Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
127 tortildi. Jamshid «Hofiz aka», deb chaqirgach, «o‘ldirmaydi shekilli, jon oladigan odam chaqirib o‘tiradimi?» deb o‘yladi. Jamshid chiqib ketgach esa: «Nega chaqirdi? Biz Zaynab bilan topishdik, siz o‘limingizni kutib shu yerda yotavering», demoqchimidi?» degan xom xayoli haqiqat maqomiga ko‘tarila boshladi. «Zaynab endi kelmaydi», degan fikr bu haqiqatga quvvat berdi. So‘ng taqdirga tan berib Zaynabni oqladi: «Tashlab ketishga haqqi bor. Agar shu maraz unga baxt berolsa, baxtli bo‘lishga ham haqli!» Elchin shunday to‘xtamga kelishga keldi-yu, biroq, «bir qo‘li bilan jonimni olib, meni baxtsiz qilgan odamga ikkinchi qo‘li bilan qanday baxt tutsin?» degan savolga javob topa olmadi. Hamshiraning «gapirmasalar ham kerak» so‘zlarini eshitgach «Qani edi, ham kar, ham ko‘r bo‘lib qolsam», degan armon uyg‘ondi. Hamshira aytmasa-da, gapirolmasligi uning uchun yangilik emasdi. Uni hushsiz deb o‘ylagan do‘xtirning «umurtqa shikastlangan, bir umr harakatsiz yotadi, tildan ham qoladi», deganini eshitgan edi. Shu sababli yo‘qlovchilar kelishi bilan beixtiyor ravishda chalajon kabi ko‘zlarini yumib olaverdi. Hech kim yo‘g‘ida esa barmoqlarini qimirlatishga urindi. Oyoq panjalari ham harakatga kelganday bo‘ldi. Gapirmoqchi bo‘ldi, g‘o‘diragan tovushini o‘zi ham eshitib, yengil tortdi. «Do‘xtirlarning hamma gaplari bekor», deb o‘zini o‘zi ovutdi. Jamshid kelib ketganidan so‘ng Zaynabni kutdi. Hatto «ikkovi birga kelsa fotiha berib yuboraman», deb ham o‘yladi. U qaynotasining «mening eng katta xatoim — seni o‘ldirtirmaganim», degan gapini unutmaydi. Shunga ko‘ra, hali bu ahvolga tushmay turib, «mening eng katta xatoyim shular bilan o‘chakishganim bo‘ldi, qiziga uylanib, past ketdim», degan fikri qat’iylashgan edi. Bu yerda yotib xushi o‘ziga kela boshlagach, bu o‘yindan, bu davradan chiqish yo‘lini izladi. Nazarida birinchi qadami — Zaynabning javobini berish edi. Zaynab ko‘nglida iliqlik uyg‘ota boshlagan bo‘lsa-da, «undan ayrilish azobi yuragimni parchalab tashlamas», deb hisobladi. Asadbek olamidan qutulish baxtining saodati xotindan ayrilish parishonligidan ulug‘roq tuyuldi. Zaynabdan ajralish ahdi jon berish hukmi bilan barobar ekanini uning noqis aqli fahm etmas edi. Elchin uzoq yillar davomida muhabbat olovlari haqida ashulalar aytib yurgani bilan odamlarning qalbini bilmas edi. Ayniqsa ayol qalbining qudratini, undagi ruh to‘lqinlarini his eta olmasdi. U «Zaynab alamzada, meni hech qachon kechirmaydi», deb o‘ylab yang-lishmagan edi. To‘g‘ri, Zaynab qalbi to‘ridagi umid chinnisini sindirgan, tuproqqa qorgan odamni kechirmas edi. «Muslima kechirimli bo‘lmog‘i kerak, Ollohning roziligi uchun gunohidan o‘t, kek saqlash durust amallardan emas»ligini bilganida ham, taqdiridagi mash’um kunlarni unuta olmasdi. Biroq, unda Elchindan qasos olish rejasi yo‘q edi. To turmushga chiqquniga qadar, aniqrog‘i, «Siz... o‘shami?» deyilguniga qadar unda qasos o‘ti mavjud edi. «Otam meni xorlagan yigitni topsalar uni o‘zim o‘ldiraman», degan ahdi bor edi. Qiynab o‘ldirishning turli yo‘llarini o‘ylab, topib ham qo‘ygandi. Lekin o‘sha xorlagan odamning qiyshiq barmoqlari nikoh kechasi o‘zini oshkor qilgan damda bu ahdi — qarori bo‘g‘ildi. Bu ahdga nisbatan «Erga itoat etmoq» degan hayot qonuni ustunlik qildi. Jamshidga bo‘lgan muhabbati xurujga kirgan damlarda ham o‘sha itoat qonuniga omuxta bo‘lgan erlik juvon hayosi vujudidagi o‘ch olovini o‘chirib turdi. Elchin xotiniga xos bu fazilatlarni bilmas, his qila olmas edi. Shu sababli ham keyingi safar Zaynab yolg‘iz kirib kelganida ajablandi. Yarim ochiq eshikka qarab, Jamshidning qorasi ko‘rinishini kutdi. Zaynab erining eshikka tikilib qolganini ko‘rib, orqasiga o‘girilib qaradi. So‘ng hayron tarzda «tuzukmisiz?» deb so‘radi. Elchinning «rahmat» deyishga qurbi yetardi. Biroq, gapirishni istamay, kiprik qoqib «ha» ishorasini qildi. Ular sog‘ paytlarida ham uzoq suhbatlashishmas edilar. Shunda Elchin o‘zida bir mas’uliyat sezib, Zaynabni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan voqealarni bayon qilib |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling