Muhammad Solih yo’lnoma


Download 0.87 Mb.
Pdf ko'rish
bet21/21
Sana23.11.2020
Hajmi0.87 Mb.
#150365
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   21
Bog'liq
muhammad-solih-yolnoma


TURK JURNALISTLARI
 "Ta’til"dan qaytarkan, ayg‘oqchilarning ko‘zini shamg‘alat qilish uchun uyga tongga yaqin 
kelishni rejalashtirdim. Birinchi aprel edi yanglishmasam, soat kechasi to‘rtlarda Pushkin-
Salor mahallasiga yaqinlashganimizda, bizning uy atrofi xuddi kunduzgidek gavjum, besh-olti 
mashina o‘rab olgan va ayg‘oqchilar sigaret chekib, bir-biri bilan suhbatlashib, xuddi to‘yda 
yurganday, u yoq-bu yoqqa borib kelishardi. Meni ko‘rishib, xuddi ari uyasi to‘ziganday, 
atrofga yoyilishdi va mashinalardan bittasi o‘rnidan jilib, katta tezlikda shahar markaziga 
yurdi.
Bu odamlar meni bir hafta yo‘qotib qo‘yib, endi topganlarining baxtiyorligini yashardilar. Ertasi 
kuni Ichki ishlar vazirligidan telefon qilishib, menga shahardan chiqish ta’qiqlanganini 
eslatishdi va agar bu ta’qiqni buzsam, hibsga olishga majbur bo‘lajaklarini bildirishdi. Aslida, 
ular mening shahardan chiqqanimni bilishardi, ammo hibsga olishmagandi, chunki, shu 
kunlari Turkiya Prezidenti Turg‘ut O’zol O’zbekistonga kelgandi. Shu munosabat bilan 
menikiga bir guruh turk jurnalistlari mehmon bo‘lib kelishdi. Yanglishmasam, "Kanal-6" 
televizion guruhi va bir nechta gazeta muxbirlari tashrif buyurishgandi. Ularning ichida 
Turkiyada taniqli jurnalist Jengiz Chondor ham bor edi.
Turklarni ko‘ngildagidek mehmon qilolmadim. Uyning atrofini o‘ragan ayg‘oqchilardan birovi 
mehmonlarga qarshi bir provokatsiya qilishidan cho‘chib turdim. Albatta, ayg‘oqchilar haqida 
ularga gapirib, ularni cho‘chitish mumkin emasdi. Hamma narsa yaxshi bo‘lib ketadi, dedim 
yuzimda zo‘raki tabassum bilan. Mehmonlar ham "albatta, mana, mustaqillikka erishdingizlar, 
buyog‘i endi yaxshi bo‘ladi", deyishdi chin yurakdan. Men optimist edim. Turk qardoshlarim 
mendan ham optimistroq edilar. Farqimiz - ular demokratiyaning sekin-sekin kelishiga 
ishonardilar, men esa, uning sekin-sekin emas, tez-tez kelishini istardim. Ular misol qilib, 
Turkiyaning 1946 yilgi ilk ko‘ppartiyali saylovlarini keltirishardi. Bu saylovlar 
soxtalashtirilgandi, ammo ammo undan keyingi bo‘lgan saylovda muxolifatdagi Demokrat 
Partiyasi g‘olib chiqib, Adnan Menderes Turkiyada Bosh vazir bo‘lgan, ham siyosiy, ham 
ijtimoiy sohalarda demokratik islohotlarni boshlab bergandi, deb bizni "yupatishardi" 
qardoshlarimiz.
155

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Ular Turkiya shart-sharoitidan va Turkiya tarixidan kelib chiqib gapirishardi, men esa, 
O’zbekiston shart-sharoiti va Turkiston tarixidan kelib chiqib gapirishim kerakdi, ammo 
gapirmasdim, chunki, birodarlarim meni baribir tushunmagan bo‘lishardi. Chunki, Turkiya bir 
buyuk Imperiyaning markazi bo‘lgan mamlakat edi. Bu Imperiyaning qoldig‘i bo‘lgan Turkiya 
jumhuriyati tamallarida o‘sha ulug‘ saltanat an’analari bo‘lmasligi mumkin emasdi. Yangilikchi 
turklarning Usmonli Imperiyasini rad qilgani xuddi jahli chiqqan bola o‘z otasiga "sen otam 
emassan", deb baqirganiday kulgili ko‘rinardi. Va albatta, Turkiya Qutulish urushidan keyin 
Otataurk va Ino‘nining avtoritar boshqaruvidan demokratik davlatga o‘tish jarayonin yashadi. 
Ammo buni Turkiston yoki ayniqsa, sovet O’zbekistoni tarixi bilan solishtirib bo‘lmasdi. 
Chunki, Turkiston, uning ichidagi beshta jumhuriyat Turkiya kabi Imperiya markazi emas, 
balki, Imperiyaning provinsiyalari, chekka mahallalari edi. Turkiston 135 yil Rus imperiyasi 
istilosi ostida yashadi va uning mustaqillikdan keyin chiqqan kommunist "xon"larini Otaturkka 
o‘xshatib bo‘lmasdi, hatto Ino‘niga ham o‘xshatib bo‘lmasdi. Nima bo‘lganda ham, Otaturk 
Usmonli Imperiyasi zobiti edi, tarbiyasi ham o‘shanga yarasha edi. Ammo Turkiston 
jumhuriyatlarida mustaqillikdan keyin paydo bo‘lgan qo‘lbola diktatorlar tom ma’noda 
tarbiyasiz edilar. Shuning uchun ham bizda "46 yildan keyingi saylovda demokratiya g‘olib 
kelishi" mahol edi.
Ammo buni Turkiyadan kelgan mehmonlarga tushuntirib o‘tirmadim. Ular umidli va 
xushchaqchaq edilar. Men ham ularga taqlid hilishga urindim, naqadar eplayoldim, 
bilmayman. 
 
1993 yil
 
EVRILISH
 93-yilning boshiga kelib, O’zbekistonda "mustaqillik" demogogiyasi paydo bo‘ldi. Kechagina 
mustaqillikka ochiq dushman bo‘lgan kommunistlar endi uning me’morlari sifatida o‘zlarini 
tanita boshlashdi. Hatto "Mustaqillik ordeni" ta’sis qlishib, ko‘kraklariga taqib olishdi.
Qayta qurish davrida mustaqillikni shior qilgani uchun Sovetlar diyorining kushandasi 
sanalgan siyosiy muxolifat endi rejim tarafidan mustaqillik dushmani, deya tanitila boshladi. 
Muxolifat xalq tinchligini buzuvchi, destruktiv kuch, hukumatining iborasi bilan aytganda, 
"qora kuch" o‘laroq talqin qilina boshladi. Buni isbot qilish uchun muxolifatning konkret 
jinoyatlari ko‘rsatilishi lozim edi. Bu jinoyatlar zudlik bilan to‘qib-bichildi, shulardan ilki "Milliy 
majlis" ishi edi. Bu soxta aybnoma bilan "Erk" kotibi Otanazar Orif ja’mi bir yil, "Erk" a’zosi 
Salovat Umrzoqov bir yil, "bilikchi"lar Hazratqul Xudoyberdi va Olim Karimovlar bir necha oy 
qamoqda o‘tirib chiqdilar. Bu Karimov rejimining "sinov yurishi" edi. Hali 20 yillik qamoq va 
o‘lim jazolari oldinda edi.
1992 yil avgustidan to 1993 yil bahorigacha KGB tarafidan davomli kuzatuv ostida yashadim 
va deyarli hech bir faoliyat ko‘rsatolmadim. Gazetalarimizni chiqishdan to‘xtatgandilar. Xalq 
bilan uchrashuvga yo‘l qo‘yishmas, borgan joyimizda provakatsiyalar uyushtirib, janjal 
chiqarishardi.
1993 yil mart oyida Baxtiyor Isobekning "Erk yo‘lida" degan kitobi bosilib chiqdi. Chet elda 
bosilgan bu kitobning bir necha yuz nusxasi Toshkentda tarqatildi. Kitob "Erk" aprtiyasining 
qisqacha tarjimai holini bayon qilardi. 1993 yil aprel oyining boshida o‘sha kitob uchun meni 
hibsga olishdi. Avval partiya ofisiga "sizni Ichki ishlar Vaziri suhbatga chaqirapti, meni 
156

Muhammad Solih - Yo'lnoma
yubordi", deb bir polkovnik keldi. Uning mashinasida bordik. Vazir Almatov quyuq 
salomlashib, meni hurmat qilishini, ammo ba’zi odamlarning chaqimchiligi tufayli hukumat 
men haqda yomon fikrlarga borayotganini aytdi. Agar vaqtingiz bo‘lsa, pastda shahar 
prokurori Jo‘raev o‘tiribdi, uning ba’zi savollariga javob berib ketsangiz yaxshi bo‘lardi, dedi.
Pastki qavatga indim. Taxtin ismli bir mirshab xonasida shahar prokurori Jo‘raev soatlarcha 
so‘roqqa tutdi. U yerda o‘n ikki soat qolib ketdim. So‘roq oxirida prokuror "Siz mustaqillik  
dushmanisiz," dedi. Men javob berolmadim. Mening oldimda mustaqillikning bugungi do‘sti, 
kechagi ashaddiy dushmani bir odam turardi. Bu 20-asr evrilishlaridan biri edi.
  
HIBS
 Jo‘raev so‘rog‘idan keyin, kechasi soat birda, meni boshqa xonaga olib o‘tishdi. U yerda 
bo‘ynimdagi galstukni, shimimdan kamar va oyoq kiyimimdan bog‘larni yechib olishdi. Soat 
va cho‘ntagimdagi ashyolarni ham olib, chekkaga qo‘yishdi. Keyin ichki ishlar Vazirligining 
butun Sovetlar Ittifoqiga dong‘i ketgan yerto‘lasiga tushdik. 
Yerto‘la qavatda, liftdan tushgan yerda chap tarafda mahbuslardan eshitganim "stakan"ga 
kiritib, ustimdan qulflashdi. "Stakan"da egilib turdim, chunki, tomi juda past, eni va bo‘yi bir 
metr kelmaydigan haqiqiy stakan edi. O’tirishga irgandim, o‘tiradigan joy juda iflos edi. 
Yarim soat o‘tar-o‘tmas, eshik ochilib, qo‘limga ko‘rpa-to‘shak tutqazishdi, uzun dahliz bo‘ylab 
yura boshladik. Kameralarning eshigi ikki qat temirdan bo‘lib, ochilganda jo‘da qattiq sharaq-
shuruq bilan ochilardi. Shunday shovqin bilan bitta kameraga kiritishib, orqamdan eshikni 
qulfladilar. 
Qo‘ltiqda ko‘rpa-to‘shak, ostonada bir lahza turdim. Qoq eshikning tepasida elektr chirog‘i 
yonib turar va butun kamerani ko‘rish mumkin edi. Ikki qavatli uchta yotoq qo‘yilgandi, unitaz 
yonidagi ustki bittasi bo‘sh edi. Ko‘rpa-to‘shakni o‘shanga qo‘ydim. Kamera ahli istirohatda 
ekan. To‘rdagi "pastki qavat"dagi bittasi boshini ko‘tardi va o‘rnidan turib, menga yaqinlashdi:
- E, Muhammad Solihmisiz, bu yerda nima qilib yuribsiz? - dedi samimiy hayrat bilan.
- Bu yerda yurishim mumkin emasmi? - dedim kulib
- Yo‘q, unday demoqchi emasman, sizni nega qamashdi? - dedi soddadil mahbus.
- Buni gaplashamiz hali, biroz charchadim, uzr, - deya "ikkinchi qavat"ga tirmasha boshladim.
- Yo‘q, aka, siz u yerda yotmaysiz, hoy faloncha, sen bu yoqqa yot, akamiz sening 
koykangga yotsin, - dedi meni qarshilagan bu odam.
Yo‘q, men shu bo‘sh koykaga yotaman, - dedim.
- Unaqasi ketmaydi, deyishdi bir ovoz bilan beshta mahbus. 
Va men jamoat ko‘rsatgan to‘rdagi yotoqda yotdim.
Yotdimu, uxlayolmadim.
157

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Kameradosh og‘aynilarning suhbatlashgisi kelardi, ularning savollariga javob berdim. Bittasi 
qashqadaryolik polvon ekan. Birovni o‘ldirib, qamalibdi. Yana bittasi qaroqchilik qilgani 
uchun, boshqasi birovga suiqasd rejalashtirgani, navbatdagisi pul o‘g‘irlagani uchun 
qamalgan ekanlar. Beshinchisi bir rus edi, u O’zbekistonda yashasa ham, Rusiya fuqarosi 
ekani, uning dollarlarini nohaq musodara qilishganini aytib, ko‘p shikoyat qildi.
Yerto‘lada to‘rt kun qolib ketdim. Har kun kechasi Jo‘raev kelib, yerto‘ladagi bir xonada so‘roq 
qilib ketardi. Har kun yuzimga qarab "qalaysiz endi," deya iljayardi. Men ham "rahmat, 
yaxshiman," deb iljayardim. Haqiqatan yaxshi edim. Kameradosh do‘stlar menga yo‘l-yo‘riq 
ko‘rsatishardi. "So‘roqqa borarkan, soqolni olish lozim, tergovchi sizni "sinibdi" deb 
o‘ylamasligi kerak," degan dono maslahatlar berib, ta’qiqlagangan bo‘lsa-da, qaerdandir 
sartaroshlik asboblari topib, soqolimni olishga yordamchi bo‘lishardi. "Bu yerdan Toshent 
turmasiga o‘taylik, sizga jannat yaratib beramiz, aka, siz tashvish chekmang," deya bu 
"qaroqchilar" menga hukumat ravo ko‘rmagan izzatni ko‘rsatdilar, Olloh ularga hidoyat 
bergan bo‘lsin.
To‘rtinchi kun, chet el jamoatchiligi tazyiqi ostida bo‘lsa kerak, meni yerto‘ladan chiqarishdi.
Bir milisa podpolkovnigi (ismi Botir edi, shekilli) mashinasida uyga kuzatib qo‘ydi. Uning 
yo‘lda aytgan gapi hech esimdan chiqmaydi. "Solih aka, nima qilasiz shu janjalni, mana sizni 
qamashdi, birov "miq" etdimi? Xalqingiz hali bu narsalarga tayyor emas," dedi mirshab. 
Uning gapi xanjarday botdi. Uyga keldim, oilani sevintirdim, ammo yurak g‘ash edi. Ichimda 
halokatli tushkunlik his etdim. Ojizlikni doim rad qilgan g‘urur ortiq yo‘q edi. Kimdir "sening 
yo‘ling to‘g‘ri," deyishini istardim. "Sen doim to‘g‘rini gapirding, hech kimga xiyonat qilmading, 
millatingga doim yaxshilik tilading," deyishini istardim Ayni paytda, bunday istakning naqadar 
uyatli ekanligini bilardim. Chunki, men odamlarga dalda berish uchun maydonga chiqqandim, 
ulardan dalda olish uchun emas.
Siyosat - tosh yomg‘iri ostidagi hayotdir. Bu toshlarni gullar kabi qabul etmoq senga farz. 
"Meni tushunmadingiz, men boshqa narsani aytayapman," deya olmaysan, chunki, bu 
foydasizdir. Tushunmasilik - boshqalarning vazifasi, aytish esa, sening vazifang. "Falonchi 
xiyonat qildi," deyishga ham haqqing yo‘q, chunki, hech kim sen tanlagan g‘oyaga sodiq 
bo‘lish majburiyatida emas. Bu yo‘lga kirdingmi, iztirobga qarshi isyon etma. Ollohga shukr 
qil. Zotan, butun umring davomida shu hayotni orzu qilganding, shu hayot xayolida she’rlar 
yozganding, mana, o‘zi qarshingda turibdi, qabul et. Faqat ikkilanma, shubhalanma, shikoyat 
qilma, ingrama. Bu yo‘ldan qaytish yo‘qdir. Yo g‘oziy yo shahid, Ollohu akbar...
  
MAVLONO RUMIY
 Ertasi kuni "ko‘z oydin"ga do‘stlar kelishdi. Birga choyxonaga ketdik, choyxona oshidan 
yedik. Kuzatuvchilar avvalgidan ham yaqinroq ta’qibga olgandilar. Kayfiyatimiz ko‘tarilmadi. 
Men safdosh do‘stlarga, "agar bugun yana olishsa va uch kun ichida qo‘yib yuborishmasa, 
biling-ki, siyosiy ochlik boshlagan bo‘laman, jamoatchilikka shunday e’lon qilisizlar," dedim. 
Ammo u kun tegishmadi. U kun uyda yotdim.
Kechasi g‘aroyib tush ko‘rdim. Qop-qorong‘u ikki qavatli uyda zinapoyalarda yugurib, 
ayg‘oqchilar bilan otishayapman. Bir nechtasini o‘ldirdim, ammo ko‘pchilik edi, bostirib 
kelishaverardi, ikkinchi qavatga chiqib, derazasidan bir archa daraxtiga sakradim... va uzoq 
uchdim. Yerga tushganimda bu qorong‘i uyning osmonda muallaq turganini angladim. Ammo 
tushgan joyim bir chamanzor edi. Gul-chechaklar shu qadar rangdor edilar-ki, ko‘z 
qamashardi. Yam-yashil chim ustida xachirga minib, nuroniy bir chol turardi. Yuzidagi ifoda 
jiddiy edi. Men ixtiyorsiz ravishda uning yoniga borib, ta’zim qildim (hayotda ta’zim qilib 
158

Muhammad Solih - Yo'lnoma
ko‘rmaganman). Bu harakatim o‘zimga hech erish tuyulmadi. Mo‘ysafid sassiz til bilan 
harakatimni ma’qulladi. Yonimga boqdim, gulzor ichida yana bir xachir turardi. U meniki 
emish. Uning jilovini tutgan yosh yigit xizmatkorim ekan. U shikoyat qilib "Siz menga o‘z 
eshagingizga ko‘ra yomonroq muomala qildingiz," dedi telepatik til bilan. Eshak ham ayni 
tilda "xizmatkor to‘g‘ri aytayapti," dedi. Men har ikkolovidan ham kechirim so‘radim. G’aroyib, 
ajib bir muvozanat, bir huzur vujudimda hokim edi. Umrimda hech qachon bu qadar sokinlik 
tuyg‘usini yashamagandim. Eng hayratlanarlisi, men kibrsiz edim.
O’sha kuni kechqurun yana ichki ishlar Vazirligiga chaqirishdi. Yana soat birlarda Taxtin 
xonasidan boshqa xonaga o‘tkazishdi. Agar yerto‘laga tushirmoqchi bo‘lsalaring, uydan 
boshqa kiyim olib kelishsin, telefon qilay, dedim. Mayli, bugun uyingizda uxlang, ertaga 
gaplashamiz, deyishdi.
Uyga soat kechasi ikkida keldim. Xotinga agar ertaga qamashsa, Xorazmga ketinglar, men 
chiqquncha Xorazmdan kelmanglar, dedim. Unga kechagi tushimni aytgandim, yaxshi tush, 
deb yo‘rimladi.
Ertasi kuni mirshablar tegishmadi.
Yana bir kundan so‘ng yarim tunda uyga yozuvchi Mamadali Mahmud boshliq bir guruh 
do‘stlar keldi... Ular "ertalab seni olishadi, bu yerdan ketishing kerak," deyishdi. Men uyqum 
kelayotgan edi, "ertaga gaplashaylik," deb ularni zo‘rg‘a jo‘natdim.
Men O’zbekistondan ketishni istamasdim. Buni xotinga aytdim, u ham ma’qulladi. Meni 
qamasalar, oila Xorazmga ko‘chadigan bo‘ldi, buni maslahatlashib oldik. Xotirjam uyquga 
ketdim. Ammo soat tonggi to‘rtta yana uyg‘otishdi. yana o‘sha "delegatsiya". Mamadali 
kuyunib gapirdi, qamoqda hech narsa qilolmaysan, lekin tashqarida bir ishlar qilishing 
mumkin, dedi. Agar qamalsang, yigitlarning ham ruhi tushib ketadi, tashkilot o‘ladi, dedi. Ular 
bilan ko‘chaga chiqqanimda, soat besh edi. Negadir, uy atrofida kechayu kunduz o‘rab 
turadigan kuzatuvchilar ko‘rinmasdi. Bundan sal shubhalandim. "Mening O’zbekistondan 
ketishimni hukumat o‘zi uyushtirmayotganmikin?" degan fikr paydo bo‘ldi. Kelgan do‘stlar 
ichida bittasi avval militsiyada ishlagandi, bu gumonni yanada kuchaytirdi. Lekin buni hech 
kimga aytmadim, chunki, bu odam bir necha yildir tashkilotga muhim xizmatlar qilgandi, uni 
injitishni istamadim. Xullas, qat’iy bir qarorsiz, ikkilana-ikkilana Bokuga ketdim. U yerda 
Ozorboyjon Prezidenti Abulfayz Elchibey bilan ko‘rishdik. Sizning vaziyatda tashqarida 
faoliyat olib borish optimal yo‘l, dedi Elchibey. Bu faoliyat uchun yordamini ayamayajagini 
aytdi.
 
ABULFAYZ ELCHIBEY
 Ozorboyjonning turkchi idealistlaridan edi. Yetmishinchi yillarda, Haydar Aliev Ozorboyjon 
KGBsi boshlig‘i bo‘lgan paytlarda, Elchibey o‘z g‘oyalari uchun qamoqda o‘tirib chiqqandi.
159

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Qayta qurish davrida Ozorboyjon Xalq jabhasini tuzdi. 1992 yil yozida xalq unga u loyiq 
bo‘lgan tavajjuhni ko‘rsatib, o‘lkaga prezident qilib sayladi. Elchibeyning insoniy fazilatlari 
qusursiz edi. Halol va xalqi uchun har qanday fidokorlikka tayyor kishi edi. Xalq uni 
hokimiyatga keltirgandi, ammo atrofidagilar xalqdan emasdilar. Moddiy manfaat uchun har 
qanday pastkashlikdan toymaydigan sovet tipidagi byurokratiya o‘rab olgandi uni. Bu 
byurokratiya zanjiri uning qo‘l-oyog‘ini darrov chirmab oldi va u rahbarlik qilgan bir yil 
davomida hech bir sohada odim ottirmadi. Elchibey xarakteridagi liberalizm davlat faoliyatida 
foydadan ko‘ra zarar keltirdi, degan qanoat mavjud. Balki, bunda jon bordir. Ammo bu 
xususda hakamlik qilish yana o‘sha xalqning haqqidir.
15 aprel kuni Istanbulga keldim. Havo maydonida Ozorboyjonning Istanbuldagi Bosh Konsuli, 
eski do‘stim, shoir Abbos Abdulla qarshiladi. Uning uyida tun bo‘yi uxlamay dardlashdik. 
Ikki kun so‘ngra, 17 aprel kuni Turkiya prezidenti Turg‘ut O’zol qabul qiladigan bo‘ldi. 
Uchrashuv soati yigirma-yu o‘ttizga belgilangan edi. Soat o‘n to‘rt o‘ttizda Istanbuldan 
Anqaraga uchoqda keldim. Boshboqonlik (Premer-ministrlik)dan ma’murlar kutib olishdi. 
Ularning qiyofasidagi sarosimani ko‘rib, "nima bo‘ldi, tinchlikmi?" deb so‘radim. Afsus, tinchlik 
emas, uch soat avval Prezidentimiz vafot etdi, deyishdi.
  
TURKLARNI TANIMOQ
 Har bir bir xalqda uni boshqasidan farq qildiruvchi eng kamida bitta yuz ifodasi bor, bu 
qolgan ifodalarga nisbatan bo‘rtibroq ko‘rinadi. Bir xalq mansubining yuzida aql ifodasi ustun 
bo‘lsa, ikkinchisinikida zako, uchunchisinikida qattiqyuraklilik ustun va hakozo. Men turk 
kishisining yuzidagi eng ustun ifoda hayo ifodasi degan bo‘lardim. U goh-goh soddadillik 
ifodasi bilan musoboqalashib turadi, ammo aksariy hollarda o‘z ustuvorligini saqlaydi. Yuziga 
qarab, Onado‘li insonini Istanbulda, Kyolnda, Parijda, Amsterdamda, N’yu-Yorkda va 
dunyoning har qanday burchagida tanib olsa bo‘ladi. Shaharlashma (urbanizatsiya) butun 
dunyoda bo‘lganidek, turklarning ham etnik xususiyatlarini mutaassir etgani shubhasizdir. 
Ammo xarakter o‘laroq turklar Ovrupo va Osiyo xalqlari orasida o‘z originalligini ko‘proq 
muhofaza qilaolgan etnik guruhdir. Albatta, turk derkan, irqiy ma’noda tushunmaslik lozim, 
madaniy ma’noda tushunmoq kerak. Turklar asrlar davomida Onado‘li tuproqlaridagi boshqa 
qavmlar bilan qorishib yashagan, yuz foyiz irqiy tozalik bo‘lishi mumkin emas, bu - 
imperatorlik qurib, dunyoning yarmini idora etgan bir etnosning o‘z hukmronligi uchun to‘lashi 
shart bo‘lgan tavondir. Odatda, imperatorlik shamsiyasi ostida yashagan etnik ozchiliklar 
o‘zlarining assimiliyatsiya qilishayotgani haqida gapirishsa ham, ko‘pchilik sanalgan etnik 
guruh ham bu ozchiliklarga o‘zining bir parchasini berib, assimilyatsiya bo‘lishi qonuniy 
jarayondir. Faqat bu haqda gapirish udum emas.
Lekin ming yil davom etgan jo‘g‘rofiy, irqiy, madaniy, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy evrilishlarni 
boshidan kechirgan Onado‘li turklari hatti-harakat va odatlari bilan, hatto kulishlari-yig‘lashlari 
bilan, o‘zbeklarga shu qadar o‘xshardi-ki, men inson zotini "bir-birini topsin deya qavm-qavm 
yaratgan" Olohu taoloning qonuni naqadar mustahkam ekaniga yana bir marta shohid 
bo‘ldim.
160

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Turkiyaga ilk da’fa 1992 yilda keldim. Istanbulni faqat ruslarning "Qochish" deb atalgan oq 
gvardiyachilarga bag‘ishlangan filmida ko‘rgandim. Ammo Istanbulning olomonli ko‘chalarida 
ilk bor kezarkan, bu shaharning begonaligini sezmadim. Go‘yo bu yerlarda uzoq yillar 
yashaganday edim. Odamlarning istarasi (sitorasi, yulduzi) issiq edi. O’sha 1992 yilda 
rahmatli Turg‘ut O’zol bilan "Turk o‘choqlari" jamiyatining 85-yilligida tanishgandim. U 
"maxsus keling, bir gaplashaylik," degandi. Gaplashmoq nasib etmadi. O’rta Osiyo turk 
jumhuriyatlari sayohatidan charchab, asabiy bir holda qaytgan Turkiya prezidenti Turg‘ut 
O’zol 1992 yilning 17 aprelida vafot etdi. 
Men uchun uzoq yillar davom etgan hijrat ham shu kundan boshlandi. Anqarada bir do‘stimiz 
men uchun ijaraga tutgan uyda o‘tirib, bir hafta avval Toshkentda ko‘rgan tushimni esladim. 
Jaloliddin Rumiy bu tushga bekorga kirmagan ekan...  
YANGI SHE’RLAR 
YOMON XABAR KELMAY QO’YDI TOSHKENTDAN
 G’alati kun bo‘ldi, bilmayman, nechun,
Sovuq xabar kelmay qo‘ydi-ku birdan -
Hech kim "irr"illamas saroydan bugun,
Hech kim tupuk sochmas televizordan.
Hech kimni hibsga olmas hukumat,
Gazetlar hech kimni etmayapti fosh,
Bugun hech kim menga qilmaydir tuhmat,
Hatto do‘stlarim ham otmayapti tosh!
 
1994
BIR YONDA OJIZ-U...
 Bir yonda ojizu, bir yonda kuchli,
Kurash boshlanarkan tarafma-taraf,
Ojizning yonini olganing uchun
"Xoin" deb nom olmoq naqadar sharaf!
Na sharaf, o‘z xalqin qul etgan podshoh,
"Ashaddiy dushman," deb seni atasa,
Jazavaga tushsa, noming eshitgan choq,
Kitobingni yoqsa, yirtsa, toptasa!
Naqadar sharafdir, zulmga "zulm" desang,
Sinsa ham boshingda har kuni to‘qmoq - 
Shaytondan qo‘rqmaslik naqadar go‘zal,
Na lazzat, har doim Ollohdan qo‘rqmoq!
 
1994  
G’ARIB OG’OCH
 Shoirlarga o‘xshab, dunyoni kezib,
Yozaolmadim-ku go‘zal "turkumlar."
Chunki ota yurtdan chiqqanim sezib,
Tark etarlar meni hijo, ruknlar.
Chunki aylanish-chun ko‘zimda ko‘zyosh,
Paydo bo‘lishi-chun ilhom yurakda
Menga juda lozim achchiq bir quyosh,
161

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Keskin kontinental iqlim kerakdir.
Menga go‘zal dengiz qirg‘oqlaridan,
Yashil o‘rmonlardan, do‘stim, so‘z ochma -
Men faqat Turkiston tuproqlarida
O’sa oladigan g‘arib og‘ochman.
1994
 
1995-1999 yillar   
MUHAMMAD  SOLIH  HAQIDA
Rauf Parfi O’zturk, O’zbekiston Xalq shoiri:
She’riyat muqaddas manzillarda doimo sobitdir. She’riyat boshi berk ko‘chalarni, so‘ngsiz  
masofalarni, turma panjaralarini kesib pokiza qalblarga yeta oladi. Turk Dunyosi XX asrda 
ham insoniyatga ulug‘ shoirlarini berdi. Cho‘lpon, Jovid, Alaviy, Dog‘larja kabi buyuk shoirlar  
qatorida Muhammad Solihning munosib faxrli o‘rni bor. 
XX asr yarador asr, yaralari bitmagan Vaqtning uzun hayqirig‘idir. Yorilgan yaraning  
timsollarini ulug‘ shoirlar yaratadi. Fojeaning tiniq qonini, o‘limning tirik tasvirini men  
Muhammad Solih she’riyatida aniq ko‘raman. Muhammad Solihning jahon she’riyatida o‘z 
So‘zi borligidan faxrlanaman.
Erk so‘zining qudrati dunyoni tutajak deb ishonaman.
 (“Erk” gazetasi, №1, 2000 y.)  
Ahmad Beyjon Erjilasun, Turkiya Til Akademiyasi 
Prezidenti (xotiralaridan)
 1986 yilning sentyabr oyini hech unutolmayman. Ming yil avval ayrilganimiz tuproqlarga ilk  
qadam bosganimiz kunlarni. Turkiyadan o‘n ilm odamining Turkiston safarini Baynalminal  
altaist (turkshnos)lar Konferentsiyasi Toshkentda bo‘lgandi... Toshkent va Samarqandda  
kechgan sakkiz kecha-kunduzning har biri boshqa-boshqa go‘zalliklar kasb etardi...
U kecha shunday boshlangandi...
U kechaning eng diqqatga sazovor jumlasi "Bizga turkchilikning Asoslari kerak", degan jumla  
edi. Bog‘chadan uyining kutubxonasiga chiqqandik, Muhammad Solih bizdan "Turkchilikning 
asoslarini"ni so‘ragandi. To‘g‘risi, biz quloqlarimizga ishonmagandik! Sotsialist bir o‘lkaning  
poytaxtida, hali temir parda dunyoni ikkiga bo‘oыvtmvrgan bir zamonda bizdan Ziyo 
Ko‘kalpni so‘rashlari mumkinmidi? Ha, mumkin edi. Bir mard odam, bir turkchi odam bizdan  
bu kitobni so‘rayotgan edi. Ikki oy so‘ngra unga bu kitobni yetkazgandim aziz do‘stim Tursun  
Yildirim vositasi ila... 
Bu voqealardan so‘ng oradan yillar o‘tdi. U yulduzli kecha, u nurli yuzlar, yolqinli suhbatlar  
yuragimda kattaya bordi va nihoyat, 1998 yili "Gulnor" ismli bir romanga aylandi...
Hech shubham yo‘q-ki, uchinchi ming yillikda turk dunyosi dostoniga mavzu bo‘lajak voqealar  
19 va 20 asrlarda ro‘y berdi. Balki, bir muddat ro‘y berishda davom etajakdir. Xuddi yer  
162

Muhammad Solih - Yo'lnoma
kurrasini paydo qilgan magma qatlamidagi ma’danlar bir otash ichida qaynab-ko‘pirib,  
Uchinchi ming yilning Turk dunyosini yaratajakdir...
Yangi ming yillikning magma qatlami Bolqonlardan Xitoygacha uzangan turk jug‘rofiyasidir.  
Qaynagan olovlar esa - bu jug‘rofiyada tepgan yuraklardir: Ismoil G’aspiralilar, Husaynzoda  
Alilar, Ziyo Ko‘kalplar, Abdulhamid Sulaymon Cho‘lponlar, Ahmad Boytursunlar, Nihol  
Otsizlar, Usmon Botirlar, Najdot Qo‘choqlar, Abulfayz Elchibeylar, Muhammad Solihlar...
(“Erk” gazetasi, №1, 2000 y.) 
Temur Xo‘ja, Istanbul Qo‘ch universiteti dotsenti:
 Usta shoirning she’riyati faqat uning hayoti bilan chegaralanib qolmaydi, balki, u mansub  
bo‘lgan millat hayoti va taqdirining ham ajralmas qismiga aylanadi. Ahmad Yassaviy, Alisher  
Navoiy, Fuzuliy kabi shoirlarning she’rlarini dunyo turklarining ma’naviy hayoti va taqdiridan  
ayirish mumkin emas. 20 asr boshlarida yashagan Abdulla To‘qay she’riyati tatar turklarining,  
Ahmad Jovid she’riyati ozori turklarining, Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon she’riyati o‘zbek  
turklarining yurak sasiga aylangandir bugun.
Adabiy yaratuvchiligini uzoq yillardan beri kuzatib kelayotganim shoir Muhammad Solih  
she’riyati ham o‘zbek turklarining bugungi bosqichida hayotiy ahamiyat kasb etmoqdadir...
Muhammad Solihning teran xayol kuchi she’rda nihoyatda o‘ziga xos, yangi va har kimni 
hayratga soladigan ma’jozlarini qarshimizga chiqaradi. Bu ma’jozlar faqat hayratga solib  
qolmay, odatiy zamon-makon o‘lchovlarini yanada chuqurroq idrok etishga yo‘naltirilgandir...
Muhammad Solih 1985 va 1992 yillar oralig‘ida boshqa o‘zbek ziyolilari kabi yuragida ne 
bo‘lsa, aytdi. 1992 yildan boshlab, unga tazyiqlar kuchaydi, avval millat vakilligini, so‘ngra  
yurtini bir-bir tark etdi. U hozir suyukli vatanidan uzoqda yashayapti, undan olinmagan bir  
narsa - uning so‘zlash qobiliyati. Agar Muhammad Solih boshqa narsalarni o‘ylasaydi, balki,  
yurtida qolib millat vakilligini davom ettirar, do‘stlari davrasida o‘ynab-kulib vaqt o‘tkazgan  
bo‘lardi. Ammo buni “jim turish” evaziga qabul qilmadi, ongli ravishda rad etdi. 
 (“Erk” gazetasi, №1, 2000 y.)  
Buland Ejevit, Turkiya Bosh vaziri:
 G’arbda siyosatchi shoirlarni ko‘p uchratmaysiz, ammo Sharqda, xususan, Turk o‘lkalarida  
siyosatchilar, davlat odamlari, hukmdorlar orasidan ko‘plab buyuk shoirlar yetishib chiqqan.  
Masalan, Usmonli podshohlari orasida mashhur shoirlar ham bor. "Xatoiy" taxallusi bilan  
she’rlar yozgan shoh Ismoil, hukmdor bo‘lish bilan birga, ayni paytda buyuk shoir ham edi.
O’zbek shoiri Muhammad Solih hozirgi zamon Turk siyosatchi shoirlarining ustun o‘rnagidir.  
U bir paytning o‘zida ham o‘zbek turklarining ko‘zga ko‘ringan shoiri, hamda O’zbekistonning  
bosh muxolifat partiyasi bo‘lgan "ERK"ning Raisidir.
Muhammad Solih o‘z she’rlarini og‘ir tazyiq-ta’qiblar bo‘lgan zamonlarda yozdi. Sovet Ittifoqi 
tarqab ketgan va O’zbekiston mustaqil jumhuriyat deb e’lon qilingan bo‘lishiga qaramay,  
tazyiqlar hali ham davom etayotir. Faqat usta shoirlarning "she’r tili" eng og‘ir tazyiqlar ostida  
ham Erk mash’alasini baland tutib kelaveradi. Muhammad Solih ham turli g‘ayriinsoniy  
163

Muhammad Solih - Yo'lnoma
tuzumlarning tazyiqi ostida Erk mash’alasini o‘z she’rlari bilan yoniq tutib kelgan shoirdir. Bir  
siyosatchi sifatida Muhammad Solih va uning safdoshlari hali ham ma’lum ma’noda, yerdan 
olib, yerga urilmoqdalar. Biroq, Muhammad Solih bunday tazyiqlarga vaqtida, o‘z she’ri bilan  
javob berib qo‘ygan: 
"Agar hech kim meni yerga urmasa,
Ko‘kka qanday sakray olardim?" 
Shoir sifatida u allaqachon ko‘kka sakrab bo‘lgan, ishonamanki, u boshchilik qilayotgan 
erkinlik va demokratiya harakatining, "ERK" Partiyasining ko‘kka sakraydigan kunlari ham  
yaqindir!
(’’Agazlar Sair Olsa’’, 1987. ’’Styoken’’ nashriyoti )  
Bashir Oyvozo‘g‘li, Turkiyada chiqadigan “Zamon” 
gazetasining muxbiri:
 Og‘ochlar hurmi? Nozim Hikmatning "Bu mamlakat bizniki" nomli mashhur she’rining  
tillardan tushmagan misralari shunday:
Yashamak bir og‘och kabi tek va hur
Va bir o‘rmon kabi qardoshchasiga:
Bu hasrat bizniki.
Ilgariroq O’zbek Turklaridan bo‘lgan Muhammad Solihning "Og‘ochlar shoir bo‘lsa" nomli  
kitobini takror ko‘zdan kechirdim. Sovetlar Birligi hali tarqalmagan, faqat chiriyotgani tobora  
chuqurroq his etila boshlagan yillarda yozilmish she’rlardan iborat bo‘lgan bu kitobda, boqing,  
Muhammad Solih ne deydi:
Og‘ochlar shoir bo‘lsa, nima haqda yozgan bo‘lardi?
Bir oz qushlar haqda,
osmon, quyosh
va sayohat haqida,
sayohat, sayohat, sayohat haqida
tinmay yozgan bo‘lardi!
Sizningcha, O’zbek shoiri ne demak istagan?
Yoki Nozimning "tek va hur" og‘ochi sayohat fikrini bilmagan og‘ochmidi?
(’’Zaman’’ gazetasi, 28 fevral, 2000 y )  
164

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Turkiyada chiqadigan "SABOH" gazetasi muxbiri, 
jurnalist analitik Jengiz CHONDOR:
 Muhammad Solihning ismini Sovetlar Ittifoqi zamonida eshitgandim. Sovet hokimiyatiga  
qarshi mujodala qilish kerakligini ko‘rsatgan noyob turk shaxslaridan biridir.
U sovetlarga qarshi o‘z so‘zini aytayotgan paytda O’zbekiston Kompartiyasi boshida Islom  
Karimov bo‘lib, u Moskvaning Toshkent bo‘limi sifatida mehnat qilardi... Rahmatli Turg‘ut  
O’zol "21 asr turk dunyosining asridir", shiorini ilk bor o‘rtaga tashlagan lider edi. U O’rta  
Osiyoning yangi mustaqil bo‘lgan turk jumhuriyatlariga juda katta ahamiyat berardi. Va uning 
yaqinlari biladi, O’rta Osiyoda O’zol hazm qilolmagan bir odam bor edi.
Bugun o‘sha Karimov bir tarafdan kommunistik hiylalari bilan o‘z xalqiga tazyiq o‘tkazar ekan,  
ikkinchi tarafdan yolg‘on propaganda bilan Turkiyada obro‘sizlantirmoq istayapti. Bu borada 
har yerga bosh suqib, Muhammad Solihni izlamoqda, uni yolg‘onlar bilan "terrorist" deb e’lon  
qilmoqda.
Biz ikkita do‘stimiz bilan 1992 yilda Muhammad Solihni ziyorat qilgandik. U yangi qurilgan  
partiyasi "ERK"ning boshida edi. Prezidentlikka nomzodini qo‘yib, ming bir xil nayrang  
ishlatilgan bu saylovda yutqazgandi...
U paytlarda Turkiyaning O’rta Osiyo siyosatiga Sulaymon Demiralning qo‘li tegib, u  
Ozorbayjon va O’zbekiston kommunistlari bilan quchoqlashgandi. Bu mintaqaning kelajagini  
o‘ylamaslik Turkiyaning rasmiy siyosati holiga kelgandi.
Muhammad Solih bir yil so‘ngra Turkiyada yashay boshlagandi. Bir gal meni ziyorat qilgandi,  
birga tushlik yemagi yegan edik. Mening gazetachi do‘stlarim yonimdagi uzun bo‘yli muxolifat  
liderining bir kuni xalqaro shaxsiyatga aylanishini idrok etmagan bo‘lsalar kerak...
(“SABAH” gazetasi, 08. 07. 1999)  
Shoir tavalludiga bag‘ishlangan yig‘ilish
  Muhammad Solihning 50 yoshga to‘lishi munosabati bilan Rus Pen klubi, Moskva Xelsinki 
inson haqlari Qo‘mitasi va Markaziy Osiyoda inson huquqlarini himoya qilish Jamiyati bir  
yig‘ilish o‘tkazdilar. Ushbu yig‘ilish qatnashchilari imzolagan bayonotdan bir parchasini  
e’tiboringizga havola qilamiz:
O’zbekistonda chiqadigan gazeta va jurnallar, radio va televidenie Muhammad Solihga  
qarshi tuhmat daryosini oqizmoqda. Korxonalar, idoralar, o‘quv yurtlari va mahallalarda  
yuqorining buyrug‘i bilan "Prezidentimizni himoya qilamiz!", "Yo‘qolsin mustaqillik va  
barqarorlik dushmanlari!" kabi shiorlar ostida majlislar o‘tkazildi. Bu manzara bizga  
totalitarizmning eng zulmatli zamonlarini, Andrey Saxarov va Aleksandr Soljenitsinlarni  
qoralash kampaniyasi kunlarini eslatadi.
Muhammad Solih o‘zining ellik yoshini siyosiy surgunda, ammo ijodiy g‘ayratga to‘lib turgan 
bir paytda qarshilamoqda.
165

Muhammad Solih - Yo'lnoma
Biz Muhammad Solihni bu qutlug‘ sana bilan tabriklaymiz. Uning bosh maqsadi bo‘lmish  
O’zbekistonning mustabid tuzumdan ozodligi ro‘yobga chiqishini va mamlakatining  
demokratik, erkin jmiyat qurish yo‘liga o‘tishini tilaymiz! 
Imzolar:
Andrey Bitov, Rus Pen Klubi prezidenti
Aleksandr Tkachenko, Rus Pen Klubi bosh direktori
Lyudmila Alekseeva, Xalqaro Xelsinki Federatsiyasi prezidenti, Moskva Xelsinki guruhi raisi
Bella Axmadullina, shoir
Valentin Gefter, Inson huquqlari instituti direktori
Gavhar Xudonazarova, "Tojikiston" fondi prezidenti
Mixail Arutyunov, Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro Assambleyasi prezidenti
Boris Kudashkin, shoir, inson huquqlari himoyachisi
Viktor Kucherinenko, "Memorial" Jamiyati Boshqaruv hay’ati a’zosi
Aleksandr Lyuboslavskiy, "Zashita prav i svobod chelovekar" jurnali redaktori
Avdi Quliev, "Turkmaniston" fondi prezidenti
Natalya Zimyanina, "Vecherniy klub" gazetasi sharhlovchisi
Shomil Shiabuddinov, "Vatan" partiyasi vakili
Vitaliy Ponomarev, Markaziy Osiyoda inson huquqlari bo‘yicha Informatsiya markazining 
ijroiy direktori
Abdufattoh Mannopov, Markaziy Osiyoda inson huquqlarini himoya qilish Jamiyati raisdoshi 
20 dekabr, 1999 yil, Moskva.
166

Document Outline

  • SO’ZBOSHI
  • Birinchi bo‘lim
  • 1960-1982 yillar
    • TURG’UNLIKNING DORILOMON YILLARI
      • Polkovnik Alparslon Turkash.
    • O’ZBEKCHILIK
    • "YOSHLIK"NING INTIHOSI
  • Ikkinchi bo‘lim
  • 1983-1993 yillar
    • ANDROPOV VA CHERNENKO
    • ADABIYOT FETISHIZMI
    • BEGONA
    • TUSH
    • AMAZON XOTIN
  • 1985 yil
    • POLITBYUROGA MAKTUB
    • GORBACHEV
    • NASABSIZLAR
  • 1986 yil
    • VATANNING QAYTISHI
    • TURKLAR
    • PLENUM
    • DEKABR VOQEALARI
  • 1987 yil
    • "OILANI PLANLASHTIRISH"
    • SHE’RIYAT ZIRHI
    • SENTIMENTAL XALQCHILLIK
  • 1988 yil
    • TASHQARIGA SAYOHAT
    • SHOIRLIK MAQOMI
    • KOTIBLIK
    • "BIRLIK" TASHKILOTINING TA’SISI
    • BIRINCHI MITING
  • 1989 yil
    • AKADEMIKKA MAKTUB
    • XALQ HARAKATIDAGI ILK TAJRIBALAR
    • PASSIV AKTIV
    • NOMZODLIKKA NOMZOD
    • SOVET PARLAMENTI VA SAXAROV
    • MARKAZQO’MNING ILTIFOTI 
    • ILK G’ARBLIK SIYOSIY ARBOB
    • QURULTOY
    • QULUPNAY G’AVG’OSI
    • YANGI SEKRETAR
    • QOCHISH ORZUSI 
    • SAYOHATNING HIKMATI
    • QOCHISH
  • 1990 yil
  •  
    • YANGI TASHKILOT
    • SOKIN SAYLOV
    • AMERIKA
    • YANGI TOSHKENT
    • "ERK"NING BIRINCHI QURULTOYI
    • OLMONIYA
    • O’SH VOQEALARI
    • MUSTAQILLIK DEKLARASIYASI
    • YANGI KONSTITUSIYA XAYOLI
    • DINIY GURUHLAR
    • BERLIN DEVORI VA TURKIY BIRLIK G’OYASI
    • UMMATCHILIK
  • 1991 yil
    • REFERENDUM 
    • XUNTA
    • BIR HOVUCH XALQ
    • HASSOS MAVZU - MUSTAQILLIK
    • "ERK" QURULTOYI
    • HUKUMATNING MUSTAQILLIGI
    • "ERK" - RASMIY PARTIYA
    • DEMOKRATIK IHTILOL
    • PREZIDENT SAYLOVI
    • 16 YANVAR
    • TAFTISH GURUHI
  • 1992 yil
    • JIPSLASHUV
    • AQSH DAVLAT SEKRETARI TASHRIFI
    • DEMOKRATIK KUCHLAR FORUMI
    • SAROYDAN CHAQIRIQ
    • NAMANGAN VOQEALARI
    • "MILLIY MAJLIS"
    • SENATOR PRESLER
    • XUSUSIYLASHTIRISH HANGOMASI
    • YOLG’IZ NAMOYISHCHI
    • TANQID
    • AYBNOMALAR VA AYG’OQCHILAR
    • UY HIBSIDA
    • DAVLAT SIRLARI
      • 1. Qochqin "Erk"chining aytganlari 
      • 2. Sobiq mirshabning aytganlari 
      • 3. Yozuvchilar Uyushmasi kotibining aytganlari 
      • 4. Betaraf ziyolining aytganlari 
      • 5. Makkaga borib hoji bo‘lib kelgan viloyat hokimining aytganlari 
      • 6. "Vatan taraqqiyoti" firqasi kotibining aytganlari 
      • 7. O’zbekiston XDP firqasi mas’ul kotibining aytganlari 
      • 8. Davlat sirini saqlash qo‘mitasi xodimning aytganlari 
      • 9. Dehqonning aytganlari 
    • TURK JURNALISTLARI
  • 1993 yil
    • EVRILISH
    • HIBS
    • MAVLONO RUMIY
    • ABULFAYZ ELCHIBEY
    • TURKLARNI TANIMOQ
    • YANGI SHE’RLAR 
      • YOMON XABAR KELMAY QO’YDI TOSHKENTDAN
      • BIR YONDA OJIZ-U...
      • G’ARIB OG’OCH
  • MUHAMMAD  SOLIH  HAQIDA
  • Rauf Parfi O’zturk, O’zbekiston Xalq shoiri:
  • Ahmad Beyjon Erjilasun, Turkiya Til Akademiyasi 
  • Prezidenti (xotiralaridan)
  • Temur Xo‘ja, Istanbul Qo‘ch universiteti dotsenti:
  • Buland Ejevit, Turkiya Bosh vaziri:
  • Bashir Oyvozo‘g‘li, Turkiyada chiqadigan “Zamon”   gazetasining muxbiri:
  • Turkiyada chiqadigan "SABOH" gazetasi muxbiri, jurnalist analitik Jengiz CHONDOR:
  • Shoir tavalludiga bag‘ishlangan yig‘ilish

Download 0.87 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling