Microsoft Word shaytanat3 ziyouz com doc
Download 0.83 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
37 Kuyovini o‘limga hukm qilganida diydasi qattiq edi. Uning qat’iy fikricha, Elchinga bundan bo‘lak mukofot bo‘lishi mumkin emas edi. U «Elchinning yuragi ko‘pdan beri bir- ikki o‘qni sog‘inib qolgan», deb o‘ylardi. Aslida Elchinning yuragi Zaynab o‘g‘irlangan kunlariyoq qo‘rg‘oshin o‘qlarni yutib, tepishdan to‘xtashi lozim edi. Zaynabning keyingi taqdiri, sharmandalik chodiriga o‘ralishining sababchisi ham Asadbek nazarida Elchin edi. Asadbekning qo‘lqop kiyib olganiga Elchin ajablangandi. Holbuki, qo‘l sovqotadigan darajada ayoz tushmagan edi. Elchin to‘pponchada barmoq izlari qolmasligi uchun qo‘lqop kiyilganini, to‘pponchada Hosilboyvachchaning qotili emas, balki o‘zining barmoq izlari qolajagini qaerdan bilsin? Hosilboyvachchaga o‘q uzgan to‘pponcha Elchinda, Shomilniki esa Hosilboyvachcha qo‘lida bo‘lgach, milisa chaqirilishi mo‘ljallangan edi. Ana o‘shanda milisa bir-birini «o‘ldirgan» ikki nodon «Ish»i bilan shug‘ullana boshlardi. Rejadagi ish nihoyasiga yetay deganida Elchin ingrab yotibdi, joni qattiq ekan, o‘lmabdi. Bu xatoni tuzatish oson — bir imo qilsa bas, Chuvrindi o‘q uzadi. Lekin... imo qilishga jur’at eta olmadi. Ko‘z oldida parishon Zaynab ko‘rindi. Qulog‘i ostida uning «otmang!» degan hayqirig‘i eshitilganday bo‘ldi. Bir soniyaning o‘zida, Elchining hayoti qilga osilib turgan nafasda Asadbek o‘zi kutmagan holga tushdi. Uning ro‘parasida, parishon Zaynabning yonida Elchinni otilajak o‘qdan himoya qilganday onasi, so‘ng... xastalikdan ozib ketgan kichkina Samandar ko‘rindi. Asadbek bu holatini keyinchalik ham ko‘p o‘yladi. Onasining ko‘ziga ko‘ringanini tushunish mumkin. Onasining ruhi nabirasi Zaynabning taqdirini o‘ylab nabira kuyovning hayotini saqlab qolmoq uchun bezovta bo‘lgandir? Samandar-chi? Go‘dak ukasining ruhi nechun bezovtalandi? Bu savolga Asadbek keyinroq javob topishga harakat qiladi. Ayni damda Chuvrindi izn kutib, hojasiga tikiladi. Asadbek esa ko‘ziga ko‘rinayotgan yaqinlari oldida ojiz. Payg‘ambar afandimiz (sallallohu alayhi vasallam) namoz so‘ngida o‘ng tomonga salom berib, chap tomonga salom berishga ulguramanmi, yo‘qmi, Xudo biladi, degan ekanlar. Kishi olgan nafasini chiqara oladimi yo u nafas bilan joni qo‘shilib chiqadimi — bilmaydi. Bilmagani holda xuddi dunyoda mangu qoladiganday mag‘rur yuradi. Qorni bir kosa ovqatga to‘ygani holda doshqozonda to‘la osh bo‘lmog‘ini istaydi. Shu uchun kurashadi, yon-atrofidagilarni bosib-yanchadi. Suyagini qizg‘anib irillagan itdan kuladi, o‘zi esa faqatgina irillab qo‘ya qolmaydi, g‘anim deb bilgani birodariga tashlanadi, kekirdagidan oladi. Umri davomida bu dunyoning hoyu-havaslari deb necha odamning ruhini majaqlaydi. G‘ofil banda... o‘zicha oltmishmi yo to‘qson yilmi umr ko‘radiganday kerilib yuradi. Holbuki uning umri birgina im qoqish bilan uzilishi mumkin. Mana, hozir Asadbek birgina imlasa tepki bosiladi, o‘q ko‘z ilg‘amas tezlikda olovli iz qoldiradi-yu, Elchinning issiq qalbidan makon topadi. Tamom-vassalom. Chuvrindi hojasidan izn kutadi. U nodon banda «otarchining hayoti begimning qo‘lida», deb o‘ylaydi. U bilmaydiki, olam tig‘i joyidan qo‘zg‘olgan taqdirda ham Xudo xohlamasa, biron tomirni ham qirqolmas. Bu onda Yaratgan taqdir yozug‘iga xiyonat qilmadi — im qoqilmadi, tepki bosilmadi, o‘q o‘zining sovuq makonida qoldi. Asadbek bir zumgina ko‘zlarini yumdi-yu, temir tirnoqlar hukmidagi qalb azobidan ingrab yubordi. So‘ng Elchin qo‘lidan to‘pponchani oldi-da qasos o‘tining zabtidanmi yo kuyovini o‘limga hukm etishga jur’ati yetishmagani alamidanmi, ko‘zlarni mo‘ljalga olishni ham unutib, barcha o‘qlarni jonsiz jasadga qadadi. Chuvrindi hojasini shu paytgacha bu ahvolda ko‘rmagan edi. Shu sababli uning vajohatidan bir oz cho‘chidi. Asadbek bir necha nafas harakatsiz turgach, burilib, uy tomon yura boshladi. U endi yaqindagina mag‘rur qadamlar bilan uydan chiqqan Asadbek emas, o‘lim to‘shagi sari borayotgan xasta odam ko‘rinishida edi. Uch-to‘rt qadam bosgach, u to‘xtab, o‘girildi: — Do‘xtirga olib bor. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling