Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
51 boshlandi? O‘zini ziyrak va sergak deb hisoblovchi Asadbek nechun bu holni payqamay qoldi? Qimor o‘ynab yurgan kezlarida raqibining qarta tutgan barmoqlariga, javdiragan ko‘zlariga qarab g‘irrom o‘yin bo‘layotganini fahmlab olardi. Bu o‘yindagi g‘irromlikni nechun sezmadi? Bir kuni Kesakpolvon Asadbekka: — Ukangning tanobini tortib qo‘y, mening ildizimga bolta uraman, deb ovora bo‘lmasin, — degan edi. Shunda Asadbek yumshoqroq ohangda: — Hammamizning ildizimiz bir, bolta urilsa, baravar quriymiz, — deb javob bergan, Kesakpolvon esa, qo‘l siltab, zarda bilan: — Sen ham ukaxoningning gaplarini aytyapsan, — degan edi. Kesakpolvon xiyonat ko‘chasiga shundan so‘ng kirdimi yo u damda kirib bo‘lgandimi? Asadbek Abdurahmon tabibnikida shifo umidida yurgan kezlari o‘zi barpo etgan olam qasrining yorila boshlaganini sezib, «bu ofat qachon boshlandi?» degan savoliga javob izlagan edi. U Zaynabning o‘g‘irlanishi barcha tashvish eshiklarini ochib yubordi, degan to‘xtamga kelib edi. Bu dunyoda dunyo umidida yurgan ko‘p g‘ofil bandalar kabi Asadbek ham Yaratganning «Yabna Odama! Iza raayta-l-g‘inaa muqbilan a’layna. Faqul zanbun a’jilatun uquba’tuhu»* degan xitobidan bexabar edi. Xabardor bo‘lganida hayoti iplarining chigilini yechishda bu qadar qiynalmas edi. Boylik ham keldi, uning izidan gunoh ham hayallamadi. Azob-uqubat va jazo ham naqd bo‘ldi... G‘ofil banda buni bilmaydi. Muhrlangan qalb ko‘zlarning nurini ham olib qo‘ygan. Ko‘zlar ochiq, ammo oyoqlar ostidagi vayl cho‘g‘larini ko‘rmaydi. Buning o‘rniga eng yaqin a’yoni bo‘lib kelgan xiyonatchi qanotning xiyonatlarini o‘ylaydi. O‘ylay-o‘ylay xiyonat ko‘chasiga burilish nuqtasini o‘zicha topganday bo‘ladi ham. Zaynabning o‘g‘irlanishini undan gumon qilmaydi. Ammo to‘ydan so‘ng Elchinning ko‘chasiga yigitlarni qo‘yganida «Kimdan qo‘rqasan, — Asadbek chumchuq pirr etsa, yuragi shirr etadigan bo‘lib qolibdi, degan isnodga qolmoqchimisan?» deb qaytardi. Asadbek «To‘g‘ri, endi kimdan cho‘chiyman?» — deb uning gapiga kirib ahmoqlik qildi. Keyin Bo‘tqani mas’ul qilib ko‘chaga poyloqchi qo‘ydi, ammo bu tadbiri uy yonib bo‘lganidan so‘ng suv sepish kabi bir chora edi. Asadbek o‘sha nuqtadan to o‘g‘illarining bugungi qismatiga qadar bo‘lgan gap-so‘zlar, voqealarni xayol chig‘irig‘idan bir-bir, qayta-qayta o‘tkazib ko‘rdi. Bir jang avvalida munajjim sohibqironi akbarga «yulduzlar bu kuningizni sharaflashmayapti», deganida u zot «Biz o‘z g‘alabamiz bilan bu kunni sharaflagimizdur», degan ekanlar. Agar munajjim paydo bo‘lib Asadbekka shu mazmunda bir gap aytsa, u sharafli kunga ishonch bilan qadam qo‘ya olarmidi? Holbuki... Tun xunuk fojiaga homilador bo‘lib, kun uni tug‘ishga tadorik ko‘rardi. Uchoq yerga qo‘nganida quyosh bosh ko‘tarayotgan edi. Yorug‘lik va’dasida ko‘tarilayotgan quyoshmi bu yo majhul sarob — hech kim bilmasdi. ____________ * Mazmuni budir: Ey Odam farzandi! Agar senga boylik kelayotganini sezsang, bilgilki, azob-uqubati va jazosi naqd bo‘lgan gunoh kelayotir («Hadisi qudsiy»dan). |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling