AZON (AYTISH) KITOBI
1-bob. Azon aytishning boshlanishi (tarixi) va Olloh taoloning: «Agar namozga
azon aytgaydirsiz, mushriklar masxara qilg'aydirlar, chunkim alar Ollohga
qilinadirg'on ibodatga aqli yetmaydirg'on qavmdir» hamda «namozg'a azon
aytilsa, jum'a kunidan boshlab aytilsin!» — degan kalomi sharifi
Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «(Janob Rasululloh) odamlarni namozga
chaqirmoq uchun (avval) o't yoqmoq, zang chalmoq lozimligini aytdilar, so'ng yahudiy
va nasorolarning ibodatga qanday da'vat qilganliklari eslariga tushib, Bilolga azon
jumlalarini ikki martadan, takbir jumlalarini ersa bir martadan aytmakni buyurdilar».
Ibn Umar aytar erdilar: «Musulmonlar Madinaga kelganlarida bir yerga to'planishib,
namoz vaqtini belgilab olishur erdilar. Namozga azon aytishmas erdilar. Bir kuni
namozga chaqirmoq to'g'risida so'zlashib qoldilar. Ba'zilar: «Nasorolar zang chalgani
kabi zang chalingiz!» — desa, ba'zilar: «Yahudiylar shubbur (karnay) chalgani singari bir
narsa chalaylik!» — deyishdi. Shunda Hazrat Umar: «Namozga chaqirmoqqa bir kishini
yubormaysizlarmi?» — dedilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ey Bilol,
turg'il o'rningdan, namozga chaqirg'il!» — deb aytdilar».
2-bob. Azon jumlalari ikki marta-ikki martadan aytiladir
Anas raziyallohu anhu: «Bilolga azonning jumlalarini juft-juft qilib, takbirni toq qilib,
«Qad qomat-is-salot» ni ersa ikki marta aytmak buyurildi»,— deydilar.
Anas raziyallohu anhu: «Odamlar to'plangach, namoz vaqti bo'lganligini biror narsa
birlan ma'lum qilmak kerakligi haqida so'zlashdilar. Avval, o't yoqmak yokim zang
chalmak kerak, deyishdi. Shunda Bilolga azonni juft kilib, takbirni ersa toq qilib aytmak
buyurildi»,— deydilar.
3-bob. Takbir toq, «Qad qomat-is-salot» juftdir
Anas raziyallohu anhu: «Bilolga azon so'zlarini juft-juft qilib, takbir so'zlarini ersa toq
aytmak buyurildi»,— deydilar. Ismoil: «Ushbuni Ayyubga aytgan erdim, «Lekin, Qad
qomat-is-salot» juft aytiladir» — dedi»,— deydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |