Microsoft Word +++Jinoyat huquqi Umum. Rustambayev 2006. doc
Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining turlari
Download 1.81 Mb. Pdf ko'rish
|
Jinoyat huquqi Umum.Rustambayev 2006
3. Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining turlari.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari turlari va qo‘llash tartibi, shuningdek,, ularning muddatini uzaytirish, o‘zgartirish va bekor qilish asoslari belgilab qo‘yilgan. Jinoyat kodeksi 93-moddasida tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining quyidagi turlari ko‘rsatilgan.: a) majburiy ambulatoriya kuzatuvida bo‘lish va ruhiy kasallik mutaxassisida davolanish; 509 b) umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanish; v) umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasining sog‘liqni tiklash maxsus bo‘linmasida majburiy davolanish; g) kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida yoki bo‘linmasida majburiy davolanish. Yuqorida ko‘rsatilgan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralaridan birini tayinlash uchun sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavfliligi va kasalning ruhiy holati asosiy mezon bo‘lib hisoblanadi. Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash orqali nafaqat shaxsni davolash va ijtimoiy hayotga moslashtirish, balki, tibbiyot muassasalari ularning sog‘lig‘i va xulqini kuzatuvi natijasida ularni jamiyatdan ajratilishi ta’minlanadi. Sud tibbiy yo‘sindagi qanday majburlov chorasini qo‘llash masalasini hal qilishda Jinoyat kodeksida belgilangan holatlarni e’tiborga olishi kerak. Birinchi turdagi tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi (majburiy ambulatoriya kuzatuvida bo‘lish va ruhiy kasallik mutaxasisida davolanish), Jinoyat kodeksi 94-moddasi «a» bandiga muvofiq ruhiy kasalligi zo‘rayib ketayotganligini ko‘rsatuvchi alomatlar bo‘lmagan, shuningdek, ruhiy holati vaqtincha buzilgan ruhiy kasallarga nisbatan, bunday kasalliklarning qaytarilmasligi va yangi ijtimoiy xavfli qilmish sodir etmasligi uchun tayinlanishi mumkin. Odatda majburiy ambulatoriya kuzatuvi ostida davolash aybdorning yashash joyidagi poliklinikada psixiatr yoki psixonevrolog tomonidan amalga oshiriladi Bunday shaxslar dispanser hisobida turib, vaqti-vaqti bilan davolash ko‘rigidan o‘tkaziladi, salomatligi tiklangach dispanser hisobidan chiqariladi. Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining ikkinchi turi (umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy o‘tkaziladigan davolanish) Jinoyat kodeksining 93-moddasi «b» bandida ko‘rsatilgan. Bu davolash turi ijtimoiy xavfliligi ruhiy holati bilan bog‘liq bo‘lgan, umumiy asoslarda davolash talab etiladigan ruhiy kasallarga nisbatan tayinlanadi. Umumiy tartibli ruhiy kasalxonalarga o‘z ruhiy holatlari va sodir etgan ijtimoiy xavfli qilmishlari xususiyatiga ko‘ra davolanishga majbur bo‘lgan shaxslar joylashtiriladilar. Bunday ruhiy kasallarning jamiyat uchun ijtimoiy xavfi katta emas. Sud ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan bunday shaxslarni doimiy vrach nazorati ostida davolashga va mehnatga layoqatliligiga qarab tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llashga majbur ekanligiga ishonch xosil qilishi lozim. 510 Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining uchinchi turi (umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasining sog‘liqni tiklash maxsus bo‘limida) Jinoyat kodeksi 93-moddasi «v» bandiga muvofiq, ijtimoiy xavfliligi ko‘proq salomatlikni tiklovchi choralarning ko‘rilishini talab etadigan, davolash choralari esa ixtiyoriy ravishda o‘tkazilishi mumkin bo‘lmagan ruhiy kasallarga nisbatan tayinlanadi. Bunday tartibli shifoxonalarda majburiy davolash bemorning xavflilik darajasiga ko‘ra tayinlanadi, bu ularning ruhiy holati va bu holatning boshqa xavfli qilmishlarni sodir etishga olib kelish imkoniyati bilan baholanadi. Maxsus tartibli shifoxonalarda odatda inson hayotiga tajovuz qilishi bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan, ruhiy holatiga ko‘ra o‘zi va atrofdagilarga xavf tug‘dirmaydigan shaxslar joylashtiriladi. Biroq bunday shaxslar majburiy tartibda doimiy davolanishga, shuningdek, doimiy ravishdagi kuzatuvga muhtoj bo‘ladilar. Shaxsga majburiy ambulatoriya kuzatuvida bo‘lish va ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanish kabi choralar qo‘llanilgan bo‘lsa, sud jinoyatni oldindani olish maqsadida shaxsni majburiy davolash to‘g‘risida qaror chiqarish bilan bir vaqtda, kasalni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirish yoxud majburiy ambulatoriya kuzatuvida bo‘lish va davolash vaqtini bekor qilish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Ambulatoriya kuzatuvi va davolashni amalga oshiradigan tibbiy muassasalar, umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan boshqariladi va davolash tartibi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qabul qilingan normativ hujjatlar bilan belgilanadi. Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining to‘rtinchi turi (kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasi yoki bo‘linmasida majburiy davolash) ijtimoiy xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan yoki o‘z xulqiga ko‘ra umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasi sharoitida davolashning imkoni bo‘lmagan ruhiy kasallarga nisbatan tayinlanadi. Shunday qilib kuchaytirilgan tartibli tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi odamning ruhiy holati o‘zi (o‘zini o‘zi o‘ldirishga urinish, badaniga turli darajadagi shikast yetkazish) va atrofdagilar uchun (boshqalarga tan jarohati yetkazish, odam o‘ldirish, o‘t qo‘yish va boshqalar) xafli bo‘lganlarga nisbatan qo‘llaniladi. Bunday shaxslar odatda og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan bo‘ladilar. Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasining bu turini qo‘llashda sud- psixiotrik ekspertizasi orqali aniqlangan holatlarga asoslanadi. Kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida bemorning davolash 511 muassasasidan qochishi va takroran ijtimoiy xavfli qilmish sodir etishini istisno etadigan qat’iy nazorat ostida davolanadi. Sud o‘z qarorida tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini belgilash bilan bir qatorda davolanish muddatini ko‘rsatmaydi. Bu majburlov chorasini qo‘llashning davomiyligi ruhiy kasallanganlik darajasiga, kasallikning davomiyligiga, davolash metodi va unga nisbatan ruhiy ta’sir etishiga hamda boshqa qator holatlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi muddatini uzaytirish, o‘zgartirish va bekor qilish ruhiy kasalliklar shofokorlari komissiyasining xulosasiga asoslangan holda sud tomonidan hal qilinadi. Buning uchun kasal ahvolining yaxshilanganligi, ya’ni uning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotganligi va sog‘ayganligi asos bo‘ladi. Agar shaxsni bir davolash muassasasidan boshqasiga, masalan, kuzatuvi kuchaytirilgan umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazish lozim bo‘lib qolsa, bu masala sud tomonidan hal qilinadi. Buning uchun kasal sog‘lig‘ining o‘zgarganligi, yani bemorning ijtimoiy xavfliligi kamayganligi asos bo‘ladi. Ba’zan buning aksi, ya’ni kasalning ahvoli yomonlashganligi bois unda xavfli vasvasa, tajovuzkorlik holatlari paydo bo‘lganida umumiy tartibdagi shifoxonadagi boshqa kasallar, tibbiyot xodimlari va xizmatchilarning xavfsizligini ta’minlash imkoni bo‘lmaganida uni umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasidan kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga ko‘chirish zarur bo‘ladi Ruhiy kasal ahvolining yaxshilanishi yoki yomonlashuvi bilan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining muddati uzaytiriladi. Muddatini uzaytirishda shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasining pasayganligi yoki o‘sganligi hisobga olinadi. Ruhiy kasalning tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashga muhtoj emasligi yoki sud tibbiy ko‘rsatkichlarga muvofiq ilgari tayinlangan majburiy davolashni bekor qilinishi mumkin va kasalni uning yashash joyidagi sog‘liqni saqlash muasasalariga joylashtirish uchun yuborish yoki mazkur shaxsni nogironlar uyi yoxud boshqa ijtimoiy ta’minot bo‘limiga yuborish masalasini hal qiladi. Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi jazoni o‘tash vaqtida ruhiy kasallikka chalingan shaxsga nisbatan qo‘llanilgan bo‘lsa, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan muddat jazo muddatiga qo‘shiladi. Ammo ruhiy shifoxonada bo‘lish muddatining bir kuni sud tominidan tayinlangan jazo muddatining qanchasiga tenglashtirib hisoblanishi Jinoyat kodeksida belgilab berilmagan. Bizning fikrimizcha qamoq jazosi, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazoniing 512 bir kuniga ruhiy shifoxonada bo‘lishning bir kuni tenglashtirib hisoblansa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasiga tayinlangan shaxslarga nisbatan amnistiya aktining huquqiy oqibatlari ta’sir qilmaydi, chunki tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxslar ijtimoiy xavfli qilmish sodir etganliklari uchun jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan hisoblanadilar. Amnistiya akti esa jinoiy javobgarlikka va jazoga tortilgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi. Agar shaxs amnistiya aktiga muvofiq ozod qilinishi lozim bo‘lsa va bu sudning qarori chiqarilguncha vujudga kelgan bo‘lsa, tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilmaydi. Bunday hollarda shaxsni ruhiy kasalxonaga joylashtirish maqsadida sog‘liqni saqlash muassasalari ogohlantiriladi. Download 1.81 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling