaire International) ham FMI deya atalishini ham e’tirof etishimiz lozim. Shuningdek, BMT so‘zi birlashgan, millatlar va tashkiloti so‘zlari anglatayotgan alohida-alohida ma’nolarni yaxlitlab, yagona ot, yagona tashkilot nomini tushunish imkonini beradi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning butun dunyodagi davlatlarning diplomatik vakolatxonalarida ingliz tilidagi UN qisqartmasi qo‘llaniladi. Tashkilotga tegishli barcha avtotransport vositalarining oldi qismlarida hamda yon tomonidagi eshiklarida moviy rangda katta harflar bilan UN qisqartmasi yoziladi hamda avtomobillarning diplomatik raqami sifatida ushbu qisqartma qo‘llaniladi. Afsuski, mazkur qisqartmaga o‘zbek tilidagi ozuqa, ya’ni un mahsulotining to‘g‘ri kelishi ham hech kimga sir emas, albatta. Bunday qisqartmalarni dunyodagi boshqa tillardagi mavjud qisqartmalarni o‘rgangan holda yaratilishini hisobga olish zarurligini e’tirof etmoqchimiz. Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, tilimizda yangi so‘z yasalishi uchun so‘z yasalish usuli, yasashga asos qism, yasovchi vosita hamda yasalma aniqlangan bo‘lishi lozim. Shuningdek, tildagi yasama so‘z yangi ma’no kasb etishi lozim. So‘z yasalishi hodisasida ba’zi holatlarda yasalgan so‘z hamda yasovchi asos bilan o‘rtadagi munosabat yo‘qolishi ham isbotini topgan haqiqatdir. Abbreviatsiyaning so‘z yasalishidagi usuli sintaktik usuldagi so‘zlarni yasashga o‘xshash hisoblanadi. Abbreviaturalar ham qo‘shma so‘zlar kabi leksik ma’noni tashiydigan ikki va undan ortiq so‘zlarning birlashuvidan hosil bo‘ladi. Faqat bitta ma’no anglatadi hamda bitta urg‘uni oladi. So‘zning qisqartmasi degan ma’noni anglatuvchi abbreviatura odatda so‘z yoki iboradagi harflardan hosil bo‘lgan, og‘zaki va yozma tilda qulaylik beruvchi lisoniy qo‘llanish turidir. Shu bilan birga, ko‘p so‘z yoki iboralarning qisqartmasi, ayniqsa, idora va tashkilotlar nomlarini ifodalashda qulaylik yaratadi. Shuningdek, qisqartma so‘z, atama yoki tegishli ismni o‘z ichiga olgan bir yoki bir nechta harflar bilan yasalgan qisqartma ramziy belgi sifatida xotirada yaxshi saqlash vazifasini bajaradi. O‘zbek tilidagi darslik hamda manbalarda ot so‘z turkumini guruhlarga bo‘lib, alohida guruh sifatida – qisqartma otlar ya’ni abbreviaturalar ajratilgan. Abbreviaturalarning qisqartirilganlik, ixchamlanganlik kabi o‘ziga xos belgilariga ko‘ra, ajratilishi ham aslida ularning ma’lum bir usul (abbreviatsiya usuli)da yasalganiga ishora qiladi. Demak, yuqoridagilardan kelib chiqib abbreviatsiya usuli ham so‘z yasalish usullari qatorida yangi yasama so‘zlarni, aniqrog‘i, yasama otlarni yasaydi, degan fikrni ilgari surishimiz va barcha darslik hamda tilshunoslik manbalariga so‘z yasalish usuli sifatida kiritishimiz zarur. Mazkur tadqiqotimizdagi o‘ziga xos jihatlar – mavzu tanlashimizdan tortib, xulosa chiqarishimizgacha, ilmiy muammo sifatida dolzarbligini asoslashimizgacha namoyon bo‘ladi. Milliy tilimizning lug‘at tizimi tarkibiy qismlaridan bo‘lgan qisqartma so‘zlar (abbreviatura)ning qo‘llanish masalalarining asosiy yangiligini aks ettirishimiz davomida tilshunosligimiz ilmidagi eng dolzarb, yillar mobaynida yechimini topmay kelayotgan muammolarga murojaat qilishimiz darkor. Ularni ilmiy-nazariy jihatdan puxta o‘rganib, yangicha konsepsiyalarini ishlab chiqishga bo‘lgan intilishni oldimizga maqsad qilishimiz kerak. Mazkur tadqiqotimizning o‘ziga xosligi – fikrlarimizning izchilligi, aniqligi, ilmiy asoslanganligi, maqsadliligi hamda yangi xulosalar bilan yakun topishida yaqqol ko‘zga tashlanishi lozim. Download 92.76 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling