75
IKKINCHI BO‘LIM
Paleometall davri
Insoniyat metallar bilan paleolit davridayoq tanish bo‘lsa-
da, ulardan amalda foydalanish malakasiga ega bo‘lmagan. Uzoq
tarixiy davr mobaynida tosh qurollarini
yasash tajribasi kishilarda
dastlabki metall-misga ishlov berish
malakasini egallashga olib
kelgan. Misdan dastlab neolit davrida foydalanish boshlangan. Kichik
Osiyodagi neolit davri Ashikli Huyuk, Chatal Huyuk va Cheynyutepesi
manzilgohlarining mil. avv. VIII-VII
ming yillikka oid madaniy
qatlamidan misdan yasalgan buyumlar topilgan.
Arxeologiyada ilk metall taraqqiyoti to‘rt bosqichga ajratilgan.
Dastlabki bosqichida misni urib ishlov
berish orqali buyumlar
yasalgan. Ikkinchi bosqichda misni olovda toblab, urib ishlov berish
an’anasi vujudga kelgan. Uchinchi bosqichda yuqori haroratda eritib,
shaklga solish usuli joriy qilingan. So‘nggi, to‘rtinchi bosqichida esa
misga boshqa bir ma’dan (mishyak, qo‘rg‘oshin, qalayi) aralashtirib
bronza hosil qilish rivojlangan.
Mis o‘z davrida insoniyatning
qulay va mustahkam qurollar
yasashi mumkin bo‘lgan muhim ma’dan edi. Misning oson shakl hosil
qilish xususiyati yupqa va o‘tkir tig‘li ish quroli yasash imkoniyatini
yaratgan. Misdan yasalgan mehnat
qurollari boshqa har qanday
unsurdan yasalgan qurollarga nisbatan
mukammalligi bilan farq
qilar edi.