Microsoft Word ernest xeminguey chol va dengiz lot ziyouz com doc
Download 260.98 Kb. Pdf ko'rish
|
Chol va dengiz
www.ziyouz.com kutubxonasi
37 eshkakni burab-burab oldi va akula baliqdan ajralib ketganday so‘ng dedi: — Jo‘nab qol, galano menga desa, dengiz qa’riga gumdon bo‘l. U yerda chiqoning bilan yuz ko‘rishgin. Kim biladi, balki u sening onang edimi? Chol pichoq damini artdi va eshkakni qayiq ichiga qo‘ydi. Keyin yelkanni yoydi, shamol uni to‘ldirgach, qayiqni avvalgi yo‘liga qarab burdi. — Ular baliqning, harqalay, chorak bo‘lagini olib ketishdi, bunisi ham mayliga-ya, yana go‘shtning sarasini olib ketganiga o‘lasizmi,— dedi u ovoz chiqarib.— Ulay agar, bularning bari bir ro‘yo bo‘lib qolishini, baliq ham qo‘limga tushmagan bo‘lishini xohlardim. Mana shunday bo‘lib chiqqani juda yomon bo‘ldi-da, baliq, juda yomon bo‘ldi. Chol jimib qoldi, endi uning baliqqa qaragisi kelmasdi. Tanasida qondan asar qolmagan, bo‘kkan, shabbi-shalabbo bo‘lgan bu baliq ko‘zgular ortiga sur-tiladigan siramalgama tusiga kirgan, ammo yo‘l- yo‘l tasmalari hali hamon o‘z izini yo‘qotmagan edi. — Men dengizda bunchalik olisga ketib qolmasligim kerak edi,— dedi u.— Shunaqa bo‘lib qolgani juda-juda yomon bo‘ldi, baliq, juda-juda yomon bo‘ldi. Senga ham, menga ham. «Qani, bo‘l, anqayma!—dedi u o‘ziga o‘zi.—Pichoq bog‘langan arqon qirqilib ketmadimikin, qarab qo‘y. Qo‘lingni ham qayg‘usini qil, chunki ish hali tamom bo‘lganicha yo‘q». — Qurib ketsin, qayroqning bo‘lmagani chatoq bo‘ldi,— dedi chol eshkak dastasidagi arqonni ko‘zdan kechira turib.— O’zim bilan qayroq olib kelishim ke-rak edi. «O’zing bilan bu yerga ola kelishing kerak bo‘lgan narsalar son ming edi, qariya,— deb o‘yladi u.— Nima qilasan endi, olganing yo‘qmi, olganing yo‘q. Hozir nima bor, nima yo‘q deb o‘y o‘ylashning vaqti emas. Qo‘lingdagi narsalarning o‘zi bilan ish bitirishning payida bo‘l». — Obbo-ey, maslahat qilaverib jonga tegding-de!—dedi u ovoz chiqarib. Chol rumpelni qo‘ltig‘iga qistirdi va ikkala qo‘lini suvga soldi. Qayiq olg‘a ketib borardi. — O’sha, keyingi akula go‘shtning qanchasini urib ketdi, xudoyimning o‘zi biladi,— dedi u.— Ammo ketganda baliqning toshi ketdi. Baliqning rasvoyi olam qilingan qorni to‘g‘risida cholning o‘ylagisi kelmasdi. U akulaning qayiqqa ko‘rsatgan har bir turtkisi yulqilab olingan bir bo‘lak go‘shtni bildirishini, baliq bo‘lsa, dengiz bo‘ylab xuddi katta karvon yo‘liday keng, dunyodagi barcha akulalar uchun ochiq yo‘l qoldirayotganini bilardi. «Bunaqa baliq odamni butun qish bo‘yi boqib chiqishi mumkin edi... Qo‘y, buni o‘ylama, chol! Dam olgin, qo‘lingni epaqaga keltirishga harakat qil, chunki hali bor bud-shudingdan ayrilganingcha yo‘q, qolgan-qutgan narsalarni saqlab qolishning payida bo‘lishing kerak. Qo‘llarimdan kelayotgan qon hidi — anavi baliqning suvdan anqiyotgan hidi oldida ip esholmaydi. Bundoq desam, qo‘llarimdan qon ham oqayotgani yo‘q. Nafsilamrga, chuqur tilingan emasda. Ko‘p emas, ozgina qon oqizilgan bo‘lsa, chap qo‘lni tomir tortishish balosidan asraydi. Nimaning o‘yini sursam ekan hozir? Nimani bo‘lardi? Hech narsani. Yaxshisi, hech vaqoni o‘ylamaganim ma’qul. Akulalarni kutishim kerak, vassalom. Qaniydi, bularning bari tush bo‘lib qolsa. Darvoqe, kim bilsin, hali ishning dovi yurishi mumkindir. Bilib bo‘larmidi buni?» Keyingi akula yolg‘iz o‘zi suzib keldi, bunisi ham kerik burunlar sirasidan edi. Kelganda ham, tosini qo‘msagan to‘ng‘izday bo‘lib keldi, zotan odam boshini bir yo‘la, paqqos yamlab yutish uchun cho‘chqada bunday yalmog‘iz og‘iz yo‘q, xolos. Chol uning baliqqa tashlanishiga qo‘yib berdi, shundan keyingina eshkakka mahkamlangan pichoq bilan boshiga tushirdi. Ammo baliq yelkasiga dumalarkan, o‘zini orqaga otdi. Pichoq tig‘i sindi. Chol rulga o‘tirdi. U hatto akulaning dam o‘tgan sayin kichrayib, nihoyat zig‘irdakkina bo‘lib ko‘ringan-cha, cho‘kib borishiga ham qaramay qo‘ydi. Avvallari bunday manzaradai u ko‘z uzolmasdi. Biroq hozir uning qayrilib qaragisi ham kelmadi. — Qo‘limda endi changakkina qoldi,— dedi u.— Ammo uning nima nafi ham tegardi? Menda yana ikki eshkak, rumpel va to‘qmoq bor. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling