Microsoft Word shaytanat3 ziyouz com doc
Download 0.83 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
54 — Urush asoratlarini tugatyapti. Bola «Qanaqa asorat? Gapingga tushunmadim?» deganday qarab qo‘ydi. Yaxshiki «asoratlaring nima o‘zi?» deb so‘ramadi. So‘ragandami, Kesakpolvon qanday javob qaytarishni bilmay gangib qolgan bo‘lardi. To‘yib ona sutini emmagan, to‘yib non yemagan Kesakpolvon bolaning bu qilig‘iga tushunmadi. Ular panjaraga yaqin yerda o‘ynar edilar. O‘zlari o‘yin bilan band, ko‘zlari esa bir arava arang sig‘adigan ko‘chada bo‘lardi. Shu ko‘chadan ularga non olib kelishardi! Toshbaqani eslatadigan usti yopiq to‘rt g‘ildirakli arava ko‘rinishi bilan barchalarining zimiston yuraklariga chiroq yoqilar, «Non kelyapti! Non! No-on!!» degan baxtiyor ovozlar yangrardi. Har safar ularning nazarida arava ko‘proq non keltirayotganday bo‘lardi. Shu umid bilan yemakxonaga kirishib, yana o‘sha hajmdagi burda nonni ko‘rishgach, «Nega ko‘proq olib kelmaydi?» deb o‘ylashar, enagalarining «Sabr qilinglar bolalar, urush tugasin, to‘yib-to‘yib non yeymiz», degan gaplariga ishonishardi. Urush tugasa ham to‘yib non yeya olmayotgan, hanuz non tashiydigan aravani kutayotgan bolalar sabrga ko‘nikib qolgan edilar. Ana shu sharoitda bolaning bir-ikki tishlam nonga qanoat qilishi Kesakpolvon uchun ajab hol edi. U «Bola aldayapti, hali berkitiqcha yeb oladi» deb poyladi. Yo‘q, bola aldamadi, ertasiga ham, indiniga ham nonni yashirdi. Uni kunda poylayotgan Kesakpolvonning sabri ortiq chidamadi. Nonni o‘g‘irlab yedi! Biram rohatlandi, biram rohatlandi!.. «O‘g‘irlik rohat keltiradi», degan tushuncha o‘shanda tug‘ildi. Tug‘ildi-yu, ongiga muhrlandi. Oradan yillar o‘tib ham bu tushuncha zarracha o‘zgarmadi. O‘shanda dastlabki o‘g‘irlik nash’asidan mast Kesakpolvonning yo‘lini bola to‘sdi: — Nonlarimni qaytarib ber! — dedi u titroq ovozda. — Qaysi nonlaringni? — dedi Kesakpolvon undan ko‘zlarini olib qochib. Birinchi marta o‘g‘irlik qilgani uchun ham uyaldi, ham bir oz qo‘rqdi. Ko‘zlarini lo‘q qilib tik qaray olmadi. Bu odatni u keyinroq kasb qildi. — Nonlarimni sen olgansan. Nega olding? Oyimga yig‘ayotganimni aytuvdim-ku? — Noningga tekkanim yo‘q, — dedi Kesakpolvon chiyillab, — olgan bo‘lsam non ursin! — Poylab yurganingni ko‘rganman, — dedi bola bo‘sh kelmay. — Nonlarimni qaytarib ber. — Olmaganman! — deb yana chiyilladi Kesakpolvon. So‘ng himoya o‘zining mag‘lubiyati bilan yakunlajagini anglab, hujumga o‘tdi: — O‘zi oying qachon keladi? — Yaqinda keladilar. Bilib qo‘y: yana o‘g‘irlasang, o‘ldiraman! Men o‘nta odam o‘ldirganman. Sen o‘n birinchisi bo‘lasan. Odam o‘ldirish qanday bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan bola Kesakpolvonni qo‘rqitib qo‘ymoqchi edi— muddaosiga yetdi, ammo kutilmagan noxush holga ro‘para bo‘ldi. Bolaning sovuq gapidan cho‘chib tushgan Kesakpolvon homiysiga, bolalar uyining zo‘riga yugurdi. U beminnat ayg‘oqchiligi evaziga homiydan najot bo‘lishiga ishonardi. — Anov bola meni o‘ldirmoqchi, — dedi ezgin ohangda. Bu ohang zamirida «Men o‘lib ketsam sen ayg‘oqchisiz qolasan», degan ma’no ham yashiringan edi. Homiy buni angladimi yo ayg‘oqchisiga rahmi keldimi, harholda bolaning ta’zirini berib qo‘ymoq uchun chaqirdi: — Bu yoqqa kel, dushman bolasi, — dedi Homiy. — Men dushman bolasi emasman! — dedi bola titroq ovozda. U yarim kechada notanish odamlar kelib, onasini usti yopiq qora mashinada olib ketishganini biladi. Onasiga «sen xalq dushmanining xotinisan, demak, sen ham dushmansan!» deyishganini eshitgan, ammo bu ayblovning ma’nosiga tushunib yetmagan edi. Hozir bu ayblovni Zo‘rning tilidan eshitib, yuragidagi yara tirnaldi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling