Banklarning umumiy kapitali – banklarning o‘z faoliyatlarini (bank
operatsiyalarini) amalga oshirish uchun mo‘ljallangan moliyaviy resurslari
bo‘lib, u banklar tomonidan turli manbalar orqali jalb etilgan pul kapitalidan
iborat. Banklarning umumiy kapitali xususiy kapital bilan bir qatorda undan bir
necha barobar ko‘proq bo‘lgan, jalb etilgan kapitalni ham o‘z ichiga oladi.
Banklarning nizom jamg‘armalari – banklarning doimiy tasarrufida
bo‘lgan moddiy va pul mablag‘lari yig‘indisi bo‘lib, ularning miqdori banklar
tashkil topgan chog‘da nizomda qat’iy belgilab qo‘yiladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 30 ta bank faoliyat ko‘rsatib, shundan
uchtasi davlat banklari, 13 tasi aksiyadorlik tijorat banklari, 9 tasi xususiy
banklar, 5 tasi xorijiy kapital ishtirokidagi banklar hisoblanadi. Banklarimiz
kapitalining yetarlilik darajasi 23 foizdan oshadi. Bu esa banklar monitoringi
bilan shug‘ullanadigan xalqaro Bazel qo‘mitasi tomonidan belgilangan xalqaro
standartlardan qariyb 3 barobar ko‘pdir. Bank kapitalining yetarlilik darajasi
– bu jami kapitalning riskka tortilgan aktivlarga nisbati bo‘lib, u xalqaro Bazel
kelishuviga ko‘ra, kamida 8 foizni tashkil etishi kerak.
Xalqaro Bazel qo‘mitasi – rivojlangan mamlakatlar markaziy banklari
rahbarlari tomonidan 1974-yilda tashkil etilgan tashkilot. Uning doirasida
xalqaro bank faoliyatini tartibga solish muammolari muhokama qilinadi. 1975-
yilda qo‘mita tomonidan Bazel kelishuvi ishlab chiqilgan. Keyinchalik Bazel
qo‘mitasi bank faoliyati me’yorlari bo‘yicha xalqaro tavsiyalar ishlab chiqa
boshladi.
Bank depozitlari – jismoniy va yuridik shaxslarning bank muassasalariga
ma’lum muddatga va muddatsiz omonat shaklida qo‘yilgan bo‘sh pul
mablag‘lari.
Umumiy aktivlari mamlakatimiz bank tizimining 90 foizdan ortig‘ini
tashkil qiladigan 14 ta tijorat banki «Fitch Reytings», «Mudis» va «Standart
end Purs» kabi yetakchi xalqaro reyting kompaniyalarining «barqaror» degan
yuqori reyting bahosini olishga muvaffaq bo‘ldi. Bank-moliya tizimining
barqarorligi – banklarning va boshqa moliya muassasalarining o‘z majburiyat-
lari yuzasidan talablarga to‘la javob bera olishi. Bu likvidlilik, kapitalning
yetarliligi, aktivlar sifati, rentabellik ko‘rsatkichlari orqali aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |