Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
VI b o b
I «Anglashilmovchilik bo‘libdi»?! Asadbek quloqlariga ishonmadi. «Uyqusirayaptimi bu malla kapitan yo kechasi bilan otib chiqqan bo‘lsa kalla karaxtmi?» Chetdan qaragan kishiga milisaxona navbatchisining darchasiga tirsagini tirab turgan Asadbek gap uqmas bo‘lib ko‘rinardi. Bu xonada kapitandan boshqa chetdan qarovchi odam yo‘q edi. Unga esa Asadbek aynan shunday ko‘rindi. — Tushunmadingizmi? — dedi u ensasi qotgan tarz-da. — Tushunmadim, — dedi Asadbek. — Nimasiga tushunmaysiz? Anglashilmovchilik bo‘libdi, — dedi kapitan. — Militsiya nomidan uzr so‘raymiz. O‘g‘illaringiz hozir chiqishadi, olib ketaverasiz. Yuklaringizni qarab, tekshirib qabul qiling. Necha xil o‘y-xayol, necha xil reja bilan bu yerga kelgan Asadbek uchun bunisi sira kutilmagan «sovg‘a» bo‘ldi. U avvaliga to‘g‘ri Xongireyga uchrab «talabingni aytu bolalarimga tegma», demoqchi bo‘ldi. Lekin bu ahdi qat’iylashmadi. «Xo‘p, bordim, aytdim, — deb o‘yladi u, — «o‘g‘illaringni men qamatmadim», demaydimi? Deydi. U xunasa chaqaloqligida tulkining sutini emib katta bo‘lgan. O‘zini bilmaganga oladi. «Iya, shunday bo‘ptimi?» deb achinadi. Keyin menga marhamat qiladi. E, yo‘q, menga u xarifning marhamati kerakmas. U mening bosh egib kirib borishimni juda-juda istayapti...» Asadbek yo‘qotilgan boylikning o‘rnini to‘ldirish mumkinligini, yo‘qotilgan nomusni esa aslo tiklab bo‘lmasligini yaxshi bilgani uchun ham Xongireyning huzuriga bormadi. O‘g‘illari uchun jonini berishga tayyor Asadbek nomusini bulg‘ab bo‘yin egishga kelganda chiday olmadi. Nomus jonga nisbatan ulug‘lik qildi. O‘zini to‘xtatdi. Nomusning toptalishini eng so‘nggi chora deb bildi. «Gadoning dushmani gado bo‘ladi», deganlaridek, Moskvada Xongirey yakka hokim emas, uning payiga tushadiganlar ham topiladi. Asadbek hozir chora izlab ulardan birining huzuriga bormog‘i mumkin edi. Lekin bu yo‘lning ayni damda xatarli ekanini, yara patos bog‘lab ketmog‘i mumkinligini u fahmladi. Shubhasizki, Asadbek Moskva yeriga qadam bosishi bilan Xongireyning odamlari uni kuzatadilar. Asadbek Xongirey uchun nobop to‘daga arzini aytgani hamon o‘ljani bo‘g‘ib turgan ilon zaharlashni paysalga solmaydi. To‘g‘ridan to‘g‘ri milisaxonaga boraverish fikri uni kutib olgan Jamshidga ham ma’qul keldi. Balki «besh-o‘n so‘m» sovg‘a evaziga ish pishar degan umidda navbatchi darchasiga tirsagini tiraganicha o‘zini tanitib, muddaosini aytishi hamon kapitan anglashilmovchilik bo‘lganini ma’lum qilib turibdi. Umidiga osonlik bilan yetgani uchun quvonishi lozim bo‘lgan Asadbek «anglashilmovchilik» degan so‘z ikkinchi marta takrorlangach, beixtiyor g‘azablandi. «Ikkita begunohni qamog‘ingga tiqib qo‘yib yana «anglashilmovchilik» deb bezrayasanmi, enag‘ar!» deb baqirishga chog‘langanida xojasining fe’li ayniganini sezgan Jamshid uni chetga tortdi. Asadbek «nega aralashasan!» degan ma’noda o‘tli nigohini unga qadadi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling