Savol: Zakotni duch kelgan kishiga berib bo‘lmaydi, deb eshitdim.
Buning shartlari qanday bo‘ladi?
Javob: Zakot quyidagilarga beriladi: «Albatta, sadaqalar (ya’ni, zakotlar) Alloh
tomonidan farz bo‘lgan holda faqat faqirlarga, miskinlarga, sadaqa yig‘uvchilarga,
ko‘ngillari (Islomga) oshno qilinuvchi kishilarga, bo‘yinlarni (qullarni) ozod qilishga,
qarzdor kishilarga va Alloh yo‘lida (ya’ni, jihod yoki hajga ketayotganlarga) hamda
yo‘lovchi musofirlarga berilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir» (Tavba surasi, 60-oyat).
1. Faqirlar. Nisob miqdoridan kam mablag‘i bor yo nisob miqdoricha mablag‘i zaruriy
ehtiyojlariga sarflangan kishilar.
2. Kambag‘allar. Hech narsasi yo‘q, faqirdan ham muhtoj kishilar.
3. Sadaqa to‘plovchi kishilar. Ular davlat rahbari tomonidan zakot va sadaqalarni
(xalqdan) yig‘ish topshirig‘i berilgan kishilardir. Badavlat bo‘lsalar ham, vazifalari sababli
ularga zakot mollaridan bir miqdor beriladi.
4. Qalblari (Islomga) og‘dirilishi zarur bo‘lganlar. Bular Payg‘ambarimizning (s.a.v.):
a) musulmonlikni tanlab, Allohga imon keltirishlarini;
b) dinga zarar berishlarining oldini olishni;
v) imonlarini kuchaytirib, haqiqiy musulmon bo‘lishlarini xohlagan kishilardir.
5. Mukotablar, ya’ni ma’lum miqdorda mol evaziga ozod bo‘lishlari xususida
xo‘jayinlari bilan shartnoma tuzgan qullar.
6. Qarzdorlar, ya’ni qarzini to‘lashdan ojiz bo‘lgan kishilar.
7. Alloh yo‘lidagilar. Bular hayotlarini Alloh yo‘lida kurashga bag‘ishlab, Islom dini
shuhrati yuksalishi uchun xizmat qilgan faqir askarlar.
8. O’z diyoridan (va u yerdagi mulkidan) uzoqqa ketgan (ularni keltirishdan ojiz
bo‘lgan) musofirlar.
Badavlat kishining faqir katta o‘g‘liga, badavlat kishining faqir xotiniga, farzandi boy
bo‘lsa-da, uning faqir otasiga zakot berishi joiz.
O’z qishlog‘i va shahrida faqir kishilar bo‘laturib, zakotni boshqa qishloq-shahardagi
muhtoj kishilarga yuborish makruhdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |