Muhammad Solih yo’lnoma
Download 0,87 Mb. Pdf ko'rish
|
muhammad-solih-yolnoma
- Bu sahifa navigatsiya:
- TAFTISH GURUHI
- AQSH DAVLAT SEKRETARI TASHRIFI
- DEMOKRATIK KUCHLAR FORUMI
16 YANVAR Soat kechqurun taxminan sakkiz edi. Shoir Omon Matjonning uyida bir-ikki do‘st bilan mehmonda edik. Dasturxon yozilib, choy qo‘yilgandi, telefon jiringladi va meni chaqirishayotganini aytishdi. - Assalomu-alaykum, - dedi, ruscha talaffuz bilan tanish ovoz, - siz bilan Islom Abdug‘anievich gaplashmoqchi, telefonni ulasam bo‘ladimi? - Ulang, - dedim. - Yaxshimisiz, - dedi prezident va qisqa hol-axvol so‘rashgandan keyin: - Bu odamlaringizga aytib qo‘ying, to‘s-to‘polon qilishmasin, boshqalarga ham o‘zlariga ham zarar beradi ammo, - dedi o‘pkali ohang bilan prezident. - Qaysi odamlar, men tushunmadim, - dedim men. - Eshitganingiz yo‘qmi, VUZgorodokda talabalar sizning nomingizni plakatga yozib, namoyish qilishayapti, milisaga hujum qilishdi, qattiqroq chora ko‘rishga to‘g‘ri keldi, agar yana davom ettirsalar, yomon bo‘ladi lekin aytib qo‘yay... Men bu voqealarni birinchi marta eshitayotgandim. Talabalar bilan ishlayotgan bo‘lim ham menga namoyish haqida hech 121 Muhammad Solih - Yo'lnoma narsa demagandi. Ammo Prezidentning ovozidagi tahdid ohangi menga yoqmadi, javobim dag‘alroq chiqdi: - Kechirasiz-u, butun ko‘chaga chiqqanlardan men mas’ul bo‘lolmayman, biz agar namoyish qilmoqchi bo‘lsak, ijroqo‘mga ariza bergan bo‘lardik, - dedim. - Iltimos, shuni tinch yo‘l bilan hal qilaylik, bizga yordam bering, qon to‘kilmasin, - dedi Karimov, - hozircha ularni izolyatsiya qildik, ammo ertaga yana ko‘tarilishi xavfi bor... Prezidentning "qon to‘kilmasin," degani voqeaning ancha jiddiy ekanligidan darak berardi. U paytda qonning allaqachon to‘kilgani va uni xaspo‘shlash uchun prezident menga va boshqalarga telefon qilayotganini, albatta, bilmasdim. Biznikilarga telefon qlib vaziyatni aniqladim. Janjal oshxonada chiqibdi. Nonning bahosi oshganiga norozilik bildirib, bir guruh ko‘chada to‘plangach, milisa uni tarqatmoqchi bo‘lgan, lekin olomon kattayavergan. Kechqurunga qarab talabalar namoyishi siyosiy tus olgan, shiorlar hukumatning g‘azabini qo‘zg‘agan va "omon"chilar talabalarga o‘t ochgan, oqibatda ikkita talaba shahid tushib, o‘nlarcha kishi yarador bo‘lgan. Lekin talabalar isyoni davom etgan. Shaharcha tun bo‘yi milisa kordoni bilan o‘rab turilgan. Ertalab "Erk" partiyasining kotibi Abdulhay Abdurahmonovni yonimga olib Talabalar shaharchasiga jo‘nadik. Soat o‘nlar chamasi edi, talabalar shaharchasi ichidan o‘tgan markaziy ko‘cha odamga to‘la edi. Yo‘l chetida tiklangan panjara ustiga chiqib olgan ikki- uchta kishidan bittasi "birlik"chi Abdumannop Po‘latov edi, u talabalarga qarata nimadir deb gapirayotgandi. Meni ham shu "panjara-minbar"ga taklif etishdi. "Minbar"dan olomonga kechasi shahid bo‘lganlar uchun ta’ziya izhor qildim. Shikoyatlarini tingladim. Talabalar hibsga olingan bir guruh safdoshlarining qo‘yib yuborilishini talab qildilar. Biz "omon"chilar qarorgohiga bordik. U yerda Toshkent shahar hokimi Adham Fozilbekov va Jumhuriyat Prokurori Mustafoev bor edilar. Talabalarning talabini aytdim. Ular qabul qilishdi, faqat olomonni tinchlantirish kerak, dedilar. Men, sizlar bu yerda bekinib o‘tirsangizlar tinchlanmaydi, talabalarning muammolarini o‘z og‘izlaridan eshiting va chora ko‘ring, dedim. Biz boramiz-u, faqat talabalar agressiv, kecha ikkita odam o‘ldirildi, janjal yana boshlanmasa, deb qo‘rqayapmiz, dedi Fozilbekov. Men talabalarning yoniga bordim va ularga hokimiyat vakillarini olib kelaman, faqat ur-qir qilmaysizlar, dedim. Olomon "xo‘p" dedi. Fozilbekov, Jumhuriyat Prokurori Mustafoev, Abdumannop Po‘latov navbatma-navbat gapira boshladilar. Biz, notiqlar, hali ham o‘sha "panjara-minbar"da omonat turib daraxt shoxlaridan ushlab, nutq qilardik. Manzara kulgili edi. To‘ladan kelgan Prokuror "minbar"ga zo‘rg‘a pishillab chiqqandi, og‘zidan chiqqan har so‘z minbardan qulash xavfini tug‘dirar va shu bois ovozini sekin chiqarardi. Pastda turgan yoshlar esa "qattiqroq gapiring," deya baqirishardi. Fozilbekov ham Prokuror ham shlyapalarini ensasiga surishgan, terlagan manglaylaridan bug‘ ko‘tarilardi. Namoyishchilar yerda o‘tirib tinglashayotgandi. O’tirgan odam tikka turgan odamdan sokinroq bo‘ladi, deb o‘ylardik va qayta qurish yillarida o‘tkazilgan yig‘inlarning aksariyatida bu usulni qo‘llagandik. Muloqot yaxshi ketayotgandi, hokimiyat vakillarining va’dalari olomonni ancha tinchlantirdi. Bu olomon ichidagi provakatorlarga yoqmadi. Men aniq ko‘rdim, boshiga qimmatboho savsar telpak kiygan 40 yoshlar chamasidagi bir kimsa biz tomonga xuddi hazillashayotganday, yuzida tabassum, kichik bir tosh otib yubordi. Bir necha soniya so‘ngra xuddi shunday kichik toshcha ikkinchi bir nuqtadan otildi, keyin uchinchi, to‘rtinchi va borgan sari bu toshlar kattaya bordi. - Bizning yigitlarni o‘ldirishga shu Mustafoev buyruq berdi! - dedi bir vahshiy ovoz. 122 Muhammad Solih - Yo'lnoma Olomon oyoqqa qalqdi. Toshlar yomg‘ir kabi yog‘a boshladi. Yonimda turgan notiqlar o‘zlarini tappa-tappa yerga tashlab juftkani roslashdi. Olomon tosh otishni to‘xtatib bizga tomon yugura boshladi. Mening o‘ng oyog‘imga tosh tegib g‘azabim junbushga kelgandi. - Bas qiling, hayvonlar!, - deya baqirganimni bilmay qoldim. Bu so‘kinch xuddi qamchi kabi ta’sir qildi, olomon to‘xtadi. Ammo 50-60 kishi qochayotgan notiqlarni quvalab borayotganini ko‘rdim. Olomonni qaytadan o‘tirtirdik. Talabalarga "sizlar janjal qilmaymiz, deb so‘z berdingizlar, ammo ahdingizga vafo qilmadingizlar," dedim. To‘g‘ri, to‘g‘ri, ichimizda ig‘vogarlar bor edi, deya baqirishdi yoshlar. Olomon g‘alati bir hilqat. Ichida ig‘vogar borligini biladi, uning niyati yomonligini biladi, ammo u ig‘vosini boshlasa, olomonjon bu ig‘voga uchib, buzishga, sindirishga, mayib qilishga, hatto o‘lidirishgacha borishi mumkin. Albatta, talabalardan ikkitasini o‘ldirgan hokimiyat o‘z jazosini tortishi kerakdi. Ammo olomonning linch qilishni istayotgani - na Fozilbekov, na Mustafoev buni haq etgandi. Jazoni haq etgan davlat edi, davlat esa, bitta odam edi. U odam 1991 yilgi prezidentlik saylovlaridan keyin o‘z xalqi bilan uchrashishni bas qilgandi. Va ortiq hech qachon uchrashmayajak edi. Ertasi kuni "Komsomol’skaya pravda" gazetasi 17 yanvar haqida "birlik"chilar ma’lumotiga tayanib yozilgan bir maqola chop etdi. Maqola "studentы zabrosali kamnyami nedavnego svoego kumira Muxammada Salixa," deya xabar berardi. Bu "Birlik" harakatidagi "Erk" muxoliflarining ilk dezinformatsiyalaridan biri edi. Keyinroq bu kichik guruh muxoliflikni yanada ashaddiy alamzadalik bilan yuritajagini, rejim chetda qolib, butun faoliyatini "Erk" va kaminaga qarshi soxta xabar tarqatishga qaratishini hech kim tasavvur qilmagandi. TAFTISH GURUHI 16-17 yanvar voqealarining sabablarini va ikkita talabaning o‘ldirilishida aybdorlarni aniqlash uchun Oliy Kengashda taftish komissiyasi tuzdik. Bir necha kun shu ish bilan mashg‘ul bo‘ldim va ko‘rdim-ki, talabalarga o‘q otish buyrug‘ini kim berganini bu taftish komissiyasi hech qachon aytolmaydi. Chunki, buyruq bergan odam O’zbekiston prezidenti Islom Karimov edi. Men taftish komissiyasi Raisiga haqiqatni xalqqa aytishlaring kerak, aks holda, sizlarning qotil hukumat bilan til biriktirganingiz haqida dunyoga bildiramiz, dedim. Bu tahdidga javoban, bir necha kun so‘ngra, prezident Karimov hukumat aktivida chiqib "16- yanvar voqealarida "Erk" va "Birlik"ning hech qanday roli yo‘q," deb bayoonot berdi. Bu meni tinch qo‘ysalaring, sizlarga ham ayb qo‘ymayman, degani edi. Lekin "Erk" gazetasi talabalar shaharchasidagi qotillikning bosh sababchisi davlatning eng yuqori lavozimida o‘tirgan kishi ekanligini yozdi. Senzor Erkin Komilov bilan katta janjal bo‘ldi. Gazeta nomeri kechika boshladi va maqola tsenzorning istaganiday bosildi. Matbuot vakillarini chaqirib men taftish komissiyasining ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilganini e’lon qildim va komissiya tarkibidan chiqqanimni bildirdim. Bu hukumat bilan ochiq konfrontatsiyaga tashlangan birinchi qadam bo‘ldi. Fevral oyida hukumat bizning tashkilotga qarshi yoppasiga hujumga o‘tdi. Viloyat gazetalarimizning bir nechtasini yopdi. Partiya a’zolariga ochiqcha tazyiq o‘tkazilib, ularni har xil bahonalar bilan ishdan, o‘qishdan hayday boshladi. Bor yo‘g‘i olti-etti oy (1991 yil avgust - 1992 yil yanvar) o‘z fikrini erkin aytib ko‘ksiga shamol tekkan xalq endi sovet davridan ham battar bir davr bo‘sag‘asida turardi. 123 Muhammad Solih - Yo'lnoma 1992 yil JIPSLASHUV Umumidrok yangi tug‘ilayotgan shaytanatning muhtamal agressiyasini tasavvur qildi, shekilli, darrov jipslashuv signalini berdi. O’zbekistonda qayta qurish davrida tuzilgan istisnosiz butun norasmiy tashkilot rahbarlari "Erk" partiyasi binosida to‘planib, birlashuv qaroriga bordilar. Mart oyida "Erk", "Birlik", "Turkiston," "To‘maris", "Demokratik islohotlar harakati" va "Yosh olimlar uyushmasi" bir bo‘lib "O’zbekiston Demokratik Forumi" tuzilganini e’lon qilishdi. Forumga faqat tashkilotlar emas, shaxslar ham a’zo bo‘lishlari mumkin edi. Oliy Kengashdan 15 ga yaqin millatvakili Forumga kirdi. Sobiq bosh Vazir Shukrullo Mirsaidov ham shular ichida edi. "Erk" partiyasi Forumga parallel ravishda 20 dan oshiq iqtisodchi olimni to‘plab, ularga O’zbekistonning iqtisodiy jug‘rofiyasini yaratish va o‘lkani bo‘hrondan chiqarish Dasturini ishlab chiqarishni topshirdi. Olimlar bu vazifani bajonidil qabul qilib, ilhom bilan ish boshladilar. Olimlar guruhi o‘lka maorifi va ilmida o‘rni bo‘lgan fan doktorlari va nomzodlaridan tarkib topgandi. Bu insonlar bir og‘iz iliq so‘zimizga "labbay" deb kelgan, vatanga faqat chiroyli so‘zlar bilan emas, amalda xizmat qilishga bel bog‘lagan fidoiy kishilar edi. Bugun ularni katta minnatdorchilik tuyg‘usi bilan eslayman. Ularga bizning tashkilot na mansab, na pul va na-da obro‘ olib berardi. Aksincha, bu insonlar bizning qarorgohga tirikchiligini, mansabini xavfga qo‘yib, hukumatning g‘azabiga uchrash ehtimolini ko‘zga olib, kelishgandi. Ba’zi tushkun kayfiyatli muxolifatchilar "ziyolilardan umid yo‘qligi” haqida yozg‘ira boshlaganda doim men ularga o‘sha 1992-da tuzilgan iqtisodchilar forumini xotirlataman. Iqtisodchilar "Erk" partiyasining majlis zalida bor-yo‘g‘i uch marta to‘plana oldi, ammo shuning o‘zigina hukumatni iqtisod mavzusida bu tashabbusni aynan takrorlashga majbur qildi. Hukumat Bosh vazirlikda iqtisodchilarni to‘plab "Erk" partiyasining nafaqat g‘oyasini o‘zlashtirdi, balki, bu guruhni atashda ham "Erk"ka taqlid qildi. Ayni paytda bizning guruhga tazyiq o‘tkaza boshladi. "Erk" alternativ hukumat tuzayotganmish, degan mish-mishlar ilk da’fa o‘sha kunlari chiqarildi. Hukumat bizga muqobil tuzilgan iqtisodchilar guruhini televidenie orqali bot-bot namoyish qilib turdi. "Erk" guruhiga tazyiqni borgan sari oshira bordi. Nihoyat, har ehtimolga qarshi, guruh a’zolarining xavfsizligini o‘ylab, yig‘ilishlarni vaqtincha to‘xtatgandik, hukumat ham o‘z guruhini namoyish qilishdan to‘xtadi. Keyin eshitsak, bu guruh hech bir jiddiy narsa ustida ishlamagan, hech qanday programma ham hozirlamagan ekan. Eng ajablanarlisi, "Erk" guruhi o‘z majlislarini to‘xtatgandan so‘ng hukumat guruhi ham tarqatilib yuborilgan. Bu g‘aroyib voqeaning sirini bugun ham anglamayman. Maqsad bizning guruh faoliyatini to‘xtatish bo‘lsa, buni odatdagidek tazyiq-ta’qib bilan to‘xtatsa bo‘lardi-ku, zotan, shunday to‘xtatildi ham. "Muqobil guruh" tuzishga zarurat bor edimi? AQSH DAVLAT SEKRETARI TASHRIFI Mart oyining boshlarida AQSh Davlat Sekretari Jeyms Beyker O’zbekistonga keldi. Preizdent Karimov bilan uchrashgandan keyin "Erk" va "Birlik" rahbarlari bilan ko‘rishdi. Uchrashuv Do‘rmondagi hukumat rezidentsiyasida o‘tdi. Beyker uchrashuvda yana bir marta 124 Muhammad Solih - Yo'lnoma o‘tgan Prezidentlik saylovlari xususida fikrimizni so‘radi. Saylovning xolis o‘tmagani biz tarafdan bayon qilindi. "Birlik"chilar o‘z nomzodlarining saylovda ko‘rsatilmaganini aytib, shikoyat qilishdi. Saylovda nomzod ko‘rsatish uchun o‘zlari to‘plagan bir necha ming odam imzosini Davlat Sekretariga yetkazishga va’da berdilar. Beykerning O’zbekistonga tashrifi va muxolifat bilan uchrashuvi dunyoning yagona super kuchi bo‘lib qolgan davlatning Markaziy Osiyoga jiddiy e’tibor berayotgani va u yerdagi rejimlardan demokratiya va inson haqlarini ustivor tamoyillar sifatida talab etajagiga ishora edi. 1992-yilda mustaqil hukmronlik tuyg‘usidan sarxush o‘zbek Prezidenti o‘z yurtining iqtisodiy jihatdan oyoqqa turib, istiqlolini mustahkamlashda G’arb va AQShning ta’sir miqyosini taxmin qilaolmasdi. U dunyoni xuddi minatyura rasmlaridagidek perspektivsiz ko‘rardi, O’zbekiston meniki, istasam eshigini yopaman, istasam ochaman, "nima menga Amerika?," derdi o‘z hamshahari shoir Hamid Olimjonga o‘xshab. Beykerning tashrifi 16-yanvardan keyin muxolifatga qarshi kuchaygan tazyiqlarni bir oz yumshatdi. AQSh Davlat Sekretari Karimovni muxolifat bilan ishlashga ochiqcha da’vat qildi. Umuman, AQSh jumhuriyatchilar iqtidori Markaziy Osiyoda yangi paydo bo‘lgan diktatorlarga nisbatan ancha "jumhuriyatchi"roq munosabatda bo‘lgandi. 1995 yil men Vashngtonda Jeyms Beykerni ziyorat qilib, suhbatlashgandim. "Hech narsa o‘zgargani yo‘qmi?," deb so‘radi u kulib. "Yo‘q, battar bo‘ldi," dedim. DEMOKRATIK KUCHLAR FORUMI Mart oyining oxirida yangi tashkil qilingan "O’zbekiston Demokratik Kuchlari Forumi"ning birinchi majlisini o‘tkazdik. Muxolifatdagi tashkilotlar 89-yildan beri ilk da’fa bir shamsiya ostida to‘planayotgandilar. Majlisda o‘lkadagi siyosiy vaziyat xususida shunday ma’ruza qildim: "Bugungi yig‘ilishimizni Demokratik kuchlarning anjumani deb atadik. Bu nom albatta shartli bir nomdir. Bu nomni bemalol muxolifatdagi kuchlar anjumani, deb ham atash mumkin. Chunki, bugun bizning jumhuriyatda har qanday demokratik guruh faqat muxolifatda bo‘lishi mumkin. Biz O’zbekiston BMTga a’zo bo‘lib, Xelsinki Shartnomasi va boshqa xalqaro hujjatlarga imzo chekkanidan boshimiz osmonga yetdi. Ammo achchiq bo‘lsa ham tan olish kerak-ki, bu tarixiy voqealardan so‘ng demokratiyaga qarshi xuruj avj olishini barcha demokratlar botinan bilar edi. Bu xurujdan noliyotganlar "bu qanday siyosat, ishim bitdi, eshagim loydan o‘tdi, siyosatimi?", deya hayqirmoqdalar. Ular "Birlashgan Millatlar tashkiloti O’zbekistonni demokratik davlat bo‘lgani uchun emas, aksincha, demokratik bo‘lmagani uchun, undagi demokratik jarayonga tezroq turtki berish uchun o‘z safida qo‘shdi," deydilar. Bu normal bir mantiqdir. Bu mantiq shu qadar normaldir-ki, u faqat normal bir jamiyatda qabul qilinishi va anglanishi mumkin. Bizning jamiyatimiz normalmi? Men shu haqda gapirmoqchiman va nutqimni "qayta qurish" degan ko‘hna tushunchadan boshlamoqchiman. 125 Muhammad Solih - Yo'lnoma Qayta qurish davrida siyosatshunosligimiz yangi atamalar bilan boyidi. Bularning eng ko‘p tarqalgani "demokratiya" va "oshkoralik"dan tashqari, "totalitar tuzum", "kommunistik rejim" yoki "diktatorlik boshqaruvi" kabilardir. Shuni aytish kerak-ki, bu atamalar bugun Rusiya va boltiqbo‘yi davlatlari uchun eskirgandir. Bu atamalar bizda ko‘proq qo‘llaniladi. O’zini radikal deb sanagan kishilar jumhuriyatdagi nomlaydilar. Yangi hukumatni "neokommunistik" deya, prezidentni esa "yakkahokim," deb ataydilar. Bir qarashda, bu atamalar o‘z o‘rnida ishlatilayotganday tuyuladi. Chunki, jumhuriyatda demokratik printsiplar haqiqatan ham qaror topgani yo‘q. Chunki, bozor iqtisodiyoti va xususiy mulkchilikka munosabat ham eskicha. Chunki, boshqaruv usullari ham, davlat tizimlari va unda o‘tirgan odamlar ham eskidir. Va nihoyat, Prezident chindan ham barcha hokimiyatni o‘z qo‘lida markazlashtirishga moyillik ko‘rsatmoqda. Totalitar tuzum degani shu emasmi, deya xitob qiladi radikallar. Yakkahokimlik shu-da, deya hayqiradi ular. Tuzumni tanqid qilar ekan, uni "totalitar" deya Lekin vaziyat chuqurroq tahlil etilsa, mavjud tuzum ham, yangi nomenklatura ham, davlat boshlig‘i ham avvalgilaridan mutlaqo farqlidirlar. "Totalitar tuzum" atamasini olaylik. Bu atama bizning turmushimizni aslo belgilay olmaydi, chunki, totalitar tuzum, birinchi navbatda, mustahkam hokimiyat deganidir. Bunday hokimiyat bugun sobiq Ittifoqning birorta jumhuriyatida, shuningdek, bizning jumhuriyatimizda ham yo‘qdir. Shu ma’noda, birorta jumhuriyat ikkinchi jumhuriyatdan o‘zib ketgani yo‘q va ular biror bir narsada teng bo‘lsalar, aynan shu hokimiyatsizlikda tengdirlar. Mart oyida Moskov ko‘chalarida qizil bayroqlarini qilichday sermab, sho‘rolar ittifoqini tiklashga chorlagan kommunistlar xuddi o‘sha mustahkam hokimiyatni talab qilgan edilar. Ikkinchidan, totalitar davlat strukturalari yagona mafkura doirasida yagona siyosiy maqsad sari yo‘naltiriladi. Bugun bizda yagona mafkura yo‘q. Totalitar tuzum mafkurasi bizning hayotimizda shu qadar katta o‘rin egallagan ediki, u yiqilgandan so‘ng paydo bo‘lgan bo‘shliqni to‘ldirish uchun faqat "demokratiya" va "bozor iqtisodiyoti"ning o‘zigina kamlik qiladi. Bu bo‘shliqni hatto diniy yoki milliy mafkura ham to‘ldira olmayapti. Shuningdek, siyosiy maqsadimiz ham tumanlidir. Bugun demokratik davlat yaratamiz, deya e’lon qilarkan, biz kecha, kommunizm quramiz, degan xayolparastlarga o‘xshab qolayapmiz, chunki, bunday davlatni qurish uchun hech qanday kafolat yo‘q. Uchichidan, totalitar tuzum davlatni boshqarishda ommaning qo‘rquviga suyanadi. Bunday qo‘rquvni yaratish uchun kuchli hokimiyat bizda yo‘qligini aytdik, demak, bugun bizda qo‘rquv ham yo‘q. Poraxo‘rlikning ochiqdan-ochiq avj olayotgani, korruptsiya va jinoyatchilikning yuqorilab borayotgani, davlat tizimlaridagi oshkora sabotaj hech kim hech narsadan qo‘rqmasligini bildiradi. Sanalgan faktorlardan ko‘rinib turibdi-ki, mavjud tuzumni totalitar deb atash mumkin emas. Demak, bu tuzum tepasida turgan Prezidentni ham "yakka hokim" deyishga asos yo‘q. Chunki, u qo‘l ostiga jamlanayotgan hokimiyatlarning birortasi (qonun chiqaruvchi, ijroiya va adliya hokimiyatlari) o‘z funktsiyasini bajarayotgani yo‘q. Agar bajarganlarida edi, yuqorida aytilgan huquqsizlik, poraxo‘rlik, korrupsiya, jinoyatchilikka jilov topilgan bo‘lardi. Prezident demokratik prinsiplarni toptayotgan bo‘lsa, bunga ham ajablanishning keragi yo‘q, chunki, bu prinsiplarga Prezident kabi Oliy Kengash ham, sud, prokuratura va oddiy fuqaro ham amal qilmaydi, ya’ni, qonunsizlik va hokimiyatsizlik oldida Prezidentdan tortib, oddiy fuqarogacha hamma tengdir. Mart oyidagi Moskov ko‘chalariga chiqqan kommunistlar ana shu hokimiyatsizlikni bahona qilib, totalitar tuzumni himoya qilgan edilar. Bizning jumhuriyatimizda ham turg‘unlik yillarini sog‘inayotganlar sonmingta va bu sog‘inchni xunta hukmron bo‘lgan kunlari juda ko‘plar oshkor ko‘rsatdi. Agar vaziyat o‘zgarmasa, bu 126 Muhammad Solih - Yo'lnoma guruhlarning tarafdorlari ko‘payib borajak, chunki, odamlarning ko‘pchiligi totalitar yoki demokratik hokimiyat yo‘qligidan emas, umuman biron bir hokimiyat yo‘qligidan norozi bo‘lmoqdalar. Ular kommunistik mafkuradan bezib bo‘lganlar, ammo, qanday bo‘lmasin, biron mafkurasiz yashashga ham rozi emaslar. Va nihoyat, ular o‘z fuqarosiga iqtisodiy va siyosiy kafolat berishga qodir bo‘lgan bir tuzum istaydilar. Lekin bunday tuzum sobiq Ittifoq jumhuriyatlarining birortasida yo‘qdir. Bo‘lmasa, qanday tuzum bor? Qizig‘i shunda-ki, hech qanday tuzum yo‘q. Shu sabab, sho‘rlik siyosatchilarimiz chet ellik muxbirlarning "qanday tuzum bo‘ladi?" degan savoliga javob topolmaydilar. Shu bois, biz "Xitoy modeli"dan "Amerika modeli"ga, "Amerika modeli"dan "Quriya modeli"ga sakraymiz, qo‘nim topolmaymiz. Ha, biz bugun shunday bir tarixiy bosqichga kelib to‘xtadik-ki, bu bosqichni "tuzumsiz tuzum" deb atash mumkin va bu atama qayta qurish yaratgan eng so‘nggi atama bo‘lsa, ajab emas. Bunday vaziyatda muxolifatning ham roli o‘zgaradi. Muxolifat bugun ma’lum bir tuzumga emas, mavjud tuzumsizlikka qarshi turgan kuchdir. U tuzumni o‘zgartirish uchun emas, yangi tuzum paydo qilish kurashiga shaylanmoqda. Va biz talab qilayotgan Konstitutsiya bu kurashning birinchi va muhim bosqichi bo‘lajak. Bugungi siyosiy vaziyat haqida "Erk" partiyasi misolida qisqacha axborot bermoqchiman. Saylov o‘tgandan keyin "Erk"ka tazyiq ikki barobar kuchaydi. Gazetamiz yopilish arafasida turibdi. Senzura nazorati kun sayin shafqatsiz bo‘lib bormoqda. Gazetaning 11-soni vaqtida chiqmay qoldi. Bunga texnik sabablarni ko‘rsatayotgan bo‘lsalar ham, aslida, bu muxolifat nashriga rasmiy munosabatni bildiradi, ya’ni, hukumatimiz jumhuriyatda muxolifat mavjudligiga hech ko‘nika olmayapti. Gazetaning oppozitsion nashr ekanligi va bu nashrda hukumatga tanqid aytilishi tabiiy bir hol ekanligini hech anglab ololmayaptilar. Senzura hukumatga tanqidni bevosita Prezidentga haqorat sifatida qabul qilmoqda. Partiya o‘z qarashlarini o‘zining nashrida ham bildiraolmas ekan, ko‘ppartiyaviylik soxta bir shiordir. Viloyatlarda partiya bo‘limlariga o‘tkazilayotgan tazyiqlar ham borgan sari ortmoqda. Bitta Qashqadaryo misolida aytsak, u yerdagi nafaqat "Erk" a’zolari, balki, bu partiyaga xayrihoh odamlar ham ta’qib qilinib, ishdan bo‘shatilmoqda. Shu yil boshida viloyatdagi "Erk" bo‘limi kotibi hech bir sababsiz hibsga olindi. Yaqinda o‘sha viloyatning U. Yusupov tumaniga partiya majlisiga borgan edim. Butun rayonni militsiya bilan o‘rab olib, qatag‘on qildilar. Majlisga kelayotgan odamlarni qaytarib yuborishdi. Yuzaga kelgan tang vaziyat to‘g‘risida "Erk" partiyasi bir necha bor Prezidentga murojaat qildi. Ammo biror marta ham javob olgani yo‘q. Shuningdek, partiyaga bo‘layotgan noqonuniy hatti-harakatlar xususida gazetamiz materiallar chop etdi, ammo hozirgacha biror-bir huquqni muhofaza etuvchi organ munosabat bildirgani yo‘q. Vaholanki, o‘z obro‘sini o‘ylaydigan har qanday hukumat muxolifat bilan muloqotda bo‘lishga intiladi, uning fikri bilan qiziqadi, uning tanqidi haqmi, nohaqmi, tahlil qiladi. Bunday tahlil bo‘limi Oliy Kengashda ham, Prezident apparatida ham bo‘lishi kerak. Lekin keyingi ikki yil davomida Prezident ham, Oliy Kengash ham muxolifat bilan rasmiy uchrashgani yo‘q. Bu hokimiyatlar mavjudligini bizga o‘tkazilayotgan tazyiqlardan sezib turibmiz, xolos. Men boya "Erk" gazetining yopilish xavfi bor, dedim. Bu shunchaki mubolag‘a emas. Yaqinda davlat matbuot qo‘mitasi (O’zbekiston senzurasi) raisi R. Shog‘ulomovdan bir xat oldik. Unda aytilishicha, "Erk" gazeti qonunga xilof ravishda, harbiy qismlarning adresi va zobitlarning familiyasini ko‘rsatayotgan emish. Bundan tashqari, gazet milliy nizolar qo‘zg‘ashga harakat 127 Muhammad Solih - Yo'lnoma qilayotgan va agar bu narsa yana davom etsa, "Erk" gazetiga qonunan chora ko‘rilar ekan. To‘g‘ri, sobiq Sovet Qonunlari bo‘yicha harbiyga oid ma’lumotlarni chop qilish mumkin emas. Ammo bugun Ittifoqning o‘zi ham, qonunlari ham yo‘q-ku! R. Shog‘ulomov gazetaga qaysi qonun asosida chora ko‘rmoqchi? Qolaversa, R. Shog‘ulomov himoya qilayotgan harbiy ob’ektlarni bugun amerikalik mutaxassislar kosmosdan turib, suratga olayapti, ma’lumotlarni butun dunyoga oshkor qilayapti-ku! R. Shog‘ulomov "milliy nizo" deb "Erk" gazetida Xo‘jalidagi ozori aholisining qirg‘iniga bag‘shlangan Xurshid Davronning maqolasini nazarda tutayotganga o‘xshaydi. Bu maqolaning ortiqcha hissiy ekanligini Xurshid Davronning o‘zi televidenie orqali tan oldi. Va bu maqola "Erk" partiyasining ham, "Erk" gazetining ham ikki xalq o‘rtasidagi g‘avg‘osiga munosabati emas. Bu bir shaxs munosabati. R. Shog‘ulomov buni ham tushunadi, ammo tushunmaganga oladi. Gazeta-ku mayli, ammo biz olgan axborotlarga ko‘ra, butun demokratik tashkilotlarga teng miqdorda hujum tayyorlanmoqda. Yaqinda mutasaddi tashkilotda bir majlis o‘tgan. Talabalar shaharchasida bo‘lgan yanvar voqealarini tekshirayotgan tergov guruhi majlisi. Unda qatnashgan tergovchining aytishicha, bu guruhga 16 yanvar voqealarida "Erk" va "Birlik"ning qo‘li borligini isbotlovchi hujjat tayyorlash buyurilgan. Sizga ma’lumki, bu qonli voqealardan to‘rt kun so‘ng, shaxsan Prezidentning o‘zi "Erk" va "Birlik"ning mazkur g‘avg‘oga aloqasi yo‘qligini butun jumhuriyatga e’lon qilgan edi. Mana, tergov boshlanganiga ikki oydan oshdi, ammo gunohkorlar topilmadi. Topilmaganidan keyin yana o‘sha "Erk" va "Birlik" versiyasiga qaytishga qaror qilishganga o‘xshaydilar. Xullas, ahvol chidab bo‘lmas darajaga yetayapti. Agar vaziyat o‘zgarmasa, biz eng so‘nggi chora - ommaviy namoyishlar yo‘liga o‘tishga majbur bo‘lajakmiz. Lekin hali ham kech emas, biz hurmatli hukumatni yana bir bor aql-idrokka chaqiramiz. Xalqni "do‘st" va "dushman" guruhlarga ajratmaslikka da’vat etamiz. Biz ba’zilar aytgandek, "qora kuchlar" emasmiz. Biz ular aytayotgandek, Vatan mustaqilligining dushmani ham emasmiz. Aksincha, bugun mustaqillikni pesh qilayotgan kimsalar ikki yil oldin mustaqillikka qarshi kurashayotgan edilar va o‘sha zamonlarda aynan demokratlar mustaqillik g‘oyasini ko‘tarib chiqdilar! Ozgina insof kerak. Biz insofga chaqiramiz. Zo‘rlikdan voz keching, chunki, zo‘rlik faqat zo‘rlikni tug‘diradi, buni unutmang, deya iltijo qilamiz. Toki, O’zbekiston ham Gurjiston kabi olov maydoniga aylanmasin. Biz, o‘zini demokrat deb atagan kishilar avval-boshdanoq ijtimoiy barqarorlik tarafdori edik, bugun ham shuning tarafdorimiz. Faqat bu barqarorlik huquqsizlik va zo‘ravonlikka qurilmasin. Biz mutlaqo osoyishtalik tarafdorimiz, ammo bu osoyishtalik zindon osoyishtaligiga aylanmasin. Bor-yo‘q talabimiz shu. Bor-yo‘q orzuimiz ham shu." Mendan keyin, bir-ikkita millatvakili chiqib gapirdi. Forumning tashkiliy ishlarini o‘rtoqlashdik. Muxtasar Tuzuk (Ustav) qabul qilindi. Forum o‘lka bo‘ylab musbat aks-sado berdi. Farg‘ona vodiysida "Erk" vag‘ "Birlik"chilar to‘planib, "Forum"ning viloyat bo‘limlarini ochdilar. Odamlar yangi tashabbus ilhomi bilan yashay boshlagandilar. 128 Muhammad Solih - Yo'lnoma Forumda qilingan ma’ruza o‘zimizning "Erk" gazetasida bosilib chiqdi. Senzordan o‘tganiga ajablandim. "O’tganining sababi" sal keyinroq shoir deputat Karim Bahrining hikoyasidan keyin ma’lum bo‘ldi. Karim Bahri prezidentning qabuliga ish bilan kirgan ekan, u "Erk" gazetasini o‘qib o‘tirgan ekan. "Karimjon, bu odamning yozganiga hech tushunmayman, mana shu maqolasida bizni maqtayaptimi yoki yomonlayaptimi?" deb so‘rabdi "Erk"da bosilgan Forum majlisidagi ma’ruzani ko‘rsatib. Karim Bahri prezidentga nima deb javob berganini bilmayman, ammo senzorning maqolani bosishga qanday rozi bo‘lganini bilaman. U ham maqolani tushunmagan. Bir narsani Prezident tushunmagan bo‘lsa, u narsani Prezidentning senzori tushunmasligi farzdir. Download 0,87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling