120
ilmining rivojlanishi jarayonlari Rimda kuzatila boshladi.
Rimdagi ilg'or faylasuflardan Lukretsiy Kar (mil.avv.95-55 yy.) Demokrit
va Epikurning atomistik nazariyasini qo'llab-quvvatladi va ko'p jihatdan uni
to'ldirdi.
Lukretsiyning fikricha, hamma narsa abadiy mavjud bo'lgan materiyadan
paydo bo'ladi. Materiya bo'shliqda harakat qiluvchi atomlardir. U bir holatdan
ikkinchi holatga o'tib turadi. Lukretsiy materiyaning saqlanish qonuni haqida faraz
qilgan edi. Materiyaning miqdori o'zgarmaydi, u hamma vaqt bir xildir. Hech
nimadan hech nima paydo bo'la olmaydi.
Lukretsiy ong va sezgini moddiy hisoblab, jon mayda harakatchan
atomlardan iborat, jon tashqi ta'sirni qabul qilib, kishi tanasiga ta'sir o'tkazadi, jon
bilan tana doim birgadir deydi. Jon, ruh kishi tanasi bilan birga o'lib, yo'q bo'lib
ketadi. U Aflotunning «o'lmas jon» haqidagi ta'limotini rad etadi.
Lukretsiy diniy g'oyalarning asosini tabiat qonuniyatlarini bilmaganlikda deb
hisoblab, tabiat abadiy, o'z qonuniyatlari bilan rivojlanadi. Xudo haqidagi gaplar
uydirmadan bo'lak narsa emas degan edi.
Lukretsiy ta'limotiga zid keluvchi g'oyalarni tanqid qilib Plotin (mil.avv.
270-204 yy.) Rimda o'zining falsafiy maktabini yaratadi. Plotin butun borliqning
asosi va manbai deb yagona ilohiy kuch — Xudoni hisoblaydi, qolgan narsalar shu
ilohiy kuchning birin-ketin oqishining (emanatsiyasining) natijasidir. Plotinning
fikricha, Quyosh o'zidan nur chiqargani kabi ilohiy kuch (Xudo) ham o'zidan
koinotning butun borlig'ini chiqarib yuboradi, bunga ruh ham, materiya ham kiradi.
Inson jon va tana birligidan iborat. Inson hayotining oliy maqsadi — o'z jonining
ilohiy kuch (Xudo) bilan qo'shilishiga erishuvidir. Kishi bunga ekstaz holatida
erishadi, bu holatda kishining joni, ruhi hissiy dunyodan va tanadan halos bo'ladi.
Qadimgi yunon faylasuflarining xilma-xil fikrlari G'arbiy Yevropa va Sharq
mamlakatlarining ma'naviy hayotiga o'z ta'sirini o'tkazgan. Masalan, Arastu
falsafasi Forobiy uchun katta ma'naviy ozuqa, neoplatonizm islom dinidagi
tasavvuf (so'fiylik) uchun manbalardan biri bo'lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |