Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
21 Chunki unga nisbatan bir necha barobar ko‘proq odam o‘ldirganlar ham bor. Shunday toifalar borki, ular kimnidir aybdor bo‘lgani uchun o‘ldirmaydilar, balki shunchaki jon olgilari kelgani uchungina qon to‘kadilar. Suv ichgisi kelgan odamning suv ichishi, kino ko‘rgisi kelganning tomosha ko‘rishi oddiy hol bo‘lgani kabi butunlay tanimagan odamni o‘ldirib berish ham bu toifa uchun oddiy holatdir. Ammo «Qassob»ning qotilligi bu «odatiy hol» doirasiga ham sig‘maydi. Uning jinoyatlariga oid «Ish»larda «odamxo‘r» degan atama ham uchraydi. Shunday baho bergan tergovchi, shubhasiz, yanglishgan. «Qassob» odamxo‘r bo‘lganida edi, erkagu xotinni farqlamay, aralash yeyaverardi. Holbuki u faqat xotinlarning go‘shtini xush ko‘rgan. Ufadagi tergovchi «nega faqat xotinlarni o‘ldirib, go‘shtini yegansiz?» deb so‘raganida u «xotinlarniki shirinroq bo‘lishini bilmaysizmi?»— deb javob bergan edi. Tergovchi bu yolg‘on gapga ishongan, holbuki «Qassob» erkakning go‘shtini yemagan, qaysi go‘sht shirinroq ekanini farqlashi mumkin emasdi. Ufada uning bo‘yniga to‘qqizta xotinning joni ilinganida u yana sakkiztasining nomini, o‘ldirilgan joyini aytib berdi. Bu sakkiztasining qotili sifatida sakkizta odam allaqachon hukm qilib yuborilgan edi. Ufada bu sakkiztani «Ish»ga tirkashni avvaliga xohlashmadi. Yopig‘liq qozonning yopig‘liq qolmog‘ini ma’qul ko‘rishdi. «Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi» deganlaridek, Ufadagilar sakkizta shahardagi hamkasblarining sharmanda bo‘lishlarini istashmadi. Sakkizta beayb odamning azoblanishi ularni mutlaqo qiziqtirmadi. «Qassob» esa ularning taqdirini o‘yladi, demoq to‘g‘ri emas. «Yana sakkiztasining go‘shtini yeganman», deb o‘jarlik qilib turishiga boshqa sabab bor edi. To‘qqiztaga ham, o‘n yettitaga ham bir xil jazo bo‘lganidan keyin sal shov-shuv bilan, o‘zining qarichi bilan o‘lchaganda «mardlik» bilan ketishni ma’qul ko‘rdi. «Qassob»ning o‘n yetti ayol go‘shtidan chuchvara tugib yegani haqiqat edi. Ammo o‘ldirilganlar soni o‘n yetti emas, o‘n sakkizta edi. Birinchi ayolni o‘ldirib, go‘shtini yemagan edi. Chunki uning birinchi o‘ljasi — o‘zini tuqqan onasi edi. U yashaydigan uy Sochi deb atalmish go‘zal shaharning dengiz qirg‘og‘iga yaqin go‘shasiga joylashgan edi. Go‘zal shahardagi bolaning hayoti go‘zal bo‘lavermas ekan. Ba’zan yarim tunga qadar, ba’zan tongga qadar ko‘chalarda sanqib yurishga majbur bo‘lardi. Ko‘chada qancha yurishi bir xonadan iborat uylaridagi maishatning qancha davom etishiga bog‘liq edi. Go‘daklik chog‘larida hali esi kirmagan paytlarda «otam kim, otam qani?» deb ko‘p so‘ragan. Oqu qorani ajrata boshlagach esa «otamning kimligini o‘zi ham bilmaydi» degan to‘xtamga kelib, bu savollarini bas qildi. Qo‘shni sinfda o‘qiydigan oltinsoch qiz uning o‘smirlik yuragida muhabbat deb atalmish tuyg‘uni uyg‘otganida hali onasiga nisbatan nafrati to‘lib toshmagandi. Maktabni bitirish kechasi yurak yutib muhabbat izhor etganida oltinsoch malak labini burib «meni onangga sherik qilib olasanmi?» degach, aqlini tamom yo‘qotdi. U damlarda maktabni bitiruvchilar «Sochining sururli tongi» deb nomlangan bayramni nishonlashardi. Bo‘lg‘usi «Qassob» bayramni rad etilgan muhabbatiga motam tutgan holda shampan vinosi ichish bilan boshlab, «sururli» tongni qonli barmoqlariga tikilgan holda militsiya xonasida qarshiladi. Yo‘q, u kuni onasini o‘ldirmadi. Onasi bag‘ridagi erkakka pichoq urdi xalos. Onasini qamoqdan qaytgach o‘ldirdi. U hukmni qamoqdaligida qabul qilgan edi: «bolaligimni o‘g‘irlagani uchun...» Hukm ayovsiz edi. Jinoyatga oid qonunlarda bemehr onalarga bunday jazo qo‘llanilmaydi. Nari borsa «onalik huquqidan» mahrum etiladi. Agar ona go‘dagini jismonan mahv etsa, shubhasiz, qamaladi. Ammo o‘zi dunyoga keltirgan bolasining bolaligini o‘g‘irlasa, bolaligini bo‘g‘ib o‘ldirsa — unga jazo yo‘q. Shu bois onasiga jazoni «Qassob»ning o‘zi o‘ylab topdi, o‘zi hukm qildi, o‘zi ijro etdi. Bu hukm va ijro hech bir so‘roq qog‘ozlarida qayd etilmagan. Umri fohishalik bilan o‘tgan ayol jasadining mayda-mayda bo‘laklari huzurini shahar ahlatxonasidagi itlar ko‘rishdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling