Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
116 istagan idoralariga kirib bora oladilar. Lekin bunga bitta-ikkita ahmoqni sabab qilib ko‘rsatish noto‘g‘ri. Asadbekka o‘xshagan odamlar o‘tgan tarixda ham bo‘lgan. Bunaqalar nihoyatda ziyrak, payt poylashadi. Agar hokimiyat qattiqqo‘llik ko‘rsata boshlasa, bular in-inlariga kirib ketadilar, qo‘ydek yuvosh tortadilar. Shoirlarning tili bilan aytsam, bo‘rilar qo‘y po‘stiniga o‘ralib, payt poylashadi. Bo‘rining urg‘ochisi qo‘chqordan qochsa ham baribir bo‘ri tug‘adi. Bular qo‘y po‘stagi ostida urchib yotaverishadi. Hokimiyatda bo‘shanglar paydo bo‘lsa — tamom, qo‘y po‘stini yechiladi. Hozir biz shunaqa davrning cho‘qqisiga keldik. Sen mening «qarilik gashtini surishga» qanday ketganimni bilarsan? Zohid bu voqeaning tafsilotini orqavorotdan eshitgan edi, shu bois xijolatdagi odamning kulimsirashi bilan «yo‘q», deb qo‘ydi. — Chet elda ishlab kelgan ikki odamning uyini o‘g‘ri uribdi. Iziga tushdim. Tappa bosdim. Ishonasanmi, o‘n olti-o‘n yettidagi bolalar. Pulga muhtoj ham emas. O‘g‘riboshisi kattalardan birining bolasi ekan. Ota-onasi dam olishga ketib, uyida maishat qilib yotgan ekan. Sheriklari ham o‘ziga o‘xshagan takasaltanglar. Ayblarini bo‘yinlariga qo‘ysam ham o‘zlariga suv yuqtirishmaydi. Bezgina bo‘lib turaverishdi. «Bitta telefon qilib olsam maylimi» devdi, «qani, nima qilarkin», deb ruxsat berdim. Mening xatoim shu bo‘ldi. Bola otasining yordamchisiga qo‘ng‘iroq qildi. Biz o‘g‘irlangan mollar ro‘yxatini olgunimizcha yordamchi yetib keldi. Avval yumshoq gapirdi, keyin po‘pisa qildi. Ikki soatlardan keyin bolaning otasi Yaltadan telefon qildi. Ochiq savdo bo‘ldi. Men bolalarni qo‘yib yuboradigan, u esa falon-falon narsalarni undiradigan bo‘ldi. Savdo pishmadi. Ertalab boshliq chaqirib turibdi. Yana yaxshi gap, yana nasihat, yana po‘pisa... Bularning tili birligini ko‘rib, hayron qolasan. Xipchin ushlagan joyingdan emas, egilgan yeridan sinarkan. Men xipchinning bir uchini ushlab ahmoq bo‘lib qolaverdim. Avval to‘rt xonali uyni bo‘shat, er-xotinga bir xonali ham bo‘laveradi, deyishdi. O‘g‘limning oilasi bilan chet el xizmatida ekani, hademay qaytishiga ham parvo qilishmadi. Uyni bo‘shatdim. Yangang bilan ajralib ketishimga sal qoldi. Xullas, izzat- ikromsiz qarilik gashtini surishga kuzatishdi. Bir yarim yildan keyin haligi kattaning o‘zi qarmoqqa ilindi. Bolasining ishi qayta qo‘zg‘alib, men yana ishga qaytdim. Mukofot tarzida menga endi besh xonalik uy ham berishdi. Ko‘rdingmi, ahvolni? Sen adolat tantana qildi, deb o‘ylayapsan, a? Bekor gap! — Soliev shunday deb qo‘l siltadi. — Hali kattaning aybini yana ham bo‘rttirish uchun meni eslab qolishdi. Hozirgi kattalar o‘zlarini adolatli qilib ko‘rsatishga urinishyapti. Ular boshqalarga jilmayib qarashadi, barmoqlari esa bo‘g‘zimizda. Bo‘g‘ib turib «nega yaxshi nafas olmaysan», deb bizni ayblashadi. O‘zlari esa oppoq. Mana, kechagi rahbaringni qara: Farg‘onadagi fojianing sababini qulupnay bozoridan qidirib, katta minbarda laqillatdi. Endi dumini tugishar, devdim, yana ham kattaroq amalni berib o‘tirishibdi. Yuqoridaki shunaqa ahvolmi, pastdagilarga ajablanma. — Pashshangni qo‘rib o‘tiraver, demoqchimisiz? — Bu endi har kimning vijdoniga havola. Men ko‘pni ko‘rdim. Bilganim shuki, tegirmon toshi bir xilda aylanmaydi. Lekin zamon o‘zgarguncha chidashga to‘g‘ri keladi. Ke, qo‘y, bu gaplarni, — Soliev shunday deb tizzasiga shapatiladi. — Nimaga chaqirding? — Eksgumatsiya natijasini oldim. Dastlabki ekspertiza natijasi asosan tasdiqlandi. Eksgumatsiyaga Ehsonovni chaqirtirgan edim, kelmadi. — Keladi, deb o‘ylovdingmi? — Kelishiga o‘zim ham uncha ishonmagan edim. Kelmagani bir jihatdan yaxshi bo‘ldi. Uyiga borishga bahona izlab turuvdim. — Uyida nima qilasan? — Bir ko‘ray-chi, qanday yashar ekan? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling