Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
72 — Nima deding? Oraliqdagi farq bir yosh bo‘lgani sababli Abdulhamid akasini ko‘p hollarda sensirardi. Faqat ota-onasi huzurida tanbeh eshitmaslik uchungina sizlab qo‘yardi. Ukasining bu qilig‘iga ko‘nikib ketgan Abdusamad hozirgi sensirashga ham ahamiyat bermadi. — Ustozning gaplari esingdami? — dedi ukasiga qarab. Esida... Vatanga qaytish kuni, vaqti aniq bo‘lgach, doktor Xudoyor ularni mehmonga taklif etdi. — Meni avfu aylangiz jigarbandlarim, sizlar uchun vaqtimdan bir soatni belgiladim. Qahva ichib so‘zlashajakmiz. So‘ng mening yumushlarimda vordur. Ustozlarining nemislarga xos mehmondo‘stligi ularga yangilik emasdi. Ziyofatlarda maishat qilib uzoq o‘tirish yoki uyda ziyofat tashkil etish uning tabiatida yo‘q edi. Shogirdlari bilan muloqotda bo‘lganida «englar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar» oyati kalimasini tez-tez tilga olar, «isrof qilmaslik faqat taomgagina nisbat emasdur, vaqtga ham taalluqlidir, vallohi a’lam. Qiyomat kuni behuda isrof etgan umrimiz uchun ham hisob berajakmiz. Hamonki, beshikdan qabrga qadarli ilm olmoqlik bizlarga farz etilmish ekan, vaqtni zoe ketkazmakdan biza qanday naf kelur?» deb nasihat qilardi. Vatandoshlar doktor Xudoyorning bu tabiatini hazm qila olishmas, «ilmdagi omad uni kibrga olib bordi», deb afsuslanishardi. Gap kelganda otasini ayamaydigan doktor Xudoyor Sa’dulloxonga o‘xshaganlar bilan tez-tez bahslashib «Sizlar Vatan hijronida emas, boylik hasratida yurgan bandasizlar», deb ularning naf-ratini qo‘zirdi. Uning achchiq haqiqati faqat Muzaffarxongagina ma’qul bo‘lardi. Shu bois uyidagi biron-bir yig‘in Xudoyorsiz kechmas edi. Ana shu yaqinlik oqibatda to‘rt yoshni bir-birlariga qovushtirdi. Doktor Xudoyorning chorlashi o‘ziga xos xayrlashish marosimi edi. Ustoz Vatanga qaytayotgan shogirdlariga havasi kelayotganini qayta-qayta ta’kidlab: — Dunyoda ommatan abadiy o‘lan hech nimarsa yo‘qtur. Xossatan Vatanning istilodagi umrining adog‘i ko‘rinmakdadir. Ohkim, mana bu qadar cho‘x marhamatlar etgan Tangrim yana birgina karomat etsa-da, man Vatan ozodligin ko‘rsam, Vatan erki xususindagi darakni eshitsamgina bas, orada to‘rt ummon o‘lsa-da, suzib o‘tajakman, Vatan tufrog‘in o‘pajakman! Banda uchun shu baxtning o‘zi basdir. Banda bandaga ta’zim etmas, ammo man — banda Vatan istiqlolin olam aro ovoza etmish bandaga ta’zim qilajakman. Siza so‘zim shuldir, azizlarim. — Biz bilan boraversangiz bo‘lardi. To‘yimiz bahonasida orzuga yetardingiz. Siz — olimsiz, sovetlarga yomonlig‘ingiz yo‘q. Moskvaga bordingiz, indashmadi-ku? — Oh, jigarlarim, qalbimdasiz! Man qo‘rquv iskanjasidagi ojiz bir banda emasdurman. Maning-da bu ko‘zlarim istilodagi yurtni emas, hur Vatanni ko‘rmak istayur. Qalbim toptalmish tufrog‘ni emas, ozod o‘lmish zaminni o‘pmakni orzu etiyur. Ojiz fikrim ayturki, bu kunlara insha Olloh, tezda yetajakmiz. Unga qadar esa ehtiyot o‘lmog‘ingiz joizdur. Jon talvasasidagi bu beasllar iblis eplolmagan ishlarni-da qilmoqqa qodirdirlar. O‘tmish yoz chog‘indagi mesxetiyalik orqadoshlarimizga qilinmish ig‘volarni unutmaslik shartdir. Sovetning tavbasi mushukning tavbasi ila ohangdosh o‘lmish. Anglayurmisiz? Mushuk ila sichqon xususinda cho‘x rivoyatlar bitilmish. Mazkurlar orasinda ibrat shulkim, bir qari mushuk o‘lar oldindan go‘yokim insofga kirmish ekan. Sichqonlara maktub bitib tavbalarini izhor etibdur va yana debdurkim «sizlara bir ziyofat bersam-da so‘ngra jon versam. Sichqonlar bu va’daga inonish yoxud inonmaslikni-da bilmay donishmandga yuz tutmish ekanlar. Donishmand debdiki: «Mushukning tavbasiga zinhor inonmangiz. O‘lib, ko‘mib-da qo‘yilmish mushukning bir dona mo‘ylabi tufroqdin chiqib turganini ko‘rmoq bo‘lsangiz-da hov naridan aylanib o‘tmagingiz durust o‘lur». Sichqonlarning jo‘juqlari nasihatga zid o‘laroq mushuk huzurina boribdilar. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling