Microsoft Word davron ziyouz com doc
Download 233.92 Kb. Pdf ko'rish
|
davron ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
6 bo‘lmaydi. Shunday ekan, Niyoz so‘ppayib qolgan artist ham emas. «Hayot teatri»ning yana bir jihati borki, unda rol o‘ynayotganlarning ayrimlari niqobsiz, grimsiz harakat qiladi. Bundaylardan faqat nafratlanasan-u, ammo u qadar xavotirlanmaysan. Ayrimlari esa botinan niqoblangan bo‘ladi. Bulardan nafratlanishni bilmaysan. Chunki zimdan ish ko‘ruvchi odamga zimdan nafrat bildirish behuda. U bilan do‘st bo‘lishni ham, bo‘lmaslikni ham bilmay gangib yurasan. Niyoz xuddi shu toifadan. Bir kunda o‘nta odam bilan uchrashsa, o‘n xil niqobda, o‘n xil muomala qiladi. Qay gapi samimiy, qay gapi soxta ekanini xudosi ajratib bermasa, bandasi hal qilishi mushkul. Niyoz Davronni ko‘rishi bilan qulochini keng yoyib keldi-yu, ammo qo‘l berib ko‘rishdi. Vaziyatni aniqlash uchun vakil sifatida tashrif buyurganini ma’lum qilib ishlar bilan tanishish istagini bildirdi. Davron uni atayin tuprog‘i ko‘pchib yotgan yo‘ldan boshladi. Past bo‘yli, to‘ladan kelgan Davron ildam odimlaydi. Niyoz esa xuddi portlovchi moddani bosib olishdan qo‘rqqanday ehtiyotlik bilan qadam bosadi. U Davronning ortidan bir oz yurib do‘nglikka chiqdi-da, tuproqqa qorishgan shimining pochasini qoqib to‘xtadi. — Meni qayoqqa boshlayapsan? Yumronqoziqqa o‘xshab o‘yib yotganlaringni ko‘rib turibman. Menga topilgan narsalarni ko‘rsat. — Institutda ko‘rmadingmi? — Besh-oltita sopol parchasini ko‘rdim, — dedi Niyoz istehzo bilan. — Afrosiyobni qazishayotganda ham dastlab sopol parchalari chiqqan, deyishadi? — Davron hamrohining istehzosiga kinoya bilan javob berdi. Niyoz yon cho‘ntagidan sigara olib labiga qistirdi. Ammo o‘t oldirmadi. Uning bunday viqor bilan turishi ilm olamining vakilini emas, balki gangsterlar boshlig‘ini eslatardi. Niyoz atrofni kuzatgan bo‘lib indamay turdi. Keyin sigaraning uchini tishlab tashladi-da, tutatdi. — Afrosiyobni, deysanmi? — U sigaraga hali uncha o‘rganmaganmidi yoki qattiqroq tortib yubordimi, har nechuk yo‘tali tutib so‘zini davom ettirolmadi. — Hatto Pompeyada ham, — dedi Davron yana kinoya ohangi bilan. Niyoz sigarani qutisiga joylab, cho‘ntagiga soldi. — Pompeya bilan Afrosiyobning vaqti o‘tdi, oshna. Sen bilan mening chekimga bunday zo‘r ishlar tushmagan. Shuning uchun ko‘rpaga qarab oyoq uzatib yuraverish kerak. Og‘rimagan boshni og‘ritishdan nima foyda? — Agar odamda bosh bo‘lsa og‘rib turgani ham ma’qul. Ba’zilariniki butunlay og‘rimaydi, deyishadi. Ular boshlari borligini ham unutib qo‘yishsa kerak... Niyoz Davronning nimaga shama qilayotganini tushunib, qoshlarini chimirganicha qarab qo‘ydi. — Ilmiy kengash ma’lumotlaringda arzirli fikr yo‘q, degan qarorga kelibdi. — Ayrim bilimdon o‘rtoqlar shunday deb ilmiy kengashni chalg‘itgandir? Davron endi Niyozning «ildizini» — rahbarlik lavozimlaridan birini egallab turuvchi qarindoshini nazarda tutgan edi. — Men bu yerga ayrim odamlarning istagi bilan kelganim yo‘q. — Agar ilmiy kengash sen aytgan qarorda bo‘lganida qadam ranjida qilishingga mutlaqo hojat qolmasdi. Ishni to‘xtatish haqida qat’iy buyruq yuborishardi. Shunday emasmi? — Balki... Lekin men yomon niyatda kelganim yo‘q. Pichingsiz gaplashsak bo‘laveradi. Sen meni yoqtirmaysan, buni yaxshi bilaman. Men ham seni ko‘ray, deb sog‘inib kelmaganman. Buni o‘zing tushunib turibsan. Shunday ekan, erkak kishining ochiqchasiga gaplashgani durust. O‘rtamizda qarz yo‘q. Amal ham talashmaymiz. Men o‘z nasibamni, sen o‘zingnikini terib yuribsan. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling