Microsoft Word ihyo qalb ziyouz com doc
Nafs, ruh (jon), qalb va aqllarning ma’nolari hamda bu lafzlar bilan nima iroda
Download 458.82 Kb. Pdf ko'rish
|
Ihyou ulumid-din. Qalb kitobi [@kitob nuri]
- Bu sahifa navigatsiya:
- «Ruh yolg‘iz Parvardigorim biladigan ishlardandir»
Nafs, ruh (jon), qalb va aqllarning ma’nolari hamda bu lafzlar bilan nima iroda qilinganligini bayon etish to‘g‘risidagi bob Bilingki, ushbu bobda gap asosan shu to‘rtala lafz - nafs, ruh (jon), qalb va aql xususida ketadi. Bu lafzlarni to‘laligicha - uning ma’nolari har xilligi, chegaralari bilan, uning nomlanish sabablari bilan biladigan kishi katta ulamolar ichida ham oz topiladi. Ko‘p xatolarning kelib chiqishi bu lafzlarning ma’nolarini va uning yana boshqa har xil nomlangan narsalar bilan mushtarakligini bilmaslikdandir. Biz quyida bahsimiz mavzuiga taalluqli bu lafzlarning ma’nolarini sharhlaymiz. Avvalgisi «qalb» lafzi bo‘lib, u ikki xil ma’no uchun ishlatiladi. Birinchisi - ko‘krak qafasining chap tomoniga joylashtirilgan sanavbar (ignabarg daraxt turi) daraxti shaklidagi bir bo‘lak go‘shtdir, uning ichi bo‘shliq bo‘lib, ana shu bo‘shliqda qora qon bor. U ruhning bulog‘i va ma’danidir. Lekin hozir qalbning shakli va ko‘rinishini sharhlash Ihyou ulumid-din (Qalb kitobi). Abu Homid G’azzoliy www.ziyouz.com kutubxonasi 3 maqsadida emasmiz. Zero, bu tabiblarga taalluqli masaladir. Diniy-ilmiy maqsadga oid joyi ham yo‘q. Biz shaklini zikr qilgan qalb chorva hayvonlarida ham, o‘liklarda ham mavjuddir. Biz bu kitobda «qalb» lafzini keltirar ekanmiz, unda bu ma’noni nazarda tutmaymiz. Chunki u qadrsiz bir bo‘lak go‘sht, xolos. U mulk va shahodat olamidandir. Zero, odamlardan tashqari chorva hayvonlari ham ko‘rish hissiyoti bilan uni biladi. Ikkinchi ma’no - Robbimiz bandalariga ato etgan ruhoniy bir narsadirki, uning jismoniy qalbga bog‘liqligi bor. Ana shu ilohiy ne’mat insonning asl mohiyati, haqiqatidir. U insonning idrok qiluvchisi, biluvchisi va tanuvchisidir. Xitob qilinadigan, jazolanadigan, itob qilinadigan va talab qo‘yiladigan ham udir. Uning jismoniy qalb bilan mustahkam aloqasi borki, ko‘p insonlarning ana shu mushtaraklik holatini bilishga aqllari yetmay qoladi. Chunki ruhoniy qalbning jismoniy qalbga bog‘liqligi arazning, ya’ni shakl- ranglarning jismlarga, sifatlarning sifatlanuvchiga, biror asbob ishlatuvchining o‘sha asbobga, bir yerga o‘rnashgan kishining o‘sha o‘ringa bog‘liqligiga o‘xshaydi. Biz bu o‘rinda ikki narsa sababidan mazkur bog‘liqliklarni sharhlashdan tiyilamiz. Birinchisi - albatta u mukoshafa (kashf etish) ilmlariga tegishlidir. Bizning bu kitobdan ko‘zlaganimiz esa faqat muomala ilmlaridir. Ikkinchisi esa - qalbning haqiqatini bilishga urinish sir tutilgan ruh ishini oshkor qilishni taqozo etadi. Ruh ishi esa hattoki Rasululloh sollallohu alaihi vasallam u to‘g‘rida gapirmagan mavzulardandir. Shunday ekan, u zotdan boshqa kishilarning bu to‘g‘rida gapirmoqligi joiz emas. Demak, agar bu kitobning qaerida «qalb» lafzi zikr qilinsa, albatta undan yuqoridagi ilohiy ne’mat ma’nosini ko‘zda tutamiz. Maqsadimiz qalbning mohiyat-haqiqatini emas, balki uning sifat-holatlarini bayon etishdir. Zero, muomala ilmi qalbning mohiyat-haqiqatini emas, uning sifat-holatlarini tanishga muhtoj bo‘ladi. Ikkinchi lafz - «ruh»dir. U ham ikki xil ma’noda keladi. Birinchisi - u ko‘zga ko‘rinmas bir jism, uning manbai jismoniy qalbning, ya’ni yurakning bo‘shlig‘idir. Bas, u yerdan uruvchi tomirlar orqali badanning boshqa a’zolariga tarqaladi. Badanda ruhning yurishi, undan a’zolarga hayot, sezish, ko‘rish, eshitish va hidlash kabi hayot nurlarining oqib chiqishi go‘yo uyning burchaklarida aylantirilayotgan chiroqdan taralayotgan nurga o‘xshaydi. Chunki chiroq uyning qaysi burchagiga bormasa, faqat o‘sha yer yorishadi. Hayot bir devorda hosil bo‘lgan nurga o‘xshaydi. Ruh esa go‘yo chiroqqa o‘xshaydi. Ruhning ichkarida yurishi uyning atrofida bir harakatlantiruvchining qo‘zg‘ashi bilan harakatlanishiga o‘xshaydi. Tabiblar ham «ruh» lafzini tilga olishganida unda shu ma’noni nazarda tutishadi. U bir ko‘zga ko‘rinmas bug‘ki, uni qalbning harorati pishiradi, deyishadi. Buni sharhlash bizning vazifamiz emas, zero bu badanlarni muolaja qiladigan tabiblarning maqsadlaridir. Ammo bu qalblarni olamlarning Robbi yaqinligiga yetaklashga qadar davolovchi din tabiblarining maqsadlaridir, bas, bu ruhni sharhlashga aslo taalluqli emas. Ikkinchi ma’no - u insondagi biluvchi va idrok qiluvchi bir ilohiy ne’matdir. Bu haqda qalb ma’nolarining ikkinchisini sharhlaganimizda aytib o‘tdik. U Alloh taoloning quyidagi oyati bilan iroda qilgan narsasidir: «Ayting: «Ruh yolg‘iz Parvardigorim biladigan ishlardandir» (Al-Isro surasi, 85- oyat). |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling