Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
167 Agar dunyo aylanib, Manzuraning kelinlik onlari qaytsa-yu, deyilsakim: «Tanla, umring shu eski hovlida o‘tsinmi yoinki yangi, dang‘illama imoratda, zebu ziynatlar ichida yashashni istaysanmi?» Manzura shubhasiz, qaynona-qaynotasining umri o‘tgan, erining kindik qoni to‘kilgan shu eski hovlini, bir tishlam nonni betashvish yemoq baxtini tanlagan bo‘lardi. Ne g‘amki, insonga, ayniqsa o‘zbek ayoliga bunday tanlash huquqi berilmagan... Hozir ham bu kutilmagan sayrga erining xohishi bilan chiqdi. Qovushmagan suhbat bilan ovunib borayotgan Manzuraning zimiston ko‘ngli shomni dog‘da qoldirgan qorong‘ulikka monand ravishda yanada qoraroq chodirga burkalayotgan edi. O‘g‘illarini Moskvada qoldirib kelganidan beri tutqun qush singari potirla-yotgan yuragi tag‘in ham yorilib ketmaydi. Xudo tag‘in ham sabr beryapti. Bugundan e’tiboran hovlilarida poyloqchilarning bo‘lmasligi ham uning bezovta yuragini timdalayverdi. U erining gapiga ishonganday ko‘rinsa-da, bu harakat zamiriga kutilmagan shumliklar yashiringanini sezib turardi. Asadbek «Sen o‘sha tomonlarda yashagan bo‘larmiding?» deb o‘smoqchilab so‘raganida go‘yo eri «hozir uyga borib narsalarni yig‘ishtir, erta-indin o‘sha yoqqa ko‘chamiz», deb buyurganday yengil titrab oldi. Qo‘shnilarning beoqibatligi xususidagi taassurotidan so‘ng gaplari tugab qolganday bir oz jim yurdi. So‘ng muhim narsani eslaganday: — Restoranlarda ovqat yeyishni yaxshi ko‘rishar- kan, — deb qo‘ydi. — Xotinlarini avaylashadi-da, — Asadbek shunday deb Manzuraga qarab qo‘ydi. Xuddi xotini «Siz nima uchun meni avaylamaysiz?» deganday bo‘ldi. Asadbek qudalaridan farqli o‘laroq, restoranlarga Manzurasiz borardi. Restoranda o‘tuvchi to‘y-hashamga birga kelishsa ham ayri-ayri o‘tirishardi. Yangi uyga ko‘chib o‘tishganida Asadbek Manzuraning og‘irini yengil qilish maqsadida xizmatchi yollagan edi. Uy tutishda o‘zining yo‘rig‘i bo‘lgan Manzuraga, xizmatchi qanchalar chaqqon, qanchalar sarishtalik bo‘lmasin, baribir ishlari yoqmadi. Ayniqsa yetti yot begona ayolning uyida ivirsib yurishi malol kelib uch kundan so‘ng javobini berib yuborgan edi. Erining «nega bunday qilding?» degan savoliga «Qo‘ying, bolalar bilan o‘zimiz eplaymiz. Hamma ishni xizmatchi qilsa, bolalar tanbal bo‘lib o‘sishadi», deb javob qaytargan edi. Zaynabni uzatishgach, Asadbek yana xizmatchi yollamoqchi bo‘lganida Manzura rad etdi, Asadbek «mayli, uydagi ishlar bilan ovunadi», deb uning ra’yiga qaradi. Hozir restorandan gap ochilganidan Asadbek xotinini siylagisi keldi. Ko‘prikka yetishganida o‘ylab o‘tirmay narigi sohilga, undan esa markaz tomonga yo‘l boshladi. Restoran sari yurishganida Manzura eriga savol nazari bilan qaradi. — Qornim ochdi, bir nima yeb olaylik, — dedi Asadbek bu qarashga javoban. Restoranda odam ko‘p emasdi. Ichkari kirgan Asadbek bir zum to‘xtab, atrofga nazar tashladi. Yoshlari o‘tibroq qolgan bu er-xotinga birov e’tibor qilmadi. Burchak tomondagi stol atrofida davra qurib, sigaret tutatib o‘tirgan xizmatchi juvonlardan biri ularga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi-yu, «istagan joylariga o‘tirishsin, shunga qarab bittamiz o‘rnimizdan jilamiz», deganday yana o‘z davrasi bilan mashg‘ul bo‘ldi. Bu holda turish Asadbekning o‘ziga ham erish tuyuldi. Uzoq emas, kechagina restoran ostonasiga yetmayoq uni ta’zim bilan kutib oladiganlar qani? «Bek aka, to‘rga o‘ting...», «Beka aka, qanaqasidan quyay?», «Bek aka, bedana kabobni olib kelaveraylikmi?», «Bek aka, ashula yoqmayaptimi? Hozir ovozini o‘chiradi»... Qani bu izzatu ikromlar? Otdan tushganidan keyingi ahvol shu bo‘ladimi bundan bu yog‘iga?.. Asadbek g‘ashlanganini xotiniga sezdirmaslik uchun uni bilagidan asta ushlab, derazaga taqab qo‘yilgan bo‘sh stol sari boshladi. O‘n daqiqa chamasi vaqt o‘tgach, bo‘liqqina xizmatchi ayol yaqinlashdi-da, qanday ovqatlar borligini ma’lum qildi. Asadbek tilga olinmagan taomni so‘radi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling