Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
174 Samandarning o‘limi, o‘zining sarguzashtlarini... gapirib berardi. Qariya bilan uchrashuv, uning hikoyasi xayollarini to‘zitib yubordi. Hozir to‘zonga aylangan xayollariga bandi bo‘lib, qabrga tikilganicha nest holida o‘tirardi. Qariya uyiga yaqinlashgach, Kozlov mehmonlarni olib ketajagini ma’lum qildi. Qariya uning gaplarini eshitib, bosh chayqadi. — Avval uyga kiringlar. Bir piyoladan choy ichinglar. Kecha bu yigitlar kelishgandan beri yo‘lga ko‘z tikaman. Oshga unnab qo‘yganman, hozir guruch solsam, oshdan so‘ng mayli, siz mezbonga o‘xshaysiz, ixtiyor sizda. Unga qadar Asadjon bo‘tam ham bir nima der-lar. Bugun u kishining ko‘ngillariga qaramasak bo‘lmas. Qariya shunday deb mehmonlarni ichkari kirishga undadi. Kozlov «hozir bir joyga borib kelaman», deb yigitlari bilan «Jiguli»ga o‘tirdi. Jalil oldinda, Chuvrindi unga ergashgan tarzda torroq dahlizdan o‘tib, uyga kirdilar. Uy ichi sarishta, ozoda edi. To‘rda ensiz karavot, o‘rtada dumaloq stol. Ortiqcha ashyolar ko‘zga chalinmaydi. Qariya fotiha o‘qigach, o‘rnidan turdi-da, dasturxon yoydi. Tokchadagi mayiz, turshak, bodom, yong‘oq solingan likopchalarni olib qo‘ydi. Mo‘’jaz sandiqdan non olib, pichoq bilan kesdi. So‘ng «dasturxonga marhamat qilinglar», deb chiqdi-da, dam o‘tmay choynakda choy ko‘tarib kirdi. — Siz gazda qaynagan choyga o‘rganib qolgansiz. Samovarchoyni ham bir ko‘ringlar-chi, — dedi jilmayib. Choy icha turib, qariya Jalilga qaradi: — Bo‘tam, endi haligi savolingizga javob berayin. — Unchalik shart emas, — dedi Jalil o‘ng‘aysizlanib. — Shart emas-ku, ammo qiziq-da. O‘rislarning ovloq bir makonida bu o‘zbek chol qaydan paydo bo‘ldi deb ajablanasiz-da. Aslida-ku, bu joylar keyinoq o‘risniki bo‘lgan. Bu yerlarda azaldan turk qavmlari yashab kelgan. Bu yog‘i Enasoy, u yog‘i Boyko‘l, Yoqutistonu Tuman, Jeta... Zamonaning zayli bilan endi o‘risniki bo‘lib ketdi-da. Men asli marg‘ilonlikman, bo‘tam. Dadam rahmatli hofizi qur’on bo‘lganlar. Atlas to‘qishda dadamga teng keladigani bo‘lmagan. Yigirma to‘qqizinchi yili «Hamzaxonni mullalar o‘ldirdi», deb ilmi borlarni terib, qamashdi. Dadam rahmatlini ham o‘shanda olishgan. Kosibchilik qilib ro‘zg‘or tebratayotgan odam Marg‘ilonda yashasa, Hamzaxonni Shohimardonda o‘ldirishgan bo‘lishsa... Sho‘rolarga bir bahonai sabab kerak ekan-da. Agar dadam hofizi qur’on bo‘lmaganlarida birov tegmas edi. Asadjon bo‘tam bilan taqdirimizning shu yeri o‘xshash ekan. Rahmatli dadamni boshqa ko‘rmadik. Mana shunaqangi turmalarda azob chekib o‘tgandirlar, deyman. Eslasam, hali ham yuragim o‘rtanib-o‘rtanib ketadi. Ko‘p o‘tmay bizni ham quloq qildilar. Ukrainaga tushdik. Shunisiga ham shukr qilib, dehqonchilikdan nasibamizni terib yeb yuruvdik, urush boshlansa deng. Qismatimizda bu ham bor ekan. Baquvvat yigit edim. Nemis kattalaridan birining nazariga tushibman. Xizmatkor kerak ekan, Olmoniyaga jo‘natdi. Onam, ikki ukam, singlim faryod solib qolaverishdi. Ularni shu bo‘yi ko‘rmadim. Qamoqdan chiqqanimdan keyin ham ko‘p qidirdim, yo‘q, topmadim. Nemis nima uchun menga xaridor bo‘lib qoldi, desam, u urushdan oldin Turkiyada yurib musulmonlarning ozodaligiga, to‘g‘riligiga tan bergan ekan. Biron oylardan so‘ng o‘zi ham uyiga qaytdi. Xizmatini halol bajarib yuraverdim. Men borgan joy urushdan holi ekan. Urushning tamom bo‘lganini bilmabman ham. Bir kuni xo‘jayin: «Urush tugadi, istasang uyingga qayt, istasang boshqa xizmat qil, istasang men bilan yur, Amerikaga ketyapman», deb qoldi. «Amerikada menga nima bor», deb uyga qaytmoqchi bo‘ldim. Marg‘ilonga qaytish qayda, to‘ppa-to‘g‘ri turmaga tiqdilar. Odam bolalari shu darajada to‘g‘ri yo‘ldan toyganlarki, faqat bir-birlarini aldab yashaydilar. Yolg‘on gap topilmay qolgan damdagina bir-ikki rost gapirishga majbur bo‘ladilar. Shu sababli bir-birlariga ishonmaydilar. Shu |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling