Microsoft Word shaytanat3 ziyouz com doc
Download 0.83 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
75 og‘ayni. — Jalil fotiha o‘qib, o‘rnidan turdi. Ostonaga yetganida Asadbek uni to‘xtatdi. — Qayt, o‘tir joyingga, — dedi-da, sukutga toldi. Jalil «Qo‘shning yomon bo‘lsa — ko‘chib qutulasan, xotining yomon bo‘lsa — qo‘yib qutulasan, oshnang ahmoq bo‘lsa — dardingni kimga aytasan?» deb ming‘irlaganicha joyiga qaytdi. Uning o‘rnidan turib, ketmoqchi bo‘lgani shunchaki po‘pisa edi. Asadbek to‘xtatmagan taqdirda ham hovliga chiqib, so‘ng bir bahona bilan qaytardi. U «rang ko‘r, hol so‘r», deganlaridek, o‘rtog‘ining ahvolini bilib turardi, ruh azobini uncha sezmasa-da, tan azobini salqigan mijja, quruq yo‘talning o‘zidanoq his etardi. Bek akasining yo‘qlovini bildirgan yigitdan «akangning kayfiyati qanday?» deb so‘raganida u javob o‘rniga boshini sarak-sarak qilib qo‘ygandayoq, ko‘ngli bir noxushlikni sezgan edi. Agar qorong‘uda kirib kelmaganida hovlidagi inson qonlarini ko‘rardi. Ana o‘shanda o‘rtog‘i bilan savol-javobi boshqacha bo‘lardi. U hovliga kirib to‘xtagan joyida oyog‘iga ilingan qonni ko‘lmakda hosil bo‘lgan balchiq deb o‘yladi. Uyga kirib poyafzallini yechayotganda ham qonga ko‘zi tushmadi. Uning uchun bir narsa oydin — o‘rtog‘ining vujudida xastalik bor. Asadbek dilidagi yarani esa u sezmaydi. Jalil «gaping bo‘lsa, ayt» deganday o‘rtog‘iga tikilib o‘tiraverdi. — To‘g‘ri aytding, — dedi nihoyat Asadbek, — sassiq bo‘lsang ham o‘zingdan o‘tadigani yo‘q... Bolalarni ko‘rib turasanmi? — Qaysi bolalarni? — Mahalladagi... Baxtiyor, Shavkat, Rahmat, Nusrat... — Kam ko‘raman. Hamma o‘zining tashvishi bilan ovora. Birov birovdan gina qiladigan zamon emas. Anavinda Shoqosimni ko‘ruvdim. Beldan olibdi. To‘qson yashar cholday gajak bo‘lib yuribdi. — Futbol o‘ynaganimizda zo‘r edi, a? Esingdami qo‘li singani? — Esimda... sen yiqitib sindiruvding. — Men atay yiqitibmanmi, oyog‘im chalishib ketuvdi. — Sening oyog‘ing hozirgacha ham chalishadi. — Bo‘ldi, sasima. — Xo‘p, sasimadim. Menga qara, do‘xtir tanish- laring ko‘p. Shoqosimni bir qaratsang-chi? Shu yoshida qiyshayib yurishi menga yoqmayapti. — Yaxshi aytding. Zo‘r do‘xtirga qaratamiz. Jalil, oshna bolalarni bi-ir yig‘maysanmi? — Senikigami? Kelishmaydi. — Nega? — Sen ulardan o‘zingni baland tutding. Ulardan o‘zing uzoqlashding. Biz bolalikda qancha edik, hozir nechta qoldik, bilasanmi? Kozim, Rahim, Turob, Habib, Mannop... Bittasi o‘ttiz beshda ketdi, bittasi qirqida ketdi... Janozalariga bormading-ku? Sag‘irlariga bir burda non bermading-ku? — Ha, gapiraver, og‘iz o‘zingniki, tilingning suyagi yo‘q. Xudo hech bo‘lmasa sening tilingni suyakli qilib yaratganida qanday yaxshi edi... — Sen Xudoning ishiga aralashma. O‘zingni bil. Mening tilimga suyak so‘raguncha, o‘zingga imon tila. Bu gapni eshitib, Asadbek achchiqlandi. O‘rnidan bir qo‘zg‘olib olib, o‘rtog‘iga o‘qraydi. — Nima demoqchisan? Hali men imonsizmanmi?! — Bu yolg‘iz Xudogagina ma’lum. Lekin bilib qo‘y: mahallaga machit qurdirganing bilan imonli bo‘lib qolmaysan. Mingta machit qurdir-u, o‘zingning peshanang sajdaga tegmasa bir pul. — Men machitni pesh qilganim yo‘q senga. — Men ham shunchaki aytdim. Asadbek chindan ham g‘azablana boshlagan edi. Gap talashuv shu zaylda davom etsa, |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling