Microsoft Word bu dunyoda ulib bulmaydi ziyouz com doc
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod www.ziyouz.com
Download 420.67 Kb. Pdf ko'rish
|
bu dunyoda ulib bulmaydi ziyouz com
35
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod www.ziyouz.com kutubxonasi 34 U, televizorga... o‘ta iltifotli edi! Televizorni buragichdan o‘chirar edi. Stabilizatordan o‘chirar edi. Ustidan baxmal yopib qo‘yar edi. — Bamisoli kelin, kelin! — der edi. Bugun... shahd bilan turdi. Shahd bilan bordi. Rozetkani changallab ushladi. Silkilab tortdi. Rozetkani qulochkashlab otdi. Rozetka bir burchakka tarsillab tushdi. Televizor bir aylanib... ana shu burchakka yuz burib qoldi! Kampiri eshiqdan yuz ko‘rsatdi. — Ha, rais bova? — dedi. — Choy! — deya baqirdi. Kampiri choy damlab keldi. — Tinchlikmi, rais bova? — dedi. Botir firqa yonboshladi. Oyoqlarini uzatdi. — O’lmagan jon ko‘rar ekan! — dedi. — Ha, yana nima gap? — Gap ko‘p! Moskvalik qayta quruvchilar o‘rtoq Leninni mavzoleydan olib chiqib tashlash tashabbusi bilan chiqibdi. Shuni televizorda ko‘rsatdi. — Ye tavba, Leninni-ya? Leninday bir zotni-ya? Qayoqqa olib chiqib tashlar emish? — Kim biladi, qayoqqa olib chiqib tashlaydi. Birovi, Lenin kommunistlar qabristoniga ko‘milsin, dedi. Birovi, Novodeviche qabristoniga qo‘yilsin, dedi. — Sizningcha, qaerga qo‘ygani ma’qul? — Masalaga partiyaviy yondashadigan bo‘lsak, o‘rtoq Leninni Volkovskiy qabristoniga qo‘yish kerak. Leningradda ana shunday qabriston bor. O’rtoq Leninni onasi bilan singlisiyam ana shu qabristonda yotibdi. Hayotligida o‘rtoq Leninni o‘ziyam ana shunday vasiyat qilib edi. Botir firqa tokchadan Lenin haqidagi kitobni olib keldi. Bir boshdan varaqladi. Leninni rasmlarini tomosha etdi. Lenin mavzoleyi rasmini kampiriga ko‘rsatdi. — Ana, KPSS o‘ylab topgan qasr, — dedi. — Ana, KPSS qurgan qasr. Qasr bo‘lgandayam, san’at qasri. Partiya san’ati qasri! Sehrli qasr, sirli qasr. Ana shu qasrda buyuk Lenin yotibdi. Bir o‘zi adyolga o‘ralib yotibdi. Mavzoley — KPSSni ilohiy qudrati. Shu ilohiy qudrat bor ekan — KPSS ruhi hukm suradi. KPSS mangu yashaydi! KPSS yulduzi mangu porlaydi! — Porlaydi, porlaydi. — O’rtoq Lenin hayotbaxsh zot edi, umidbaxsh zot edi. Masalan, hamma ish o‘nglab bo‘lmas darajada pachava bo‘lar edi. Oqibat, hamma o‘zini yo‘qotib qo‘yar edi. Ammo- lekin o‘rtoq Lenin o‘zini yo‘qotmas edi. U kishi, eng avvalo, dushmanlarini xatosini poylar edi. Go‘yo, taqdirga tan bergan kishi bo‘lib turar edi. Dushmanlari xatolikka yo‘l qo‘ydimi — o‘rtoq Lenin birdan oyoqqa turar edi. Dushmanlari xatosidan o‘z vaqtida, unumli foydalanar edi. O’rtoq Lenin dushmanlarini xatolari tufayli zafar qozonar edi. O’rtoq Lenin omadli zot edi. Omad deganlari hammaga ham nasib etavermaydi. Eng oxirigacha chiday olgich zotlargagina omad nasib etadi. Boshi berk ishlarda ham eng so‘nggi daqiqagacha kurasha olgich zotlargagina omad nasib etadi. O’rtoq Lenin ana shunday zot edi! Shu bois, o‘rtoq Leninga hamisha omad yor edi. — Lenin o‘z oti o‘zi bilan Lenin-da. — Mana endi, kommunistlar bitta-bittadan taslim bo‘lmoqda. Birov qo‘shqo‘llab ishini topshirmoqda. Birov qo‘shqo‘llab partiya biletini topshirmoqda. Sadqai kommunist degan nom ketgurlar. Sadqai inson degan nom ketgurlar. Yo‘q, men oxirigacha boraman. Men oxirigacha kurashaman! |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling