Operatsion talab – ayirboshlash transaksiyalariga xizmat ko‘rsatish
uchun zarur pulga bo‘lgan talab.
Real aktivlar – ko‘chmas mulk, yer, nodir metallar, san’at asarlari
kabilarda o‘z ifodasini topgan qiymatlar.
Qimmatbaho qog‘ozlar bozori – moliyaviy aktivlar oldi-sotdisiga oid
institutsionallashgan iqtisodiy munosabatlar.
Spekulyativ talab – odamlarning o‘z pul jamg‘armalarini eng ko‘p foyda
beradigan tarzda joylashtirishga intilishlari bilan bog‘liq naqd pulga bo‘lgan
talab; «ertaga» pul bozorida joylashtirish foydali bo‘ladigan «bugungi» naqd
pulga bo‘lgan talab.
Hisob stavkasi – Markaziy bank tijorat banklariga beradigan kredit uchun
olinadigan foiz.
Qarz olish orqali moliyalashtirish – qarz oluvchi ushbu mablag‘ni
kelajakda kelishilgan foizi bilan to‘lash majburiyatini olishi evaziga
investitsiyalar kiritish uchun pul mablag‘lari olishiga imkon beradigan bitim,
bunda kreditor korxona mulkining ulushiga ega bo‘lish huquqini olmaydi.
Moliyaviy aktivlar yoki qimmatbaho qog‘ozlar – shartnomada
kelishilgan shartlar asosida kelgusida to‘lovlar olish uchun shartnomaviy
huquq.
Moliyaviy vositachilar – aholining pul mablag‘larini keyinchalik tijorat
asosida investorlar ixtiyoriga berish uchun jamlovchi turli moliyaviy institutlar
(banklar, o‘zaro va pensiya jamg‘armalari, sug‘urta kompaniyalari).
Fond birjasi – qimmatbaho qog‘ozlarning bozor narxlari (kurslari)
o‘rnatiladigan va oldi-sotdi yuz beradigan joy.
Budjet taqchilligi – davlat xarajatlari uning daromadlaridan ortiq bo‘lgan
vaziyat. Budjet profitsiti yoki ortiqchasi, davlatning bir yil mobaynida kelib
tushadigan soliq tushumlari va boshqa daromadlari yig‘indisi uning
xarajatlaridan ortiq bo‘lgan holda yuzaga keladi. Muayyan davr mobaynida
davlatning daromadi va xarajatlari teng bo‘lsa, budjet muvozanati yuzaga
keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |