Microsoft Word chingiz aytmatov qiyomat lot ziyouz com doc
Download 0.94 Mb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov -qiyomat roman
www.ziyouz.com kutubxonasi
108 O’sha ilk damlarda esa u xuddi jinni bo‘lib qolgandek edi. Rost, Inga Fyodorovna buni uning issig‘i chiqayotganiga yo‘ygan bo‘lishi mumkin. Axir, faqat tentak odamgina dabdurustdan: «Doim sizni o‘ylaganimni qaerdan bildingiz?»— deb so‘raydi-da. Qiz javob o‘rniga qoshlarini hayron bo‘lib chimirdi. Shunda u yanada go‘zalroq ko‘rindi va sirli jilmayib qo‘ydi. Agar qiz shu bema’ni, maza-matrasi yo‘q so‘zlarni bachkanalik va yoki suyuqlik deb qabul qilsa bormi, Avdiy unda hech qachon o‘zini kechirmas, umr bo‘yi qiynalib o‘tardi. Lekin Xudoning marhamatchiligi, qiz uning so‘ziga alohida ahamiyat bermadi. Bunga odob-ikromi yo‘l qo‘ymadi. Shundan so‘ng ular qizning Uchquduqqa mototsiklda borgani, birinchi marta qanday ko‘rishganlarini kula-kula eslashdi. Avdiy shu unutilmas uchrashuvdan bir kun keyin cho‘lda Petruxa va Lyonka degan chopar bolalar bilan vertolyotdan qochib o‘tlar ichiga berkinganlarini gapirib berdi. Inga Fyodorovna qotib-qotib kuldi. Ma’lum bo‘lishicha, Inga Fyodorovna vertolyotga Toshkentdan kelgan maxsus ilmiy ekspeditsiya bilan birga uchgan ekan. Toshkentdagi ilmiy-tekshirish institutlaridan biri yovvoyi nashani u o‘sadigan yerlarda kimyoviy-biologik quritish ustyda shug‘ullanayotgan ekan. Shunda Avdiyga bang bilan kurash ikki tomonlama olib borilayotganligi ayon bo‘ldi: ham giyohvandlik yo‘qotilmoqchi, ham og‘uli giyohlar quritilmoqchi. Lekin buni hal qilish dunyoning hamma joylarida ham oson emasga o‘xshaydi. Inga Fyodorovnaning tushuntirishicha, nashaning o‘sishi va ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaydigan kimyoviy dorilarni topish qiyin emas. Ammo bu usul nashadan ham battaroq falokatga sababchi bo‘ladi, u yerni xarob qiladi. Va u kamida ikki yuz yilga ishdan chiqadi. Giyohvandlik bilan kurash yo‘lida tabiatni xonavayron qilish — bu ham aqldan emas: tayoqning ikki uchi bor. Inga Fyodorovna olib borayotgan ilmiy-tekshirish doirasiga shu murakkab tabiat muammolarini yechishning eng oqil yo‘llari va usullarini axtarish ham kirardi. O, Xudoyim-ey, deb o‘ylardi Avdiy, agar tabiat fikr qilish qobiliyatiga ega bo‘lganda, o‘z holicha o‘sib yotgan giyohlar bilan insonning ma’naviy buzilishi o‘rtasidagi dahshatli o‘zaro bog‘liqlik uning yelkasiga qanchalar og‘ir yuk bo‘lib tushardi. O, dahmaza!.. * * * Avdiy Kallistratov Inga Fyodorovna bilan o‘rtalarida tug‘ilgan munosabatlarni «taqdirimda yangi davr» deb atar va bunda rostdan ham, hech qanday mubolag‘a yo‘q edi. Ona shahriga qaytib kelganining naq ertasigayoq qizga uzundan-uzoq xat yozdi. Bu-ku, mayli. Lekin yo‘lda poezd besh daqiqadan ko‘p to‘xtagan har bir bekatdan otkritkalar yozib jo‘natganligini aytmaysizmi. Bu oddiy oshiq-ma’shuqlikka o‘xshamasdi. Avdiy o‘z hayot yo‘lida Inga Fyodorovnani uchratgandan beri shunchalar hayajon hamda iztiroblar ichida yashar ediki, bularni aslo aqlga sig‘dirib bo‘lmasdi. U qizga yozardi: «Menga nima bo‘lyapti — hech aqlim yetmaydi! O’zimni vazmin, bosiq odam, deb hisoblardim. Aqlim ham, tuyg‘ularim ham, bir-birlariga ravon, uyg‘un edi. Endi esa, hatto nima qilayotganimni o‘zim bilmayman. Darvoqe, hech narsani bilishni, tahlil etishni istamayman. Nega shunday, hayronman. Boshimga xuddi tog‘ ko‘chkisiday baxt yog‘ildi. Men shu ko‘chkining tagida qoldim. Bir hujjatli filmda ko‘rgan edim — oppoq qor tog‘ ko‘chkisi yo‘lida uchragan jamiyki narsalarni sovurib, ergashtirib ketadi. Shunday ko‘chki mening ustimga ham yog‘ildi. Dunyoda boshqa bunday baxtiyor odam yo‘q, bo‘lmagan ham; omadim bor ekan, men xuddi nog‘orasini chertib o‘yinga tushayotgan yovvoyi odamga o‘xshayman. Shu yoz boshimga yog‘dirgan barcha nag‘malari uchun taqdirimdan roziman: axir, u meni tirik qoldirdi, hayot qiynovlariyu girdoblarini ko‘rish imkonini berdi; boshqa yana qayda ko‘rish mumkin bularning barini. Bir shaxs doirasidagi muhabbat — bu chinakam ruhiy inqilob, derdim! Shunday ekan, unda yashasin ruhiy inqilob! Sovurguvchi va qayta yaratguvchi! Bosholmon so‘zlarim uchun kechir, Inga. Lekin men seni sevaman! Men uchun qanchalar aziz ekanligingni ifodalay olmayman, bunga so‘zim ham, kuchim ham yetmaydi... Ijozat et, nafasimni rostlab olay. Redaktsiyaga bordim. Hammasini muxtasar gapirib berdim. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling