Miloddan avvalgi XXI asr oxirlariga kelib Misrni qaytadan birlashtirish uchun kurash boshlangan. Misrni yangidan birlashtirish shimol bilan janubda bir vaqtda boshlandi. Shimoliy Misrdagi davlatlarni birlashtirish ishiga Gerakleopol shahrining hukmdorlari boshchilik qilganlar. Gerakleopol podsholari shimoldagi davlatlarni birlashtirib osiyo va liviyalik ko`chmanchilarni mamlakatdan haydab chiqarganlar. Ular o`zlarini Yuqori va Quyi Misr podshosi deb e`lon qilganlar. Ammo 9–10-sulola podsholari mamlakatni o`z qo`llarida saqlab qola olmaganlar. Shundan so`ng Misr janubida mamlakatni birlashtirish ishiga Fiva hukmdorlari boshchilik qilganlar. 11-sulola hukmdori Mentuxatep Gerakleopol podsholariga qarshi kurashib, Yuqori va Quyi Misrni birlashtirib Markazlashgan Misr davlatini qayta tiklagan. Fiva yagona Misr davlatining poytaxti bo`lib qolgan. Budavrda 11–13-sulola vakillari Misrda podsholik qilganlar. Bu Misr tarixida o`rta podsholik nomi bilan mashhur bo`lgan.
O`rta podsholik Misrda miloddan avvalgi 2050-yildan 1750- yilgacha hukm surgan. O`rta podsholik davrida fir`avnlar qo`shni mamlakatlarga talonchilik va bosqinchilik yurishlari qilganlar. Misr qo`shinlari Nubiyaga, Sinayga, Finikiyaga, Palastinga, hatto Frot daryosi sohillarigacha kirib borganlar. Fir`avnlar buysundirilgan o`lkalardan mis, oltin, kumush, qora yog`och, qimmatbaho bu-yumlar, ko`p minglab asir va chorva mollarini haydab olib ket-ganlar.
3. O`rta podsholik davrida xo`jalik. Misrda markazlashgan kuchli davlatning tashkil topishi natijasida xo`jalik ancha rivoj topgan. Misr fir`avnlari yangi yerlar ochishga va sug`orish inshootlarini qurish ishiga katta e`tibor berganlar. Fayum vohasidagi ko`l chuqurlashtirilib sun`iy suv omboriga aylantirilgan. Nil daryosidan suv ombori tomon kanal qazilib unga suv keltirilgan. Baland joylarga suv chiqarish uchun shaduf kashf etilib, ulardan foydalanilgan. Shu tariqa Misrda dehqonchilik ancha rivojlangan. Voha atrofida chorvachilik ham rivoj topgan. Misr shaharlari va qishloqlarida hunarmandchilik, xususan shishasozlik ham shu davrda rivoj topib ichki va tashqi savdo taraqqiy etgan. Misr Finikiya, Palastin, Nubiya, Kichik Osiyo va ikki daryo oralig`idagi mamlakatlar bilan qizg`in savdo borgan. Savdo ishlari quruqlik va suv yo`llari orqali amalga oshirilgan. O`rta podsholik davrida Fayum vohasida Ittaun shahri qurilib, u fir`avnlarning qarorgohiga aylangan. 11-sulola davrida Misr Sharqdagi eng qudratli davlatga aylangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |