Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
153 olmaydiki, buni o‘ylasang kulging keladi, hatto, sizga aytsam, xafa bo‘lib ketasan... Shu choq Korovyov shamchiroqqa qarab puflagan edi, u g‘oyib bo‘ldi-yu, Margarita o‘z oyog‘i ostida qandaydir eshik ostidan tushib turgan chiroq shu’lasini ko‘rdi. Korovyov ana shu eshikni ohista taqillatdi. Margarita juda qattiq hayajonlanganidan tishlari takillab, badani jimirlab ketdi. Eshik ochildi. Bu mo‘‘jazgina xona edi. Margarita bu yerda emandan yasalgan keng bir karavot, karavot ustida g‘ijimlangan isqirt choyshab va yostiq ko‘rdi. Karavot oldida oyoqlari jimjimador eman stol, uning ustida sham uyalari qush panjalarini eslatuvchi chilchiroq bo‘lib, uning yettita oltin panjasida yo‘g‘on shamlar yonib turardi. Bundan tashqari, stolda yana donalari nihoyatda zo‘r mahorat bilan ishlangan kattakon shaxmat taxtasi bor edi. Eskirib, taqir bo‘lib ketgan bir gilamcha ustida pasttakkina skameyka turardi. Bu yerda yana bir stol bo‘lib, uning ustiga qandaydir oltin kosa va boshqa bir chilchiroq qo‘yilgan edi. Bu chilchiroqning shoxlari ilonga o‘xshatib yasalgan edi. Xonadan oltingugurt va qatron hidi kelar, chiroqlarning ko‘lankalari yerda bir-birini kesib o‘tgan edi. Bu yerda hozir bo‘lganlar orasida Margarita Azazelloni bir ko‘rishdayoq tanidi, u karavotning bosh tomonida turar va endi egniga frak kiyib olgan edi. U Margaritaga bag‘oyat nazokat bilan ta’zim qildi, zero u Aleksandr bog‘ida Margaritaning qoshiga qaroqchi qiyofasida kelgan Azazelloga aslo o‘xshamas edi endi. Varetening mo‘‘tabar bufetchisini qattiq xijolat qilgan va mash’um seans berilgan tunda, yaxshiyamki, xo‘roz qichqirib qolib, cho‘chib ketgan o‘sha yalang‘och alvasti, ya’ni Gella karavot yonida yerga yozilgan gilamchada o‘tirib, oltingugurt bug‘i chiqib turgan kastryulda allanimani xamirga o‘xshatib qorardi. Bulardan tashqari, shaxmat stoli yonidagi baland kursida hirsday keladigan bir qora mushuk o‘ng panjasida asp donasini ushlab o‘tirardi. Gella o‘rnidan qo‘zg‘alib, Margaritaga ta’zim qildi. Mushuk ham kursidan sakrab tushib, orqa o‘ng oyog‘ini oldinga surib, mehmonga ta’zim qilarkan, birdan donani panjasidan tushirib yubordi va uni qidirib karavot tagiga emaklab kirib ketdi. Bularning barini, qo‘rquvdan dong qotib qolgan Margarita shamlardan tushgan bozingar ko‘lankalarda elas-elas ko‘rdi. U ko‘zini to‘shakdan uza olmay qolgandi: bechora Ivan — yaqindagina Patriarx ko‘lida, shayton yo‘q, deb ishontirmoqchi bo‘lgan kimsa, ya’ni o‘sha yo‘q narsa hozir karavotda o‘tirardi. Ikki ko‘z: tubida har qanday yurakning eng teran yerigacha teshib kirishga qodir zarrin uchqun porlab turgan o‘ng ko‘z bilan ignaning teshigini yoxud har qanday zulmat va qora ko‘lankaning tubsiz qa’rini eslatuvchi ziyosiz va qora chap ko‘z Margaritaning yuziga qattiq tikilgan edi. Volandning yuzi bir yonga qiyshayib ketgan, og‘zining o‘ng cheti pastga osilgan, sochlari to‘kila boshlaganidan keng bo‘lib ko‘ringan peshonasida ingichka qoshlari bilan bir tekisda chuqur-chuqur ajinlar cho‘zilgan edi. Uning yuzi oftobdan mangu qorayganday tuyulardi. Egniga isqirt, chap yelkasiga yamoq tushgan uzun tungi ko‘ylakdan boshqa hech nima kiymagan Voland yalpayib o‘tirardi. U bir oyog‘ini tagiga bosib olgan, ikkinchisini uzatib skameykaga qo‘ygan edi. Mana shu qoraygan oyog‘ining tizzasini Gella tutab turgan allaqanday malham bilan ishqalardi. Bu g‘ira-shirada Margarita yana Volandning yoli yo‘q ko‘kragida qora toshdan mohirona yasalib, ustiga allaqanday yozuvlar yozilgan bir qo‘ng‘izni ko‘rdi, u tilla zanjirga osilgan edi. Volandning yonida to‘shakda vazmin o‘rnatilgan alomat bir globus turardiki, uning joni borga o‘xshar va bir biqini quyosh bilan yoritilgandek tuyulardi. Sukut bir necha lahza davom etdi. «Meni kuzatyapti», — deb o‘yladi Margarita va o‘z iroda kuchi bilan tizzalarining qaltirashini bosishga harakat qildi. Nihoyat Voland jilmayib gap boshlagan edi, uning uchqun chaqnab turtan ko‘zi «pov» etib yonganday bo‘ldi. — Xush kelibsiz, qirolicha, va lekin meni afv etgaysiz xonaki libosda bo‘lganim uchun. Volandning ovozi shu qadar so‘niq, past ediki, ayrim so‘zlar zo‘rg‘a xirillab chikdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling