Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik www.ziyouz.com
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
3
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik www.ziyouz.com kutubxonasi 119 Chuvrindi uyga hazin bir ahvolda qaytayotgan edi. Bugun unga onasining xastalanib qolganini ma’lum qildilar. U «yana o‘sha eski darddir» deb o‘ylab, borishga shoshilmadi. Mo‘ljaldagi ishlarni baja-rib bo‘lib, borib qarasaki, ahvol u o‘ylagandan yomonroq. Onasi ayvonda shiftga tikilib, bemajol yotibdi. — Kayfi yo‘qmi? — deb so‘radi Chuvrindi peshvoz chiqqan uy bekasiga. — Yo‘q, kechadan beri so‘ramaydi ham. — Dispanserdan nima uchun olib keldingiz? — deb so‘radi Chuvrindi uy bekasidan. — Xabar olgani borgan edim. Do‘xtirlar olib ketganingiz ma’qul deyishdi... — uy bekasi shunday deb labini tishladi. U asosiy gapni ayta olmadi. Chuvrindi shu paytgacha onasiga salom bermagan edi. Ajabki, o‘zi istamagan holda, past ovozda bo‘lsa ham salom berdi. Onasi uning ovozini eshitib, shiftdan ko‘zini olib, u tomon qaradi. Lablari titradi. Bir ozdan so‘ng yonog‘iga bir tomchi yosh dumaladi. Bu ayolni tanimagan odam uni hali oltmishga kirmaganiga zinhor ishonmas, kamida sakson yil umr ko‘rgan kampir, deb baho berar edi. Uy bekasi asosiy gapni aytolmagan bo‘lsa ham, Chuvrindi uning nima demoqchi ekanini anglagan edi. Hozir onasiga qarab «Nahotki?» degan fikr yuragiga bir lahzalik yengil titroq berib o‘tdi. Ona deyishga ham arzimaydigan bu shilta xotin o‘lsa bir tukim ham qilt etmasa kerak, deb o‘ylardi. Hozirgi ahvoliga o‘zi ham ajablandi. «Achinayapmanmi? Nega? Bu dunyoda bor bo‘ldi nimayu yo‘q bo‘ldi nima? O‘ziga yarashasini oldi. Itday xor bo‘ldi. Endi xorliklardan qutuladi. U-ku xorlikdan qutuladi. Men-chi? Isnoddan qachon qutulaman?» Chuvrindi onasiga qarab shularni o‘ylardi. Shu o‘ylari bilan yuragida g‘imirlayotgan achinish hissini bo‘g‘moqchi bo‘lardi. Onasi esa... unga qaraganicha unsiz yig‘lardi. Nima uchun yig‘layotganini o‘zi ham bilmasdi. Bu dunyodan qanday armon bilan o‘tayotganini idrok qila olmasdi... O‘g‘liga bir nima degisi kelardi, ammo tili gapga aylanmas edi... Nima desin? «Bolam» desinmi? Haqqi bormi shunday deyishga. Tuqqanidan beri biror marta «bolam» deb suymagan, endi o‘lari oldida shunday deyishga til ham bo‘ysunmaydi. Yuragida «Bolajonim!» degan faryod uyg‘onadi, ammo qotib qolgan til, bu faryodni egasiga yetkazib bera olmaydi. Yurakning tarjimoni bo‘lmish til ojiz... «Rozi bo‘lgin», desinmi? Qaysi qilgan yaxshiligi uchun rozilik tilaydi? «Roziman» desinmi? O‘g‘li zormi ekan uning rizoligiga? Bu ayolning hozirgi ahvolini bilgan odam umr bo‘yi Yaratganga munojot etib, «Yo Rabbim, meni bu bandang holiga sola ko‘rma» deb zorlanib o‘tardi. Chuvrindining onasi «bolam» deya olmayotganidan, rozi-rizolik tilay olmayotganidan o‘kinmas edi. Chunki bunday tushunchalar uni allaqachonlar tark etib ketgandi. To‘mtoqlashgan aqli ja’miki nurli tuyg‘ularni bo‘g‘ib o‘ldirib bo‘lgan edi. U yana bir necha soatlik yoki bir necha kunlik umri qolganini bilmas edi. O‘lim to‘shagida azob chekib yotardi, deyish nojoizdir, chunki u aroq topolmagan kezlari bundan battar azobga duch kelardi... Hozir yig‘lagisi keldi. Unsizgina yig‘ladi. Avvallari kulgisi kelardi, kulardi, maishat qilgisi kelardi, qilardi. Ana endi yig‘lagisi keldi... Ajab manzara: ona va o‘g‘il... Hech qachon birga bo‘lmagan, hech qachon bir-biriga mehr ko‘rsatmagan ikki tirik jon. Bu dunyoda nima uchun yashamoq lozimligini anglamagan ikki banda. Bir-birlariga aytmoqqa so‘zlari yo‘q... Mudhish manzara: hademay jon berishi mumkin bo‘lgan onasiga aytmoqqa o‘g‘ilda so‘z bo‘lmasa?! |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling