Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
97 — deb hayajon bilan davom etdi Nikonor Ivanovich ko‘ylagining tugmalarini goh qadab, goh yechib, goh cho‘qinib, — to‘g‘ri, olganman! Olganman, lekin o‘zimizning sovet puli bilan olganman! To‘g‘ri, pul olib propiska qilganman, bo‘ynimga olaman. Ammo kotibimiz Prolejnev ham qolishmaydi, u ham anoyilardanmas! Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, uy boshqarmasidagilarning hammasi o‘g‘ri. Lekin valyuta olmaganman! — Maynavozchilikni bas qilib, dollarni ventilyatsiya tuynugida qayoqdan paydo bo‘lganini gapirib oering! — deb Nikonor Ivanovichdan iltimos qilishgan edi, u tiz cho‘kib o‘tirib, og‘zini katta ochdi-da, xuddi parket taxtasini yutib yubormoqchi bo‘lganday, engashdi. — Xohlasangiz, — deb po‘ng‘illadi u, — olmaganman deb qasam ichib, tuproq yeyishga ham tayyorman. Lekin Korovyov — shayton. Har qanday sabr-toqatning ham chegarasi bo‘ladi, stol ortida o‘tirganlar Nikonor Ivanovichga, bas bo‘ldi, odamga o‘xshab gapiring, deb qattiqroq gapira boshlashdi. Shunda Nikonor Ivanovich o‘rnidan sapchib turib ketib, o‘sha divan qo‘yilgan xonani boshiga ko‘targudek vahshiyona chinqirdi: — Ana u! Ana, shkaf orqasida turipti! Masxara qilib kulyapti! Pensnesiyam o‘sha... Ushlanglar uni! Isiriq tutatinglar! Nikonor Ivanovichning rangi quv o‘chib ketdi, u dag‘-dag‘ titragancha bo‘shliqni cho‘qintirar, g‘izillab eshik oldiga borib, yana orqasiga qaytar, allaqanday duo so‘zlarini ifoda bilan o‘qirdi, nihoyat, u mutlaqo tuturiqsiz gaplarni aljiy boshladi. Nikonor Ivanovichdan biron bama’ni gap chiqmasligi ayon bo‘ldi. Uni olib chiqib ketib, alohida xonaga joylashtirishdi, u sal tinchidi, ammo piqillab yig‘lagancha, tinmay ibodat qila boshladi. To‘g‘ri, Sadovaya ko‘chasigayam borib kelishdi. 50-kvartiraga ham kirib chiqishdi. Lekin u yerda hech qanaqa Korovyovni uchratishmadi, alalxusus, u uyda istiqomat qiluvchilardan hech kim Korovyov degan odamni tanimas ham, ko‘rmagan ham ekan. Marhum Berlioz bilan hozir Yaltaga jo‘nab ketgan Lixodeev yashab turgan kvartirada hech zog‘ yo‘q edi, kabinetdagi shkaflarga osilgan surg‘uchli muhrlar o‘z joyida osilib turardi. Shundan so‘ng tekshirgani kelganlar yana qaytib ketishdi, ayni paytda uy boshqarmasining kotibi, ruhi tushib gangib qolgan Prolejnev ham ular bilan jo‘nab ketdi. Kechqurun Nikonor Ivanovichni Stravinskiyning shifoxonasiga eltib qo‘yishdi. U yerda bemor betinch bo‘lib, shu qadar quturdiki, natijada Stravinskiy retsepti bo‘yicha unga ukol qilishga to‘g‘ri keldi. 119-xonaga joylashtirilgan Nikonor Yvanovich faqat vaqt yarim kechadan o‘tgandagina uyquga ketdi, shunda ham uyqu aralash iztirobli ingrab-ingrab qo‘yardi. Lekin bora-bora uyqusi halovatli bo‘la boshladi. To‘lg‘onishi, ingrashlari qolib, yengil va bir tekisda nafas ola boshladi, shundan keyingina uni xonada xoli qoldirishdi. Keyin Nikonor Ivanovich tush ko‘rdi, shubhasiz, ko‘rgan tushiga bugun o‘z boshidan kechirgan voqealar asos bo‘lgan edi. Nikonor Ivanovichning tushi quyidagicha boshlandi: qo‘liga mis karnaylar ushlagan qandaydir odamlar juda zo‘r tantana bilan uni yaraqlagan ulkan bir eshik oldiga olib kelishganmish. Keyin shu eshik tagida o‘sha karnaychilar Nikonor Ivanovich sha’niga tabrik muzikasi — tush chalganmish-u, qan-daydir guldurovchi yo‘g‘on ovoz uning boshi uzra sho‘x ohangda bunday deganmish: — Marhabo, Nikonor Ivanovich! Valyutalarni topshiring. Nikonor Ivanovich judayam hayron bo‘lib, boshini ko‘tarib, tepasida qop-qora radiokarnayni ko‘rganmish. Keyin u negadir teatr zalida paydo bo‘lib qolipti, zalning zarrin shiftida billur qandillar porlab turarmish, devorlarda — kenketlar 13 . Hamma narsa o‘z o‘rnidamish, uncha katta bo‘lmagan, ammo qimmat teatrda qanday bo‘lsa, bu yer ham shundaymish. Sahna ham, oltin rang o‘n so‘mliklarning 13 Kenket – piligi maydonidan pastga joylashgan qadimiy chiroq. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling