Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
64 eshitildi. Zohid o‘zini tanitgach, darvoza o‘rtasidagi eshik qiya ochilib, egniga paxtalik nimcha kiyib, yelkasiga jun ro‘mol tashlagan, kipriklari uzun-uzun, qoshlari kamalak kabi egilgan chiroyli juvon ko‘rindi. «Qoshu yosimu deyin, ko‘zi qarosinmu deyin», degan ashulani shoirlar shunday go‘zallarga qarab turib yozishganda...» Zohid buni ayni damda, darvoza ostonasining bu tomonida turganida emas, keyinroq qaytar mahalida o‘ylaydi. Hozir esa savol nazari muhrlangan chiroyli ko‘zlarga qarab turib maqsadini aytdi. Juvon «bu odamning uyga kirishga haqqi bormi, qo‘yaymi yo qo‘ymaymi», degan o‘yda picha turdi-da, so‘ng chekinib eshikni kengroq ochganicha «kiring», deb yo‘l boshladi. «Uyda erkak yo‘q, gapingiz bo‘lsa shu yerda so‘rayvering», deyish «erkaksiz uyga begonalarni kiritma», degan odobdan dars olmagan juvonning xayoliga ham kelmadi. Uning izidan borayotgan Zohid «bu qizimi yo kelinimi?» deb o‘zicha fol ochdi. Bu ko‘hlik juvon Mirkarimovning ikkinchi xotini degan haqiqat tushiga kiribdimi? Qishning hukm surish vaqti taqvimga ko‘ra adog‘iga yetgan bo‘lsa-da, sovuq nafasi hukmronlikni davom ettirayotgani sababli tashqarida turib gaplashish imkoni yo‘q edi. Kungay qilib solingan oynavand ayvon issiq ekan. Zohid «shu yerda o‘tira qolaylik» degan taklifni aytishga ulgurmay juvon televizor qarshisidagi stulni ko‘rsatib «o‘tiring» dedi. O‘zi yon tomondan joy olib, yelkasidagi jun ro‘molni suyanchiqqa tashladi. So‘ng portfelini ochib, qog‘ozlarini olayotgan Zohidning harakatlarini ziyraklik bilan kuzatdi. — O‘ldirgan odamni topdinglarmi? So‘roqqa tayyorlanayotgan Zohid uchun bu savol kutilmagan bo‘lmadi. Bunday savollarni ko‘p eshitgani uchun ham shoshilmay, qog‘ozlarni ko‘zdan kechirib oldi-da, javobni qisqa qildi: — Topamiz. — Sizdan ham oldin bir kishi ikki-uch marta keldi. Qotilni sizlarga biz topib berishimiz kerakmi? — Siz ovora bo‘lmang, opa, o‘zimiz bir amallab topamiz. — Shunaqami? — juvonning kamalak qoshlari chimirildi. — Unda nima uchun keldingiz? Adalarini... bu uyda o‘ldirishmagan. Endi boshqa kelmanglar. Birinchi kuni olib ketgan narsalaringni ham qaytaringlar. «Adalarini... Demak, bu xonim Mirkarimovning bevalari ekan-da?» Zohid shu xayol bilan juvonga tegishli sahifalarni varaqladi. «Oysanam Erkaeva. 1958 yilda tug‘ilgan... Yoshiga kecha e’tibor bermabman. Eridan o‘n sakkiz yosh kichik ekan...» Zohid bevaning talab ohangidagi gaplariga ham sovuqqonlik bilan javob qaytardi: — Mirkarimovning bu uyda o‘ldirilmaganini bilaman. Lekin o‘limidan oldin shu uydan o‘z oyog‘i bilan chiqqan. Olingan narsalar vaqti kelganda qaytariladi, xavotirlanmang. Ro‘yxat bilan olingan, ro‘yxat bilan qaytariladi, ignadek narsa ham yo‘qolmaydi, Oysanam opa, — Zohid shunday deb juvonga tik qaradi. Chiroyli ko‘zlarga dosh berish qiyin bo‘lsa-da, nigohini olib qochmadi. — Men so‘raydigan ayrim narsalar sizga bema’ni yoki erish tuyulishi mumkin, lekin shularni so‘rab, aniqlashga majburman. Eshitishimcha, Mirkarimov serhimmat, qo‘li ochiq, mehmondo‘st, hotamtoy odam ekanlar, — shunday deb Zohid atayin yolg‘on aytdi. Puldor odamlar, ularning oilalari baxil bo‘lsalar-da, o‘zlari haqida shunday tavsifni eshitmoqni xush ko‘radilar. Zohidning mo‘ljali aniq chiqib juvon uzoridagi qat’iylik soyasi chekinib, mamnunlik oftobi ko‘rindi. Zohid esa bu o‘zgarishni sezmaganday davom etdi: — Kunda bo‘lmasa ham kunora mehmon kutgandirsiz. Mehmondo‘st odamning xotini bo‘lish osonmas. — Nimasini aytasiz... — juvon shunday deb yengil xo‘rsindi. Yaqin o‘tmishning totli xotirasi yuragini entiktirdi. Mehmon kutishda u ertalabdan xamir qorib nonu somsa yopmas, bir qozonda suyuq, ikkinchisida quyuq ovqat ham |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling